RASULULLOHNING MAKKADA AMALGA OSHIRGAN ISHLARI
Payg‘ambar alayhis-salom Makkada ikki asosiy ishni ro‘yobga chiqardilar.
Birinchi, Ollohni bir deb e’tiqod qilish. Mushriklardek yaratganga butlarni, nasroniy va yahudiylardek Xudoning o‘g‘li va xotini degan narsalarni sherik keltirmaslik, ya’ni tavhid eng muhim ishlaridan biri bo‘ldi. Agar Ollohning birligiga e’tiqod qilinmasa, inson hayotda o‘zi uchun beniqoya zarur odob-axloqqa rioya etmaydi, birov bilib qolmasa nafsning istagan ko‘yiga kiraveradi.
Ikkinchisi, o‘lgandan keyin qayta tirilishga, bu dunyodash qilmishlari uchun oxiratda mukofot yoki jazo berilishiga ishonish. Makkada nozil bo‘lgan oyatlarning ko‘pida mana shu ikki fikr bayon etilyb, isbotlangan hamda bunga ishonmaganlar tanqid qilingan. Har ikkala fikr aqlga muvofiq dalil, hujjatlar bilan isbotlanib, behuda bahsu munozaraga, befoyda safsata sotishga o‘rin qoldirilmagan. (Afsuski, hanuzgacha bu xususda bahs qo‘zg‘ab falsafa so‘qadiganlar yo‘q emas). Qur’onning asosiy qismi Makkada nozil bo‘lib, faqat yigirma uch sura Madinada vahiy qilingan. Bular: Baqara, Oli Imron, Niso, Moida, Anfol, Tavba, Haj, Nur, Ahzob, Qitol, Fath, Xujurot, Hadid, Mujodala, Hashr, Mumtahana, Saf, Jum’a, Munofiqun, Tag‘obun, Taloq, Tahrim, Nasr suralaridir. Bulardan boshqa suralarning hammasi Makkada nozil bo‘lgan.