Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269272 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 35 ... 55 B


Doniyor  22 Fevral 2007, 22:12:24

"Muhammad lashkarlari bilan kelib umra qilarmishmi? Ular bilan urush holatidamiz, arablar eshitishsa musulmonlar Makkaga bostirib kirishibdi, deyishmay-dimi? Toki ko‘zimiz ochiq ekan, ularni bu dargohga yaqin yo‘latmaymiz", deyishdi. Makkaliklar shuncha musulmonning yasov tortib kelishidan muddaosi nimaligini uqib kelish uchun qurayshning ittifoqdoshi Ahobish qabilasining oqsoqoli Xulays ibn Alqamani jo‘natishdi. Payg‘ambar alayhis-salom Xulaysni ko‘rib: "Bu odam qurbonlikka atalgan mollarni bo‘lakcha ehson deb biladigan qavmdan, tuyalarni uning oldiga haydab boringlar, ko‘rsin", dedilar. Tuyalar vakil turgan joyga olib borildi, odamlar Xulaysni Talbiya* aytib kutib olishdi. Musulmonlarning niyati beg‘arazligini ko‘rgan Xulays: "Olloh pokdir, bu odamlarning umra qilishiga xalal berish insofdan emas, ular faqat umra ibodatini bajo keltirgani kelishgani ko‘rinib turibdi-ku. Laxam, Juzom, Himir qabilalari Baytullohni ziyorat qilganda nega endi Abdulmuttalibning avlodini yo‘lini to‘samiz? Iloyo quraysh zavol topsin!" dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 22:12:33

Makka mushriklari Xulaysnyng gaplarini eshitib, g‘azabga kelishdi: "Ovozingni o‘chir, sen hiyla-nayrangni bilmaydigan qishloqisan", deya koyishdi va rasulullohning huzuriga Toif qabilasining oqsoqoli Urva ibn Mas’udni jo‘natishdi. U payg‘ambar alayhis-salomga uchrashib: "Ey Muhammad, sen tentirab yurgan sayoq odamlarni to‘plab qurayshlik o‘z qarindosh-urug‘laringga hujum qilmoqchimisan? Quraysh xalqi zo‘rvonlik bilan Makkaga bostirib kirishingga yo‘l qo‘ymaslikka qasam ichdi. Azbaroyi Xudo, atrofingga yig‘ib yurgan bu betayin odamlaring payti kelganda seni albatta tashlab ketishadi", dedi. "Ha, tiling tanglayingga yopishgur, biz payg‘ambar alayhis-salomni tashlab ketamizmi?" dedi Abu Bakr g‘azablanib.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 22:12:41

Urva rasulullohning soqolidan tutamlaydigan vajohatda qo‘lini paxsa qilib gap boshlagan edi, Mug‘ira ibn Shu’ba uning qo‘lini siltab tashladi. Urva har qancha johil bo‘lmasin, musulmonlar payg‘ambar alayhis-salom tahorat olgan suvni talashishlarini, u kishining huzurida baland ovozda gaplashishmasliklarini, hatto u kishining yuziga tikilib qaramasliklarini ko‘rib ta’sirlandi. U Makkaga qaytgach, qurayshlarga ko‘rgan-bilganlarini ro‘y-rost aytdi: "Men Eron podshosi Kisro, rum podshosi Qaysar, Habashiston podshosi Najoshiy huzurida bo‘lganman, lekin ularning birontasi Muhammad erishgan izzat-ikromga, sahobalar ko‘rsatgan sadoqatga erisholmagan. Muhammadga ergashganlar uni hech qachon yolg‘izlatib qo‘ymasligiga amin bo‘ldim. Muhammadning talabiga rozilik berish kerak, tag‘in o‘zinglar bilasizlar. Muhammad haq, taklifini qabul qilinglar. Men butunlay sizlar tomondaman, lekin Muhammadning ustidan g‘alaba qozonishlaringga ko‘zim yetmaydi", dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 22:12:50

Quraysh kattalari: "Bema’ni gaplarni gapirma. Muhammadni bu yil shaharga kiritmaymiz, yanagi yil kelsin", deyishdi. Payg‘ambar alayhis-salom esa o‘z navbatida qurayshlarga muddaolarini anglatish uchun Usmon ibn Affonni elchi qilib yubordilar. Qarindosh-urug‘ini ko‘rib kelishga ruxsat olgan o‘n kishi unga hamroh bo‘ldi. Rasululloh Makkada qolgan musulmonlarga g‘alaba yaqinligi, Olloh taolo Islom dinini g‘olibu muzaffar etajagi haqidagi xushxabarni yetkazishni tayinladilar. Usmon Makkaga Ibbon ibn Sayid Umaviyning himoyasi ostida kirib, mushriklarga payg'ambar alayhis-salomning gaplarini yetkazdi. Mushriklar: "Muhammadning Makkaga zo‘rlik bilan bostirib kirishiga yo‘l qo‘ymaymiz", deyishdi va Usmonga Baytullohni tavof qilishni talab qilishdi. Usmon: "Payg‘ambar alayhis-salomga ta’qiqlangan ish menga ham ravo emas", deb unamadi. Gapi yerda qolganidan achchig‘langan mushriklar uni qamab qo‘yishdi. Bu xabar musulmonlarga boshqacha tus olib, Usmon o‘ldirilibdi, degan tarzda yetib keldi. Rasululloh qattiq qayg‘urib, Usmonning o‘chini olmaguncha qaytmaslikka ahd qildilar.

__________________
*Umra — Kai’bani Qurbon hayitidan boshqa vaqtda tavof qilish.
*Soniyatulmuror — Makka yaqinidagi joy va quduqning nomi.
*Hudaybiya — Makka yaqinidagi quduq va shu nom bilan ataladigan joy.
*Talbiya — Haj qilganda o‘qiladigan duo.

Qayd etilgan


Doniyor  22 Fevral 2007, 22:13:18

RIZVON BAY’ATI

Payg‘ambar alayhis-salom sahobalarni mushriklar bilan urushi uchun bay’at qilishga chaqirdilar. Musulmonlar katta bir daraxtning tagiga to‘planib, o‘limdan qo‘rqib orqaga chekinmaslikka qasamyod qilishdi. (Keyinchalik Rizvon daraxti deb atalgan bu daraxtni odamlar ilohiylashtira boshlagach, Umar roziyallohu anhu davrida kesib tashlangan.) Musulmonlarning bay’ati haqidagi xabar mushriklarni vahimaga soldi. Ular musulmon lashkarini qurshovga olib, to‘satdan hujum qilish uchun Mikraz ibn Xifs boshchiligida ellik kishini jo‘natishdi. Musulmonlarning soqchisi Muhammad ibi Maslama ularni jangu jadalsiz qo‘lga tushirdi. Faqat Mikraz qochib qutuldi. Buni eshitgan mushriklar yana bir guruh odam yuborishdi, lekin qisqa to‘qnashuvda o‘n ikki kishi asir tushdi, musulmonlardan esa bir kishi shahid bo‘ldi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:35:11

HUDAYBIYA SULHI

Bunday usul bilan musulmonlarga bas kelolmasligiga ko‘zi yetgan mushriklar Suhayl ibn Amrni sulh tuzish uchun yuborishdi. U musulmonlar qarorgohiga kelib, rasulullohga uchragach: "Ey Muhammad, yuz bergan voqealar bizning dono kishilarimiz ko‘rsatmasi bo‘yicha emas, nodonlarning hovliqmaligi tufayli sodir bo‘ldi. Qo‘lga tushgan asirlarni qo‘yib yuboringlar", dedi. "Oldin sizlar bizning odamlarimizni ozod qilinglar, keyin biz ham asirlarni qo‘yib yuboramiz", dedilar payg‘ambar alayhis-salom. Mushriklar Usmon ibn Affon boshchiligidagi o‘n kishini musulmonlar ham jangu jadalda qo‘lga tushganlarni ozod qilishdi, Shundan keyingina Suhayl quraysh xalqi musulmonlar bilan tuzmoqchi bo‘lgan sulhning quyidagi shartlarini ma’lum qildi:

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:35:26

1.   Ikki tomon o‘n yilgacha bir-biri bilan urush qilmaslik;
2.   Qurayshlardan qochib borganlarni musulmonlar qaytarib berishi, musulmonlardan mushriklar tomonga o‘tganlarni esa qaytarmaslik;
3.   Payg‘ambar alayhis-salom bu yil Baytullohni tavof qilmay qaytib ketishi, kelgusi yili quraysh xalqi Makkadan chiqib ketganda sahobalar bilan qinga solingan qilich va kamondan boshqa qurol-yaroq olmay muqaddas maskanni uch kun ziyorat qilishi;
4.   Arab qabilalariga musulmonlar yoki qurayshlardan panoh tilash ixtiyorini berish.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:35:42

Payg‘ambar alayhis-salom sulhning barcha talablariga rozi bo‘ldilar. Rasulullohning kelishuvchanlik qilganlaridan ajablangan sahobalar: "Nega endi musulmon bo‘lib biz tomonga o‘tganlarni qaytarib beramizu dindan qaytgan murtadlarni ulardan qaytib olmaymiz?" deyishdi. payg'ambar alayhis-salom: "Murtad bo‘lib ular tomonga qochib o‘tganlarni Olloh bizdan yiroqlashtirsin. Ulardan biz tomonga o‘tganlarni qaytarib bersak parvardigor ularning mushkulini osonlashtirib, najot yo‘lini ko‘rsatadi", dedilar. Sulhning 3-bandi musulmonlarga juda og‘ir botdi, chunki rasulullohning tushlarida Baytullohni emin-erkin ziyorat qilib qaytganlari ayon bo‘lgan edi. Rasulullohning aytganlari amalga oshmasligi mumkinligidan hayratga tushgan Umar Abu Bakrdan buning sababini so‘radi. "Rasululloh Ka’bani albatta bu yil tavof qilamiz, deganmidilar?" dedi.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:36:03

Shundan keyin sulhnoma rasmiylashtirildi. Uni Ali ibn Abutolib yozdi. Rasululloh aytib turdilar. Rasululloh sulhnomani Bismillahir rohmanir rohim, deb boshlagan edi, Suhayl: "Bismikallohhumma (Ey Olloh, sening noming bilan boshlayman) deb yoz", deya talab qildi. Payg‘ambar alayhis-salom o‘shanday yoz deb buyurdilar. Keyin: "Ollohning elchisi shunga sulh qiladiki", degan edi, Suhayl: "Sen Ollohning elchisi ekaningni bilganimizda senga qarshi chiqmas edik, Muhammad ibn Abdulloh deb yoz, dedi. Payg‘ambar alayhis-salom yana Suhaylning aytganidek yozishni buyurdilar, biroq Ali yozganlarini o‘chirishga unamadi. Shunda rasulullohning o‘zlari xatni o‘chirib tuzatish kiritdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  24 Fevral 2007, 15:36:23

Sulhnoma ikki nusxa yozilib, biri mushriklarga topshirildi, ikkinchisi musulmonlarning o‘zlarida qoldi. Kutilmaganda sulhnoma yozilayotgan joyga oyog‘iga kishan solingan Abu Jandal ibn Suhayl chigirtkadek irg‘ishlab kirib keldi. U musulmon bo‘lib Madinaga hijrat qilishni ixtiyor etgani uchun otasi qamab qo‘ygan ekan. Rasululloh musulmonlardan panoh istab kelgan Abu Jandalni yupatib: "Mendan xafa bo‘lmay qismatingga sabr qil. Olloh taolo seni, senga o‘xshash musulmonlarni o‘z panohida asrab najot yo‘lini ko‘rsatadi. Biz qurayshlar bilan sulh tuzib, ahdu paymon qilishdik, uni buzishimiz mumkin emas", dedilar. Sulh tuzilgach, payg‘ambar alayhis-salom Xuzoa qabilasini, qurayshlar esa Banu Bakr qabilasini o‘z himoyasiga olishdi.

Qayd etilgan