Muhammad Huzariy. Nur-ul yaqin  ( 269313 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 32 33 34 35 36 37 38 39 40 41 42 ... 55 B


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:23:21

Shundan keyin u ot surib o‘zini dushman safiga urdi, g‘animlar bilan uzoq olishib, shahid bo‘ldi. Musulmonlar safida parokandalik boshlanib, chekina boshlashgan edi, Uqba ibn Omir: "Birodarlar, orqaga chekinib o‘lgandan olg‘a intilib o‘lgan afzal!" deya ularni qaytardi. Musulmonlar maslahatlashib jasur Xolid ibn Validni o‘zlariga lashkarboshi etib saylashdi. Ular Xolidning tadbirkorligi tufayli dushman bilan mardona olishib halokatdan saqlanib qolishdi. Agar sarkarda mohir va zakiy bo‘lmasa, uch ming kishilik musulmonlar qo‘shini yuz ellik ming kishilik g‘animga bas kelishi sira mumkin emasdi. Dastlabki kuni Xolid bayroqni mahkam tutgancha jang qildi. Ertasiga u qo‘shinning safini o‘zgartirib, oldindagilarni orqaga, orqadagilarni oldinga, chap tomondagilarni o‘ngga, o‘ng tomondagilarni esa chapga o‘tkazdi. Bu o‘zgarishdan bexabar rumliklar musulmonlarga yordamga kelibdi, deya yuraklariga g’ulg’ula tushdi. Xolid paytdan foydalanib qo‘shinni Mu’taga chekintirdi va yetti kungacha dushman bilan jang qilib turdi. G’anim musulmonlar bilan urushishdan voz kechib orqaga qaytdi. Ular musulmonlarni ta’qib etib, cho‘lning ichkarisiga kirib qolishdan, jazirama issiqda suvsizlikdan halok bo‘lishdan qo‘rqishdi. Shu zayil Xolid ibn Validning mohirona qo‘llagan tadbirlari tufayli urush o‘z-o‘zidan barham topdi. Bu xabar hali yetib bormay turib, payg‘ambar alayhis-salom suyukli sahobalari shahid bo‘lganini odamlarga aytdilar: "Dastlab Zayd a’lambardor edi, o‘ shahid bo‘lgach, tug‘ni Ja’far oldi, undan keyin Abdulloh ibn Ravoha bayroqdor bo‘ldi, afsuski, ular shahid bo‘lishdi, — deya ko‘zlaridan shashqator yosh to‘kdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:23:29

— Shundan keyin a’lamni Ollohning qilichlaridan biri (Xolidning sifati shunday edi) o‘z qo‘liga oldi. Olloh ularga g‘alaba ato etdi". Shu payt bir odam kelib: "Ja’farning oilasidagi ayollar ovoz chiqarib yig‘lashyapti", dedi. Rasululloh ularni yig‘idan qaytarishni buyurdilar. Xabarchi: "Urinib ko‘rdim, lekin foydasi bo‘lmadi", dedi. Rasululloh ikkinchi marta ularga sabr tilab, yig‘idan qaytarishni tayinladilar. Biroq, xabarchi urinishidan hech qavday naf chiqmaganini aytib keldi. Shunda rasululloh "Agar yig‘idan to‘xtashmasa, og‘izlariga tuproq tiq", dedilar.
Qo‘shin yetib kelganda kutib olgani chiqqan sahobalar ularni qochoqlikda ayblashdi, lekin payg‘ambar alayhis-salom bu fikrni rad etib, jangchilarni g‘oliblar deb maqtadilar. Madinada qolganlar qo‘shinning o‘z jonini saqlab chekinganini mag‘lubiyat deb hisoblashdi, biroq rasululloh bu jangda ishlatiladigan harbiy usul deb, Xolidning tadbirkorligiga ofarin aytdilar.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:23:40

QO’SHIN YUBORISH

Shu yilning jumodul oxir oyida Huzoa qabilasining odamlari Madinaga hujum qilish uchun Vodil Quroning orqa tomoniga to‘planayotgani haqidagi xabar payg‘ambar alayhis-salomga yetib keldi. Rasululloh ularga qarshi Amr ibn Os boshchiligida uch yuz muhojirni yubordilar. Bu qo‘shinga madad berish uchun ketma-ket Ubayda ibn Jarroh boshchiligida ikki yuz kishilik qo‘shin jo‘natdilar. Ularning orasida Abu Bakr, Umar ibn Xattob ham bor edi. Oldin ketgan qo‘shin dushman tuprog‘iga qadam qo‘yib ulgurmay orqadagilar yetib kelishdi.
Jangchilardan ba’zi birlari gulxan yoqmoqchi bo‘lganida Amr ibn Os ruxsat bermadi. Umar ibn Xattob shu zahoti lashkarboshiga e’tiroz bildirdi. Abu Bakr o‘rtaga tushib: "Sen bilan mendan ko‘ra Amr ibn Os jang qoidasini yaxshiroq bilgani uchun rasululloh uni bizga bosh qilib yubordi. O’chakishib, uning ishiga xalal berma", dedi. Umar ibn Xattob uning gapiga ko‘nib, lashkarboshining amriga itoat etdi. Musulmonlar qo‘shini sezdirmay borib, dushmanga to‘satdan hujum qildi; qisqa muddatli jangdan keyinoq g‘anim safi to‘zib ketdi. Musulmonlar betartib qochayotgan dushmanning orqasidan quvlamoqchi bo‘lgan edi. Amr ibn Os ruxsat bermadi. G’animatlarni yig‘ib, Madinaga qaytishni buyurdi. Yo‘lda kelayotganlarida lashkarboshi junub bo‘lib qoldi. Kechasi qattiq sovuq turgan, yuvinishning iloji yo‘q edi. U Ollohning Baqara surasidagi 195-oyatda: "O’zimglarni o‘zinglar halok etmanglar", degan nasihatiga amal qilib, zahrli kunda yuvinib, shamollab qolishdan o‘zini asrash uchun tayammum bilan kifoyalandi. Shu holicha qo‘shinga imom bo‘lib namoz o‘qiyverdi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:23:53

Ular Madinaga yetib kelganlarida rasululloh odatlaricha safarda nimalar bo‘lganini so‘rab-surishtirdilar. Sahobalar Amr ibn Osdan norozi bo‘lib, izg‘irinli kechalarda gulxan yoqtirmaganidan, qochayotgan dushmanning orqasidan quvishga yo‘l qo‘ymaganidan, junub holatida namoz o‘qiganidan shikoyat qilishdi. Payg‘ambar alayhis-salom Amr ibn Osdan nega bunday qilganini so‘radilar. "Dushman sonimiz ozligini bilib qolmasin deb o‘t yoqishga ruxsat bermadim, yo‘lda ganimning pistirmasi bo‘lishi mumkinligidan xavfsirab qochayotganlarning orqasidan quvishni ta’qiqladim, Ollohning Qur’ondagi: "O’zinglarni o‘zinglar halok etmanglar", degan oyatiga binoan g‘usldan o‘zimni tiydim, yuvinsam sovuqda shamollab o‘lishim mumkin edi. Shu sababli tayammum qilib namoz o‘qiyverdim", dedi lashkarboshi. Payg‘ambar miyig‘ida kulimsirab, Amr ibn Osni. aql bilan ish tutgani uchun maqtadilar.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:24:06

QO’SHIN YUBORISH

Shu yilning rajab oyida rasululloh Abu Ubayda Omir ibn Jarroh boshchiligida uch yuz kishilik qo‘shinni Qizil dengiz bo‘yidagi Juhayna qabilasi bilan jang qilishga jo‘natdilar. Yil og‘ir kelib, qahatchilik bo‘lgani uchun qo‘shinga faqat xurmo berildi xolos. Ular dengiz bo‘yiga kelib, o‘n besh kun turishdi. Juhayna qabilasining odamlari tarqab ketgan, urushadigan kimsadan darak yo‘q edi. Qo‘shinning yemishi tugab, odamlar daraxtlarning yaproqlarini suvda ivitib yeyishdi. Qo‘shinda Qays ibn Sa’d ibn Uboda degan mard yigit bo‘lib, u uch kun mobaynida uchta tuyasini so‘yib, odamlarga yedirdi. To‘rtinchi kuni yana tuya so‘yishga chog‘langanda lashkarboshi Abu Ubayda ko‘nmadi, chunki Qays tuyalarni otasining nomidan qarzga olib so‘yayotgan edi. Abu Ubayda Madinaga qaytganda Qaysning otasi bu qarzlarni tan olmasligi mumkinligidan qo‘rqdi. "Otam hamisha birovlaring qarzini to‘lab, och-nahorlarning qornini to‘ydirib yuribdi. Nahotki nochor ahvolga tushib qolgan sahobalar uchun" olgan qarzimni uzmaydi, deb o‘ylaysiz", deya norozilik bildirdi Qays. Lashkarboshi shunda ham uning otasi nomidan birovlarga muruvvat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymadi. Ko‘p o‘tmay qo‘shin jangu jadalsiz Madinaga qaytdi. Qays yuz bergan voqealarni aytib, sahobalar ochlikdan qiynalishganini so‘zlaganda, otasi: "Mol so‘yib bermadingmi?" deb so‘radi. Qays lashkarboshi bilan o‘rtalarida bo‘lgan gap-so‘zlarni aytdi. Qaysning otasi o‘g‘lining kamxarjlik qilganidan qattiq ranjidi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:24:19

MAKKANING FATH ETILISHI

Olloh taolo biron ishni ro‘yobga chiqarishni iroda qilsa, sabablarini hozirlab, to‘siqlarini bartaraf etadi. Payg‘ambar alayhis-salom quraysh xalqi bo‘ysunmaguncha arablar yalpisiga bo‘ysunmasligini, Makka u kishining izmiga o‘tmaguncha boshqa shaharu o‘lkalar itoat etmasligini yaxshi bilar, shu bois tezroq Makkani fath etish fikrida edilar. Biroq u zoti muborak va’dasiga qat’iy amal qiladigan kishi bo‘lganlari uchun Hudaybiyada qurayshlar bilan tuzilgan sulh shartnomasiga binoan bu niyatlaridan o‘zlarini tiyib turardilar. Dunyoning izmi parvardigori olamning ixtiyorida, u nimani iroda qilsa, amalga oshiradi, istagan ishiga ma’lum sabab va qulayliklar yaratib beradi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:24:31

Ma’lumki, yuqorida zikr etilgan sulhdan keyin Huzoa qabilasi musulmonlarning, Bakr qabilasi qurayshlarning himoyasiga olingan edi. Johiliyat davrida bu ikki qabila bir-biri bilan yovlashib, muttasil qir-pichoq bo‘lib yurishardi. Islom dini dunyoga kelgach, ularning o‘rtasidagi adovat bosilib, surunkali urush janjallar barham topgan edi. Mana shunday tinch-osuda kunlarning birida Bakr qabilasining bir odami payg‘ambar alayhis-salomni mayna qilib ashula aytdi. Huzoa qabilasidagilardan bir kishi buni eshitib, ashulachini do‘pposladi. Bu narsa necha yildan beri bosilib, usti bitib qolgan eski yaradek kin-adovatni yana qo‘zg‘atib yubordi. Bani Bakr qabilasi ko‘hna alamlarini eslab, shu bahonada dushmanidan o‘ch olish niyatida urush harakatiga tushib, ittifoqchisi qurayshlardan yordam so‘radi. Qurayshlar maxfiy ravishda ularga odam, qurol-yarog‘ jo‘natishdi. Bakr qabilasi Huzoa qabilasiga hujum qilib, tinchgina yashayotgan yigirma chog‘li odamni o‘ldirdi.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:25:06

Huzoa qabilasi payg‘ambar alayhis-salomga Amr ibn Salim boshchiligida elchilar yuborib, bani Bakr bilan qurayshlarning xiyonatkorona qilmishlarini ma’lum qilishdi. Rasululloh bu xabardan qattiq xafa bo‘ldilar hamda elchilarga: "Sizlarni o‘zimni asragandek asrayman", dedilar. Qurayshlar o‘ylamasdan qilgan ishi usun afsuslanishdi va yuz berishi mumkin bo‘lgan ko‘ngilsizlikning oldini olish maqsadida Abu Sufyon ibn Harbni Madinaga yuborishga qaror qilishdi. Abu Sufyon ikki qabila o‘rtasida yuz bergan qirg‘indan payg‘ambar alayhis-salom hali bexabar degan o‘yda bemalol Madinaga kelib, rasulullohning nikohidagi qizi Ummu Habibaning uyiga tushdi. Abu Sufyon payg‘ambar alayhis-salomning palosida o‘tirmoqchi bo‘lgan edi, qizi uni tortib oldi. Abu Sufyon: "Qizim, bu palosni ayaganingmi yoki meni ayaganingmi?" deb so‘radi. Ummu Habiba: "Otam bo‘lsang ham rostini aytay: sen mushrik, nopok odamsan. Senday odam payg‘ambarning palosida o‘tirishi mumkin emas", dedi. Abu Sufyon qattiq ranjib: "Qizim, sen mendan ayrilgandan keyin aynib ketgan ekansan", dedi-da, shartta uydan chiqib ketdi va to‘ppa-to‘g‘ri masjidga borib, payg‘ambar alayhis-salomga uchrashdi, tashrifining sababini aytib, sulh muddatini uzaytirishni taklif etdi. "Biron gap bo‘ldimi?" deb so‘radilar rasululloh. "Yo‘q hech narsa bo‘lgani yo‘q", deb javob berdi Abu Sufyon. "Unday bo‘lsa avvalgi sulh bo‘yicha ish tutamiz, uning muddatini o‘zgartirishning hojati yo‘q", deya gapni cho‘rt kesdilar sarvari olam.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:25:32

Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan Abu Sufyon muhojirlarning boshliqlariga uchrashib maqsadini amalga oshirish uchun ko‘mak so‘radi, biroq ularning hammasi xuddi kelishib olishgandek aynan rasulullohning javobini berishdi. Ko‘zlangan maqsadiga erisholmagan Abu Sufyon noiloj Makkaga qaytib ketdi. Makkadagalar esa: "Sen aynib, Islom diniga kirib ketganga o‘xshaysan", deb unga malomat toshini yog‘dirishdi. Abu Sufyon o‘zini oqlash uchun butlarning oldida cho‘qinib qasam ichdi.
Payg‘ambar alayhis-salom esa sahobalarga safar tadorikini ko‘rishni buyurdilar. Makkaga otlanganliklarini faqat Abu Bakrga aytdilar. "Ey rasululloh, qurayshlar bilan o‘rtamizda imzolangan shartnoma bor-ku", dedi Abu Bakr ajablanib. "Ha, bor, dedilar rasululloh. — Lekin qurayshlar shartnomani buzishdi-ku". Shundan keyin payg‘ambar alayhis-salom Madina atrofidagi qirlarda yashovchi arablarni safarbarlikka da’vat etib: "Kimki Ollohga va oxirat kuniga ishonarkan, ramazon oyida Madinaga jam bo‘lsin", dedilar. RasululLohning chaqirig‘ini eshitgan Aslam, G’ifor, Muzayna, Ashja’, Juhayna qabilalarining vakillari Madinaga to‘planishdi. Bu xabar ovoza bo‘lib, qurayshlar harbiy safarbarlik e’lon qilishi mumkinligini o‘ylab, rasululloh niyatlarini pinhon tutdilar. Sarvari olamning ko‘nglida Makkada qon to‘kish emas, balki Xudoning muqaddas dargohining hurmatini saqlagan holda qurayshlarni tinch yo‘l bilan itoat qildirib, imonga keltirish niyati bor edi. U kishi Xudoga yolborib: "Ey Parvardigor, men yetib borguncha ayg‘oqchilar makkaliklarni ketayotganimizdan xabardor etib qo‘yishlaridan asragin", deya iltijo qildilar.

Qayd etilgan


Doniyor  26 Fevral 2007, 00:25:59

Badr g‘azotida qatnashgan sahoba Hotab ibn Abi Bultaa payg‘ambar alayhis-salomning Makkani fath etish uchun katta qo‘shin to‘plab yo‘lga chiqayotganlari haqida xat yozib bir ayoldan yashirincha jo‘natib yubordi. Bu hodisa rasulullohga vahiy orqali ma’lum bo‘ldi. Josus ayolni qaytarib kelish uchun darrov Ali, Zubayr, Miqdodlar yuborildi. Ular Hox nomli bog‘ oldida josus ayolni quvib yetishdi-da, xatni talab qilishdi, biroq u surbetlik bilan yonida hech qanday xat yo‘qligini aytib, jinoyatini tan olmadi. Ta’qib etuvchilar yaxshilikcha xatni bermasa,  yechintirib tintishlarini aytgandan keyingina u noiloj sochining orasiga yashirilgan xatni chiqarib berdi. Ta’qib etuvchilar xatni payg‘ambar alayhis-salomga topshirishgach, u kishi Hotabni chaqirtirib, xiyonatkorligining sababini so‘radilar. "Ey rasululloh, men qurayshlardan emasman, muhojirlar quraysh qabilasidan, — dedi Hotab. — Muhojirlarning Makkada qolgan bola-chaqalarini qanotiga oladigan yaqinlari bor, mening u yoqda hech kimim yo‘q. Qurayshlar qilgan yaxshiligim evaziga u yoqda qolgan bola-chaqalarimga muruvvat ko‘rsatisharmikan, degan umidda yashirincha xat jo‘natganman. Lekin murtad bo‘lib dindan qaytganim yo‘q".

Qayd etilgan