Namozning shartlari
80-hadis
Abdulloh ibn Ja’fardan rivoyat etilgan: «Kindik bilan tizza orasi avratdir» hadisini Hakim va Tabaroniy rivoyat qilishgan. Haysam bunday deydi: «Bu hadisda kelgan Asram ibn Hushab zaif bir kimsadir» («Al-munaviy», 5-432).
Doraqutniy A’to ibn Yasordan, u Ayyubdan rivoyat etgan hadisda: Abu Ayyub aytadi: «Men Rasulullohning (s.a.v.) bunday deyishganini eshitdim: «Ikki tizzaning usti avratdir, kindikning pasti avratdir» («Fathul-qodir», 1-180).
Hakim va Doraqutniy bu hadisni zaif sanad bilan rivoyat qilishgan. Ibn Hajar «Hidoya» hadislari zikrida zaif sanad bilan rivoyat etgan. Abu Dovudning Amr ibn Shuaybdan rivoyatiga ko‘ra, bu hadislar kindikning avrat emasligiga ochiq dalildir. Tizzalarning avrat bo‘lishiga dalil aniq emas.
Bu hukm Buxoriydagi Abu Muso, Abu Dardo va Anasdan rivoyat etishgan, Muslim Oyisha onamizdan (r.a.) rivoyat etgan hadislar matnining taqozosidir.
Narsaning oxiri hukm doirasiga goho kiradi, goho kirmaydi. Mavzuga ehtiyot bo‘lib yondashmoq lozim. Ehtiyotan oxirning ( bu joyda tizzaning) hukm doirasiga kirishiga hukm qildik. Usul qoidasiga binoan, harom bilan muboh bir joyda duch kelsa, harom mubohdan g‘olib chiqadi.
Xulosa: Kindikdan tizza ostigacha bo‘lgan oraliq erkak kishi uchun avrat sanaladi. Imomi A’zam bir rivoyatda kindikni ham avrat deganlar («Uqud’ul-javohir», 1-40).