Imomi A'zam Abu Hanifa. Musnad  ( 368752 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 ... 75 B


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:07:53

Namozning mustahab vaqtlari

85-hadis
Abdulloh ibn Dinorning (r.a.) hadisini Muhammad ibn Marvon rivoyat qilgan. Uni «Sunan» sohiblari va Ibn Hibbon Rofe’dan rivoyat etishgan. Termiziy: «Bu hasan-sahih hadisdir», degan («Uqud’ul-javohir», 1-38).
Hadisni Humaydiy va «Sunan» sohiblari sahih isnod bilan rivoyat qilishgan.
Rofe’ ibn Hudayjdan (r.a.) rivoyat qilingan hadisda Hazrati Payg‘ambarimiz (s.a.v.): «Bomdod namozini tong yorishgan paytda o‘qing, chunki o‘sha vaqtda o‘qishning ajri ko‘pdir», deya marhamat etganlar.
Zayloi «Nasbur-raya» asarida «isfiror» tong qorong‘uligi yorishadigan paytdir, degan («Osorus-sunan», 1-35-36).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:08:04

BULUTLI kunlarda asr namozini vaqtli o’qish

86-hadis
Shaybaning hadisini mazkur holda Ibn Muzaffar va Ibn Xusrav rivoyat qilishgan. Ibn Shayba o‘z asarida Yahyo ibn Abu Kasirdan, u Abu Muhojirdan, u Buraydadan marfu’ o‘laroq «Namozni erta vaqtida o‘qing» lafzi bilan rivoyat qilgan.
Buxoriy, Ahmad ibn Hanbal va Nasaiy Yahyo orqali rivoyat etishgan. («Uqud’ul-javohir», 1-39).

Asr namozini o‘tkazib yuborgan kimsaning gunohi

87-hadis
Ibn Umardan (r.a.) rivoyat etiladi: «Rasululloh (s.a.v.): «Asr namozini o‘tkazib yuborgan kishi oilasi va moliga zulm qilibdi», deganlar.
Hadisni «Kutubi sitta» sohiblari rivoyat qilishgan («Taysirul-vusul», 3-181).

Namozning makruh vaqtlari

88-hadis
Abu Hurayra (r.a.) va Abu Saidning (r.a.) hadisini Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan («Uqud’ul-javohir», 1-39).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:08:57

Azon

89-hadis
Azonning mashru’iyati (mashru’ bo‘lishi) haqida «Sahihi Muslim»da har xil lafzlar bilan kelgan rivoyatlar bor. Bu mavzu bo‘yicha kengroq ma’lumot olishni istagan kishi «Sahihi Muslim»ning «Azon» bobiga qarashi kerak.
Alqama rivoyat qilgan hadisning isnodi sahihdir («Uqud’ul-javohir», 1-40).

Muazzinga javob

90-hadis
Abu Said Xudriydan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda: «Muazzinning ovozini eshitganingizda uning aytganlarini takrorlang»,
deyilgan.
Bu hadisni Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja, Nasaiylar rivoyat qilishgan («At-targ‘ib vat-tarhib», 1-jild, 183-bet).
Abdullohning hadisini Ibn Moja Ummu Habibadan rivoyat qilgan. Termiziy Abdulloh ibn Umarning (r.a.) hadisini, Hanbal esa Abu Rofiiyning hadisini rivoyat etgan («Uqud’ul-javohir», 1-41).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:09:29

Masjid qurishning fazilati

91-hadis
Abu Zarrdan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.): «Kim Alloh taolo uchun kaklik uyidek bo‘lsa-da, masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir ko‘shk bino qiladi», dedilar. Bazzor rivoyati. Tabaroniy «Jomius-sag‘ir»ida, Ibn Hibbon esa «Sahih»ida rivoyat etgan («At-targ‘ib vat-tarhib», 1-193).
Hadisni Ahmad ibn Hanbal Ibn Abbosdan, Bazzor Anasdan (r.a.) rivoyat qilgan («Al-munaviy», 4-96).

Yo‘qolgan narsani masjidda so‘rab-surishtirishdan qaytarish

92-hadis
Alqamaning hadisini Muslim va Ibn Moja xuddi shunday lafz bilan rivoyat qilishgan («Uqud’ul-javohir», 1-59).
Hadis lafzlari bir-biriga juda yaqin. Muslim, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyat etishgan («At-targ‘ib vat-tarhib», 1-202).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:09:43

Takbirda qo‘llarini quloq yumshog‘iga tekkizish (ko‘tarish)

93-hadis
Qo‘llarning quloq to‘g‘risigacha ko‘tarilishiga doir hadislar juda ko‘p. Hammasi Muslimdan rivoyat etilgan («Osorus-sunan», 1-64).
Hadisni Yazid ibn Ziyod orqali Muslim, Abu Dovud, Nasaiy, Ahmad ibn Hanbal, Ishoq, Doraqutniy, Tahoviy rivoyat qilishgan («Uqud’ul-javohir», 1-42-43).

Iftitoh takbirida qo‘llarni ko‘tarish

94-95-hadislar
Hadisni Muslim rivoyat qilgan. («Osorus-sunan», 1-64). Osimning hadisini Muslim boshqa bir lafz bilan rivoyat qilgan. Hadisni Abu Dovud va Nasaiy ham keltirgan («Uqud’ul-javohir», 1-42).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:10:05

Namoz ichidagi intiqol takbirlarida qo‘llarni ko‘tarmaslik

96-hadis
Alqamadan rivoyat etilgan hadisda Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.): «Sizga Rasulullohning (s.a.v.) namozini o‘qib beraymi?» dedi va (imomlikka o‘tib. - Tarj.) namoz o‘qidi. Iftitoh takbirida qo‘llarini ko‘tardi, boshqa takbirlarda ko‘tarmadi.
Bu hadisni Ibn Hazm sahih degan. Termiziy: «Ibn Mas’udning (r.a.) hadisi hasan hadisdir», deb aytgan. Hammodning hadisini Abu Dovud va Termiziy boshqa yo‘l orqali rivoyat qilishgan («Uqud’ul-javohir», 1-39; «Osorus-sunan», 1-103).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:10:15

Namozda o‘qiladigan oyatlar

97-98-hadislar
Uboda ibn Somitdan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: «Fotihani o‘qimagan kishining namozi (namoz) bo‘lmaydi».
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.): «Kim namoz o‘qib, Fotiha surasini o‘qimasa, uning namozi bekordir, bekordir, bekordir», deya (oxirgi so‘zni) uch marta takrorlaydilar. Hadisni Muslim rivoyat qilgan («Osorus-sunan», 1-64).
Ahmad ibn Hanbal: «Hadisning ma’nosi bir o‘zi bo‘lsa», degan. Abu Dovud va Sufyon: «bu yolg‘iz o‘quvchiga», deb aytishgan («Osorus-sunan, 1-65).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:10:31

Namozda «Bismillah»ni ovoz chiqarmay aytish sahobalarning
Ijmosidir


100-hadis
Muslimning rivoyatida: «Bismillah»ni qiroatning avvalida ham, so‘ngida ham (ovoz chiqarib) zikr qilmas edilar», deyiladi.
Anasdan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda Anas (r.a.) shunday degan: «Rasulullohning (s.a.v.) ortlarida namoz o‘qidim, Hazrati Abu Bakr (r.a.), Hazrati Umar (r.a.), Hazrati Usmon (r.a.) bilan o‘qidim, hech birlarining «Bismillah»ni ovoz chiqarib aytganini eshitmadim». Muslim rivoyati. Hadisni Muslim Nasaiy va boshqalar ham rivoyat etishgan.
Hadisning sanadi sahihdir. Abdulloh ibn Mag‘faldan rivoyat etilgan hadisda aytiladi: "Namoz o‘qiyotganimda, "Bismillah..."ni oshkora aytdim. Otam buni eshitib: "Ey bolam! Sen bid’at qilyapsanmi? Men Rasulullohning (s.a.v.) ashobiga: «Islomda bid’atdan boshqa nafratliroq narsa borligini bilmayman», deganlarini eshitganman, - dedilar.
"Men Rasululloh (s.a.v.) bilan birga, Hazrati Abu Bakr (r.a.), Hazrati Umar (r.a.), Hazrati Usmon (r.a.) bilan namoz o‘qidim. Ulardan hech biri buni (ovoz chiqarib) aytganini eshitmadim. Sen namoz o‘qisang, "Alhamdulillahi Robbil a’lamiyn"deya boshla,"dedi.
Bu hadisni Termiziy rivoyat etib, "hasan hadisdir", degan. Zayloiy
"Nasbur-raya"   asarida, jumladan shunday degan: "Bu hadis
«Bismillah»ni oshkora aytmaslikka doir ochiq bir dalildir. («Uqud’ul-javohir», 1-44).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:10:57


Shom namozida ovoz chiqarib qiroat qilish

101-hadis
"Kutubi sitta" sohiblari hadisni rivoyat qilganlar. Hadis lafzi Termiziyga oiddir («Uqud’ul-javohir», 1-51).

Bomdod namozida ovoz chiqarib qiroat qilish

102-hadis
Muhammad ibn Mug‘iyra rivoyat etgan. Muslim, Termiziy, Nasaiy, Ibn Moja hadisni keltirishgan («Uqud’ul-javohir», 1-51).

Qayd etilgan


Laylo  05 Noyabr 2007, 15:12:17

Imomlik bahsi va imomga ergashgan kishining qiroat qilmasdan,
sukut saqlashi


103-hadis
Abu Musodan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) bizga bunday o‘rgatdilar: "Namozga turganingizda sizdan birlaringiz imom bo‘lsin. Imom qiroat qilganida siz jim turing". Bu hadisni Ahmad ibn Hanbal va Muslim rivoyat qilishgan. Hadis sahihdir.
"Sunan" sohiblari bu hadisning sahihligi borasida ixtilof qilishgan. Bu mavzudagi tadqiqotlarning xulosasi quyidagicha: Abu Zahra bunday deydi: "Bu hadisning roviyi to‘g‘ri va ishonchli odamdir. Men aytdimki: "Abu Muso Ash’ariyning hadisi sahihligi sobit bo‘lgan. Ibn Abdul Barr "Tamhid" nomli asarida Ahmad ibn Hanbaldan bu hadisni sanadi bilan sahih, deb aytgan".
Hofiz ibn Hajar: "U sahih hadisdir", deb aytgan. Muslim bu hadisni Abu Muso Ash’ariyning hadisidan rivoyat qilgan ("Osorus-sunan", 1-86).
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat etilgan hadisda Rasululloh (s.a.v.) marhamat qiladilar: "Imom, unga ergashilishi uchun imom bo‘lgan. Imom takbir aytsa, takbir ayting. U qiroat qilsa, jim turing". Mazkur hadisni Termiziydan boshqa "Kutubi sitta" sohiblari rivoyat qilishgan. Hadis sahih, barcha roviylari ishonchli.
Bu mavzu "Fathul qodir"ning 1-jild, 238-sahifasida kengroq zikr etilgan. Unda shunday kelgan: «Rasululloh (s.a.v.) bunday deb marhamat qildilar: "Kimning imomi bo‘lsa, imomning qiroati uning qiroati o‘rniga o‘tadi". Bu hadisni Abu Hanifa (r.al.) "Musnad"ida Muso, Abdulloh ibn Shoddod, Jobir ibn Abdullohlar orqali rivoyat qilgan.
Ushbu hadis: "Namoz faqat qiroat bilan bo‘ladi" hadisiga muoriz (zid) emas.
Peshvo sahobalarining sakson nafaridan imomga ergashgan kishining qiroat qilmasligi rivoyat etilgan. Sha’biy aytadi: «Badrda qatnashgan yetmish sahobani ko‘rdim. Hammasi imomning ortida turib, qiroat qilishdan qaytarar edi».
Abdulloh ibn Zayd ibn Aslam otasidan rivoyat qiladi: «Rasululloh (s.a.v.) ashobidan peshqadam o‘n kishi imomning ortida qiroat qilishdan qat’iy man’ etar edi. Bular: Hazrati Abu Bakr (r.a.), Hazrati Umar (r.a.), Hazrati Usmon (r.a.), Hazrati Ali (r.a.), Abdurrahmon ibn Avf (r.a.), Sa’d ibn Abu Vaqqos, Abdulloh ibn Mas’ud, Zayd ibn Sobit (ra.), Abdulloh ibn Umar (r.a.), Abdulloh ibn Abboslardir (r.a.). Bu sahobalarning man’ etishini hech bir sahoba inkor etmagani uchun, sahobalarning bu sukuti ijmo hisoblanadi («Uqud’ul-javohir», 1-54).

Qayd etilgan