Antonimiya bo’yicha olib borilgan tadqiqotlarning deyarli barchasida mazkur hodisa bir so’z turkum doirasida mavjud deb qaralgan. Ammo leksik birliklardgi qarama-qarshilikning ifodalanishi turli turkum doirasida ham kuzatilishi ayni haqiqat. Aytish mumkinki, antonimik holat leksik birliklar semantikasidagi qarama-qarshi semalarning aynan bo’lishi qarama-qarshilikni yanada yorqin ifoda etadi. Ammo leksik birliklarning semantik qarama-qarshiligiga asos bo’luvchi semalar doim ham ana shunday simmetrik holatda emas, assimetrik holatda bo’lishi ham juda ko’p kuzatiladi. Masalan: baland — past leksemalarining antonimik munosabatiga ularning semantik tarkibidagi qarama-qarshi semalar ("œvertikal jihatdan o’lchami yuqori" — "œvertikal jihatdan o’lchami quyi") asos bo’lgan. Ushbu juftlik antonimiyaning mezonlariga to’la javob beradi. Lekin ayni shu qarama-qarshi semalar baland — pasaymoq, baland — pastlik leksemalari o’rtasida ham mavjud. Bnday juftliklarga ko’plab misollar keltirish mumkin. Masalan: katta — kichraymoq, oq — qoraymoq, yomon — yaxshilik, uzun — qisqarmoq kabi. Ushbu leksik birliklar lisoniy ifodalovchi sifatida qarama-qarshilikka xos bo’lgan har qanday xususiyatlarni o’zida ifodalay oladi. Ularda ham antonimlarga xos bo’lgan mantiqiy, psixologik, leksik, kommunikativ tomonlar mujassamlashgan. Shunga ko’ra, lingvistik qarama-qarshilikning faqat antonimiya mezonlari asosida belgilanishi hodisa mohiyatini to’liq ochishga mkon bermaydi. Demak, leksik birliklardagi semantik qarama-qarshilik munosabatini antonimiya doirasidagina emas, balki undan tashqarida tekshirish maqsadga muvofiq. Ana shunday keng doiradagi hodisani biz antisema (yunoncha anti — "œzid", sema — "œbelgi") nomi ostida o’rganishni lozim topdik.
manba: f.f.n ilmiy darajasini olish u-n yozilgan avtoreferat. B-10,11