Yaqinda bir foydalanuvchimiz yosh bo'lishiga qaramasdan sochlari oqarib ketayotganini va buning oldini olish uchun qanday xalq tabobati vositalari mavjud ekanini so'rab bizga murojaat qilgandi. Bugun uning iltimosini bajarib, quyida u so'ragan retseptlarni keltiramiz.
Ba'zi odamlarda yoshlik paytidanoq oq sochlar paydo bo'ladi. Bunday holat oq soch egalariga yoqmasligi, tabiiy. Xo'sh, sochlarning oqarishini qanday qilib to'xtatish mumkin? Buning uchun xalq tabobati vositalari mavjudmi?
Sochlarning ularning asl rangini qaytarishning deyarli iloji yo'q, ammo lekin bunga moddalar almashinuvi bilan bog'liq biror bir kasallik sababchi bo'lsa, sochlarning oldingi rangini tiklashga yoki bu jarayonni to'xtatishga urinib ko'rsa bo'ladi:
1) Buning uchun muvozanatlashtirilgan ovqatlarni iste'mol qilish va to'laqonli ovqatlanish, sochlarni salbiy ta'sirlardan himoyalash, yil davomida 2-3 marta A, B, E, C vitaminlari va foliy kislotasini qabul qilish zarur.
2) Sochlar erta oqarganida kuniga 3-5 marta ovqatdan oldin ¼ - ½ stakan qichitqi o't damlamasini qabul qilish kerak. Buning uchun 10 gramm yoki 2 osh qoshiq qichitqi o't olinadi va unga 200 ml qaynab turgan suv quyiladi. Diqqat! Agar sizda ginekologik qon ketishlari, poliplar, bachadon va tuxumdonning turli o'smali kasalliklari mavjud bo'lsa, qichitqi o't preparatlarini qabul qilish qat'iyan man etiladi.
3) Sochlarni yuvishdan bir-ikki soat oldin bosh terisiga sarimsoq bo'tqasini ishqalab suring, boshingizni ro'mol bilan o'rang, keyin sochlaringizni yaxshilab yuving. Bu niqob sochlar erta oqarishining oldini oladi, sochlar to'kilishida yordam beradi. Agar sochlaringiz juda quruq bo'lsa, sarimsoqqa o'simlik yog'idan qo'shing. Davolash kursi 2-3 oyga mo'ljallangan.
4) 50 gramm quritilgan qichitqi o'tni olib (uni dorixonalardan topish mumkin) unga yarim litr suv va yarim litr uksus quying, keyin olovga qo'yib, 30 daqiqa qaynating. Boshingizga har kuni bir necha kun davomida qaynatmani ishqalab suring.
5) Agar sochlaringiz tug'ma oq tusda bo'lsa, unga qarshi kurash usullari yo'q. Keyin, tabiat bilan bahslashib ham o'tirmang. Oddiy soch oqarishiga kelsak, bunda B guruhi vitaminlarini qabul qilish, yorqin ranglardagi meva va sabzavotlarni ko'proq iste'mol qilish lozim. Bundan tashqari, sochlarni basma, xina va boshqa giyohlardan tayyorlangan bo'yoqlarga bo'yash mumkin.
6) Sochlarni mustahkamlash va sochlarning erta oqarishida shivit (ukrop) urug'lari va qariqiz (lopux) ildizidan foydalanish mumkin. Buning uchun 2 osh qoshiq qariqiz giyohining maydalangan ildizi olinib, unga yarim litr suv quyiladi va suvning yarmi bug'lanib ketgunga qadar qaynatiladi. Keyin qaynatmaga 2 choy qoshiq shivit urug'i solinadi va 2-3 soatga damlab qo'yiladi. Tayyor qaynatma dokada suzib olinadi va har kuni ertalab va kechqurun bosh terisiga ishqalab suriladi. Davolash kursi 2-3 oy.
7) Shuningdek, bir necha yil oldin bir tanishim menga boshqacha bir retsepni ham tavsiya qilgandi. Buni faqat sabrlilar bajara olishi mumkin. Shunday qilib, bug'doy donlari olinadi va 5-7 ta donasi suv solingan osh qoshiqqa solinadi va nish urib chiqqunga qadar qo'yiladi (2-3 kun, xuddi sumalakka bug'doy o'stirilganday) va har kuni ertalab bir qoshiqdagisi iste'mol qilinadi. Agar bu retsepni tanlasangiz, qabul qilish ketma-ketligi uzilib qolmasligi uchun bug'doyni qoshiqda har kuni o'stirib boring. O'stirilgan bug'doyni qabul qilish muddati 6 oygacha, uni yilda 1-2 marta takrorlab turish kerak. Ammo ta'siri juda yaxshi: sochlar oqarishi sekinlashadi, o'stirilgan bug'doydagi foydali moddalar organizmga juda yaxshi ta'sir ko'rsatadi.
Internetdagi salomatlik va go'zallikka bag'ishlangan materiallar asosida tayyorlandi.