KULGAN HAMMAGA YOQADI
Xo‘mrayib, qovog‘ini uyub yuradigan kishi kimga ham yoqardi? Aksincha, labida tabassum balqib turadiganlar qayerda bo‘lishmasin, yoqimli taassurot qoldiradilar. Mutaxassislarning fikricha, erkaklarga nisbatan ayollar ko‘proq kular ekan. Aynan shu holatda ularning ustun chiqqanligini isbotlovchi ma’lumotlarni keltiramiz.
Fransiyalik Marina Pikasso bir soat mobaynida kulaverib, ko‘zlaridan «shashqator» yosh oqqan. Moldovalik Zoya Iaos undan atigi 20 daqiqa kam kulgan. Ichagi uzilgudek bo‘lib kulganlardan yana biri Ella Bekxem va britaniyalik Elenora Xyorbest bo‘lib, 15-20 daqiqalik natijaga erishganlar.
Kulish har xil: kimdir miyig‘ida kuladi, kimdir zaharxanda, yana birov qotib-qotib kuladi, qah-qaha urishning ham gashti o‘zgacha. Yuqorida nomlari zikr etilgan ayollar qanday va nima uchun kulganligi muhim emas, balki vaqt bo‘yicha yuqori natijaga erishganlari katta yutuq.
Kishi aqliy va jismoniy mehnatdan so‘ng charchaydi. Bunday paytda asab tolalaridagi horg‘inlikni ko‘p kulib, ko‘z yoshlari orqali chiqarib yuborish foydadan xoli bo‘lmas ekan. Demak, qissadan xissa: asablaringizni taranglashtirmay kulib yuring, ham sog‘lom bo‘lasiz, ham barchaga yoqasiz!