Gap egasini topdi Ilk namoz o'qishimga turtki bergan bu voqea o'tgan yili sodir bo'lgan edi. O'shanda erimning do'stlari oila a'zolari bilan biznikiga mehmonga kelishdi. Ancha suhbatlashib o'tirdik. Mehmonlardan biri:
"Bir kishi kasal yotgan do'stini ko'rgani uyiga boribdi, - deb hikoya boshlab qoldi. - Undan:
"Ahvollariz qalay?" deb xol ahvol so'rabdi.
"Rahmat, do'stim, ancha tuzukman. Bekor yotmay deb namozliklarni o'rgandim. hozir besh vaqt namoz o'qiyapman" deb javob qilibdi.
"Uyda yanga ko'rinmaydilar".
"Yangangiz yo'qlar",
"O'zingiz-ku namozni o'rganibsiz, endi yangaga ham o'rgatmaysizmi?" Shunda bemor:
"E-e, yangangiz shu dunyoda boshimni og'ritib, bezor qilgani yetadi, endi namozlikni o'rgatib, jannatga ham g'alva orttiraymi, qo'ying, gapirmang, qayga borsa, boraversin, ammo meni jannatda tinch qo'ysin", debdi.
Mehmon hikoyasini hazil so'zlar bilan yakunladi. Ammo menga boshqacha ta'sir qildi. Turmush o'rtog'imga qaradim, u kishi ham mehga yuzlanib turgan ekanlar. Nazarlarimiz boshqacha to'qnashdi. Chunki bu payt u kishi namoz o'qir, men esa o'qimas edim.
Mehmondorchilik tugab, mehmonlar uy-uylariga tarqalishdi. Shunda turmush o'rtog'imdan:
"Nega menga namoz o'qishni o'rgatmagansiz yoki siz ham mendan bezormisiz" deb so'radim.
"Yo'q, aslo, - dedilar u kishi, - kel, kech bo'lsayam, o'rgatay, sen ham ibodat qil. Namozdan keyin jannatlarda birga bo'lishni Allohdan so'raylik..."
Shundan so'ng men namozga tayyorgarlik ko'ra boshladim. Ertasi tongda ilk bor namoz o'qidim. Allohimning amriga bo'yin egib, bomdodni ado etar ekanman, meni ta'riflab bo'lmas halovat chulg'adi. Shu paytgacha bu halovatdan benasib yurganimga pushaymon bo'lib, yig'lab yubordim...
Endi har namozga turayotib, o'sha lazzat-halovatni qo'msayman, uni menga nasib etgan Allohimga hamdu sanolar aytaman.
Mavluda Shodmonova. Qarshi tumani. Musulmonlar taqvimidan.