Hunarmandchilik
Vohada hunarmandchilik tarixi. Surxon vohasida o`tkazilgan arxeologik tadqiqotlar bu yerda ikki ming yillar muqaddam hunarmandchilik keng rivojlanganligini isbotlaydi.Vohaning Bronza davriga oid Sopolli madaniyatini o`rganish jarayonida bu yerda hunarmandchilikning kulolchilik, zargarlik, binokorlik sohalarini ancha rivojlanganligi aniqlandi.
Vohada hunarmandchilik tarixi. Surxon vohasida o`tkazilgan arxeologik tadqiqotlar bu yerda ikki ming yillar muqaddam hunarmandchilik keng rivojlanganligini isbotlaydi. Vohaning Bronza davriga oid Sopolli madaniyatini o`rganish jarayonida bu yerda hunarmandchilikning kulolchilik, zargarlik, binokorlik sohalarini ancha rivojlanganligi aniqlandi. Ilk temir davrida vohada shakllangan Kuchuktepa madaniyatida ham Sopolli madaniyatining hunarmandchilik an`analari davom ettirildi. Miloddan avvalgi VII asr o`rtalarida Kuchuktepa madaniyati zamirida Baqtriya madaniyati shakllandi bu madaniyatda ham hunarmandchilikning kulolchilik, to`quvchilik, binokorlik, temirchilik, zargarlik kabi sohalari ancha yuksalganligini kuzatish mumkin. Hunarmandchilikning mustaqil xo`jalik sifatida shakllanishi natijasida vohadagi shaharlar hunarmandchilik va savdo markazlariga aylana boshladi. Odatda hunarmandchilikning eng kamida 32 xili mavjud bo`lgan aholi yashaydigan joyga shahar maqomi berilgan. Bundan ko`rinib turibdiki, vohada hunarmandchilikning qator tarmoqlari jadal ravnaq topgan. Voha aholisining chet mamlakatlar bilan iqtisodiy-madaniy aloqalarining o`sishi hamda xalq xo`jaligi uchun zarur bo`lgan mahsulotlar ishlab chiqarishga talab va ehtiyojning ortishi hunarmandchilikning rivojiga sabab bo`lgan Yunon-Baqtriya va Kushonlar davrida ham vohada hunarmandchilikning shishasozlik, kulolchilik, binokorlik va zargarlik sohalari ancha yuksalgan. Ilk o`rta asrlarda Tohariston va Chag`oniyonda shishasozlik hunari jadal rivojlangan. Tohariston ustalari hovarang, ko`k shishalardan turli nafis idishlar tayyorlagan. Manbalarda ta`kidlashishiga "œToharistonlik ustalar Xitoyliklarni shisha tayyorlashning ba`zi sirlaridan voqif etishgan. Ilk o`rta asrlarda kulolchilikning Kushonlar davri an`analari jadal davom ettirilgan. Bu davrda temirchilik hunari ham ancha rivojlangan. Jumladan Ko`hitang va Boysun tog`laridagi temir konlaridan ma`dan qazib olish yo`lga qo`yilgan. X asrdan boshlab Boysuntog` janubiy yonbag`ridagi To`da, Xo`ja Qashqaron, Allami, Xomkondagi Cho`yanli, Ko`hitangdagi Kampirtepa (Konipur) atroflarida konchilarning yirik-yirik ustaxonalari va mahallalari bo`lgan.
Vohada to`qimachilik sohasi ham ancha qadimdan rivoj topgan.
Angor tumanidagi Qulog`litepadan pilla qoldiqlarining topilishi, Termizdagi "œQo`rg`on" va Bolaliktepadan topilgan kiyimlar va mato bo`laklari vohada to`qimachilik rivoj topganligini isbotlaydi. Chag`oniyonning Darzangi qishlog`i to`qimachilik markazi sanalgan. Hunarmandchilik ustaxonalari nafaqat shaharlarda balki, qishloqlarda ham mavjud bo`lgan. Jumladan Dalvarzintepa yaqinidagi G`armalitepa qishloq joylardagi ana shunday kulolchilik ustaxonalaridan biri bo`lgan. Termizda kulollar, temirchilar, shishasozlarning mahallalari bo`lgan.
IX asrdan boshlab Termiz va Chag`oniyon kulolchiligida sirlangan idishlar yasash o`zlashtirilgan. O`rta asrlarda Termizlik kulollar simob ko`zachalari yasashda ham mashhur bo`lgan.
Voha hunarmandchiligining yana bir muhim xususiyati uning ko`p sohalari bevosita uy-ro`zg`or xo`jaligi bilan bog`liqligi edi. Ko`pgina hunarmandlar asosiy kasbidan tashqari bog`dorchilik va dehqonchilik bilan ham shug`ullanib kelgan. Hunarmandlar o`zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni bozorlarga chiqarib sotish bilan bir qatorda, qishloq jamoalari ehtiyoji uchun zarur bo`lgan hunarmandchilik mahsulotlarini jamoa a`zolariga yetkazib berib, evaziga mahsulot bilan haq olgan. Uy ro`zg`or kasb-korligida ip yigirish, to`qish, kigiz bosish kabi sohalar muhim o`rin tutgan. Hunarmandchilikning ravnaqi ishlab chiqaruvchi kuchlar va tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi bilan bog`liq bo`lgan.
Voha hunarmandlari o`z ustaxonalarini asosan uyida ba`zilari esa bozorlarda bunyod etganlar. Hunarmandlar o`z ijtimoiy tashkilotlariga ega bo`lib, maxsus uyushmalarga birlashgan.
Hunarmandlar ishlab chiqarish jarayonida mehnat qurollarini doimiy tarzda rivojlantirilib, mukamallashtirilib, xalqning xo`jalik va turmush tarziga moslashtirib borgan.
Hunarmandchilikning shunday turlari bo`lganki, bu turlar bilan faqat ba`zi oilalar va mahallalar shug`ullangan. Ana shu hunar turiga qarab ham oila, mahalla va qishloqlar nomlangan. Masalan Abduraim kulol, Shodmon temirchi oilalari, Boysundagi Charmgarlar mahallasi, Sheroboddagi Egarchi va Cho`yanchi qishloqlari hunarmandchilik sohalarining nomlari bilan ataladi.
Hunarmandchilikning qaysi turining qaysi hududda ravnaq topishi avvalambor aholining o`troq, yarim o`troqligiga, hudud tabiatiga, xom ashyoning mavjudligiga ko`p jihatdan bog`liq bo`lgan. Masalan Sherobodda kulolchilik, Denovda temirchilik va zargarlik, Boysunda to`quvchilik, tikuvchilik, charmgarlik hunarlari ancha ravnaq topgan. Vohada yashovchi o`troq aholi hunarmandchilikning temirchilik, duradgorlik, to`qimachilik, tikuvchilik, kulolchilik, tegirmonchilik, juvozkashlik, kashtachilik, do`ppido`zlik, etikdo`zlik, zargarlik, charmchilik sohalari bilan shug`ullangan bo`lsa, yarim o`troq aholi asosan gilam to`qish o`tovlar uchun kerakli anjomlar tayyorlash, hamda xo`jalik uchun zarur buyumlar (qop, arqon, oyna xalta, tuz xalta, po`stin, tulup, mesh, qovg`a, egar-jabduq, poyafzal va hakoza) tayyorlashgan. Voha hunarmandchiligi ustoz-shogirdlik an`analari asosida avloddan-avlodga o`tib rivoj topib kelgan. Hunarmandlar o`z shogirdlarini shogirdning kasbga bo`lgan qiziqishi, mehnatga chidamliligi, sabr-bardoshi va kasbni o`zlashtirish mahoratiga qarab shogirdlikka olgan. Shogird kasbni yetarli darajada o`rganib olganidan so`ng o`z ustasi yonida xalfa vazifasida qolib ishlashi yoki mustaqil tarzda do`kon ochib faoliyat yuritishi mumkin bo`lgan. Voha hunarmandlari davlatga zakot solig`ini to`lab turgan.
Hunarmand ustalarning ham o`z homiy pirlari bo`lib, ular o`z pirlariga atab xudoyi va sadaqalar chiqarib turgan. Jumladan kulollar piri Hazrat Ali, rangrezlar piri Hazrati Jabroil, kosiblar piri Boboi Shavqi Porado`z, buyum va matoga naqsh beruvchi naqqoshlar piri Hazrati Bahouddin Naqshband bo`lgan. Umumanvoha aholisi xo`jalik faoliyatida hunarmandchilik sohasi muhim o`rin tutib, xalq turmush tarzining ajralmas qismiga aylangan. Biroq Sovet tuzumi davridagi noto`g`ri siyosat tufayli vohada ham hunarmandchilik sohasiga ham jiddiy e`tibor berilmadi, aksincha hunarmandchilik uyushmalar tugatilib ko`pgina hunar turlari unitilish darajasiga kelib qoldi. Mustaqillik sharofati bilan hunarmandchilik sohasiga yana jiddiy e`tibor berilib hunarmand uyushmalari tashkil etildi. Ayniqsa kasanachilikka berilayotgan e`tibor tufayli unitilish darajasiga kelib qolgan ko`pgina hunar turlari qaytadan tiklanib, aholining kundalik talab-ehtiyojlarini qondirishga munosib hissa qo`shmoqda.
manba:barkamol-avlod.uz