«Nonning uvog‘i ham non», «Non aziz» kabi maqollar bolalik chog‘imizdanoq bobolarimiz, buvilarimiz, qolaversa, ota-onamiz tomonidan qulog‘imizga singdirib kelingan. Biz har kuni sevib iste’mol qilayotgan nonlarimiz aslida qanday tayyorlanishini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Ayrim nonvoyxonalarimizga e’tibor bersangiz, ular tozalikka rioya qilmayotganini ko‘rasiz. Masalan, biz turadigan yotoqxonaning yonida nonvoyxona joylashgan. Bu yerdagi talabalarning deyarli hammasi va yaqin atrofdagi aholi ham shu yerdan non xarid qilishadi. Bir kuni tushlik vaqti dugonam bilan non olish uchun nonvoyxonaga kirdim. Ichkari juda to‘zib yotgan ekan. Birinchi bo‘lib xamir qoriladigan idishga ko‘zimiz tushdiyu... Dugonam ikkimiz bir-birimizga hayron bo‘lib qarab qoldik. Yog‘ochdan yasalgan xamir qoriladigan idishning chekkasiga kir yig‘ilaverib, ko‘chib tushar darajaga kelib qolgandi. Oyoq ostida esa unlar sochilib yotardi. Axir, un — yeydigan nonimiz-ku, uvol bo‘lmaydimi?
Shu payt «Kelinglar qizlar, nechta non beray» degan ovoz fikrimizni bo‘lib yubordi. Ovoz kelgan tomonga yuzlanganimizda ro‘paramizda ust-boshi kir bo‘lib ketgan bir yigit turardi. Xuddi shunga o‘xshash qo‘llari kir bo‘lib yurgan 2-3 yigit non tashishardi. 2 ta non xarid qilib, tezroq chiqib ketishga harakat qildik. Xonamizga yetib kelgach, nonga qarab o‘sha manzaralar ko‘z oldimdan o‘tar edi. Bu kabi tozalikka rioya qilinmay non tayyorlanaversa aholi o‘rtasida har xil kasalliklar kelib chiqmaydimi?
Shundan so‘ng u yerdan non xarid qilmay qo‘ydim.
Mashhura SODIQOVA, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi