Qabriston barcha tiriklarga oxiratni eslatib, insof va diyonatga chaqirib turguvchi joydir. Bu yorug‘ olamni tark etganlarni o‘z bag‘riga olgan muqaddas zaminga onajonimni ziyorat etish uchun kelaman. Bu yerdagi sokinlik kishini o‘ziga tortib turadi. Beixtiyor quloqlarim ostida g‘oyibdan kelgan muqaddas kitob — Qur’oni karimning o‘ta serta’sir oyatlari eshitilgandek bo‘ladi. Nima uchundir o‘zimni vaznsiz his qilaman. Vujudimni beixtiyor so‘z bilan ifodalab bo‘lmas bir armon chulg‘ab oladi. Past-baland, biri oddiy, biri hashamatli qabrlarga termulaman. Shoh ham, gado ham, o‘g‘ri ham, to‘g‘ri ham so‘nggi bor shu yerni makon aylaydi.
Huv tepalikdagi onajonim qabri tomon odimlayman. Ko‘z o‘ngimda uning g‘amgin siymosi namoyon bo‘ladi. Oyoqlarim madorsiz, siz tomon odimlayapman, onajon. Xayollarimni sira-sira bir nuqtaga jamlay olmayman. Siz bilan bog‘liq xotiralarim bamisoli kino tasmasidek ko‘z o‘ngimdan o‘taveradi. Onajon, eslay olasizmi, bola edim, kattalarga qo‘shilib biz — maktab o‘quvchilari ham qabristonni tartibga keltirish uchun hasharga chiqqandik. Ko‘hna qabrlardan biridagi suyaklarni ko‘rib judayam qo‘rqib ketgandim. O‘shanda siz mening boshim uzra nonni aylantirib, irim-sirim qilib, darvozamiz ortiga «momochiroq» yoqqandingiz.
Bugun yana sizning qabringiz poyidaman. Qur’on oyatlaridan o‘qib, ruhi poklaringizga tilovat qildim. Qabringiz tuproqlarini ko‘zimga surtdim. Sizni eslab ko‘zlarimdan yosh oqqani sayin, nazarimda, yuragim g‘uborlardan poklangandek bo‘ldi. Bolalik paytlarimda siz menga «Qabrlardan unib chiqqan gullar marhumlar tanidan ozuqa oladi. Esingda bo‘lsin, sen qabr gullarini zinhor hidlab yurmagin» deb ta’kidlagan edingiz. Bugun sizning mozoringiz ustida ham shunday gullar qo‘r to‘kib turibdi. Buni yaxshilikka yo‘ygim keldi. Sizning qalb armonlaringiz go‘yoki qabringiz ustida tug‘yon urib turganga o‘xshaydi. U xuddi o‘zingiz singari go‘zal va latofatli, xushbo‘y va iforli. Onajon, siz meni kechiring, o‘gitingizga amal qilmay, qabr gulingizni hidlayapman. Biroq men sizning gulingizni hidladim, begonaning emas. Men bu gulning ehtirosli bo‘ylariga sira to‘ymadim. Nazarimda, undan sizning ko‘ylaklaringizning hidlari taralib turganday. Bu gullar uzoq o‘yga toldirdi. Onalarning farzandim deb sochlari supurgi, qo‘llari kosovdir. Ammo bolalar ularning izzat-hurmatini joyiga qo‘yayaptimi? Noshud farzandlar ota-onalari va yaqinlarining vafotlaridan keyingina ularni qadrlashga tushadilar. Shu ham insofdanmi?
Onajon, siz menga ijozat bering, qabr gulingizni hidlab turayin. Bu sizning hidingiz, muqaddas ona tuprog‘imning hidi.
Abduvali OBIDDIN