33. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilindi. U kishi: "Men Rasululloh (s.a.v.)dan quyidagi hadislarni eshitdim: "Bibi Maryamning o’g’illari Hz. Iyso (a.s.) bilan Jurayjga so’zlagan boladan bo’lak hech bir bola beshikdaligida gapirgan emas", dedilar. Sahobiylar: "Yo Rasulalloh, Jurayj va unga so’zlagan bola kim edi?" - deb so’rashganda, Rasululloh (s.a.v.) rivoyatni aytib berdilar: "Jurayj o’z ibodatxonasida ibodat bilan mashg’ul bir rohib bo’lib, ibodatxonasi atrofida bir podachi sigirlarni o’tlatib yurar edi. Shu ibodatxona joylashgan qishloqda turadigan bir xotin podachi yoniga kelib-ketib turardi. Jurayj bir kuni namoz o’qib turgan vaqtida onasi chaqirdi. Jurayj ancha xayolga cho’mdi: namozida davom etaversinmi yoki uni buzib, onasiga javob qilsinmi? U o’ylanib-o’ylanib, oxiri onasiga javob qaytarmadi va namozida davom etaverdi. Onasi ikkinchi va uchinchi martaba chaqirganda ham u javob qaytarmagach: "Alloh taolo seni fohisha xotinlarga yo’liqtirsin", deb duoyibad qilib, qaytib ketdi. Shundan keyin o’sha podachi oldiga kelib yuradigan xotin bir bola tug’ib qo’ydi. Uni podshoh oldiga keltirib so’roq qilinganda: "Bu bola ibodatxonadagi rohibdan bo’lgan", deb da'vo qildi. Podshoh: "Uning ibodatxonasini buzib, o’zini mening xuzurimga olib kelinsin", deb buyruq qildi. Podshohning buyrug’iga asosan ibodatxona buzilib, Jurayjning qo’lini arqon bilan bog’lab, podshoh huzuriga keltirdilar. Uni olib kelayotganlarida yo’lda tomosha qilib turgan fohisha xotinlarga ko’zi tushdida, bir kulib qo’ydi, Keyin podshoh undan so’roq qilib: "Bu xotin tug’ilgan bolani sendan bo’lgan, deb da'vo qilayotibdi", dedi. Jurayj xotinga qarab: "shundaymi? - dedi. Xotin: "Ha, shunday", dedi. Shunda Jurayj onaning bag’rida turgan chaqaloqqa qarab: "Ey, bola, sening otang kim?" - deb so’radi.Chaqaloq tilga kirib: "Otam podachi", deb javob berdi, uning gapini hamma eshitdi. Podshoh Jurayjga uzr aytib: "Endi ibodatxonani biz yangidan qurib beramiz", dedi. Jurayj buni qabul qilmagach: "Bo’lmasa kumushdan quraylikmi?" - dedi. Jurayj buni ham qabul qilmay: "Uni avvalgi holiga keltirib berilsa kifoya", dedi. Podshoh: "Xo’sh, menga aytchi, qo’lingni bog’lab olib kelayotganlarida nima uchun kulding?" - deb so’raganda, u: "Yuz bergan voqeani ko’zim bilan ko’rib kulgim qistadi, u ham bo’lsa onamning menga qilgan duoyibadi edi", dedi-da, bo’lgan voqeani podshohga va atrofdagi kishilarga hikoya qilib berdi.