4. Ayollarning ilm olishlari. Ayol va erkak musulmonlarga ilm o’rganmoq farzi ayndir. Qur’oni karimda faqatgina ayollarning o’ziga xos, fitratiga muvofiq kelgan Allohning xitoblaridan tashqari (masalan, avratlarini to’sish, bola emizish, idda muddati, taloq to’g’risida va hokazo) qolgan barcha oyatlar Alloh taoloning bashariyatga, erkag-u ayolga qilgan xitoblaridir. Ilm haqidagi chaqiriqlar ham shular jumlasidandir. Islomda iymondan keyingi farzi aynlardan biri ilm olishlikdir ("œfarz" bajarilishi shart degan ma’noni ham anglatadi). Zero, Jabroil (a.s.)ning Payg’ambarimiz (s.a.v.)ga yetkazgan birinchi kalomi ham "œO‘qi!" bo’lgan. Alloh taolo bandasini tafakkur qilib, borliqqa qarab, tahlil bilan O‘zini tanishini xohlaydi. Ko’r-ko’rona, taqlidiy iymon keltirishlikni xush ko’rmaydi. Payg’ambarimiz (s.a.v.) "œIlmni Chinda bo’lsa ham borib, olinglar", deganlar. Vaholanki, o’sha paytda Chin (Xitoy) butlar va butparastlar o’lkasi bo’lgan. Lekin ular bunday deyishga qo’rqmadilar, chunki borliqda Allohning qudratini namoyon etib turguvchi son-sanoqsiz dalillarni aqli bilan taammul qilgan inson Uning vahdoniyatiga iymon keltirgach, Robbisiga shirk keltirmaydi, aksincha, Haq talabida bo’ladi. Hozirda musulmonlar orasida ilm deganda, faqat diniy ilmlar tushuniladi. Bu xato tushuncha. Islomda diniy, dunyoviy, degan gaplar bo’lmagan. Ilm sohalarga bo’lingan, xolos: fiqh, hadis, faroiz, tib, handasa, tarix, falakiyot ilmlari va hokazolardir. Musulmonlar Qur’on va sunnatga amal qilgan vaqtlarida ularning orasida ilmning barcha sohalarida dunyoga tanilgan allomalar yetishib chiqqan. Bunga o’zimizning vatandoshlarimiz Al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Ulug’bek, Zamaxshariy va boshqa ko’plab olimlarning nomlarini keltirish mumkin.