Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400235 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:20:51

Homid o'zining tovshig'a yasama bir oxang berib arzini boshladi:

— Janobi padari arus shahanshohi Musulmonqul baxodir zamoni adolatlarida ham,—dedi Homid,—qora choponliqlar xanuz tinch yotmay yurtni qipchoq og'alarig'a qarshi oyog'landirmoqchi bo'ladirlar, ishni yana tadbirsiz qora choponlar qo'lig'a olib mamlakatni buzg'unlikka solmoqchi bo'ladirlar... Biz bunday buzuqilar yolg'iz Toshkanddagi Azizbek bilan uning yo'lboshchisi bo'lg'an Yusufbek hoji, deb bilar edik. Biroq ularning urug'i bizning Marg'ilong'a ham sochilg'an ekan. Qo'rboshining ko'zi ola-kula keldi:
— Nima deysan? U kim ekan Marg'ilonda?!
— Bittasi mashxur buzuqi toshkandlik Yusufbekning hozirda Marg'ilonda turg'uchi o'g'li—Otabek ismlik bir yigit, ikkinchisi uning hammaslaki va qayinotasi bo'lg'an Mirzakarim qutidor.
— Hali-ya?
— Shundog', taqsir.
— Sen bu gapni qayog'dan bilding?
— Shu kunlarda ularning bir majlislarida bo'lgan edim, taqsir...
— Xo'sh, xo'sh, majlisda?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:20:59

— Majlisda ko'b gaplar o'tdi, taqsir,—dedi Homid,—majlisning boshlug'i bo'lg'an Otabek qipchoqlarning zulm va ta'addisini, qipchoqlardan ishni olmoq uchun Toshkandda Azizbek va o'z otasi boshliq bilfe'l ish boshlag'anlarini so'zlab, Marg'ilonning ham mundan so'ng oyoqqa qalqishi kerakligini aytdi... Majlis ahli, ayniqsa Mirzakarim uning so'zini kuchlab tushdi. Agar bu ishning oldini olinmasa, hukumat va mamlakat uchun natija qo'rqunchdir, taqsir.
— Majlis kimnikida edi?

Homid tarafidan kutilmagan bir savol. Homid o'ziga berilgan bu savol qarshisida taraddudlanib qoldi. Chunki majlis o'rnini aytsa pochchasi bilan jiyani Rahmatning ham qo'lg'a tushishlari aniq va buning bilan ul O'Z oyog'ig'a bolta qo'yg'an bo'lar edi. Shu mulohaza yuzasidan ul tutilikdi:
— Majlis o'rni yodimda yo'q, taqsir.

Mantiqsiz bu javobga qarshi qo'rboshi achchig'i bilan baqirdi:
— Yodimda yo'q?!

Homid garangsidi va bir xil sinik tovushda:
— Esimda bo'lsa ham nozik bir joy edi, taqsir,— dedi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:05

— Nozik bir joy edimi!—deb qo'rboshi zaharxanda qildi,— agar aytmasang o'sha muttahamlar tiqiladirg'an chuqurg'a sen ham tashlanasan.
— Kechiringiz, taqsir.

Qo'rboshi yirtqichlardek bo'kirdi:
— Kechirish yo'q!

Homid uchun eng keyingi choradan boshqa iloj yo'q edi—cho'ntak kavlashka tutindi va yuz mashaqqat bilan yonchig'ini chikardi. Yonchiqdan o'nga yaqin oltinlarni sanoqsizcha olib, qo'rboshirg'a uzatdi:
— Taqsir... sizga atag'an nazrimiz edi...

Homid kavlana boshlarandanoq qo'rboshining ustidan sovuq suv sepilgan edi. Ul oltinlarni yonig'a solib joylag'ach tovshi ham eski holig'a qaytib, so'zlar ham muloyim tortdi.
— Demak, nozik joy edi, degin Homidboy.
— Taqsir...
— Badbaxtlar shunday maslahat qildilarmi hali?
— Taqsir... Bu ishning oldini olinmasa natija yomon albatta.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:12

— Albatta biz o'sha buzuqilarning jazolarini berarmiz.. — Men xozir borib bekka arz qilay, shu kechadan qoldirmay qo'lg'a olamiz muttahamlarni,— dedi qo'rboshi.

Homidning chehrasi ochilib ketkan edi. Qo'rboshi o'zining imo va ishorasig'a o'tkanlikdan uning ko'zida o'ch olish quvonchlari va undan keyingi Homidning o'ziga ma'lum bo'lg'an bir baxt umidlari o'ynar edilar. Qo'rboshi tokchadan davot, qalam olib oldig'a qo'ydi-da, yozuvg'a hozirlanib so'radi:
— Aytchi Homidboy, muttahamlar kimlar edi?
— Bittasi toshkandlik Yusufbek hojining o'g'li—Otabek.

Qo'rboshi yozdi:
— Ha-ha! Hali Yusufbek hojining o'g'li degin. Bizning Marg'ilonni ham qong'a botirmoqchi ekan-da, muttahamlar, ikkinchisi?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:19

— Shu kunlarda Otabekka qizini bergan Marg'ilonlik Mirzakarim.
— Pes-pesni qorong'ida topqan ekan, uchunchisi?
— Otabekning quli—Hasanali.
— To'rtinchisi?

Homid bir oz o'ylab javob berdi:
— Bilmadim... Hozir Marg'ilondami, yo'qmi andijonlik Akram hoji.

Qo'rboshi yozdi:
— Ish katta ekan, tag'in?
— Endi yo'q, taqsir,— dedi Homid va so'ziga shuni ham qo'shdi,— Otabek bilan Mirzakarim qo'lg'a olinsalar ilonning boshi yanchilgan hisoblanib, o'zgalarning qo'lidan ish keladirgan odamlar emas, taqsir.

Qo'rboshi yozuvni bitirib qo'ynig'a tiqdi —«Bo'lmasa ish bitdi, ertaga erta bilan mojaroni eshitarsan»—dedi. Homid o'rnidan turib qo'rboshig'a qulliq qilib chiqdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:30

13. QAMOQ

«Yormozor» mavzi'ida shahar qo'rg'onig'a tiralib soling'an o'rda. O'rda darbozasining Sahni botmonlab hisoblang'an mevazor bo'lib, bunda olma, o'rik, nok va tut yog'ochlari xilig'ina bor edilar. Darbozannng ikki biqinini o'rab olg'an loyig'a gullar, naqshlar tushirilib ishlangan sakkiz gazlar yuksaklikda o'rda qo'rg'oni, darbozaning ikki burchida alachami, bo'zdanmi uzun choponlar kiyib, boshlarig'a quloqchin ko'ndirg'an, qayish kamar ustidan qilich tiqinib miltiqlarig'a suyang'an ikki yigit ko'rinadirlar — bular navbatchi o'rda qorovuli, qorong'i tushishka yaqinlashqanliqdan qiya yopilib turg'an darbozani kimdir, ichkaridan «bittasi zichlab yopdi-da, kuch sarf qilib darbozaning zo'r zanjirini sharaq-shuriq etib bog'ladi. Hozir bizga o'rda ichiga kirish mumkin bo'lmag'ani uchun qo'rg'onning tashqari tegrasida aylanib turaylik: darbozaning so'l bikinig'a qarab ikki yuz adim ketsak qo'rg'on devori tugalab, burchka etiladir. Qo'rg'on burchiga qorovul turish uchun maxsus manora shakilli joy yasalg'an bo'lsa ham hozirda navbatchidan holidir. Shundan keyin bir bo'shliq yer bilan qo'rg'onning janubiga qarab ketiladir. To'rt yuz adimlab borilg'ach, qo'rg'onning sharqi-janubi burchiga etilib, bu burchini ham anovisidek qorovulsiz topiladir. Bu burchdan qarag'an kishiga qo'rg'onning g'arbi-janubi burchi ham ko'rinib, shu yo'sunda o'rdaning to'rt burchini aylanib chikilsa bir ming olti yuz adim bosilg'an bo'lib o'rdaning g'arb tomonidan biz tanishqan o'rda darbozasig'a kelinadir.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:41

Hozir qorong'i ham o'bdan tushkanliqdan kishi-kishini tanimasliq darajada edi. Boyag'i darboza ustida ko'ringan qorovullar hamon qora haykal kabi qotib turar edilar.

Shahar ichidan o'rda darbozasig'a qarab kelmakda bo'lg'an bir necha ot oyog'larini eshitib qorovullardan bittasi —«tuyoq tovshimi?» deb, ikkinchisiga savol tashlab qo'ydi. Ikkinchi qorovul mo'ralab-mo'ralab yo'lg'a qaradi:
— Uch otliq ko'rinadir.
— Vaqtsiz kelguchi kim ekan?
— Bunday vaqtda qo'rboshidan boshqa kishi kelmas edi, ehtimol o'shadir.

Darvoqi qo'rboshi o'zining ikki yigiti bilan yetib keldi va otidan qo'nib jilovini yigitining qo'liga berar ekan, qorovullarg'a buyurdi:
— Darbozani ochsinlar!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:48

Qorovullar ichkarig'a xabar bergandan so'ng darboza ochilib, qo'rboshi ichkarig'a kirdi. O'rdaning tevarak masohatini biz chamalab ko'rgan edik, shuning uchun o'rdani qay daraja keng bo'lishi ham bizga qiyosan ma'lum. Ammo o'rdaning ko'proq qismi darboza tomonida qoldirilib, janubka tortilg'an xatti mustaqim bir devor bilan bo'ling'an edi. Narigi tomon o'rdaning ichkari qismini tashkil etib, unda bek—xokim oilasi turar edi. O'rdaning tashqarig'i qismining uch tarafi (janub, sharq, g'arb) binosiz, faqat qo'rg'on devorlarining zinalari edi. Ammo imorat qismi darboza bilan bir qatorda bo'lib, so'l biqinida devonxona, uning qatorida bo'yig'a qirq, eniga yigirma olchin joy olgan o'n besh darichalik kattakon chorxari uy, ichida elli chog'liq bek. yigitlari gulxan solib o'lturar edilar. Bu uyning qatori oshxona, otxona va shuningdek xojat uylarini tashkil etar edi-lar.

Qo'rboshi darbozabon yonida to'xtab, undan so'radi:
— Bek ichkaridamilar?

Darbozabon darbozani kuchanib yopar ekan, javob berdi:
— Bilmadim, taqsir.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:21:56

O'rdaning charog'chisi darboza yaqinidag'i mash'ala yog'ochig'a o't berib, butun o'rda ichi yorib ketdi. Qo'rboshi darbozaning o'ng tarafiga qarab yurdi. Bu tomonda nihoyatda ziynatlanib bino qiling'an oliy imoratlar bo'lib, shahar ustalarining hamma san'at va mahoratlari shu binolarda gavdalanur edi. Qo'rboshi birinchi eshik yonida turgan yarog'liq qorovuldan o'tib, kichikrak, — naqshlik bir uyga kirdi. Ikkinchi eshikdan o'tib, ulug' bir zolga chiqdi. Zol juda nafis ishlangan edi: oltin qandildagi ellilab sham'larning nuri bilan munaqqash devorlarning oltin, kumush, ko'k-qizil, oq-pushti, sariq-qora gullari yulduzlardek yashnab, uyga bir xayoliylik berar edilar. Uyning ostig'a to'shalgan qizil lola gullik gilam kishini go'yo bir chamanda xis etdirar edi. Zolning to'rida, kichkina haldor bir eshikcha yonida, atlas ko'rpacha ustida o'n besh yoshlar chamaliq, qizil duxobadan kiyingan ko'rkam bir o'g'lon palov yeb turar edi.

Qurboshi eshikdan kirar ekan, o'g'long'a qarab kulimsiradi:
— Ha, Axmadxon, siz shu yerda ekansiz,—dedi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:22:03

Axmadxon joyidan qo'zg'almadi:
— Men hamisha shu yerda, qani oshg'a.
— Rahmat. Qushbegi ichkaridadirlar?
— Ichkaridalar,—dedi Axmadxon,—men to'yib qoldim, kelsangizchi.
— Bo'lmasa tabarruk qo'lingiz bilan bitta oshatsangiz.

Axmadxon qo'lig'a siqquncha osh olib qo'rboshig'a tutti, qo'rboshi ixlos bilan Axmadxonning qo'lidan oshadi... Ul oshnig'ina emas, xatto Axmadxonning qo'lini ham oshaydirg'an edi.

Kub fursat o'tmadi. To'rdagi kichkina eshik ochilib ichkaridan to'la yuzliq, o'sik qoshliq, og'ir karag'uchi ko'zlik, siyrak soqol, o'rta bo'ylik, ustidan kimxob to'n kiyib, beliga qilich oskan kirq besh yoshlar chamasida bir kishi ko'rindi. Axmadxon bilan qo'rboshining o'rinlaridan turib ta'zim qilishlaridan bu zotning kim ekanlig'i bilinar edi. Bu kishi kelib atlas ko'rpacha ustiga o'lturdi va o'zining salmoq tovshi bilan:
— Qalay, Holiqbek,— dedi,— yurtlaringiz tinchlikmi, o'lturing.
   

Qayd etilgan