— So‘zingiz yerda qoladir, buv Oftob, bir oz andisha ham lozim, — dedi va Kumushka
yuzini o‘girdi, — uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bu kun ketkin burilib.
— Menda ixtiyor yo‘q, oyijon, — dedi Kumush, — sizlar nimani ma’qul ko‘rsalaringiz
menga baribir.
O‘zbek oyim boshi bilan keliniga rizoliq bildirib «barakalla» deb qo‘ydi. Oftob oyim
qizig‘a o‘qrayinqirab yer tegidan qaradi:
— Albatta Kumush nima ham desin? — dedi, Kumushning ham haligidek qololmaslig‘a
faqat meni ko‘zi qiymag‘ani uchun... bo‘lmasa albatta ketmas edi.
O‘zbek oyim bir gapdan toymay: «Ketish uyat, Otabek, uch yil qatnag‘anda qizingiz bir
yilgina Toshkandda tursa nima qipti...» kabi so‘zlarni o‘zgarishsiz bir maqomda aytilib
turg‘andan keyin Oftob oyim boshqa yo‘l tutmoqchi bo‘lib, Kumushni uydan chiqib turishka
buyurdi. Kumush chiqg‘andan so‘ng:
— Qizini menga qoldirishg‘a ayadi demang, oyi, — deb qo‘ydi, — munda boshqa
mulohazalar ham yo‘q emas...
— Ayting.
— Aytsam shuki, — dedi bechora ona, — Kumushingizning fe’li xo‘yi o‘zimga ma’lum:
erka o‘skan, lavzi tez, kundashlikka chidaydirgan siyoqi yo‘q, har kun Zaynabingiz bilan
g‘idi-bidi qilaberib sizni qiynab qo‘yarmikin deyman... Bir kuni kelganda onasi qurg‘ur bir
og‘iz aytmagan edi, deb mendan ranjirmikinsiz deyman... Tana buzoqning turqi tuqg‘anig‘a
tamg‘a deganlaridek, albatta menga ravshan... arazchi desangiz ham shu, ichi qoraliq
desangiz ham shunda...