Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400215 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 15 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:17:07

Kumushbibi uyning to'riga o'tkuzildi. Qizlar uyning tevaragiga o'lturishib olg'andan keyin orag'a nima uchundir bir jimjitlik kirdi. Qizlar ma'noliq qilib yer ostidan Kumushka qaraydirlar. Majlisda bir xil ma'yusiyat. Qizlar nimani o'ylaydirlar va nima to'g'risida ma'yuslanadirlar, bu ersa qizlarning bizga noma'lum bo'lg'an ichki sirlaridir.

Qizlar ipka chizilg'an guldek uy tevaragini olg'anlar, buning ustiga yovoshliq, o'ychanliq ularning tuslariga ma'naviy bir husn va jiddiyat berib, birga yuz husn qo'shqan edi. Agar biz shu kezda zarshunoslik uchun yeng shimarsak, ya'ni gulni — guldan ajratadurg'an bo'lsak boyag'idek esankirab, mutaraddid qolmaymiz, chunki Kumushbibi lolalar ichidagi bir gul va yo yulduzlar orasidari to'lg'an oy edi.

Orada hamon boyag'i jimjitlik hukm surar edi.

Har bir majlisning jonlandirg'uchi, idora kilg'uchi bir-ikki qahramoni bor bo'lg'anidek, bu qizlar majlisi ham shunday qahramonlardan holi emas edi. Majlisni bunchalik ruhsizlanib, ma'yusiyat ichida qolishig'a Gulsinbibi chidab turolmadi:
— Biz nima uchun yig'ildiq-da, nimaga yer chizishib o'lturamiz!—dedi.—Biz bu yerga aza ochkali keldikmi?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:17:14

Gulsinning yonig'a Xonimbush qo'shilishdi:
— Kub o'ylashmang, o'rtoqlar!—dedi,—baribir bu gap hammamizning ham boshimizda bor! Tur Savra! Havlig'a olov yoqib childirmangni qizit!— Anorgul, sen dutoringni ol! Kumushbibi, siz uncha xayol surmang, kulib o'lturing. Baribir ertaga joysiz chekkan qayg'ingizdan o'kinarsiz!—dedi-da, majlisni ost-ust kuldirib yubordi. Kumushbibi ham ixtiyorliq, ixtiyorsiz bu kulgulikka tortilib, uning yovoshkina iljayishidan yoqutdek lablari ostidag'i sadaf kabi oq, tishlari bir oz ko'rinib qo'ydilar.

Shu gapdan keyin majliska kutilmagan bir ruh kirdi. Anorgulning qo'lidari dutor «O'rtoqlar» kuyini tanlarga larza be-rib, tarona qildi. Xonimbibi qizlarg'a qistatib o'lturmay o'rnidan sakrab turdi-da, o'ynab ham ketdi. Dutor yonig'a childirmaning chertmagi kelib qo'shilg'andan keyin bazm tag'in ham jonlandi. Chapaklar ham ko'tarildi. O'yin qizib borar edi, uyning daricha eshiklari beklanib tokchalarg'a sham' yoqilgandan so'ng, bazmning ruhi yana oshdi. El bilan o'ynashib yong'an sham' nuri qizlarni alla qanday ajib holatka qo'ymoqda, majlis ersa «Alif laylo» hikoyalaridagi «parilar» bazmini xotirlatmoqda edi. Dutor «Ifor» kuyini chalib, childirma ham nozik yo'l bilan unga qo'shilisha bordi. O'yin ham bir turlik nazokat kasb etib, Gulsinbibi yo'rg'alay ketdi. Dutor ko'ngilning alla qanday ingichka joyini qitiqlaydir, childirma yurakni nimagadir oshiqdirib, Gulsin qizning yo'rg'alashi borlik a'zoni zirillatadir. B'azm juda qiziq, juda ko'ngillik edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:17:25

Kumushbibini ham bu qiziq bazmdan boshqalardek xissa oladir, so'yinib quvonadir, deb o'ylanmasin, chunki vujudi qizlar-bazmi ichida bo'lsa ham xayoli alla qayoqlarda uchib yurgandek, ko'zlari o'ynag'uchi qizlarda bo'lsa ham, ammo haqiqatda boshqa bir narsani ko'rgandek... Ko'rinishdan natija chiqarib aytkanda, bu qiziq majlis uning uchun bazm o'rnini emas, aza joyini tutqandek...

Ikki soatlik qiziq bir bazmdan so'ng qizlar charchadilar-da, o'yinni to'xtatdilar. Gulsin bilan Xonimbibi endi dutor bilan qo'shiqqa o'lturdilar. Gulsin o'zining qo'ng'uroqdek tovshi bilan «Yig'larman» quyidan boshladi:

O'rtoqlarim, qo'lg'a olsam torimni,
Beixtiyor yodlaydirman yorimni!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:17:45

Ikkinchi qaytarib aytishda unga Xonimbibi qo'shilishdi. Bir-turlik, bir oxanglik nafis, musiqaviy tovushlar kishining borliq vujudiga, qon tomirlarig'a ajoyib bir o'zgarish bergan edialar. Shu choqqacha mo'ltayib, xayol ichida shp'ng'ib o'lturg'an Kumushbibi bir seskandi-da, qo'shiqchi qizlarg'a qaradi.

Qizlar ikkinchi baytka utdilar:

Bir ko'rinib yag'mo qilg'an ko'nglimni,
Qaytnb yana ko'ralmadim norimni!


Shu vaqt kutilmagan joyda Kumushning ikki ko'zi jiq yoshqa to'lg'an edi. Uchunchig'a o'tdilar:

Agar ko'rsam edi yana yorimni,
Bag'ishlardim hama yo'g'u borimni!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:18:38

To'rtinchi:

Bilurmikin, bilmasmikin u zolim:
Kunlar-tunlar tortqan ohu zorimni!


Kumush toqatsizlang'an edi...

Beshinchi:

Chinin ayting o'rtoqlarim menga siz,
Qayta boshdan ko'rarmanmi yorimni?


Keyingi:

Ketdi toqat, ketdi sabrim... ketdilar...
Sindirarman urib yerga torimni!
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:18:47

Bu keyingi baytka quloq solg'uchi qolmadi. Chunki yonidagi qizg'a osilib yig'lay boshlag'an Kumushbibiga har kim taajjubda, har kimning ko'zi, qulog'i shunda edi.

— Nima bo'ldi, Kumush?
— Nega yig'laysiz, Kumush opa?
— Birar joying og'riydirmi, Kumush?

Kumushbibi o'z ustiga duv yig'ilgan qizlarga ko'zini ochib qaradi-da, xushyor tortqanlardek bir harakat qilib qo'ydi va tez-tez cho'ntagidan ro'ymolini olib ko'z yoshisini quritdi.
— Nega yig'lading-a?

Bu savolni berguchi Gulsinga Kumush kuch bilan iljayib qaradi-da:
— O'zim...— dedi.
— Voy sho'rginangga sho'rva to'kilsin, Kumush!— dedi Gul-sin,— men shunday erni topib teksam boshim ko'kka yetar edi!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:18:53

Gulsinning gapiga qizlar kulishdilar. Kumush juda xafa ko'ringanlikdan uning ko'nglini ochmoqqa to'g'ri kelar edi. Shuning uchun boshqa o'yinlarni qo'yaturib majlisning eng qizik tarafi bo'lib sanalgan lapar aytishka ko'chdilar. Gulsin kuyav ro'lini o'ynar, Xonimbibi Kumush ro'lida, ikkisining bir-birisiga qarab o'qishqan laparlari barchani kuldirib, ichaklarni uzar darajada. Biroq Kumushning tishining oqini ko'rish juda qiyin, uning hamma ishi faqat mungg'ayib xayollanishqina...

Qizlarg'a to'yxonadan oshlar, tavanlar kelib tortildi. Oshdan keyin yangalar kelib, qizlardan Kumushni so'radilar. Qizlarning: «yo'q, biz Kumushbibini sizlarga bermaymiz!» deb o'ynab aytkan so'zlari Kumushbibiga chindek bo'lib eshitilar, yangalar bilan uydan chiqar ekan, ko'mak so'ragandek qizlarga termulib qarar edi. Shu yo'sun qizlar o'zlarining bir o'rtoqlarini xotinliq dunyosiga uzatib, majlisdan tarqalishdilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:19:06

11. KUTILMAGAN BAXT

Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin bo'ldi. Domlaning: «Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi nafsingizni toshkandlik musulmon Otabek Yusufbek hoji o'g'lig'a bag'ishlamoqning: «Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi nafsingizni topshirdingizmi?» degan so'rog'i olti, yetti qaytarilg'andan keyin, shunda ham yangalar qistog'i ostida arang uning rizolig'i olindi.

Kechki soat beshlarda qutidorning havlisi to'rt ko'z bilan kuyav kelishini kutadir. Kuyav uchun palovlar, quyuq-suyuq oshlar necha turlik ne'matlar hozirlanib, bular ham kuyavning intizorida turadirlar. Nihoyat soat besh yarimlarda kuyav keldi. Yigirma-o'ttuz chog'liq yosh yigitlar — Rahmatning o'rtoqlari, ular orasida Otabek — kuyav ko'rindi: boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar po'stin, ichida o'zining Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim: oyog'ida qalapoy afzali, belida Kumushbibining usta qo'li bilan tikilgan shohi qiyig'... Yuzlar qizil, og'iz irpaygan, ko'zlar o'ynab allakimni qidiradir. Oshlarini yeb bo'lsalar ham jo'rttaga kuyav ko'rish uchun o'lturg'an mahalla kishilari bir-birlarini turtishib: «Tuzuk-tuzuk, kuyavlikka arzigundek, chaki chakkiga tushmapti, olmayu-anor» deyishdilar. Tomda kuyav kutib o'lturg'an xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonig'a tushdi-da: «Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko'zdan o'zi asrasin!» dedi. Qutidor eshik ostida qo'l qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, yer ostidan kuyaviga ko'z qirini tashlab, kishiga sezdirmay o'zicha kulisirab qo'yadir. Mehmonxona ayvonida oq soqolliq, ko'rkam siymo va og'ir tabi'atlik domla bilan? Ziyo shohichi, Hasanali, qiz vakili va tag'in bir necha kishilar o'lturadirlar. Yigitlar kuyavni domlalar qarshisig'a kelturib» to'xtatkandan keyin Otabek vakili bo'lg'an Ziyo shohichi bilan Kumush qiz vakili Muhammadraxim oralarida mahr masalasi ochiladir. Ko'b tortishqandan so'ng quyidag'i mablag'lar mahr qilib belgulanadirlar: uch yuz oltin pul, mundan keyin olib berish va'dasi bilan Marg'ilondan o'rdadek bir havli, sog'ish uchun sigir, asbobi ro'zg'or...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:19:12

Bunga Otabek ham o'z rizolig'ini bildiradir. Domla xutba boshlaydir forsiycha o'qulg'an hamd, salavot va boshqalardan so'ng xutba eng nozik bir o'ring'a kelib to'xtaydir: «Sizkim Otabek Yusufbek hoji o'g'li Kumushbibi Mirzakarim qizini o'zingizga shar'iy xotinliqqa qabul qilasizmi?»— fors tilida so'ralg'an bu savol Otabekning kulgusini qistatib ko'nglidan kechiradir:
— Qabul qilasizmi-ya?

Ul birinchi so'roqdayoq — «uchib, qo'nib qabul qilamiz» deb javob bermakchi bo'lsa ham biroq xalqning— «ulib turg'an ekan» deb qiladirg'an ta'nasidan cho'chib, javob bermaydir. Yana bir qayta yuqoridag'i «siz kim falonchi...» jumlasi domla tarafidan takrorlanadir. Kuyavlarga uchunchi so'roqda javob berish odat hukmida bo'lsa ham, Otabek bu takallufka chidalmaydir. Go'yo uchunchi so'roq o'rnig'a «Endi olmas ekansiz Kumushbibini...» deb majlis buziladirg'andek seziladir-da, hamma tovshi-ni qo'yib, barchag'a eshitdirib «Qabul qildik!» deb yuboradir.

Domla alhamdulilloh, alhamdulilloh... bilan nikohni tugatib majlis tomonidan kelin bilan kuyavning haqlarig'a duo boshlanadir, hamma duog'a qo'l ko'tarib, xatto tomdag'i tomoshachi xotinlarg'acha «omin»ga ko'maklashadirlar va shundan keyin nikoh majlisi yopiladir. Yigitlar kuyavni mehmonxonara olib kiradirlar, ziyofat boshlanadir.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:19:19

Otabekda bir daqiqag'a bo'lsin to'zim bo'lmag'an bir vaqtda bir necha soatlarga qarab cho'zilg'an bu tomoq majlisi bilan albatta ul yaxshi chiqisha olmaydir. Xuftanga yakin bana'ji bir isht?xo bilan yeyilib bo'shatilg'an lagan, tovoqlar olinib dasturxonlar yig'ildi. Bizningcha bir yarim soat, Otabekcha allaqancha yil hisoblang'an bir fursat o'tib, nihoyat yangalar kuyav so'radilar. Ikki yoshg'a muhabbatlik umr so'rab fotiha o'qilg'andan so'ng Otabek ichkariga uzatildi.

Hasanali mehmonxona ayvonida bekni kutib turar edi:
— Endi kuyavlik muborak bo'lsin, begim?
— Qutlug' bo'lsin.

Hasanali boshdan-oyoq bekni kuzatdi, otalik muhabbati bilan bekning orqasini siladi va yoshlik ko'zlari bilan duo qilib unga ruxsat berdi. Otabek yangalar kutib turg'an tarafka yurdi. Ul hozir qiziq holatda edi: bu nima gap, tushimi, o'ngimi» nima gaplar o'tib, nimalar bo'lmokda, bo'lib turg'an ish haqiqatmi?

Qayd etilgan