* * *
Mudhishlikning guvohi bo‘lgan Rhaq derazadan nari ketdi. Boshidan bunday azoblarni kechirib, oxir-oqibatda charm qoplangan taxta so‘rida itoatkorlik bilan yotgan Sabohiddinga boshqa qarab turolmasdi. Yuksak salohiyat egasi bo‘lgan, ammo bu imkonni kerakli yo‘nalishga mutlaq sarf etolmagan, mavhum maqsad yo‘liga tushib, o‘zgalar niyati uchun qobiliyatini qurbon qilgan Sabohiddinning taqdiri Rhaqning yurak-bag‘rini ezib yubordi.
Dilmurod esa nima voqea yuz berganini bilolmay gangib o‘tiribdi. Agar Sabohiddinning boshiga tushgan kulfatlar unga ham ro‘para qilinguday bo‘lsa, esini yo‘qotib qo‘yishi aniq. Odam bolasi tishini-tishiga qo‘yib har qanday azob-tashvishlarga chidasa ham, miyasi oxir-oqibat bu yukni ko‘tarolmaydi. Odamlar o‘z a’zolarining imkonini bilmagan holda tabiat qoidalariga qarshi turmoqchi bo‘ladilar. Tabiatdan hech qachon ustun kelish mumkin emasligini bilmaydilar.
Eshik ochilib, ostonada Dilmurod ko‘rindi.
Uning ruhi anchayin past, ko‘ngliga hech nima sig‘masdi. Devonaning mavhum harakatlari, TETning hali mukammal emasligi, uni takomilga yetkazish uchun ko‘p ish qilish kerak ekani Dilmurodning fikrini band etgan edi. U bir-bir bosib Rhaq-Mirzavoyning yoniga o‘tirdi.
— Biz muolajani kech boshladik, shuning uchun tushunib bo‘lmaydigan voqealar yuz beryapti, — dedi Dilmurod hamkasbiga.
— Hozircha hamma kasallikni ham so‘nggi bosqichda davolashga to‘g‘ri kelyapti, — dedi Rhaq unga dalda berish uchun. Ammo uning gapi olovga yog‘ sepganday bo‘ldi.
— Xuddi shu meditsinaning eng katta aybi, — dedi Dilmurod qizishib. — Biz hali odam anatomiyasini tuzuk bilmaymiz. Ha, yuzaki bilamiz. Odam miyasiga homilaning taxminan o‘n sakkiz-yigirmanchi kuni asos solinadi. O‘sha ondan boshlab har daqiqada o‘rtacha yigirma ming asab hujayrasi tug‘iladi. Biz tekshirishni, o‘rganishni xuddi shu damdan boshlashimiz kerak emasmi? Miya asosan ona qornida kamol topar ekan, onaning tashqi muhitdan ta’sirlanishi bolaga kor qilmaydimi? Masalan, och-nahor bo‘lsa, xo‘rlansa, tashvish cheksa... daqiqasiga yigirma ming hujayra tug‘ilarmikin? Meningcha yo‘q. Demak, miya bir me’yorda shakllanmaydi. Yoki, yigirma yoshli odamning miyasi o‘rtacha bir ming to‘rt yuz gramm. Uch yoshli go‘dakniki esa bir ming ikki yuz gramm. O‘rtacha o‘n yetti yilu yana ikki yuz gramm farq bor. Yangi tug‘ilgan go‘dak miyasining og‘irligi uch yuz qirq gramm bo‘lsa, dastlabki uch yilda sakkiz yuz oltmish, keyingi o‘n yetti yil ichida esa ikki yuz grammga oshadi. Demak, biz ana shu dastlabki uch yilga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak emasmi? Ana shularni tadqiq qilish o‘rniga, xastalik so‘nggi nuqtaga kelganda yugurib qolamiz.
— Hadeb kuyinavermang, Dilmurodjon, axir mashoyixlar: «Musulmonchilik ham asta-sekin», deganlar-ku.
— E, — Dilmurod qo‘l siltadi, — asta-sekinlikning vaqti o‘tdi. Zamonni qarang, zir titrab turibdi...
Dilmurodning gapi og‘zida qoldi. Bo‘sag‘ada Devonani ko‘rib ikkovi ham o‘rnidan turdi. Devona past bo‘yli to‘ladan kelgan Dilmurodni, qoruvli Rhaq-Mirzavoyni endi ko‘rayotganday ko‘zlarini chaqchaytirdi-da, asta burilib, ko‘chaga chiqib ketdi.