— Unda ekspeditsiyangga oddiy ishchi qilib ola qol.
— Qo‘ysang-chi, seni jizzaki deb yursam, hazilni ham bilar ekansan-a?
— Hazillashayotganim yo‘q.
— Chindanmi... Bari bir ilojim yo‘q. Ekspeditsiya asosan amaliyotchi talabalardan tashkil topgan. Yollanma ishchilar uchun mablag‘ ajratilmagan.
— Mana bu o‘g‘ilbola gap bo‘ldi! Yo‘q gaplarni yamab-chatib chaynalmay, to‘g‘rilikcha salom-alik qilavermaysanmi? Ha... ish so‘rab keldi, deb o‘yladingmi? Yo‘q, men tiz cho‘kadigan toifadan emasman. Go‘l ham emasman. Nayrang nima, samimiyat nimaligini ajrata olaman, shuni unutma.
— Biz sira do‘stlasha olmas ekanmiz.
— Do‘stlashish uchun pokiza niyat kerak. Senda niyat tugul, pokiza biron narsa ham yo‘q.
— Haddingdan oshma, indamas ekan, deb... Tilingni qisqa qilib qo‘yishim mumkin.
— Shundan boshqa narsa qo‘lingdan kelmaydi.
— Qani, kelgan joyingga qarab tuyog‘ingni shiqillatib qol-chi.
Davron Niyozning lablarida titroq paydo bo‘lganini ko‘rib kuldi-da, orqasiga burilib keta boshladi.
— To‘xta, — dedi Niyoz unga yetib olib. — Nimaga kulyapsan?
— O‘zim, kulgim keldi.
— Agar xafa bo‘lishni istamasang, ikkinchi bu yerga qadam bosma.
— Men bu yerlarda sayr qilishga odatlanganman. Tarki odat amri mahol, deydigan gaplar bor.
Niyoz tishlarini bir g‘ijirlatdi-yu, orqasiga qaytdi. Uning g‘azablanishi Davronga xush yoqdi. Chunki bu odam uncha-buncha narsaga asabiylashmaydi. Davronni o‘ziga g‘anim deb biladi. Chunki uning butun umidi, kelajagi shu qazilmada. Niyoz mana shu ish bilan sharaf tojini kiymoqchi. Davron esa (Niyozning nazarida) sherikchilikka da’vo qilyapti. Ular begunohlik niqobini tanlaganlar, hatto ekspeditsiyaga yollanma ishchilar uchun mablag‘ ajratilmabdi. Lekin odam hamisha niqobda yura olmaydi-ku! Qachondir uning asl basharasi ko‘rinadi-ku!