JAHON ICHRA YANA BIR OSMON
Jahongir boshida qattiq og‘riq turganini his qildi. Daftarni yopib, xona bo‘ylab yura boshladi. Bir oz yotdi ham, bo‘lmadi. Tashqariga chiqdi. Dam oluvchilar sayrga ketishgan, shuning uchun atrofda shovqin yo‘q edi. Pastdagi soyning shovillashigina tog‘lar sukunatni buzib turardi. Jahongir soy bo‘yiga tushdi. Sohilda bir oz yurdi-da, keyin katta xarsangga o‘tirdi. Suv ko‘pirib, toshlarni yumalatguday bo‘lib oqar, uning muzdek shabadasi tanga xush yoqardi. «Sal narida bundan ham kattaroq soy bor, — deb o‘yladi Jahongir. — Ikkisi qo‘shilib kichik daryo bo‘ladi. Keyin u katta daryoga, daryo esa dengizga qo‘shiladi. Fan tarixi ham shunga o‘xsharkan. Turli zamon, turli yurtlarning olimlari o‘ziga xos bir jilg‘a bo‘lib, dengizga quyilavergan. Dengizda biz bir tomchimiz xolos. Qancha kashfiyotlar qilindi. Bu kashfiyotlarning qanchasi qayta ishlanishga muhtoj. Ali Qushchining ta’biri o‘rinli bo‘lgan ekan: Alloma ulug‘ bo‘lgani bilan uning fikri mutlaq emas! Al Xorazmiy Ptolomeyning geografiyasini tubdan qayta ishladi. So‘ngra fanning yangi tarmog‘i algebrani yaratib naqadar buyuk ish qildi. Tenglamalarni hal qilishda Yevklid geometrik yechimlar bilan cheklangan, Diofant taklif qilgan yechimlarni isbot qilib berolmagan, Geron esa, ayrim sonlarning ilovasinigina bergan edi. Al-Xorazmiy mana shularni tahlil qilib yechimda Arximeddan ko‘ra aniqroq qiymatni chiqardi. Fibonachchi, Pachiola, Tartalyan, Kardan, hatto Ferrari1 Xorazmiyni ustod deb tan olgan edilar. Kibernetikaning asosiy terminlari — «algoritm» va «algorifm» Al Xorazmiy nomi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Buning barchasi nusxa ko‘chirish emas, hayiqmay tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqishning natijasi bo‘ldi. Biz salaflarimizning shu xislatlarini chuqurroq egallashimiz kerak ekan. Holbuki, hozir nomdor akademikning ishini qayta ishlash tugul, tahlil qilish, jilla bo‘lmasa sharhlash katta muammo bo‘lib qolyapti. Mana Jamshid... Yana keraksiz xayolga berildim. Boshqa narsani o‘ylashim kerak. Nimani? Masalan, rasadxonani... Qanday go‘zal bino. Darvoqe, bu haqda Sultonga maktub yozishim kerak edi...» Jahongir shuni eslab, o‘rnidan turdi-da, yuqoriga ko‘tarildi.