— Shahriyorim, sizga bir narsani ko‘rsatish niyatida edim. — Shamsibek shunday dedi-da, matolardan birini olib, Ulug‘bekning oyog‘i ostiga qo‘ydi.
— Nima bu? — dedi Ulug‘bek.
— Kaminaning ojizalari to‘qigan ekanlar, maqbul bo‘larmikan, deb olib keldim.
Chaqqonroq ikki mulozim uni olib, shahriyor qarshisida ochdi. Ulug‘bek bir matoga, bir Shamsibekka, so‘ng yana matoga tikildi.
— Ajab, bu falak-ku! — dedi u hayrat bilan. — Bu rasad devorlaridagi falakning tasviri-ku! Kimning ishi bu? Ojizamniki, dedingmi?
— Ha, shahriyorim.
— Shunday mo‘’jizani yaratgan iqtidor egasini ojiza demoqlikka qanday tiling aylandi? Mashoyixlar:
«Onangdan bosh tovlama, oshmasin dardi,
Hayot toji erur oyog‘in gardi!» —[/I
]
demish ekanlar. Uqdingmi?
— Gunohkorman, shahriyorim.
— Ayollar ham Xudoning bandalari. Sen kabi iqtidor egalarini yaratar ekanlar, nechun o‘zlari «ojiza» yoinki aqli noqis bo‘lsinlar?! Mana bu falakka qaranglar, — Ulug‘bek endi atrofdagilarga murojaat qildi. — Biz bu yulduzlar o‘rnini topmoq uchun necha tunlar mijja qoqmadik. Nebaxtkim, falakiyot ilmini kulbaxonadagi ayol chaqib ko‘rsa. Ular ham ilmdan xabar topsa. Kurrai arz aylanadi, deganda, «astag‘firulloh!», deb yoqa ushlamasa... Zavjangga rasadxonani qachon ko‘rsatib eding?
— U kishi ko‘rmaganlar. Men hikoya qilib berib edim.
— Nur a’lo nur. Ko‘rmay-ki, shunday mo‘’jiza yaratibdimi, sharaf unga. Sen kunduzi uni olib kel. Rasadni ko‘rsat. Qizlarni yoniga olib shunday falak tasvirlaridan tiksin. Farmonim shul: rasad ahli, saroy ahli, madrasa ahliga yetib ma’lum bo‘lsinkim, Shamsibek Ismoil o‘g‘lining zavjasi tikkan falak tasviri barchaning uyida bo‘lmog‘i darkor. Rasad ahli, saroy ahli, madrasa ahli bu falaklarni bozordan sotib olishga majbur. Falakni fuqaroga ko‘rsatmoq, tanitmoq maqsadida u faqat bozorga olib chiqilsun!