— Akbar aka, aybga buyurmaysiz, sizni bir oz xoli qoldiraman. — Jahongir shunday deb yana oshxonaga chiqdi. Qozonga sabzi-piyoz bostirgach qaytib kirdi. — Akbar aka, ozib-yozib bir kelgansiz. Endi shuning sharafiga, a? Ko‘ngil qanaqasidan tusaydi? Yulduzi qizilidanmi, oqidanmi?
— E, e, qariganda-ya? Ha, mayli, qarindoshlik hurmati, sazangiz o‘lmasin. Qizili salomatlikka to‘g‘ri kelmaydi. Bosim chatoq. Andak oqidan bo‘lsa kifoya.
— Yana bir uzr. Men uchun ham... o‘zingiz... olasiz. Hozir tajriba payti, ilojim yo‘qroq...
Akbar mezbonni bir-ikki qistagan bo‘ldi-yu, keyin «taqdirga tan berib», qadahni bo‘shatdi. To‘rtinchi qadahdan so‘ng rangiga qizil yugurib, og‘zi gapdan bo‘shamay qoldi. Jahongir oshni damlab kirgach, navbatdagi qadahni ola turib:
— Bola-chaqang ko‘rinmaydimi? — deb so‘radi.
— O‘g‘lim o‘rtoqlari bilan birga...
— Ha... bolang bitta edi-ya? Bizniki yettita. Qurmag‘urlarning birontasi ilm demadi-ya! Ha, mayli, nonini topib yesa bo‘ldi bizga, a, labbay?
— Ha, endi...
— Xotining ham ko‘rinmaydimi? — Jahongir yalt etib mehmonga qaradi. Lekin Akbar undagi o‘zgarishni sezmay, kulimsirab gapiraverdi: — Qariganda ham o‘tiraveradimi, bir oyog‘ining chigalini yozmoqchi bo‘lgan-da. Bizning xotin ham shunaqa...
— Akbar aka! — Bu safar Jahongirning ovozi balandroq va dag‘alroq eshitildi. — Keliningizni bir yarim yil burun yerga qo‘yganmiz...
— A? — Akbar qo‘lidagi qadahni stolga qo‘yib, yuziga fotiha tortdi. — Buni qara, xabarsiz ekanmiz. — U shunday deb, qo‘lini qovushtirdi-da, qiroat bilan qur’on o‘qiy boshladi. Jahongir o‘rnidan turib oshxona tomonga yurdi. «Qariganda ham esini yig‘ib olmabdi», deb o‘yladi. Akbar yigit chog‘larida ham shunday edi. Ichib, kayfi oshganda chala yarim o‘rganib olgan qur’onni bor ovozi bilan duch kelgan yerda o‘qir, keyin odamiylik haqidami, tuproqni ulug‘lash haqidami, hurmat yoinki burch haqidami nasihat qilar, o‘tirganlarni farosatsizlikda ayblardi. Shuning uchun Jahongir «piyon qori» laqabini olgan tog‘avachchasi ishtirok etuvchi ziyofatlarga iloji boricha yaqinlashmasdi.