Sallali kishining ishorasi bilan yigitni boshlab keldilar. U Ollohning nomini zikr etgani holda qasam ichib, qo‘yilmish aybni inkor etgach, Shamsibek yana sallali kishiga murojaat qildi:
— Taqsir, avvalo shuki, bularning zinokor ekanliklari tasdiq topmadi. Yana shuki, yigit hali uylanmagan, qizning nikohi esa shubhali, avvali — uning nikohga rizoligi yo‘q, so‘ng esa nikohlangani bilan er-xotin sifatida yashamagan, demakkim, u ham oilasiz maqomidadir. Shundoq ekan, ular zinokor bo‘lgan taqdirlarida ham, siz lozim topganingiz hukm — belga qadar ko‘mib, so‘ngra ustlaridan devor bostirmoqlik bularga emas, besoqolbozlarga xossatandir. Yana shuki, bular g‘o‘rlik qilib noma’qul yo‘lga kirishga urinibdilarkim, bunga jazo — ta’zirdir, o‘n darra kifoyadir.
Qamariddin Shamsibekning mantiqiy tahliliga qoyil qolib, «Nima der ekan?» degan ma’noda sallali kishiga qaradi. U javob bermay, tasbehini aylantiravergach, Shamsibek Qamariddinning qulog‘iga shivirladi. Qamariddin hamrohiga ajablanib qaradi-da, so‘ng sallali kishiga yuzlanib:
— Taqsir, bu yigit purdil emish, shu rostmi? — deb so‘radi.
— Ha, bu iblisda filning kuchi bor.
— U holda men uni sinab ko‘rayin. Men shahriyorimiz uchun purdil yigitlarni tanlab yurib edim.
— Ixtiyoringiz, — dedi sallali kishi e’tiborsiz ohangda.
— Yigitga og‘irlik qilmasmikin, ancha azob chekkan, — dedi Shamsibek.
— Purdil azob degan narsani bilmaydi, — dedi Qamariddin. Keyin yigitga yaqinlashib, so‘radi: — Bel olishmoqqa chog‘ingiz bormi?
Yigit Qamariddinga burgut qarash qildi. Uning qo‘l-oyoqlarini yechib qo‘ydilar. U bilaklarini uqalab o‘rnidan turdi.
— Qiyiq beringlar! — dedi kimdir.
Darrov qiyiq uzatishdi. Yigit belini mahkam bog‘lab, Qamariddinga yaqinlashdi. Shamsibek shundagina uning Qamariddindan qolishmasligini sezdi.