Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68018 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 ... 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:36:53

— Sizlar har nechuk bu zo‘rlarning volidlaridursizlar? — dedi Qamariddin mo‘ysafidga yuzlanib.
— Yo‘q, taqsir, — dedi qariyalarning biri, — ko‘rib turganingiz shu yigit biznikida qo‘noq edi. Jannatmakon otasi bilan biz ulfat edik. Ko‘rib turganingiz bu ayol esa zaifamiz bo‘ladilar.
— Qizning volidayni2 nechuk ko‘rinmaydi?
— Taqsir, bu voqeadan keyin qizlarini oq qilganlar.
— Ismi nasabing nima? — deb so‘radi Qamariddin yigitdan.
— G‘animurod To‘xtamurod o‘g‘li, — dedi mo‘ysafid yigit o‘rniga javob berib.
— G‘anipolvon, tongga qadar yo‘l hozirligini ko‘rib qo‘y. Bomdoddan so‘ng yo‘lga chiqamiz.
— Karvonsaroygacha hali ko‘p yuramizmi? — deb so‘radi Shamsibek.
— Ha, xiyla bor.
— Taqsir, — dedi gapga aralashmay qo‘l qovushtirib turgan mo‘ysafid. — Aybga buyurmaydilar, biz g‘ariblarga iltifot ko‘rsatib, ko‘nglimizni tog‘day ko‘tardingizlar. Karvonsaroy xiyla uzoqda, shu boisdan yana marhamatlarini ayamay, bizga qo‘noq bo‘lsalar. Borimizni baham ko‘rsak.
— Bajonidil. Ammo sizlarni bezovtalab qo‘ymasak edi...
— Kambag‘alning uyi tor bo‘lsa ham, ko‘ngli keng, taqsirim.
Chog‘roq hovliga kirib kelishdi. Ayollar tez- gina ichkariga o‘tib ketdilar. Mehmonlar uchun qora chiroq yonib turgan, qizil sholcha solingan uyga joy qilindi. Dam o‘tmay hovliga odam to‘plandi. Qo‘y so‘yildi. Aftidan uy egasining qo‘ni-qo‘shnilari ham «marhamatli kishilar»ning qo‘noq bo‘lganini eshitib, topgan-tutganlarini olib chiqishgan edi.
Mo‘ysafid tashqariga yo‘nalishi bilan Shamsibek hamrohidan: «Ulamolarning gapini nechuk yerda qoldirdingiz?» — deb so‘radi.
— Ular ham Sayid Oshiq kabi odamlar-da, so‘zi shirinu tilida zahar bor. Ko‘ngli qora. Bergan bir burda noni menga singmaydi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:37:04

— Harakatingizdan taxmin qilib edim, to‘g‘ri chiqdi, — dedi Shamsibek kulimsirab. Keyin eshik og‘zida ko‘ringan mo‘ysafidga qarab: «Eshigingizda to‘y bo‘lib ketdi, shekilli?» — dedi.
— Albatta, albatta, sizdek tabarruk zotlar keladiyu to‘y bo‘lmaydimi?
— Siz G‘anipolvonga volid o‘rnida ekansiz. Shu yig‘inni uning to‘yiga aylantirsak-chi?
— Ajab bo‘lar edi, — dedi mo‘ysafid quvonib. — Agar G‘anijonni olib ketish chindan xayolingizda bo‘lsa, nikohini ko‘rib qolsak...
— Domlani chaqiraering, — dedi Qamariddin uning so‘zini bo‘lib.
— Taqsir, o‘zlari mullo ko‘rinadilar, — dedi mo‘ysafid Shamsibekka murojaat qilib. — Agar malol kelmasa, o‘zingiz o‘qisangiz. Qishlog‘imiz domlasi jur’at etolmaydi.
— Maylingiz, — dedi Shamsibek. — Qiz tomonga ham xabar qiling, hozirlik ko‘rib qo‘ysunlar.
Mo‘ysafid chiqdi. Bir ozdan so‘ng nikoh marosimi boshlandi.
Hovliga katta gulxan yoqildi. Yigitlar G‘anipolvonni o‘t atrofida aylantirib yor-yor aytishdi. Ichkaridan ham ayollarning yor-yori eshitildi. Hamma marosim bajo keltirilgach, odamlar tarqalishdi. Qamariddinning xohishi bilan katta o‘rik ostidagi supaga joy qildilar. Mo‘ysafid ham supa chetiga yakandoz soldi.
— G‘anipolvonning volidlaridan joy qolmaganmidi? — deb so‘radi Shamsibek yotar chog‘i.
— E, taqsir, buning tarixi uzun, — dedi mo‘ysafid supa chetiga omonat o‘tirib. — G‘anijonning dadalari ham nom chiqozg‘on polvon edilar. Es-es bilaman, buvalarining ham kuraklari yerga tegmagan. To‘xtamurod polvon kurash tusharmish desa, muzofotning odamlari yog‘ilib kelardi. Mard odam edi. Harifiga sira shikast yetkazmasdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:37:11

Bu gapni eshitib Qamariddin maydondagi voqeani esladi-da, bir qimirlab oldi. Mo‘ysafid hikoyasini davom ettirdi:
— Bir kuni deng, shu Ahmadboyvachchani dadalari sunnat qildirgan kunlari edi shekilli, uloq berdilar. Muzofotning o‘n chog‘li nomdor polvonlarini ham ayttirgan ekanlar. Katta kurash bo‘ldi. To‘xtamurod yonimizda jilmayib turaverdilar. Qarasak, maydonga tushgulari yo‘q. Polvonlar ham, odamlar ham shu kishiga qarashdi. Oxiri boybuvaning o‘zlari chaqirdilar, maydonga tush dedilar. «Aybsitmang, boybuva, bugun tusholmayman», dedilar To‘xtamurod. Shunda boybuva xunuk so‘zlarni aytvordilar. To‘xtamurodning hamiyatlari kuchli edi. Belbog‘ni mahkam bog‘lab o‘rtaga tushdilar. Ikki-uch aylantirishda davraning zo‘ri bo‘lib turgan polvonning kuragini yer tishlatib, belbog‘ni yelkalariga tashlab, sovrinni olmayoq chiqib ketdilar. Orqalaridan bordik. Avvaliga kurashga tushmaganlarining boisini so‘radik. To‘xtamurod to‘nni yechib, yaktakni ko‘tardilar. Bellariga deng, ikkita yong‘oqday chipqon chiqqan ekan, haligi kurashda belbog‘ siqib yuboribdi. Biz to‘yga qaytdik. To‘xtamurodning sovrinni olmaganlari boybuvaga qattiq tekkan ekan. Haligi polvonlarni sarxush qilib, To‘xtamurodga yuboribdilar. Nomardlar deng, u kishini ayamay do‘pposlashibdi. Ertalab borsak, To‘xtamurodning boshlari yorilgan, qo‘li singan. Qaytar mahalimiz To‘xtamurod «Endi bu qishloqdan boshimni olib ketaman. Shahristonga boraman», deb qoldilar. Ertasiga kelib ko‘ch-ko‘lonlarini aravaga ortib berdik. To‘xtamurodning issiqlari baland, ko‘zlari kirtaygan, biror kun qoling, desak ham ko‘nmadilar. Aravaga zavjalari bilan endi tilga kirgan G‘anijonni chiqarib, o‘zlari otni yetakladilar. U kishidan o‘n olti yo o‘n yetti yil darak bo‘lmadi. O‘tgan qovun pishig‘ida G‘anijon kirib keldilar. Eski aravada volidalari. Marg‘ilondagi bir kurashda To‘xtamurodning bellari qattiq lat yeb, qazo qilibdilar. G‘anijonning volidalari xasta ekanlar, uch kundan keyin omonatlarini topshirdilar. Ularning eshiklarini Ahmadboyvachcha o‘ziniki qilib olgan edi. Marhumani shu o‘zimizning eshikdan chiqardik... Agar aybga buyurmasangiz, sizdan bir narsani so‘rasam.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:37:18

— Marhamat.
— Bilishimcha, bu tong yo‘lga chiqasizlar. G‘anijonni olib ketish niyatidasizlar. Chillalik deganday...
— Darvoqe, bu tomonini o‘ylamabmiz-ku? — dedi Qamariddin.
— Qaytar mahalimiz kirib o‘tsak-chi?
— Ma’qul gap. Ammo nojinslar...
— Xotirjam bo‘laversinlar, taqsir, bu yoqda biz bor. Endi ular shar’iy nikohdalar, jur’at qilolmaydilar.
O‘rtadagi gulxan asta o‘chib bordi. Bir-ikki uchqun sachratgach, qizil cho‘g‘ ham so‘na boshladi. Sachragan uchqunlar xuddi yulduz bo‘lishga shaylanganday, ko‘kka sapchidi-yu, lekin yerdan bir quloch uzilmay yengil kulga aylanib zaminga qo‘ndi. Borliq qorong‘ilik qa’riga singdi. Shamsibek uzoq vaqt itlarning xurishiga quloq tutib yotib, ko‘zi ilinganini sezmadi.
Bomdodga turishganida mo‘ysafid safar jabduqlarini tayyorlab qo‘ygandi. Nonushtadan so‘ng otlarni yetaklab tashqariga chiqishdi.
— Manzillaringiz Andijonmi, taqsir? — deb so‘radi mo‘ysafid.
— Andijondin ikki yig‘och1 yo‘l. Buloqboshi degan qishloq, — dedi Shamsibek.
Xayr-xo‘shlashib yo‘lga tushdilar. Bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan qiz bilan yigitni qovushtirib qo‘yganlaridan ikkovlari ham xursand edilar...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:37:41

MAJBURIY TANAFFUS

«19... yil, 20 aprel. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 14.30. Tajribaning to‘rtinchi bosqichi boshlandi. Meditsina komissiyasi professorning asablaridagi o‘zgarishni qayd qildi. Lekin ushbu bosqichdan so‘ng dam olish sharti bilan tajribani davom ettirishga ruxsat berdi.
Soat 18.35. Professorning yurak urishi tezlashyapti.
Soat 18.50. Elallomaning tahlillash va xulosalash bo‘limidagi kuchlanish o‘zgardi. Professor yuragining urishi mo‘’tadillashmayapti.
Soat 18.53. Elallomaning tahlillash va xulosalash bo‘limidagi ogohlantirish chiroqlari yonib o‘cha boshladi. Professorning yurak urishi yanada tezlashdi. Tajribani to‘xtatishga buyruq berilishi bilan elallomadagi uzatgichlarda uchqun ko‘rindi. Asbob butunlay to‘xtab qoldi. Professor o‘rnidan turib ketdi. Hamma simlarni uzib yubordi. Meditsina komissiyasi uning asablarida katta o‘zgarish sodir bo‘lganini aniqladi. Tajriba noma’lum muddatga kechiktirildi».


Jahongir sakkiz kun shifoxonada yotdi. Dori-darmondan so‘ng titrog‘i yo‘qoldi. Shundan keyin «Tinchroq joyda bir oy dam olishingiz zarur», deb unga ruxsat berishdi. Eshik og‘zida uni Jamshid kutib oldi. Otasidan hol-ahvol so‘radi. Jahongir uning barcha savollariga «yaxshi, durust, bir navi» deb javob berdi-da, «ishlaring nima bo‘ldi?» deb so‘radi.
— Yaxshi, — dedi Jamshid otasiga taqlid qilib.
— Akademiyadan yo‘qlashdimi?
— Kelishdi. Komissiya tuzib tekshirishyapti.
— O‘zingni himoya qila olasanmi?
— Ha. Qaerda xatoga yo‘l qo‘yganimni ham taxminan aniqladim.
— Yaxshi.
— Akbarali aka degan qarindoshimiz bor ekanlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:37:50

— Keldimi?
— Ikki marta yo‘qladilar. Qaerdaligingizni aytmadim.
— Yaxshi qilibsan.
— To‘lqin aka bilan Sulton akalarga ham aytmovdim. Tajribaxonadan so‘rab bilishibdi.
— Chakki qilibsan. Ularga aytish kerak edi.
To uyga yetgunlaricha gurunglashib bordilar. Jamshid choyga qaradi, ovqatga unnadi. Soat o‘n bo‘lishi bilan televizorni o‘chirdi-da, shifoxonadagi navbatchi vrach kabi qat’iy qilib: «Dada, endi yotishingiz kerak», dedi.
Jahongir kulib qo‘ydi-da, buyruqqa bo‘ysinib, xonasiga kirib yotdi. Yarim soatlardan so‘ng Jamshid xonaga asta mo‘raladi. Otasining ko‘zlari yumuq, tinchgina uxlar edi. Jamshid asta eshikni yopdi. Mehmonxonaning chirog‘i o‘chdi. Jahongir o‘g‘lining albatta tekshirishini bilib o‘zini uyquga solib yotgan edi. Uydagi chiroqlar o‘chgach, o‘rnidan turib deraza va eshik pardalarini yopdi. Keyin yozuv stoliga o‘tirdi-da, tajriba kundaligining davomini yoza boshladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:38:08

IJRO ETILGAN HUKM
(Kundalikning to‘rtinchi sahifasi)

Andijonga oqshom qo‘na boshlagan mahalda kirib bordilar. Tunni karvonsaroyda o‘tkazib, viloyat podshohining huzuriga qaytishda kiramiz, degan qaror bilan, tongda Buloqboshini qoralab, otlarga qamchi bosdilar. Adirga yetishganda Qamariddin jilovni tortdi.
— Hech narsa o‘zgarmabdi, — dedi u atrofga nazar tashlab.
— Bu yerlarga ilgari ham nazaringiz tushib edimi? — dedi Shamsibek uning yonida to‘xtab.
— Tavbalari qabul bo‘lgur padari buzrukvorim shu yerda shahid bo‘lganlar.
— Qaysi muhoraba1da shahid bo‘lib edilar?
— Sakkiz yuz o‘n yettinchi yilning muharramasi edi. Biz u damlar norasida edik. Padari buzrukvorim meni o‘zlari bilan olib yurardilar. Shahriyor mirzo Amirak Ahmad ustiga qo‘shin tortgan edilar. Axsi qal’asining muhosara qilinganini o‘zim ko‘rdim. Axsi mening nazarim tushgan qal’alar ichida eng ulug‘i edi. «Qal’a mezanalaridan falak boshoqlar1ini termoq mumkin, undan arshi a’zam eli2ning g‘ulg‘ulasi eshitilur», degan kalimalarni ko‘p tinglaganman. G‘alabayor lashkar qal’ani egallagach, onhazrat raiyatga tinchlik maydoni va omonlik makonidan o‘rin berib, Andijon sari yo‘l oldi. Mirzo Amirak Ahmad davlatpanohning qahridan qo‘rqib, tog‘lardan makon topgan edi. Shahriyor amir Musako ixtiyori bilan amir Muhammad Tobonlarni ayolat3ni idora etmoqqa tayinlab, Samarqandga qaytdilar. Amir Musako ixtiyori bilan padari buzrukvorim uning xizmatida qoldi. Oy oralamay mirzo Amirak Ahmad Andijonga yurish qildi. Amirlar raiyatga ozor bermaslik qasdida shahardan tashqariga chiqdilar. Padari buzrukvorim muhoraba maydonidan omon qaytmadi. Mirzo Amirak Ahmad amirlarni ham qatlg‘a yetkazibdi. Ammo amir Rustam Andijonni mirzoga bermay, bizni ham omon saqlab qolgan edi.
— Bundan mening ham xabarim bor. Shahidlarni dafn etmoqqa qabriston torlik qildi, derdilar. Biz bu fojianing fahmiga ko‘pam yetmas edik. Murdadan qo‘rqar edik.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:38:23

Qamariddin otni niqtadi.
— Padari buzrukvorimning jasadlarini menga ko‘rsatishgan. Boshlaridan qilich yegan ekanlar. Ming qatla shukrkim, sultonimiz besabab qilich sug‘urmaydilar. Padari buzrukvorim «Mirzoda sohibqironning jangariliq rasmi ko‘rinmaydi», deb aytardilar.
Qamariddin endi Ulug‘bekning yurishlari va himmatlari haqida gapirib borar edi. Ular jilovni bo‘sh qo‘yishgan, otlar bu yo‘ldan ko‘p yurib o‘rganib qolgandek, adirdan oshib o‘tardilar.
Uzoqdan daraxtlarga burkangan qishloq ko‘ringach, Shamsibek hamrohining so‘zini bo‘ldi:
— Mana keldik, — dedi u ichki bir hayajon bilan.
— Jannatgami? — dedi Qamariddin hazilla-shib.
— Arzimaydimi?
— O‘xshaydi, — Qamariddin kuldi. Shamsibek ham jilmayib qo‘ydi-da, otga yengil qamchi urdi.
Kun choshgohga borgan, qishloq sokin edi. Chug‘urchuqlarning chirqillashi, tartaraklarning ovozlarigina baland ishkomlar orasida odamlar borligidan darak berardi. Ular ko‘chaga burilishdi. Oftobda qizib, bilqillab turgan tuproqni tuyoqlar to‘zitib borardi. Qamariddin hovlilarni shiypon kabi to‘sib turgan ishkomlardan ko‘z olmaydi. Yana xiyol yurishgach, chog‘roq maydonchaga chiqishdi. Maydoncha o‘rtasida buloq qaynab turar, suv ildiz kabi taralgan ariqchalarga tarqab ketgan edi. Buloq bo‘yida ikki bola loydan qubba yasab o‘ynar, sochlarini mayda o‘rib, pilik taqib olgan besh-olti qizaloq esa, qo‘l ushlashib chug‘urlashishardi:

Chittogulu chittogul,
Etagingga chit bosay,
Qo‘lim qo‘lbog‘da,
Belim belbog‘da,
Ha-yu, chittogul
Ha-yu chittogul...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:38:30

 Shamsibek ularga kulib qaradi-yu, otdan tushib ro‘paradagi eshikni itardi. Ochilmagach, qamchinining dastasi bilan taqillatdi.
— Atta hech kim yo‘q, — dedi qubba yasayotgan bola loy qo‘lini ishtoniga artib.
— Qaerga ketishdi?
Bola yelka qisib burnini tortib qo‘ydi.
— Eshiklaringda kim bor?
— Buvim.
— Otang-chi?
Bola yana yelka qisdi.
— Yugur, buvingni aytib chiq. Shamsibek akam kelibdilar, de.
Dam o‘tmay yon eshikda ayol sharpasi sezildi. Keyin siniq ovoz eshitildi:
— Keling, omon qaytdingizmi?
— Assalomu alaykum, bucha1. Sog‘-omonmisiz, akam salomatmilar? Eshikdagilardan xabaringiz yo‘qmi?
— Ular sizdan keyinoq Shirmonbuloqqa ko‘chib ketishgan. Dadangizning bo‘la1lari olib ketdilar.
— Nimaga?
— Nevlay. Qofir, degan gap tarqaldi. Qayin otangizni Andijonga olib ketishibdi, deb eshitaman.
— Nimaga?
— Nevlay. Akangiz gapirmaydilar. Qo‘shnilar «Endi shaharda ishlarmish», degan gap aytishyapti. Mehmoningiz borga o‘xshaydi. Mehmonxonaga kira turinglar, akangiz hali zamon kelib qoladilar.
— Qulluq, bucha, Shirmonbuloqqa chiqa qolaylik.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:38:45

Qamariddin gaplarni eshitib turgan edi. Shuning uchun indamay Shamsibekka ergashdi. Bu safar tuproq yo‘ldan piyoda borishdi. Tuproqning issig‘i etikdan o‘tib oyoqqa noxush iliqlik berardi. Ularning ortidan bir zumgina qarab qolgan qizaloqlar yana o‘yinlarini boshladilar:

Boychechagim hillolik,
Hamyon-hamyon tillolik,
Boychechagim bonasi, bonasi,
Qulog‘ida donasi, donasi,
Olay desa, voy o‘lay,
Yugurib chiqdi onasi, onasi.


Qamariddin qizaloqlar tomon bir qarab olib:
— Haq taoloning qudratini qarang, odamzotga shuncha tashvish bilan birga, ko‘zi quvonsin, deb ajoyib ne’matlarni ham bergan-a, — dedi. — Bu ne’matlarning odam bilan ishi yo‘q, odam o‘lyaptimi, qolyaptimi, bari bir yog‘ilaveradi.
— Ha... boychechakka yetgan yetadi, yetmagan yo‘q.
Dala yoqasidagi yo‘lga chiqishgach, otga minishdi. Yarim yig‘och yo‘ldan so‘ng yana jannatsifat qishloqqa kirishdi. Aylanma ko‘chalardan tez o‘tishdi. Shamsibek bir eshik oldida jilovni tortib, uzangiga oyoq tirab turdi-da, bo‘y cho‘zib devor osha ichkariga qaradi. Peshayvonda emaklab yurgan o‘g‘lini, unga hay-haylab turgan onasini ko‘rdi-yu, ko‘ngli tinchib, otdan tushdi. Eshikni bir-ikki taqillatib, javob kutmayoq ichkariga kirdi. Qamariddin ularning so‘rashib olishlarini, ayollarning ichkari hovliga o‘tishlarini kutib, bir zum tashqarida qoldi.

Qayd etilgan