«DAVLAT ASOSIDEK POYDOR BINO»
(Kundalikning beshinchi sahifasi)
Dafn marosimiga butun qishloq ahli keldi. Tobut qo‘lma-qo‘l bo‘ldi. Qabr ustiga choyshab yoyilib, murda lahadga qo‘yilayotganida Muslimxo‘ja hushidan ketdi. Yolg‘iz qizining qabriga bir siqim tuproq tashlashga majoli bo‘lmadi. Tuproq tortilib, qur’on tilovat qilinib bo‘linganida ham u nest bo‘lib o‘tirardi. Uni suyab turg‘izib, uyiga boshladilar.
Shamsibekni ham, Qamariddinni ham polvonning taqdiri tashvishga solardi. Ular endi Muslimxo‘janing ketish-ketmasligini bilolmay qolgandilar. Ertasiga Muslimxo‘jaga bu haqda so‘z ochganlarida, u «Yolg‘izimni qanday tashlab ketaman, hech bo‘lmasa qabrida tanho qolmasin», dedi. Shundan so‘ng, ular oqshomda G‘anipolvonni olib yo‘lga chiqish qaroriga keldilar.
Ikki kun yo‘l yurishgach, katta karvonga qo‘shildilar. Hafta o‘tmay Samarqandga yetib bordilar. Hammalari karvonsaroyga qo‘nishdi. Ertasi bomdoddan so‘ng Shamsibek Qamariddin bilan Ko‘hak sari yurdi. Ko‘chalarda odam siyrak, shuning uchun ular otlarini yo‘rttirib borardilar. Kumush kamarli sipohni ko‘rganlar darrov chetga chiqib, qulluq qilishardi. Bibixonim masjidi tomon burilishganlarida Shamsibekning oti bexos bir kimsani turtib yubordi. Shamsibek orqasiga qarab, garangsib turgan Abdulvahobni ko‘rdi-da, jilovni tortdi. Uning to‘xtashga chog‘langanini ko‘rgan Qamariddin:
— To‘xtamang, yuravering, — dedi. Shamsibek jilovni bo‘sh qo‘yib, yana orqaga qaradi. Abdulvahob uni tanib qolgan edi shekilli, hamon ko‘cha o‘rtasida u tomon qarab turar edi.
Ular Chinniy qasrga kirishganida saroy ahli taxt mulozamatini bajo keltirmoqqa shaylanib turardi. Jarchi chiqib onhazrat o‘z huzurlariga Qamariddin bilan Shamsibekni chorlayotganlarini aytgach, ular- ning aksari soqolini siypab, «astag‘firulloh!» deb qo‘ydi.