Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68086 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:04

— Darvoqe, mulla Shamsibek, —dedi u, — kelar oqshom sen donishmandlar suhbatidan ogoh bo‘lmog‘ing darkor, shuni unutma.
Shamsibek javob o‘rniga qulluq qilib chiqdi. U Qamariddin yordamida me’morni Chilstun yaqinidan topdi. Me’mor kichkina ko‘k salla o‘ragan, kalta soqolli, past bo‘yli kishi edi. Shamsibekning qo‘lini olib, «ko‘zim yo‘lingizda edi», dedi. U sal duduqlanib gapirar, tili ham chuchuk edi. Talaffuziga qaraganda, u samarqandlik emasdi. Shamsibek uning so‘zlaridan qaysi muzofotlik ekanini aniqlay olmadi, so‘rashni o‘ziga ep ko‘rmadi. Zero, buning zaruriyati ham yo‘q edi. Me’mor o‘zini usta Xidir, deb tanitdi.
— Joy qaerdan tanlandi? — deb so‘radi Shamsibek undan.
— Go‘shtlar dastlab shahriston ichkarisida buzildi. Eng so‘nggisi shu yerda aynidi. Shahriyorning farmonlari bilan xiyla etakroqqa, obirahmatning poyiga quradigan bo‘ldik. Xuddi rasadxona singari, uch osh’yonliq qilib tiklash niyatimiz bor.
— Nimaga uch osh’yonliq?
— Sababiki, u ham rasadxona singari savlat to‘kib tursin, shahriston chiroyini ochsin. Odamlar hayratdan yoqa ushlashsin.
— Usta Xidir, so‘raganimni aybga buyurmaysiz, binoni qurishdan maqsad nedur?
— Buni mendan ko‘ra siz mo‘lroq bilasiz. Dorulshafaqa deb aytdilar menga.
— Ha, balli. Bu yerga fuqaro hayratdan yoqa ushlash uchun emas, shifo topgani keladi. Menimcha, binoning bir osh’yonliq bo‘lishi kifoya.
— Nega?
— Bir osh’yonliq bo‘lsa, xastalar uchun ham, hakimlar uchun ham ayni muddao. Atrof katta bog‘ bo‘lmog‘i lozim. Daraxtlar binoni shamsiya1 sifatida quyoshning o‘tli nafasidan asraydi. Uch osh’yonliqda xastalar issiqdan yana bir qadar azoblanadilar. Chiqib tushish ham malol keladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:12

— Bir osh’yonliq bino ajij-majij kunlari xastalarni qiynab qo‘ysa-chi? Sovuq ham tepadan, ham ostdan, ham derazalardan kiradi. Uch osh’yonliq binoning o‘rta osh’yonida birmuncha issiq bo‘ladi. Sovuq faqat derazadan kirishi mumkin.
— Dono fikr, biroq ajij-majij qisqa, issiq kunlar uzun.
— Bu xususda o‘ylab ko‘rmog‘imiz lozim ekan.
— Biz xonalar keng va baland bo‘lsa deymiz. Toki xastalar toza havoga muhtoj bo‘lishmasin.
— Ma’qul. Rasadxonaga hech yo‘lingiz tushganmi?
— Ha. Faqat tashidan ko‘rganman. Ich tomonlari bilan tanishmoqni xayol qilganman-u, biroq fursat bo‘lmadi.
— Shu topda fursatingiz bo‘lsa, ko‘rsatar edim. Shundan so‘ng bamaslahat ish boshlar edik.
Bu fikr Shamsibekka ma’qul kelib, ular bog‘ning yuqori tomoniga, savlat to‘kib turgan uch osh’yonliq tegarak imorat tomonga yurdilar. Marmar zinalardan ko‘tarilar ekanlar, me’mor faxr bilan: «Bino qiyomatda tog‘lar sayr qilgunga qadar yiqilishu nurashlardan omon bo‘ladi», dedi. To ichkariga kirgunlaricha u rasadxonaning afzalliklarini gapirib bordi. U «imorat davlat asosidek poydor, poydevori esa saltanat qoidasidek ustivor qilib mustahkamlangan», deganida Shamsibek jilmayib qo‘ydi. U bu so‘zlarni jannatmonand shahriston sari ilk yo‘lga chiqqanida qaynatasidan ham eshitgan edi.
Rasadxonaning yuqori qismiga aylanma zinalardan chiqdilar. Har osh’yonda o‘nlab hujralar, o‘rtada esa majlis ahli uchun keng xonalar barpo qilingan edi. To‘qqiz falakning hay’atiyu1 to‘qqiz osmon shakllari— darajalar, daqiqalar, soniyalardan tortib to oshiralargacha shu devorlarda aks etgan edi. Yuqori osh’yon devorlarida esa aylanuvchi falaklar, sabbai sayyor, sobita yulduzlar bilan kurrai arz hay’atiyu, iqlimlar suratigacha dilnazir naqshlaru benazir raqamlar bilan chizilgandi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:23

Me’mor Shamsibekni ayvon tomon boshladi. Ayvonga chiqaverishdagi bir surat Shamsibekning xayolini oldi. Falak va kurrai arz tasvirlari bilan band bo‘lgan rasadxona devorlari ichida bu suratning chiqishi uni hayratda qoldirdi. Rasmda jang maydoni, shahidlar va majruhlar tasvir etilgan edi. Oldinda majruhlangan shohona kiyimli kimsa. Uning yonida yana bir shohona kiyimli odam.
Me’mor Shamsibekning hayratini fahmlab, izoh berdi:
— Bu shahriyorning farmonlari bilan tushirilgan. Hazrat sohibqironning eng ulug‘ zafarlaridan yodgorlik. Hoqon Boyazidning yengilib, asirga tushgan onlari. Sohibqiron bu kishi bilan zo‘r muhoraba qilgan ekanlar.
— Eshitganim bor.
— Sohibqiron hariflarining bu ko‘yga tushganini bilgach, o‘zlari yetib kelib ko‘z yoshi to‘kkan ekanlar.
— Nechun?
— «Ming karra shukrkim, Xudovandi karim nuqsonlarimizga qaramay, bizni tanlash nazari bilan taqdirladi. Sizga bo‘lgan hurmatim bisyor edi. Sizdek sohibqudratning bu ahvolga tushishidan Tangrining o‘zi asrasin», degan ekanlar. Bobolarining shu so‘zlarini inobatga olib, onhazrat bul yodgorlikni yaratishga farmon berdilar.
Shamsibek ayvonga chiqib, chor atrofiga nazar tashladi. Bu yerdan shahriston kaftdek ko‘rinib turardi. Ular shu yerda turishganida peshin namoziga azon chaqirildi. Pastga tushib, rasad ahli bilan namoz o‘qidilar-da, shahristonga qaytdilar.
Qamariddin purdil yigitlarni joylashtirish bilan band edi. U Shamsibekka oilasi uchun Shohizinda dahasidan joy hozirlab qo‘yganini, G‘animurodni saroy xizmatkorlaridan biri panohiga olganini aytdi. Ko‘chlar aravaga ortilgancha turardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:31

Shamsibek ichki-tashqilik chog‘roq uyga joylashdi.
Yangi uy Mahfuzaga yoqinqiramasa ham eriga indamadi. Xonalar tor va past, hovli sahni yigirma-o‘ttiz odamni ba’zo‘r sig‘dira oladigan bu uyda uning nafasi siqilgandek bo‘ldi. Shamsibek xotinidagi bu o‘zgarishni sezdi. «Ko‘nikib ketadi, — deb o‘yladi o‘zicha. — Qishloqda keng uyga, chorboqqa o‘rganib qolgan. Bu yerda esa birgina daraxt oftobda qovjiray deb turibdi. Qiziq, Haq-taolo bandalari uchun jannatsifat yerlarni ato qilgan. Bandalar esa bu joylarni tashlab tor, siqiq yerlarda yashaydilar. Shahristonning ohanrabosi bormikin? Bu ham Xudoning xohishi ekan. Na iloj?..»
Mahfuza hamon tugunlar oldida o‘tirar, boshidagi ro‘moli yelkasiga tushgan, charos ko‘zlarida horg‘inlik bor edi... Issiqdan bezovta bo‘lib, injiqlik qilayotgan o‘g‘lining boshini silab, ro‘molining uchi bilan yelpirdi.
— Ichkariga kiraylik, uy salqinroq, — dedi Shamsibek katta bir tugunni ko‘tarib. Ayol unga ergashdi.
...Sherbek zargar Buxoro madrasasida tahsil ko‘rgan donishmand kishi edi. Sohibqiron hayotligida birmuncha muddat Samarqandda ham istiqomat qilgan, undan so‘ng ko‘tarilgan to‘s-to‘polondan bezor bo‘lib Buloqboshiga qaytgan, shu yerda oila qurgan edi. Ismoilbek zargar bilan birga ulg‘aygan. Shuning uchun to‘ng‘ichi Shamsibekni uning tarbiyasiga inonib topshirgan edi. Shamsibek Ulug‘bekning nazariga tushgan barcha xislatini shu zargardan olgan edi. Abdulvahobning xonadonidan sovchilar kelgan damlarda Shamsibek bilan Mahfuza shirin orzulardan qanot qilib, baxtiyorlik samosida uchib yurardilar. Eshikka sovchilar qadami tekkanidan xabar topgan qiz ajdaho domiga tushgandek oh urdi, «otamga insof ber», deb Xudoga yolbordi. Uning baxtiga birinchi safar ham, ikkinchi, uchinchi safar ham zargar sovchilarga rad javobini beraverdi. Shamsibek xonadonidan sovchilar kelgan kun patir sindirilgach, qiz yigit bilan yaqinlashish onlarini ham qo‘rquv, ham sog‘inish bilan kuta boshladi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:39

Oradan uch yil o‘tgach, taqdir ularni begona bir yerga olib kelib tashladi. Mahfuza buning yaxshi yoki yomon ekanini ham bilmaydi. Yaxshi, desa, musofirlik zahmatlaridan cho‘chiydi. Yomon desa, umr yo‘ldoshi sultonning nazariga tushish baxtiga muyassar bo‘lgan. Shuning uchun u nolish yoki rad so‘zlar aytish bilan erining ko‘nglini og‘ritishni istamasdi.
Ular uyga namat to‘shayotganlarida eshik og‘zida oftobda qoraygan ozg‘in bola ko‘rindi. Qo‘lida kosa. U kirishni ham, kirmasini ham bilmay turardi. Shamsibek tashqariga chiqqanida, bola yoshiga yarashmagan yo‘g‘on ovozda salom berib, kosani uzatdi.
— Enam berdilar, — dedi.
— Eshiklaring qaysi? — dedi Shamsibek uning qo‘lidan chinnini olar ekan.
— Qaysi eshik? — Bola Shamsibekning so‘ziga tushunmadi.
— Uylaringiz-da, — dedi Shamsibek.
— Narigisi, — bola o‘ng tomondagi hovlini ko‘rsatdi.
— Rahmat aytdilar, degin, xo‘pmi?
Bola «xo‘p», deb iziga qaytdi. Oqshomga yaqin yana ikki qo‘shnidan ovqat chiqdi. Shundan so‘ng Mahfuzaning ko‘ngliga chiroq yoqilganday bo‘ldi.
— Qo‘shnilardan yolchisak, musofirlik tuzi sho‘r botmas, — deb qo‘ydi.
Shamsibek sahar bilan ro‘zg‘or tashvishida bozorga ketdi. Po‘lotiy nondan, meva-chevadan olib, uyiga qaytishda Abdulvahobni ko‘rdi. Yonida otasi.
— Bir haftadan beri ko‘zimiz yo‘lingizda, — dedi Boybuva salom-alikdan so‘ng. Soch-soqoli olingan, kulohjanda o‘rniga do‘ppi va to‘n kiygan Abdulvahob Shamsibek bilan sovuqroq ko‘rishdi. Buni sezgan Boybuva o‘g‘liga qovoq uyib qaradiyu indamadi. Keyin Shamsibekka jilmayib, dedi:
— Qo‘lingizdagini uyga tashlab chiqsangiz, choyxonada birga nonushta qilsak.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:46

Shamsibek ularni uyga taklif qildi. Boybuva «yangi ro‘zg‘orsizlar», deb unamagach, qo‘lidagilarni tashlab chiqdi.
Ular chekkaroqdagi xoliroq choyxonaga borishdi. Abdulvahob yo‘lda ham, kelib o‘tirishganda ham og‘iz ochmadi. Boybuva oradagi sovuq sukutni quvish uchun turli mavzularda gap ochar, Shamsibek tinglar, kerak bo‘lgan taqdirda bir-ikki jumla bilan cheklanardi. U qarshisida tund bo‘lib o‘tirgan saboqdoshiga qarab, o‘ylardi: «Unda o‘z baxtidan bo‘lak barcha narsa muhayyo. Mol-dunyo bandaga baxtiyorlik qasrini qurib berishdan ojiz ekan-da? Ilgari u varrak yasashni bilmasdi. Uquvsizroq edi. Ammo qishloqdagi eng yaxshi varrakni bir burda zog‘ora non evaziga sotib olib, ko‘z-ko‘z qilardi. Eng balandga ko‘tariladigan varrak Abdulvahobniki edi. Baxt varrak emas ekan. Uni sotib olib uchirish hali hech kimga muyassar bo‘lmagan. Boybuva muddaoni aytishga istihola qilyapti. Sezib turibman. Men ular oldida yalang oyoq bir bola edim...
Hayot katta shikorgayu bandalar sayyodga o‘xshar ekanlar. Saydni quvishda kim ba’zan o‘zadi, kim qoladi. Kimning o‘qi nishonga boradi, kimniki yo‘q... Sayd ortidan quvishda qancha yo‘qotishlar bo‘ladi...
Abdulvahob qancha yo‘qotdi? Yana qancha yo‘qotadi? Men-chi? Javobga hisob ojizdir. Xudoning har bandasi daqiqa sayin o‘zini yo‘qotib, hech kim bilmagan boshqa odamga aylanib boradi. Faqat shakli shamoyili bilan bir-birovini taniydi. Uzoq yil ko‘rishmasa tanimay qolishi ham shubhasiz. Shu topda qayta tanishmoq lozim. Nechun? Yana yo‘qotish uchunmi? Abdulvahobni, garchi u men uchun aziz bo‘lmasa-da, ikki marta yo‘qotdim. Boybuva bugun bizni yana qayta topishtirmoqchi... Yo‘q, hayot sayd ortidan quvishga nisbatan ancha mushkulroq...»

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:42:55

— Mulla Shamsibek, kelishimizning boisi sizga ayon bo‘lsa ehtimol. Siz ham o‘g‘lim qatori o‘g‘limsiz. Oppoq soqolim bilan aytgan so‘zlarimni nazarga olursiz. — Boybuva muddaoga o‘tayotgani uchun Shamsibek xayollari og‘ushidan qutulib uning gaplarini tinglashga tutindi: — Mirzo Ulug‘bek Ko‘ragon hukmdorligi kunlarida Movarounnahr va Turkiston mamlakatining raiyati zulm zulmatidan adlu ehsonning obi-hayot chashmasiga yetishdi. Va barcha xaloyiq omonliq bo‘stoni ham farog‘at chamanida orom oldi. Bu Xudoga ham, bandasiga ham ma’lum va manzur. Aqli noqis do‘stingiz bu marhamatni ko‘zga to‘tiyo qilmoq o‘rniga gumrohlik yo‘lini a’lo topgan ekan, meni rizo qilmay, Xudoning g‘azabiga uchradi. O‘tgan gunohlari uchun uzr so‘rasa, yolg‘iz Tangriyu davlatpanohini istagi bilan yana ilm olmoqqa yetishurmikin...
Boybuva jim qoldi. Shamsibek ham, javobga shoshilmadi. Dam o‘tmay boybuva yana gapira boshladi. U endi anchayin mungli ohangda so‘z aytardi:
— Umrim afsonasi oxirlab qoldi. Ajal shamoli umidim somonini ham, umr donasini ham sovuryapti. Ko‘zim ochiqligida orzu-havasim ushalsa degan yolg‘iz umid bilan yashayapman. Yaxshilik yerda qolmaydi, o‘g‘lim. Bizga ko‘rsatgan lutfu-karamingiz, Xudo xohlasa, o‘n chandon bo‘lib o‘zingizga qaytadi.
— Boybuva, muddaoni anglamay turibman.
— Muddao shulki, — Abdulvahob so‘z boshlab otasiga qaradi. U ko‘zi bilan «gapiraver», degan ishorani qilgach, davom etdi: — Shahriyor oldida o‘zim uzrxohlik qila olmayman. Oramizda vositachi bo‘ling... Men farzandning burchi — otaning himmat va ravishiga yaxshi mutoibat qilish ekanligini angladim. Buni amalga oshirmoqqa yolg‘iz siz ko‘mak bera olasiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:43:06

— Madrasaga qaytish ixtiyoringizni fursat topib olampanohga yetkazaman. Ammo ilm olmoqlikka faqatgina istakning o‘zi kifoya qilmas. Siz bu haqda mulohaza qilib ko‘rdingizmi?
— O‘g‘lim, haq so‘zni aytdingiz. Lekin madrasa eshigidan har vaqt zukko va allomalar chiqavermaydi-ku? Abdulvahob xatmi kutub qilsa bo‘lgani. Allomalikka da’voimiz yo‘q.
— Uzrlarini shahriyorga yetkazaman. Biroq, Abdulvahobning madrasaga qaytishi xususida bir so‘z deya olishga ojizman. Shu topdagi va’da dashtda ovlanmagan ohuni sizlarga bag‘ishlash bo‘lib qoladi.
— Albatta, albatta. — Boybuva yonidan xaltacha chiqarib Shamsibekka uzatdi. — O‘g‘lim, bu tangalarni olib qo‘ying.
— Nimaga?
— Abdulvahobning kamu ko‘stidan xabardor bo‘lib turasiz. Uni sizga inonib tashlab ketaman.
— Boybuva, Abdulvahob sag‘ir emaski, men uning kamu ko‘stidan boxabar bo‘lib tursam. O‘ziga qoldiravering. Kamxarjlikda qiynalsa, u holda xabardor bo‘lish o‘rinli.
Boybuva xaltani yana qo‘yniga soldi.
— Men ertaga bomdoddan so‘ng Buloqboshiga jo‘nayman. Kuzning nafasi kelib qoldi. Ish boshida turmog‘im lozim. Sizga ishonib ketyapman.
Nonushta bahonasida aytilmoqchi bo‘lgan gaplar tugab, ortiqcha o‘tirishga hojat qolmagan edi. Boybuva fotihaga qo‘l ochdi.
Shamsibek uyga qaytgach, Mahfuza Abdulvahoblarning muddaosini so‘radi. Voqeani bilgach, «Shunday qilmasangiz bo‘lardi», dedi.
— Eski ginalarni unutmaslik gunoh, — dedi Shamsibek Abdulvahobning sovchi qo‘yganiga shama qilib.
— Mening gina-kuduratim yo‘q. Qishloqning kattayu kichigi ularning yaxshiligini eslamaydi. Dillari toza emas-da, buni o‘zingiz ham bilasiz-ku?
— Bu gaplarga hojat yo‘q. U aybiga iqror.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:43:14

Shu bilan tonggi mehmonlar xususidagi gapga nuqta qo‘yildi. Shamsibek peshinda Bibixonim masjidiga chiqib, undan keyin Ko‘hak tomonga yurdi.
Pushtai Ko‘hak domanasiga yaqinlashganda Qamariddinga duch keldi.
— Shahriyor bu kecha bazm qurish ixtiyoridalar. Purdil yigitlarni maydonga chaqiramiz, — dedi Qamariddin omonlasha turib.
— Men ahli urfon1 majlisga to‘planar, degan xayolda edim, — dedi Shamsibek. Darhaqiqat, u Ulug‘bek ziyofatidan bahramand bo‘lishni o‘ylamagandi.
— Bo‘lsa bordir. Bazm balki majlisdan so‘ngdir,— dedi Qamariddin unga javoban. Keyin «shoshib turibman», deb otga qamchi urdi.
Rasadxona atrofida Shamsibek tanimaydigan odamlar ko‘p edi. Shuning uchun u yotsirab chetroqda turdi. Bir vaqt ixcham salla o‘ragan, Shamsibek tengi yigit unga yaqinlashib, salom berdi. Shamsibek uni tanidi. Bu kechagi kuni olampanohga navisandalik qilgan yigit, Aflotun-zamonning nabirasi Miram Chalabiy edi.
— Men Mahmud ibn Muhammadman2. Shayx-ul-ulamo3 sizni kutib olishni kaminaga topshirib edilar. Uzrkim, tashrifingizdan bexabar qolibman.
— Takallufingizdan boshim ko‘kka yetdi. Agar yanglishmasam, shahriyor katta majlis qurishni ixtiyor qilgan ko‘rinadilar.
— Ha, qani, marhamat qilsinlar.
Bu damda boshqalar ham qasr tomonga yo‘l olgandilar.
Qasr oldidagi maydonchaga bir doira qilib gilamlar, gilamlar ustiga esa yakandoz va dasturxonlar to‘shalgan, dasturxon usti noz-ne’matlar bilan to‘la edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:43:22

Kelganlar o‘z izzatlariga yarasha joy tanlab o‘tirdilar. Shamsibek poygakdan joy oldi. Miram Chalabiy uni bir oz yolg‘iz qoldirdi. Keyin qaytib keldi-da, omonat o‘tirdi. Qasr tomonda Ulug‘bek ko‘rinishi hamon barcha o‘rnidan turib, salomga shaylandi. Olampanoh salomlarni qabul qilgach, yana qayta o‘tirdilar. Hamma Ulug‘bekning so‘z aytishini kutib, jim qoldi. Ulug‘bek joyiga bordi-da, davraga nazar tashlab:
— O‘g‘lim Alouddin Ali Qushchi nechun kurinmaydi?— deb so‘radi.
Miram Chalabiy ildam o‘rnidan turib, qulluq qildi:
— Batlimusi davron rasadxonada andak tutilib qoldilar. Daqiqa o‘tmay yetib kelurlar, — dedi u.
Ulug‘bek yaxshi, degandek bosh irg‘ab, «dasturxonga marhamat qilinglar», deb qo‘ydi. Yig‘ilganlar guruh-guruh bo‘lib past ovozda gaplasha ketdilar. Shamsibek Ali Qushchining kelishini kuta boshladi. U xizmatkorlik chohidan allomalik darajasiga ko‘tarilgan donishmandni ko‘z oldiga keltirishga harakat qilardi. Lekin Ali Qushchining tashrif buyurganini sezmay qoldi. Miram Chalabiy «Keldilar», deb shivirlagandan keyingina, Ulug‘bek qarshisida ta’zimda turgan oddiy kiyimli, qoracha, chayir kishining Ali Qushchi ekanini fahmladi. Ulug‘bek unga yonidan joy ko‘rsatdi. O‘zaro gaplashib olishgach, Mirzo o‘rnidan turdi. Uning so‘z aytmoqqa shaylanganini bilib, yig‘ilganlar gapni bas qildilar.
— Aflotuni zamon Salohuddin Muso Qozizodayi Rumiyning jannat bog‘iga rixlat qilg‘onlariga olti yil bo‘ldi. Ilm arki shayxul-ulamo G‘iyosid-din Jamshid vafotidan so‘ng ko‘p qashshoqlashdi. Inna lillahi va inna ilayhi roji’un. Bizning barimiz Ollohning bandalarimiz va uning o‘ziga qaytgumizdir. Bizdan qolgan osor-atiqalar bizning kim bo‘lganimizdan darak bergusi. Alalxusus, bizdan keyingi qolg‘uchi osor-atiqalarga nazar qilish muddaosida siz kabi farosatli ahli idrokni to‘pladik. Amri a’lo shulkim, bugundan e’tiboran, dorus-saltanada Baytul-hikma1 joriy qilinsin. Ahli irfonning Baytul-hikma atrofida birlashuvi Tangrining sof himmatidan umid qilinur. Tuprog‘imiz ulug‘ donishmandlar Abu Nasr Forobiy, al-Xorazmiy, al-Beruniy, Ibn Sino qadamlaridan munavvar bo‘lgan. Tiriklik ta’mining o‘zlari uchun shirin va mazali bo‘lishini istab, butun olamni o‘zlaridan past deb bilgan xoqonlar davronida ular bu tuproqqa begona bo‘libdilar. Alalxusus, Tangri karomati ila yorug‘ dunyoda ko‘z ochayotgan allomalarni to‘plash burchimizdir. Allomalar quvg‘in va alam sahrosida sargashta yurmay izzat-ikrom shohsupasida o‘tirmoqlari lozim.
   

Qayd etilgan