Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190283 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:08

Ish joyiga qaytib, qo‘liga bolta oldi. Amal kursisini egallab, raykom taxtiga yo‘l ko‘rsatgan aqli endi jonini saqlab qolish yo‘lini aniqlashga ojizlik qilayotgan edi. Yuzlab odamlarning nonini yarimta qila olgan tadbirlari bu yerda o‘lumtuk ahvolga tushdi. Aql ham, tadbir ham unga xiyonat qildi. Aql, tadbir deganlari shayton izmida bo‘lgach, o‘zgacha oqibat kutish mumkinmi?
Beixtiyor ravishda daraxt shoxlariga bolta urar ekan, qutulish choralarini izlaydi. Ammo sonsiz kapalak singari to‘zigan fikrlari o‘ziga bo‘ysunmaydi. Shaytonning burchi uni jar yoqasiga yetaklab kelmoq edi — vazifasini ado qildi. Qadamini bir qarichgina nari tashlasa kifoya. Shu paytgacha shaytonning mehri bulog‘idan suv ichib, quvvat olgan aqli uni asrab qola olarmikin?
Bu aql unga yagona najot yo‘lini ko‘rsata boshladi.
Najot — O’LIM! Qanday go‘zal manzil! Bu azoblar, bu xorliklar birato‘la barham topgusi. Birgina harakat kifoya, bir necha nafas kifoya. Yana ikki-uch kunmi, ikki-uch haftami azoblanib yashamoqdan ko‘ra, hoziroq o‘lim topgani yaxshi emasmi!
O, g‘ofil banda! U dunyoda bu yerdagidan yuz, balki ming chandon ortiqroq azob hozirlab qo‘yilganini fahm etsami, o‘limga bu qadar intilmasmi edi...
Hozir esa... so‘nggi najot yo‘li unga afzal ko‘rinaverdi. Endi fahmi yetganicha o‘limning tez va oson turini izlay boshladi. Nima qilsin: shu qo‘lidagi bolta bilan peshonasiga qarsillatib bir ursinmi? Miyasining qatig‘ini o‘ynatib yuborsinmi? Shu fikrda boltaning tig‘iga qaradi. Beixtiyor ravishda tig‘ ustiga barmog‘ini qo‘ydi. Tig‘ nazarida o‘tmas bo‘lib tuyuldi: bolta urish fikridan qaytdi. O’zini osish, tomirini kesish... barchasi og‘ir tuyuldi. Shu asnoda peshinga qadar g‘imirlab yurdi. «Bu ko‘rguliklardan ko‘ra o‘lganim ming marta yaxshi», degan to‘xtamga keldi-yu, ammo o‘zini o‘ldirmoqqa kuch topa olmadi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:14

Peshindan keyin esa... Pachoqburun paydo bo‘lib, uni ovloqqa boshladi. Tursunali qor yuzasidagi bir tomonga qarab ketgan izlarni ko‘rib, ko‘pchilik o‘tganini fahmladi. Biroq «ko‘pchilik taqdirimni qanday hal etar ekan?» degan jumboqqa javob topa olmadi. Butazor oralab ancha ichkarilashgach, sayhonlikka chiqishdi. Tursunali bu yerning qatl maydonchasi ekanini keyinroq bildi.
Ustidagi paxtaligi yechib tashlangan Murik ko‘ylakchan holda maydoncha o‘rtasida turardi. Ikki oyog‘ining to‘pig‘idan bog‘langan arqon uchlarini ikki yigit mahkam tutganicha tarang tortgan edi. Murikning orqa tomonidan Koshak, ro‘parasidan Tengiz, sal naridan esa Qo‘tos joy olishgan edi. Uchovlari maydonchada paydo bo‘lgan Tursunaliga oldinma keyin qarab qo‘yishdi.
— Sen o‘zingni burgut deb o‘ylovmiding? — dedi Tengiz Murikka yuzlanib. — Ana, changal solmoqchi bo‘lgan o‘ljang keldi. Murikjan, seni kim o‘g‘rilar oilasiga tavsiya etgan, kim qabul qilgan, bilmayman-u, ammo unisi ham, bunisi ham o‘zingdan battar ahmaq ekaniga yuz foiz ishonaman. O’g‘ri degan sal aqlliroq bo‘lishi kerak. Bu yerlarning xo‘jayinlari bizlar ekanimizni yaxshi bilarding, a? Bilib turib bizning yerlarda ov qilmoqchi bo‘ldingmi? «Bular bir laqma, og‘ziga pashsha qo‘ndirib yotishadi», deb o‘yladingmi? Umuman fikringda jon bor. Men laqma bo‘lsam kerak. Koshak, sen-chi? Sen ham laqmamisan?
Koshak xoxollar tushunishi mumkin bo‘lgan tarzda bir so‘kindi-da, Murikning gardaniga musht tushirdi. Oyoqlari bog‘langan Murik uchun ana shu zarbaning o‘zi kifoya qildi — yuztuban yiqilib bir necha daqiqa harakatsiz yotdi.
— Suzishni bilmasang nima qilarding o‘rdak ovlab. Qani, tur, tuqqan xotindek yalpayib yotma.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:22

Murikning bu yotishi ayyorlik chegarasidan narida edi. Bundan oldingi mushtlarning zarbalari qo‘shib hisoblansa, uning ahvoliga achinish ham mumkin. Ne afsuskim, mazkur olam ongidan odam joniga achinish, ayash kabi tushunchalar o‘chirib tashlangan. Alhol, Murikning holiga achinmoq ham noo‘rindir. Chunki «qaytar dunyo» deganlar-ku!
Murik qorga yuzini bosib, picha orom oldi. Tengizning gaplari qulog‘iga kirguniga qadar davom etgan bir necha lahza tanga ozgina rohat bersa-da, ruhi azobdan chirqirayverdi. U Gogikning taklifiga uchgan onlarini eslab, uni ham, o‘zini ham la’natladi. Gobelyan nima uchun Gogikni bu ishga jo‘natmaganini Koshakning birinchi mushtidan keyinoq tushunib yetdi. Hammasini o‘ylagan edi, reja qilgan edi. O’g‘rilar nafratiga uchrashi aniqligini ham bilgan edi. Faqatgina jazoning bu qadar tez kelishi va og‘ir bo‘lishini hisobga olmagan edi.
Yana picha orom olish maqsadida o‘rnidan qimirlamagach, tovonidan tepki yedi. Shundan so‘nggina qaddini ko‘tara boshladi.
— Valeriy Ivanovich, sen burgutning o‘rdak ovlaganini eshitganmisan?— dedi Tengiz Qo‘tosga qarab.— Eshit, bu qiziq hangoma. Bir nodon burgut... Qara-ya, burgutlarning ham nodoni bo‘lar ekan, o‘sha nodon burgut o‘rdak ovlamoqchi bo‘libdi. Endi o‘rdakka chang solaman, desa o‘rdak shartta suvga sho‘ng‘ib ketarmish. Shunda burgut astoydil qasd qilib o‘rdak tomon o‘qdek uchibdi. O’rdak bu safar ham suvga sho‘ng‘igan ekan, «endi qutulib bo‘psan!» deb u ham sho‘ng‘ibdi. O’rdak esa suv yuzasiga chiqib, qanotlarini yoyibdi-yu, uchib ketibdi. Burgut esa suvga bo‘kib o‘libdi. Qalay, Valeriy Ivanovich?
— Nima demoqchisan? Shu itpashshani burgutga o‘xshatyapsanmi? — dedi Qo‘tos ensasi qotib.
— Yo‘q-o‘q, Valeriy Ivanovich, kelib-kelib shuni burgutga o‘xshatamanmi? Bu jonivor o‘z nomi bilan Murik! Sen esa buni itpashshaga o‘xshatyapsan. Itpashshalarni ranjitma. Valeriy Ivanovich, harholda ular orasida qanjiqlari yo‘qdir.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:29

Murik qaddini rostlagach, Tengiz barmoqlari uchi bilan uning iyagini ushladi-da, boshini Tursunali tomon burdi:
— Xo‘sh, bu laqmada nima ishing bor edi?
— Yolg‘iz o‘zingga aytaman, — dedi Murik.
— Hilvatda achomlashib turadiganlarga o‘xshab gapingni qulog‘imga aytasanmi? Koshakka ishonmaysanmi? Yo Valeriy Ivanovichdan hadiksirayapsanmi? Ularni qanjiq deb o‘ylayapsanmi?
Bu gaplardan so‘ng Koshak yana musht hozirlagan edi, Tengiz bir imo bilan uni to‘xtatdi.
— Noz-ishvalaringni hali tramvayga qo‘yganimizda qilarsan, — deb davom etdi Tengiz, — qani, ayt!
— Bular boy bo‘lishadi, — dedi Murik, — ozginasini baham ko‘rsin, devdim, hammasini olmayman, dedim.
— Qaerga berkitgan ekan?
— Molxonada...
Murik shunday deyishi bilan Tengiz uning qorniga mushtladi. So‘ng yiqilib tushmasin, deb sochlarini changallab, boshini ko‘tardi.
— Bunchalar ahmaq bo‘lmasang, sen xunasa! Bu laqma senga aytganini bizga aytmaydimi?
— Gapimni oxirigacha eshitmading, Knyaz! — dedi Murik ixranib. — «Molxonaga yashirganman» demagin, dedim unga. Keyin... aytdi... Yerto‘lada ekan...
— Gobelyan bilan qanaqasiga kelishgansan?
— Uchdan biriga. Biri Gogikka, biri unga. Bu ishga meni Gogik tortdi. Qanjiq deyiladigan bo‘lsa, o‘sha g‘irt qanjiq. Meni emas, uni o‘ldirish kerak.
— Seni kim o‘ldirmoqchi bo‘lyapti, Murikjan?.. Gogikning esa o‘z hisob-kitobi bor. Sen uning taqdiri uchun qayg‘urmay qo‘yaver. Sen bizga ikkinchi topshirig‘ingni ayt.
— Avvalgi kuni o‘zingga aytganman. Mening bilganim shu.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:36

— Ular nima uchun seni tanlashdi?
— Bilmayman. Mening bilganim: yana uch-to‘rtta odamga buyurilgan. Har xil lagerlarda odam tanlayapti. Ularning kimligini bilmayman. Knyaz, qo‘rqityapti, deb o‘ylama. Ammo menga bir narsa bo‘lsa, ular seni tinch qo‘yishmaydi.
Tengiz tislanib, Tursunalini chaqirdi-da:
— Seni urdimi? — deb so‘radi.
Tursunali Murikka xavotir bilan qarab sekingina «Ha», deb qo‘ydi.
— Qanday urgan bo‘lsa, sen ham shunday ur. Haqqing qolmasin. Boradigan yeriga qarzsiz borsin. Qani, lalayma, ur!
Tursunali bu gap chinmi yo hazilmi ekanini bilmay, gangib qoldi.
— Hoy, it! Senga aytyapti, ur! — deb buyurdi Koshak.
Tursunali shunda ham jur’at etmagach, Tengiz so‘kinib, boldiriga tepib qoldi. Tursunali bu zarbdan bir munkib tushdi-yu, o‘zini tezda o‘nglab oldi. So‘ng buyruqni bajarmasa o‘ziga yomon bo‘lishini anglab Murikning yuziga teskari shapaloq tushirdi.
— Murikjan sen shunday urganmiding? — dedi Tengiz. — Ancha ishdan chiqib qolibsan-da. Hezalakchasiga uradigan o‘g‘ri o‘g‘rimi, a Koshak? — Savolga javoban Koshak zaharli tirjaydi. Tengiz esa Tursunaliga qaradi: — Shu bitta shapaloqqa iching o‘tib ketdimi? Koshak, bo‘sh vaqt topib sen bunga urush qanaqa bo‘lishini o‘rgatib qo‘yishing kerak ekan.
Koshakning bo‘sh vaqti hozirga to‘g‘ri kelib, buyruq ijrosini hayallatmadi. Tirjaygan holda Tursunaliga yaqinlashdi. O’ng qo‘li bilan yuzini silab turdi-da, chap qo‘li bilan bexosdan qorniga mushtladi. Tursunali bukchayishga ulgurmay musht yeb uch qadam nariga uchib tushdi. Tengiz tepishga chog‘lanib borayotgan Koshakning yo‘lini to‘sdi:
— Birinchi darsga shu ham yetadi. Endi Murikning pichog‘ini olib ber. Cho‘mich, sen o‘g‘rilar olamiga zarracha foyda keltirmagansan. Shunday bo‘lsa ham haqiqiy o‘g‘ri sifatida o‘lishingga imkon beramiz.
— Knyaz, unday qilma, o‘zingga yomon bo‘ladi! — deb xitob qildi Murik jon achchig‘ida.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:44

Tengiz unga o‘qdek nigohini qadab jim qoldi. Murik aytmasa ham o‘ziga qiyin bo‘lishini yaxshi biladi. Murikni yollab, vazifa yuklaganlar uning o‘limiga achinganlari uchun emas, balki topshiriq chala bajarilgani uchun ham G’azab otiga minadilar. Ilonning dumi bosib olinsa chaqadi, deydilar. Ammo ilon ba’zan chaqolmasligi ham mumkin ekan. Lekin Murikni yollaganlar chaqmasdan qo‘yishmaydi. Kechagi «politbyuro» yig‘inida kutilajak bu holat ham nazardan chetda qolmagan edi. «Shunday qilish kerakki, ilon kimni chaqishni aniq bilmay chalg‘isin», degan to‘xtamga kelgan «politbyuro» chalg‘itish yo‘lini izlab topishni Tengizga yuklagan edi.
Kecha Murik Tursunalini ovloqqa boshlaganidayoq Tengizga xabar yetgan edi. Tengiz birinchi «suhbat» «do‘stona» bo‘lishini bilgani uchun ularning izidan odam jo‘natmadi. U uchun eng muhimi — Murikning Tursunaliga qopqon qo‘yishi. Nuriddin Tengizni yo‘qlaganida «politbyuro» aynan Murikning taqdirini hal qilayotgan edi.
Tengiz avvaliga o‘limning yaxshi usulini topganday edi. Murikka «hech kimdan gumon qilmanglar, jonimdan to‘yib o‘zimni osyapman», qabilida xat yozdirib olmoqchi edi. Hozir boshqa durustroq usul xayoliga kelib, dastlabki fikridan qaytdi.
— Murikjan, aqlli bola pichog‘ini o‘zi oladi. Sen aqllisan, a? Koshak, to‘xta, unga tegma. Sen ham pichog‘ingni ol.
— Shu itpashsha bilan olishamanmi? — dedi Koshak norozi ohangda.
— Men senga pichog‘ingni ol, dedim. Olishasan, demadim, — Tengiz Koshak uzatgan dudamani olib, cho‘ntagidan ro‘molcha chiqardi-da, yaxshilab artdi. Keyin cho‘k tushib o‘tirgan Tursunalini chaqirdi: — Hoy, laqma, bu yoqqa kel. Tirik qolishni istasang, o‘zingni himoya qil. Ma, ushla!
Tursunali pichoq emas, zaharga to‘la, chaqishga shaylanib turgan chayon uzatilayotganday seskanib ketdi. Bosh chayqab, yarim qadam tislandi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:53:53

— Men umrimda... odam o‘ldirmaganman, — dedi g‘udranib.
— Senga odam o‘ldir, demadim. O’zingni himoya qilgin, deyapman. O’ o‘lasan, yo o‘ldirasan, boshqa chorang yo‘q.
Koshak orqasiga o‘tib, yumshoq yeriga bir tepgach, Tursunali beixtiyor ravishda pichoqqa qo‘l uzatdi.
— Ha, o‘g‘il bola, shunaqa bo‘lsin. Murikjan, ana, hayoting o‘z qo‘lingda.
— Knyaz, ayt, oyoqlarimni yechishsin.
— E, yo‘q, sen professionalsan, Murik, bu esa bir laqma. Erkak bo‘lib bugun qo‘liga pichoq olyapti. Bizni qiziq tomoshadan mahrum qilma, Murikjan, — Tengiz shunday deb bir arqonning uchini o‘zi qo‘lga oldi. — Qani, Cho‘mich, burgutmisan yo itpashshamisan, boshla!
Murik Tengizga qarab oldi-da, so‘ng gangib turgan Tursunali tomon qadam tashladi. Avvaliga arqonni bo‘sh qo‘yib berdilar. Murik uch qadam yurgach, kutilmaganda sapchib, Tursunaliga tashlandi. Yaxshiki u mo‘ljalni sal noaniq oldi — o‘ljasiga ozgina yetmadi. Ammo pichoqning uchi Tursunalinig iyagini tilishga ulgurdi.
— Hoy, it! Nimaga qarab turibsan, ur! — deb baqirdi Koshak Tursunalini turtib.
O’ljasiga yetolmay yuztuban yig‘ilgan Murik Tursunali tomondan hamla kutib, tezgina o‘rnidan turdi. Tursunali esa pichoq urish o‘rniga tisarilmoqchi bo‘ldi. Ammo orqasida turgan Koshak unga yo‘l bermadi.
Shu paytgacha tomoshabin kabi chetda turgan Qo‘tos Tursunaliga yaqinlashdi:
— O’lging kelmayotgan bo‘lsa tashlan. Bu yerda ikkovingdan biring o‘lishing shart. Qo‘rqma. Odam o‘ldirish sen o‘ylaganday og‘ir ish emas. Dahshat ham emas. Sen eng yaxshi ko‘rgan odamingni ko‘z oldingga keltir, sen o‘sha yaxshi ko‘rganing uchun yashashing kerak.
Eng yaxshi ko‘rgan odami... Kim bo‘lishi mumkin? Xotinimi? Bolalarimi, yo... Nafisasimi?.. Hozir ularni o‘ylaydigan ahvolda emas edi u. Hozir o‘z jonini saqlab qolishnigina o‘ylardi. Bu bejiz emas, chunki eng yaxshi ko‘rgan odami — O’ZI edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:54:01

Murik esa Tengizning gapiga inonib, jonini saqlab qolish uchun astoydil hamla qilar edi. Oyog‘i bog‘lanmagan bo‘lganida dastlabki daqiqadayoq Tursunali naq enasini ko‘rishi aniq edi.
Gangib, dovdirashi chekingani bilan qo‘rquv hali Tursunalini tark etmagan edi. Bir necha soatdan beri o‘zini o‘ldirish fikrida yurgan odam endi o‘limdan qo‘rqayotgan edi. U qorong‘u lahaddagi guvalaga bosh qo‘yib yotishdan (ajab! Bu yerda o‘lsa lahad ham, guvala ham nasib etmaydi unga), so‘ng bo‘lajak hisob-kitobdan, keyin esa naqd qilib qo‘yilgan qabr azoblaridan, so‘ng qiyomat kunidagi ayanchli taqdiridan emas, bu aldamchi dunyo hayotini tashlab ketishdangina qo‘rqardi.
Murik navbatdagi hamlasida yiqila turib Tursunalining paxtaligini tilib yuborishga ulgurdi. Shundan so‘ng Tengiz arqonini tashlab, Tursunaliga yaqinlashdi.
— O’lging kelmayaptimi? — dedi past ovoz bilan. — Yashashni xohlaysanmi? To‘g‘ri qilasan. Kel, savdoni pishirib qo‘ya qolaylik: tarozining bir pallasiga joning, ikkinchisida yashirib kelgan boyliging turibdi. Qaysi birini tanlaysan? Faqat boyligim yo‘q, deb ming‘irlama. Bu eski ashulang jonimga tegdi. Men balki ahmaqdurman. Ammo Gobelyan ahmaq emas. Bir narsaning isini olmasa, shunchalik ovora bo‘lmaydi. Men seni qiynagim kelmayapti. Agar xohlasang oyog‘ingdan osib qo‘yishim mumkin. Murikjan esa tovoningdan bo‘g‘zinggacha tilib bir rohatlanadi. Agar xohlasa teringni shilib, tuz sepib qo‘yishi ham mumkin.
Bu gap Murikning kechagi po‘pisasini eslatib, rostdan ham terisi shilinib tuz sepilganday badani qaqshab ketdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:54:09

— Xo‘sh, qaysi biri ma’qul senga? Boylikni sen mehnat qilib topmagansan. Senga baribir buyurmaydi. Hatto bizga ham buyurmasligi mumkin. Boylik o‘zi shunaqa bo‘ladi. Birovga vafo qilmaydi. Boylik nima, bilasanmi? Nozaninga aylangan bir ajdaho. Qip-yalang‘och nozanin ko‘rinishida qo‘yningga kiradi. Vujuding rohatlanadi. Keyin esa asliga — ajdaho holiga kirib o‘t purkaydi, hammayog‘ingni kuydiradi. Sen, ahmaq esa yashirganingni hali ham nozanin deb o‘ylayapsan. Senda kalla yo‘q, u allaqachon ajdahoga aylanib bo‘lgan. Bu yerdan tirik qaytganingda ham seni nozanin quchog‘iga olmaydi. Ajdaho baribir kuydirib o‘ldiradi. Men sen ahmaqni ajdahodan qutqarmoqchiman. Qani, ayt!
Tursunali o‘g‘ridan bunaqa ma’nili gap kutmagani uchun ajablandi. Tengiz esa uning pichoq ushlagan qo‘lini mahkam changallab, tig‘ni biqiniga tiradi. «Bir siltasa, tamom, — deb o‘yladi Tursunali. — Jon ham ketadi mol ham birovlarga qoladi. Gapi to‘g‘ri bu o‘g‘rining. Hid olishgandan keyin topmasdan qo‘yishmaydi. Bunisi bo‘lmasa boshqasi izimdan iskab yuraveradi. Padariga la’nat! Otlar topib, eshaklar yeydigan zamon ekan. O’sha boylikni to‘playman, deb boshim balolarga qoldi. Endi ham tinchitishmasa aytay, balodan qutula qolay... So‘zida turmasa-chi? Ertaga shartni buzaman, deb tursa-chi? Nima bo‘lsa ham peshonamdan ko‘rdim. Aytaman...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:54:19

Shu qarorga kelib, aytdi. Tengiz diqqat bilan eshitdi. «Aldamayapsanmi, aldasang — o‘lasan!» deb po‘pisa qilmadi. Koshakka qarab bir im qoqdida, chetga chiqdi. Maqsadni anglagan Koshak jun qo‘lqopni kiydi-da, tiz cho‘kib o‘tirgan Murikdan pichoqni tortib olib, Tursunali tomon yurdi. Tursunali nima gap bo‘layotganini fahmlashga ulgurmadi. Koshak tirjayganicha unga yaqinlashdi-da, chaqqon tarzda engashib, boldiriga pichoq urdi. Tursunali «oh! deganicha qo‘lidagi pichoqni tashlab yuborib, boldirini changalladi.
— Dod dema, to‘ygacha tuzalib ketadi, — dedi Qo‘tos unga qarab kulib.
Koshak esa Tursunali tashlagan pichoqni o‘ng qo‘liga oldi-da, bu manzaradan ajablanib o‘tirgan Murikka yaqinlashib oyoqlarini kerganicha tirjayib turdi. So‘ng chap qo‘lidagi tugmali pichoqni unga uzatdi. Murik pichog‘ini qo‘liga olib o‘rnidan turaman, deganida Koshak uning bo‘g‘zini tilib yubordi. Favvora bo‘lib otilgan qon qor yuzini birpasda qizilga bo‘yadi. Koshak esa, Tengizga qarab tirjayib qo‘ygach, Murikning bo‘g‘zini kesgan pichoqni Tursunalining yoniga tashladi.
Yigitlar Murikning oyog‘idagi arqonni yechib olishgach, barchalari bir zumda g‘oyib bo‘lishdi. Tursunali bu yerda qolishi xavfli ekanini anglab, sudralganicha iziga qayta boshladi. Lekin ko‘p yurolmadi. Yugurib kelayotgan soqchilar qo‘liga tushdi.

Qayd etilgan