Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190349 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:54:44

Ikkinchi bayon: farjom

DUNYO MANZILINING OXIRI

Nafisani qarg‘adilar:
— O’ynashi bilan yotgan ekan, sharmanda! O’ldirgan odam savobga qolibdi...
Sanjarni la’natladilar:
— Suyuqoyoqqa ilakishib yurgan ekan, yigit o‘lgur. To‘rt bolasi ko‘ziga ko‘rinmabdi-da...
Bu gaplarga, xulosalarga hali fursat bor.
Hozir esa... militsiya telefoni jiringlaydi. Navbatchi leytenant qulog‘iga tutadi. So‘ng xirildoq ovozli odam «Allo, qizimni o‘ldirib ketishibdi», deydi-yu, ho‘ngrab yig‘laydi. O’zini yig‘idan to‘xtatolmagan tarzda manzilni arang ma’lum qiladi.
Jinoyatga oid qidiruv bo‘liminig inspektori kapitan Omonullo Yigitaliev tish og‘rig‘idan ezilib o‘tirganida unga ikki odamning o‘ldirilgani haqidagi xabarni yetkazdilar. «Do‘xtirga kirib kelaversam bo‘larkan», deb o‘yladi u ma’lumotlarni yozib olgach. Omonulloning ayrim harakatlariga qarab hayron qolish mumkin. Qurolli jinoyatchiga yuzma-yuz bo‘lishdan, otib tashlar yoki pichoq urar, degan xavotirdan yiroq bu odam em ignasidan qo‘rqardi. Tish tabibi-ku uning ko‘ziga Azroil kabi ko‘rinar, nazarida u tishni emas jonni sug‘urib oladiganday bo‘lardi. Ikki kundan beri jag‘ tishi zirqiraydi. Ikki kundan beri mo‘‘jiza kutadi: og‘riq o‘z-o‘zidan to‘xtar, deb umid qiladi. Bu tun og‘riq zabtiga olganda «tong otishi bilan borib shartta sug‘irtirib tashlayman», deb qasd qildi. Tong otdi. Ahdiga vafo qilib tish tabibiga bordi. Ammo uning shijoati, dadilligi tabib xonasining ostonasiga qadar yetdi. «Birpas nafasimni rostlay», deb o‘zini o‘zi aldab, oromkursiga o‘tirdi. U kabi «botir»lar hali tabibga yetib kelmagan, qabulxonada uning o‘zi tizzasi qaltiragan holda o‘tirardi. Tabib qiya ochiq eshikdan qarab-qarab qo‘yib, oxiri ostonaga keldi-da, «menga kirmoqchimisiz?» deb so‘radi. Omonullo beixtiyor ravishda bosh chayqab, «yo‘q» dedi. So‘ng ajablangan tabibga qarab «o‘rtog‘imni kutyapman», deb izoh berdi. Nazarida tabibni ko‘rishi bilan tish og‘rig‘i to‘xtaganday bo‘ldi. Tabib joyiga qaytishi bilan u o‘rnidan turdi. Xuddi tabib yana qaytib, «qani bu yoqqa yurchi», deb zo‘rlaydiganday tez-tez yurib tashqariga yo‘l oldi. Ishxonasiga yetib kelishi bilan og‘riq yana o‘z zulmini o‘tkaza boshladi. Ana shu paytda telefon jiringlab uni qotillik sodir bo‘lgan manzilga da’vat qildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:54:52

Omonullo prokuratura vakili bilan uy yo‘lagida uchrashdi. Dum-dumaloq ko‘zlari kibr bilan boquvchi, sochlari silliq taralgan, sarg‘ish qaldirg‘och mo‘ylovi o‘ziga yarashmagan bu yigitni shahar prokuraturasida dastlab ko‘rganida «ish bilan kelgan ashulachi bo‘lsa kerak», deb o‘ylagan edi. Ikkinchi marta ko‘rganida kim ekan, deb surishtirib, kimning o‘g‘li ekanini bilgach, «ishqilib shunga ro‘para bo‘lmay», deb niyat qilgan edi. O’shanda farishtalar teskari duo qilishganmi, mana, bugun unga ro‘para bo‘lib turibdi. Omonullo o‘zidan ancha yosh bo‘lgan bu yigitdan salom kutib yanglishdi. Unga yaqinlashib, o‘zini tanitdi.
— Men shahar prokuraturasidanman. Mels Abdullaevich Xo‘jaev, — dedi yigit qo‘l uzatib.
— Taniyman sizni, — dedi Omonullo iltifotsiz ohangda.
— Ishni mening nazoratimda yuritasiz, — dedi Mels unga buyruq ohangida.
Agar tishi zirqirab turmaganida ensasi qotganini yashirmay, odatiga xilof qilmagan tarzda «qulingiz bo‘layin», degan mazmunda piching toshi otishi tayin edi. Hozir bu oliftaga shu pichingni ham ravo ko‘rmay qoshini chimirib qo‘ya qoldi.
Zinadan ko‘tarilishgan sayin dimoqlariga yomon hid urilib, ko‘ngillarini behuzur qila boshladi. Omonulloga bunday hid tanish. Sasib yotgan murdalarni birinchi ko‘rishi emas. Mels Xo‘jaevning esa ko‘ngli behuzur bo‘lib cho‘ntagidan ro‘molcha chiqarib burnini berkitdi. «Bunaqa ishga endi ro‘para bo‘lishidir, — deb o‘yladi Omonullo. — Lekin bu oliftaligiga qaraganda yuzinchi marta ro‘para bo‘lsa ham burnini jiyiraveradi. Bunaqa yigitlarga do‘konda qizlarning siynabandini sotib o‘tirish yarashadi.»
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:00

Omonullo o‘z aqli, bilimi bilan o‘qib, ishda ham o‘z farosati, tajribasiga suyanib yurgani uchun «falonchining o‘Qliman yoki jiyaniman», deb tirgovichlar yordamida o‘qigan, suyanchiqlar ko‘magida ishlab, «nodir mutaxassis» sifatida amal poQonalariga ko‘tariladigan nusxalarni yoqtirmas edi. Mels Xo‘jaevni shu toifadan deb bilib, hali uning aqli farosatidan xabar topmayoq, ensasi qotdi. Bepisand tarzda «ishni mening nazoratimda yuritasiz», deyishi farosat darajasini o‘lchash uchun kifoya qildi. Iriy boshlagan murdalar yotgan xonaga kirayotib Omonullo «Ey Xudo, shu dumbulboyvachchaga ro‘para qilguncha qolgan o‘ttizta tishimni ham oQrita qolsang ming marta yaxshi edi», deb qo‘ydi.
Erkakning murdasi hammom eshigi ostonasida, ayolniki esa oshxonada yotardi. Mels Xo‘jaev erkakning murdasi ustidan hatlab oshxonaga o‘tdi-da, suratga olayotgan kishiga qarab:
— Murdalarni joyidan jildirmadingizmi? — deb so‘radi.
Bu savoldan ajablangan suratchi yelka qisib qo‘yib, Omonulloga qaradi. Uning ajablangani bejiz emas: shu sohada qirq yildan beri ishlayotgan bo‘lsa hali biron marta murdani yotgan joyidan jildirmagan, boshqalardan bu kabi tanbehnamo savolni eshitmagan ham edi. Omonullo «xo‘p deyaverasiz-da, endi» deganday ko‘z qisib qo‘ydi.
— Har bir buyumdagi barmoq izlarini olinglar. Qo‘shnilarni so‘roq qiling. Sinchiklab ishlanglar. Men o‘zimda bo‘laman, kirib o‘tarsiz.
Mels Xo‘jaev shunday deb ko‘rsatmalar bergach, tez-tez yurib chiqdi. Turli jinoiy ishlar bo‘yicha Omonullo bilan birga ish yuritadigan guruh a’zolari uning bu qilig‘idan noroziliklarini yashirmay bir-birlariga savol nazari bilan qarab qo‘ydilar. Omonullo «e’tibor bermanglar», deganday qo‘l siltab, ayol murdasi ustiga choyshab yopayotgan tibbiy ekspertga yuzlanib so‘radi:
— O’ldirilganiga uch kun bo‘lgandir?
— Ha, ikki-uch kun orasida. Ikkovi ham bir xilda pichoqlanibdi.
— Bir xilda?
— Ha, aniqroq xulosani yorib ko‘rganimizdan so‘ng aytaman. Hozir olib ketaveraylikmi?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:07

Omonulloning ruxsati bilan murdalar choyshabga o‘ralib olib chiqib ketildi. Shundan so‘ng Omonullo «depara militsiyasidanman», deb o‘zini tanishtirgan yigitdan «kim xabar qilibdi, bildingizmi?» deb so‘radi.
— Marhumaning otasi. Ichkari uyda o‘tiribdi. Alamdan kuyib ketyapti.
— Bolasi bo‘lgandan keyin kuyadi-da. Otamlatsang otamlatgin, bo‘tamlatmagin, — Omonullo shunday deb beixtiyor jag‘ini ushladi.
— Nima dedingiz, tushunmadim? — dedi yigit.
— Shunaqa maqol bor, — dedi Omonullo og‘riqdan aftini burishtirib.
— Tishingiz og‘riyaptimi? Bugun o‘zi g‘alati kun bo‘ldi. Mening boshim og‘riyapti.
— Tishim og‘riganda oldirib tashlovdim, — dedi Omonullo, yigitning izidan katta xonaga kirib.
Deraza tokchasiga tirsagini tiraganicha boshini changallab o‘tirgan Toshbolta Omonulloning ovozini eshitib, orqasiga qaradi.
— Bandalik ekan, otaxon, Xudo sizga sabr bersin,— dedi Omonullo u bilan ko‘risha turib.
Toshbolta yaqin odamidan hamdardlik so‘zlarini eshitganday avval lablari titradi, so‘ng ho‘ngrab yubordi. Omonullo uni yelkasidan quchib, «bardam bo‘ling», deb qo‘ydi.
Toshbolta ovunguniga qadar xonaga nazar tashladi: televizor ustidagi surat uning diqqatini tortdi. Go‘zal juvon yonidagi malla odamdan nari qochmoqni ixtiyor etib, o‘ng tomoniga surilmoqchiga o‘xshab o‘tiribdi. Ko‘zlariga baxtiyorlik emas, loqaydlik muhrlangan. Malla odam esa go‘zal juvonga yaqinlashish istagida boshini u tomon sal egib olgan. «Bular kim bo‘ldi? — deb o‘yladi Omonullo. — O’ldirilgan juvonmi? Yonidagisi-chi? O’lgan erkak malla emasdi, yoshroq ham edi...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:14

— Qizingizmi bu? — deb so‘radi Omonullo, Toshbolta yig‘idan to‘xtagach.
— Ha, — dedi Toshbolta xo‘rsinib.
— Yonidagi-chi?
— U... kuyov, eri...
— Eri? Qaysi? — Omonullo shunday deyishga deb, nojo‘ya savol berganini darrov fahmladi. Yaxshiki Toshbolta garangsib turgan edi. Yo‘qsa, bu savolni eshitib «nima demoqchisan? Qizimning o‘nta eri bormi?!» deb bobillab berishi tayin edi. Omonullo chalg‘imaslik uchun gapni maromiga to‘g‘riladi:
— Demak, bu kishi kuyovingiz. O’ldirilgan-chi? U kim?
— Tanimayman u buqachani! — dedi Toshbolta zarda bilan.
«Buqacha? Nega unaqa deyapti? Qizining o‘ynashimi u? Balki bu odam faqat qizining o‘limidangina emas, nomus azobidan ham ezilayotgandir? Bechora...»
Shu fikrda Toshboltaga astoydil achindi. O’lim — haq. Rizq qirqilgan ekan, iloj yo‘q. Ota bir kunmi, bir yilmi kuyar, oqibat dard sovib, taqdiriga tan berar. O’z umri shomining ham yaqinlashib qolganini fahm etib, farzandi bilan u dunyoda ko‘rishmoq orzusida yashar. Lekin «o‘ynashi bilan birga o‘ldirilibdi», degan isnod o‘ti sovumas, to joni chiqquniga qadar yurak-bag‘rini kuydirib xarob qilar.
Shunday fikrdagi Omonulloning unga rahmi kelardi.
O, g‘ofil banda! O’z qiziga o‘lim eshiklarini ochib bergan zot aynan ana shu odam ekanini bilsami edi, unga achinmas, bil’aks, nafrat o‘qlarining barini unga sochgan bo‘lardi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:25

Dunyodagi odam zotining qarichi bir-biriga mos kelmaydi. Barmoq izlarining ham o‘xshashi yo‘q. Shu kabi baxt haqidagi tushunchalar ham bir-biriga o‘xshamaydi. Agar baxt o‘lchovli narsa bo‘lsa edi, uni har kim o‘z qarichi bilan o‘lchaydi, demoq mumkin edi. Agar baxt ko‘zga ko‘ringuvchi narsa bo‘lsa edi, uni har kim o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, desak yanglishmas edik. Ayrim odamlar rangni farqlay olmaganlari kabi baxt bilan baxtsizlikning chegarasini bilmaydilar. Mashoyixlar «senga asal bo‘lib tuyulgan asli zahardir, zahar bo‘lib tuyulgani esa asaldir», deb bejiz ogoh etmaganlar.
Bani Odam faqatgina baxt yoki baxtsizlik nima ekanini farqlay olmasa, unchalik ajablanmasa ham bo‘lar, «farosatsiz, adashgan banda», deb qo‘yilar. Ammo oltmish yilga yaqin umr ko‘rgani holda nima uchun odam bo‘lib tug‘ilganini, nima uchun yashayotganini, kaltakesakdan yoki suvarakdan nimasi bilan farqlanishini fahm etmasa, qanday xulosa qilmoq mumkin? Balki bunday kimsalar yorug‘ jahonda ozdir? Oz bo‘lsa-da, shularning biri — hozirgina ho‘ngrab yig‘lab, bo‘zlayotgan ota — Toshboltadir. Balki olam aro yagonadir. Agar shunday bo‘lsa, o‘sha bittaginasi ham shuning o‘zidir.
Omonullo uning ichini qandaydir dard, qandaydir pushaymon kemirayotgandir, deb xayol qildi. Kishida dard, pushaymon bo‘lmog‘i uchun ham iymon lozimligini esa fahm etmadi.

Ilohi bandaman, bechoradurman,
Havoyi nafs ila ovoradurman.
Erurman barcha nuqsonimg‘a iqror,
Musulmon o‘g‘li qilmas ishlarim bor...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:32

Bunday demoqlik uchun, bu iqror va tavba uchun Odam bolasiga nechog‘lik iymon zarur?
Omonullo buni bilmaydi. Aniqroq aytilsa, bunday tushunchadan u ham yiroq.
Toshboltadagi iymon darajasini aniqlashga banda ojiz. Bu balki qabrga kirganda, balki qiyomatda aniq bo‘lar, vallohi a’lam...
Ayni choqda u kuyib yig‘ladi. Shu oqibatga olib keluvchi muqarrar bo‘lgan yo‘lni o‘zi tanlaganini esa o‘ylamasdi. «Hozir dard ichida shundaydir» dersiz? Balki... Ammo haqiqat shuki, dard sovuganidan so‘ng ham o‘ylamaydi buni. «Qizimga o‘zim o‘lim hukmini yozganman», demaydi.
Tursunalining osh-ovqatini pishirib yursa ham kam bo‘lmas edi. Qo‘shmachilik qilishiga balo bormidi? O’z qizining nomusini nafsi uchun qurbon qiluvchi otalarni nima uchun yer yutmaydi ekan? Bundaylarni yer bag‘riga olmoqdan hazar qilar, oqibatda bundaylardan hatto do‘zax olovi ham nafratlanar...
Toshbolta xojasining nafsi buzuqligidan foydalanib, uni qizining nomusi evaziga jilovlab olishni xayol qilgan edi. Bunga erishganday bo‘ldi ham. «Bir isqirtga xotin bo‘lib ko‘ylak-ishtonlarini yuvib yurgandan ko‘ra, direktorning o‘ynashi bo‘lib, zebu-zarga burkanib yallo qilib yashagan afzal» — Toshboltaning hayotdagi falsafasi shu bo‘ldi. Ajabki bu «falsafa» qiziga ham ma’qul keldi. Tursunalining xumor qarashlariga mast bo‘lgan qiz otasi ko‘rsatgan yo‘lga osongina kirdi.
Jilva bilan chorlagan bu yo‘lning oxirida yuragiga pichoq sanchilajagini, qarovsiz iriy boshlagan murdasini choyshabga o‘rab olib chiqib ketajaklarini o‘shanda o‘ylab ko‘ribdimi?
Endi diydiyodan ne foyda? Hukm ijro bo‘ldi — qilmishga yarasha ajr berildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:40

Omonulloga bu xonadon ahlining hayoti qorong‘u. Xonadagi horij jihozlarining ko‘rkamligiga qarab turib «yomon yashashmas ekan», degan dastlabki xulosaga keldi, xolos.
Murdalarga ko‘zi tushganida «er-xotin ekan-da», deb o‘ylagan edi. Darvoqe, unga xabar berib, bu yerga yo‘llaganlarida «erkak-xotin o‘ldirilgan», deyishgan, Omonullo esa buni «er-xotin» deb tushungan edi. Bu odam esa «Buqacha» deb turibdi. «Demak, o‘ynashmi? Unda qotil kim? Erimi?.. Xotinini birov bilan aysh qilib yotganini ko‘rib... Balki mana shu otaning o‘zidir? Qizining qilig‘idan isnodga qolib... Ular o‘ynashganmi?.. Ikkovi ham kiyimda... Hatto ayol uy kiyimida emas... Balki endi boshlashmoqchi bo‘lishganda...»
Omonullo o‘ng tomondagi eshik balki yotoqxonadir, degan fikrda o‘sha tomon yurdi. Uning maqsadini anglagan Toshbolta «Bu yer mening xonam», deb izoh berdi. Bu izohning zamirida «bu xonaga kirmaganingiz ma’qul» degan maqsad ham mavjud edi. Omonullo bu maqsadni fahmlagan bo‘lsa ham, e’tiborsiz tarzda eshikni ochib, ichkariga bir qadam qo‘ydi: deraza yonida javon. Guldor gilam xonani enlab turibdi. O’rtada uchta katta jomadon, ikkita bo‘g‘cha...
— Bular siznikimi? — deb so‘radi Omonullo ostonaga yaqinlashgan Toshboltaga o‘girilib.
— Ha... bugun yo‘ldan keldim.
— Yo‘ldan?— Omonullo ajablandi.— Qaysi yo‘ldan?
— Oshna-og‘aynilar bilan qo‘shilib, Irkutskka boruvdim.
— O’ynaganimi?
Omonullo bu yoshdagi odamlarning Sibir tomonlarga o‘ynagani bormasligini bilsa ham atay shu savolni berdi. Lekin o‘zi kutgan «Ha», degan javobni olmadi. Toshbolta jomadonlarga xavotir ko‘zi bilan boqdi-da:
— Ozgina pamadori olib bordik. Tomorqadan...— dedi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:48

— Tomorqadan? Tomorqa... shu uydami?
— Bu uyda tomorqa nima qiladi? Men bu yerda muqim turmayman. Asli cho‘lda yashayman. Bu buyumlar meniki emas. Sheriklarimniki. Ichida nimalar borligini ham bilmayman.
— Sheriklaringiz kim edi?
Toshboltaning rostdan ham sheriklari bor edi, ularni nomma-nom aytdi. Omonullo yon daftar chiqarib yozib oldi. Yoza turib «ishiga pishiq bu odam. Qizi o‘lib yotgan bo‘lsa ham, jomadonlarini olib kirib joylashga o‘zida kuch topibdi. Qoyilman... Balki boshqa narsalarni ham joylab tashlagandir?..» — deb o‘yladi.
— Sheriklaringiz uygacha birga kirishdimi?
— Yo‘q, ular shahar aylangani ketishuvdi.
— Demak, biror soatlardan keyin kelib qolishadimi?
— Kim biladi? Balki kelishmas, qishloqqa jo‘navorishar.
— Buyumlari-chi?
— Buyumlari tursa turaveradi, sasib ketarmidi?
— Poezdda keldinglarmi yoki samolyotdami?
— Samolyotda bosh aylanadi, ham qimmat. Bizlarga poezd durust.
— Biletni tashlab yubormagandirsiz?
— Biz qishloqi odam, bilet-miletni bilmaymiz. Paravodnik bilan kelishib kelaverganmiz. Ketishda ham shunaqa bo‘lgan.
— Pravodnikning otini bilasizmi? Nechanchi vagon?
— Nima, mendan gumon qilyapsizmi? O’z qizimni-ya?!
— Kimdan gumon qilishimni o‘zimga qo‘yib bering. Eshikni birinchi bo‘lib siz ochib kirgansiz, xabarni ham siz bergansiz. Mening odatim shunaqa, ishni shu birinchidan boshlayman. Qaysi vagonda kelgansiz?
— Yettinchi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:55:58

— Kuyovingiz qaerda?
— Kuyovim... ishda bo‘lsa kerak?
— Ishda? Bular o‘ldirilganiga uch kun bo‘lgan. Kuyovingiz uch kundan beri ishdami? Kasbi nima kuyovingizning?
— Kuyovim olim. Yoz paytlari bir kun uyda bo‘lsa o‘n kun tog‘da yuradi.
— Geologmi?
— Unisini bilmadim. Lekigin to‘g‘ri Maskovning o‘zi bilan gaplashadigan bola. Tagida vertoleti bor.
— Farzandlari... yo‘qmi?
— Yo‘q...
— Turmush qurishganiga qancha bo‘ldi?
— Ikki-uch yil bo‘ldi... Qizim uning ikkinchi xotini. Avvalgisidan ajralib, ancha vaqt xotinsiz yurgan ekan.
Omonullo katta xonaga, undan dahlizga qaytdi. Oshxonaga qaradi. Hamma yoq sarishta. Yaqin orada birov bunda choy ham ichmagan. Omonullo chap tomondagi eshikni ochdi. Yotoqxona ham sarishta. O’rin usti hatto g‘ijimlanmagan. Omonullo oshxonadagi ekspertni yoniga chaqirdi:
— O’rin ustini, piyolalarni tekshirish esdan chiqmasin. Eshik qulfini ham ko‘rish kerak. Begona kalit tushgan-tushmaganini menga aniqlab berasiz.
Ekspert «xo‘p» deb iziga qaytgach, Omonullo yana Toshboltaga yuzlandi:
— Uyga kirib hech narsaga tegmadingizmi?
— Nimaga tegaman? O’zim bu ahvolda... — dedi Toshbolta yig‘lamsirab. — Uka, shu yoshga kirib bir ro‘shnolik ko‘rmagan odamman. Mening boshimga tushganlar itning boshiga tushmasin. Shu yoshga yetganimda menga ilmang bu qotillikni.

Qayd etilgan