Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190240 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:56:06

Omonullo bu gapdan achchiqlandi.
— Kim sizga ilyapti?— dedi ovozini balandlatib.
— Hozir-ku ilmassiz... keyin jinoyatchini topolmasangiz men siz uchun tappa-tayyor go‘shtman. Bilaman, hali mening hayotimni ham kavlashtirasiz. Qamalib chiqqanimni bilganingizdan keyin osongina menga ilib qo‘ya qolsiz. Xudodan qo‘rqing, uka, bunday qilmang.
«Nima qilay: so‘kib beraymi yo tushuntiraymi?» deb o‘yladi Omonullo. Keyin so‘kish ham, tushuntirish ham foydasiz, degan to‘xtamga kelib, xuddi hech qanday tuhmatni eshitmaganday so‘roqni kelgan joyidan bir maromda davom ettirdi:
— Uyga kirganingizda yozug‘liq dasturxonni ko‘rgandirsiz. Yoki piyolalar yuvuqsiz bo‘lgandir. Shularni yig‘ishtirmadingizmi?
— Hech narsaga tegmadim, faqat tilpon qildim, — dedi Toshbolta zardali ovozda.
— Leytenant! — Omonullo shunday deb dahlizda turgan yigitni chaqirdi. Depara vakili chaqiriqqa mahtal turganday shu zahotiyoq ostonada paydo bo‘ldi: — Murdalarning shaxsi aniqlandimi?
— Bittasi aniq: Nafisa Boltaeva. 1959 yilda tug‘ilgan. «Umid» kooperativida hisobchi bo‘lib ishlaydi. Yigitning cho‘ntagidan faqat shu guvohnoma chiqdi, birga ishlashar ekan.
Leytenant shunday deb ko‘k muqovali guvohnomani uzatdi. Omonullo guvohnomadagi suratda boqib turgan chehraga qarab «ko‘rkam yigit ekan, o‘ynash bo‘lishga arziydi», deb qo‘ydi. So‘ng yozuvlarni ovoz chiqarib o‘qidi: — «Faoliyati cheklangan «Umid» kooperativi. Sanjar Ibrohimov, Bosh direktor o‘rinbosari...» Tanirmidingiz bu odamni?
— Yo‘q,— deb javob qildi Toshbolta to‘nglik bilan.
— Leytenant, kooperativga borib xabar qiling. Marhumlarning shaxsini aniqlab, natijasini oqshomda menga yetkazasiz.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:56:24

Leytenant itoat bilan chiqqach, Omonullo Toshboltadan kuyovi ishlaydigan joyning telefonini so‘radi. Toshbolta avvaliga yelka qisdi, so‘ng qizil muqovali daftarni varaqlab «O» harfli sahifani ochdi-da, yuqoriga katta-katta qilib yozilgan raqamlarga barmog‘ini bigiz qilib ko‘rsatdi:
— Shu bo‘lishi kerak. Lekin o‘zi tilponda o‘tirmaydi, chaqirib berishadi. Qizim shunaqa deganday bo‘luvdi.
Omonullo cho‘ntagidan olgan ro‘molchasi bilan go‘shakni ushlab ko‘tardi-da, daftarchadagi raqamni terdi. Dam o‘tmay «Eshitaman, gapiring», degan ayol ovozi keldi.
— Menga Samandar Ochilov kerak, — dedi Omonullo.
— Kim so‘rayapti, nima ishingiz bor?
«Olim odam ishlaydigan joyda ham shunaqa qo‘pol gaplashishadimi?»
Shunday deb o‘ylagan Omonullo savolga keskinroq javob qildi:
— Men militsiyadanman. Nima ishim borligini o‘ziga aytaman.
— Ochilov safarda.
— Qaerda, qachon ketgan?
Ayol darrov javob qaytarmadi. Omonulloning nazarida u kim bilandir gaplashib olganday bo‘ldi.
— Iltimos, o‘zingizni tanitsangiz, — dedi ayol bir daqiqalik sukutdan so‘ng.
Omonullo kimligini aytgach, yana bir necha nafas jimlik hukm surdi. So‘ng go‘shakdan erkak ovozi eshitildi:
— O’rtoq kapitan, zarur gapingiz bo‘lsa, kelib gaplashing. Telefonda aytib bo‘lmaydigan ma’lumotlar ham bo‘ladi, o‘zingiz bilasiz.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:56:34

Erkak shunday deb manzilni qisqa tarzda tushuntirgach, xayr-ma’zurni nasiya qilib aloqani uzdi.
Omonullo ularning gap ohangidan «to‘g‘ri Maskov bilan gaplashadigan bola»ning ishi Davlat siri majmuasiga aloqador ekanini fahmladi. «Tagida vertolyoti» bor odamni topib gaplashish oson bo‘lmasligini ham angladi.
— Qizingizning, turmushi yaxshimidi? Eridan hech nolimasmidi? — deb so‘radi Omonullo go‘shakni joyiga qo‘ygach.
— Nimaga noliydi? Uyi bor, usti but, qorni to‘q...
— Farzand-chi?
— Farzandmi?.. Kuyovning ishlariga halaqit berar ekan. Bu ishlari ham to‘g‘ri: itvachchalarni ko‘paytirishning nima keragi bor?
Omonullo bu gapni eshitgach, etlari jimirlashib ketdi. «Bu asli odammi yo molmi? — deb o‘yladi unga tikilib qarab. — Mol ham nasl qolirishga o‘zida tabiiy ehtiyoj sezadi. O’ziga nabira bo‘lishi mumkin go‘dakni «itvachcha» deyishi... Yo «shu kuyovdan tug‘ilgan bola «itvachcha» bo‘ladi», demoqchimi? Kuyovni yoqtirmaydimi?»
— Qizingiz yosh, chiroyli ekan, — dedi Omonullo undan ko‘z uzmagan holda. — Kuyovingiz rashk qilmasmidi?
— Bilmadim... Qizim siz o‘ylagandek chakki yurmagan.
— Men o‘ylagan? — Omonulloning tishi zirqirab, jag‘ini ushladi. — Men hali bunaqa o‘yga kelmadim.
— Savollaringiz g‘alati-ku? Surishtirishingiz ham... Qizimning chiroyli bo‘lgani bilan nima ishingiz bor?
— Bilib qo‘ying, — dedi Omonullo unga qo‘lini bigiz qilib, — qizingizga aloqador gap — kattami, maydami farqi yo‘q — ishimiz bo‘ladi. Sizning ishingiz esa, mening savollarimga to‘g‘ri javob qaytarish, menga tanbeh berish emas. Tushundingizmi? Avval qamalgan bo‘lsangiz bunaqa gaplarni yaxshi bilishingiz kerak. Ana endi ayting: kuyovingiz bilan qizingiz qaerda, qay tarzda tanishishgan?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:56:42

— Bilmayman. Qizimni qaerdadir ko‘rib yoqtirib qolgan ekan. Sovchi qo‘ydi. O’rtada nozik odam turgan edi, xo‘p, dedik.
— Sovchi kim edi?
— Sovchimi?... U hozir yo‘q.
— O’lganmi?
— Nega o‘larkan? Qamoqda u. Sovxozimizning direktori edi, tuhmat bilan ketdi.
Omonullo Tursunalining ismi-nasabini yozib olish chog‘ida ko‘z qiri bilan Toshboltaga qarab unda yengil sarosima sezdi. «Harholda bularning nikohida bir sir bor, — deb o‘yladi u. — Yosh, go‘zal qizning bunaqa taviyaga ikkinchi xotin bo‘lib tegishi qiziq...»
Omonullo Tursunalini surishtira boshlaganida Toshboltaning ovozida hadik sezildi, barmoqlari esa yengil titradi. «Hali bu «bechora ota» bilan ko‘p otamlashamiz, bugunga shu ham yetar», degan fikrda daftarchasini yopib cho‘ntagiga soldi-da, «Endi bardam bo‘laverasiz, Xudo sizga sabr bersin», deb yana bir marta ta’ziya bildirdi. So‘ng doktiloskopistning ishini birpas kuzatgan bo‘lib, tashqariga chiqdi. Zina panjarasiga suyanib pichirlashib turgan uch ayol bilan qaytadan salomlashdi.
Omonullo «xotinlar bor joyda bizga ham, sudga ham hojat yo‘q», deb hazillashardi. Bu hazil bejiz emas. Jinoyat yuz bergan yerda kim birinchi paydo bo‘ladi? Militsiyami yoki xotinlarmi? Militsiya jinoyatchini haftalab yoki oylab qidirib topadi. Sud ishni haftalab o‘rganadi. Xotinlar esa bu yumushlarni bir necha daqiqada, nari borsa bir soatda og‘izlari bilan boplab bajarib qo‘yishadi. Hamisha qosh-qovoqqa qarab yashovchi ma’suma ayol ham bunaqa paytda «siz aralashmang!» deb erini uyiga kiritib yuboradi. O’zi esa norasmiy sud hay’ati a’zosi sifatida faoliyatini boshlaydi. Bu safar ham yozilmagan qoida amal qilgan, guvoh sifatida faqat xotinlar to‘planishgan edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:56:51

Omonullo ostonada paydo bo‘lishi bilan ko‘rinishi King Kongning uzoq qarindoshlarini eslatuvchi xotin ovozini sal balandlatib «Otish kerak, — dedi. So‘ng qanday otish lozimligini ham aniqlab berdi: — Stadionga yuz ming odamni to‘plab, peshonasidan otish kerak. Televizorga ham olib berish kerak».
Omonullo suhbatni ana shu og‘zi botir xotin bilan boshladi:
— Qaysi xonadonda yashaysiz, opa? — deb so‘radi u cho‘ntagidan daftarcha chiqarib.
— Mening uyim bu yerda emas, magazinning tepasidagi do‘mda turaman, — dedi ayol.
— O’lganlarni tanirmidingiz?
— Yo‘q-a, men nonga chiquvdim. Xotinlar gapirayotgan ekan, kelaverdim-da.
— O’ldirgan odamni ko‘rdingizmi?
— Voy, nega men ko‘rar ekanman?
— Kimni peshonasidan otmoqchisiz?
— O’sha o‘ldirgan odamni-da.
— Kim u?
— Bilmayman.
— Non oldingizmi?
— Non? Nimagaydi?
— Eringiz nonsiz och o‘tiribdi. Boraqoling.
— Voy, savil, meni tergaydigan ham, och o‘tiradigan ham erim yo‘q, Xudoga shukr. Haydamasangiz ham ketaman. Sassig‘ini hidlab turishga ko‘zim uchayotgani yo‘q! — Shunday deb ming‘irlaganicha zinadan pastga tusha boshladi.
— Biz bilganlarimizni yordamchingizga aytdik, — dedi ayollardan biri.
— Biz guvoh ekanmiz, ismlarimizni ham yozib oldilar, — dedi ikkinchisi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:04

— Nimalarni bilasiz? Nimalarni aytdingiz?
Ularning bilganlari: Nafisa qo‘ni-qo‘shnilarga uncha aralashmaydigan «yovvoyiroqmi» yoki «kibrli- mi» ayol. Ishga borish-kelishida yo‘lakda yoki ko‘chada ko‘rishsa ko‘rishardi, bo‘lmasa yo‘q. Bozor-o‘char qilganini, qo‘llari tolib sabzi-piyoz ko‘tarib kelganini yoki do‘kondan non olganini birov ko‘rmagan. Er-xotinning urishganlari u yoqda tursin, gap talashishganini ham eshitishmagan. Faqat ikki oymi, uch oymi avval bitta xotin kelib janjal qilganday bo‘libdi. Mana shu so‘nggi xabarda, Omonulloning nazarida, jon borday sezildi.
— Qanaqa xotin edi? — deb aniqlamoqchi bo‘ldi.
— Biz tengi, o‘rta yosh,— dedi Omonulloga yaqin turgan ayol. So‘ng «chiroylikkina» deb alohida izoh berdi.
— Kimligini bilmaysizmi?
— Yo‘-o‘q, tanimaymiz u xotinni. O’sha kuni men qizimni kuzatgani chiquvdim. Shu yerda ro‘para bo‘lib qoldim. Yonida bir erkak ham bor edi. Erkagini sal tanidim. Oldingi eri bilan kelib turardi.
Keyingi gap Omonullo uchun kutilmagan bo‘ldi:
— Oldingi eri? — deb har ikki ayolga bir-bir qarab oldi. — Samandar Ochilov ikkinchi erimi?
— Oldingisini erimas, devdingiz? — dedi gapga qo‘shilmay turgan ayol.
— Bir pas jim turing, endi, — deb jerkidi Omonullo bilan gaplashayotgani. — O’lgan odamlar haqida yomon so‘z aytilsa gunoh bo‘larkan. Erimi yo boshqasimi, kimligini ukamning o‘zlari ajratib oladilar. Bu uyni olishganiga ancha bo‘lgan. Avval muqim yashashmas edi. Birinchi eri bilan kelib-ketib yurishardi. Bir marta suv toshirib yuborib, pastdagilarning rasvosini chiqarishgan. Birinchi eri mard ekan, chiroyli qilib tuzatib berdi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:10

— Birinchi erining otini bilmaysizmi?
— Kim so‘rabdi, deysiz. Ikkinchisi bilan muqim yashayotgani uchun sal-pal taniymiz. Lekin bu ikkinchi erining ham yo‘q bo‘lib ketadigan odati bor.
— Janjal qilgan xotinni kundoshi devdingiz, a? — deb gapga qo‘shildi nariroqda turgan ayol.
— Unaqa demaganman.
— Voy, devdingiz-ku...
— Demadim, o‘xshatuvdim. Nafisaning anavi baqiroq otasi gapirib qoldi-da, «Bu yerda ering yo‘q, ering Sibirda», dedi. Qizimni kuzatib kelayotsam yana shu xotinga ro‘para bo‘ldim. «Men tilanchi emasman!» deb eshikni qarsillatib yopdi. Yuragim chiqib ketay dedi.
— Sherigi-chi? — deb so‘radi Omonullo.
— Qaysi sherigi? Ha, anavi erkakmi? Uni ko‘chada ko‘rdim. U uyga kirmagan shekilli.
— Keyingi bir haftami, o‘n kundami notanish odamlar kelib-ketishmadimi?
— Buni biz bilmaymiz, oposi. Bizning gap poylaydigan odatimiz ham, vaqtimiz ham yo‘q. Bu do‘mga, ro‘paradagi do‘mga kim kelib-ketayotganini bilsa, Abduqayum biladi.
— Kim u?
— Tepadagi qavatda bitta bola bor. Belidan pasti ishlamaydi. Uzzu-kun aravachasida o‘tirib olib, ko‘chaga qaragani qaragan. Bir xil paytda suratga ham oladi.
— Samandar Ochilovni oxirgi marta qachon ko‘rdingiz? O’n kun bo‘ldimi yo yigirma kunmi?
— Voy, nega o‘n kun bo‘larkan? Uch kun yoki... ikki kun bo‘ldi. Yo‘lakdan chiqaverishda ro‘para kelib qoldim. Salom bersam alik olmadi. Men ranjimadim. Shunaqa telba-teskari odati bor odam-da u. Bir hil paytda o‘zi salom beradi, bir xil paytda xo‘mrayib o‘tib ketadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:18

— O’sha kuni Nafisanimi yo o‘ldirilgan yigitnimi ko‘rmadingizmi?
— Yo‘-o‘q ko‘rmadim...
Narida turgan ayolning yerga qaraganini sezgan Omonullo undan alohida so‘radi:
— Siz ham ko‘rmadingizmi?
Ayol unga qaramagan holda past ovozda «yo‘q», deb qo‘ydi. Undagi o‘zgarish Omonulloning diqqatidan chetda qolmadi. «Vaqti kelganda oydinlashtiraman», degan maqsadda sir boy bermadi.
Uning sezgisi aldamagan edi: ayol uch kun oldin Nafisani bu yigit bilan ko‘rgan, «juvon o‘lgur eri yo‘g‘ida o‘ynashini boshlab keldi», deb sirdosh qo‘shnisiga aytgandi. Hamma gapni aytaverib keyin balolarga qolmaslik uchun ikkovi ham jim qolishni ma’qul ko‘rishdi.
— O’ldirgan odamni topsangiz otiladimi? — deb so‘radi Omonulloning savollariga javob berayotgan gapdon ayol.
— Siz otilsin, desangiz, otildai.
— Voy, menga nima, battar bo‘lmaydimi! Endi ketaveraylikmi?
— Yana ozgina turing, iltimos. Ekspertlarning ishi chiqib qolishi mumkin.
Omonullo shunday deb ayollar aytgan bola bilan uchrashish niyatida yuqoriga ko‘tarildi. Eshik qo‘nQiroQi tugmasini bosishga ulgurmay ichkaridan:
— Kiravering, eshik ochiq, — degan ingichka, ammo jarangli ovoz eshitildi.
Omonullo bu taklifga binoan eshikni ochib, ostona hatlashi bilan o‘sha ovoz «poyabzalni yechish lozimligini» eslatdi. Bir necha nafaslik sukutdan so‘ng esa, «Endi to‘g‘ridagi xonaga kiravering», deb taklif etdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:24

To‘g‘ridagi xona eshigi lang ochiq edi. Omonullo ostona hatlay turib beixiyor o‘ng tomonga qaradi: enli deraza yonidagi kichkina karavotda boshi katta odamlarniki kabi, bo‘ynidan boshlab to oyog‘ining barmoqlarigacha to‘rt yashar go‘dakni eslatuvchi, bola desa bolamas, yigit desa yigit deyish mushkul bo‘lgan, qo‘llariyu yelkalari chandib bog‘langan bir odam yostig‘iga suyanib, chordona qurib o‘tirardi. U salom bergach, ko‘z ishorasi bilan stulni ko‘rsatib «Marhamat, o‘tiring», deb iltifot qildi. So‘ng:
— Abduqayum Mahkam, — deb o‘zini tanitdi. — Uzr, siz bilan qo‘l berib ko‘risholmadim. Falokatni qarang, suyaklarim sal ezilibdi. Chiqib kelayotganingizni oyoq tovushlaridan bildim. Xudo menga gavda bermagani bilan quloq bergan. — U shunday deb kuldi. Uning kulgisi beg‘ubor, ko‘z boqishlarida esa mas’udlik bor edi. Qorachadan kelgan bu yigitchaning yuzlarida Omonulloni ajablantirgan bir nur zohir edi. «Ajablantirgan» deyilishining boisi — bu nur «iymon nuri» deyilarki, bu marhamatga, bu ajrga qanday amallar evaziga yetishmoq mumkinligini Omonullo hali bilmas edi. Shu bois ham «bunaqa ahvoldagi odam ham baxtiyor bo‘luvi mumkinmi?» degan fikr xayolini bir yoritib o‘tdi.
— O’tgan kuni fotoapparatni sozlayman, deb yiqilib tushdim. Falokatni qarang-a!
Omonullo deraza tokchasidagi teleob’ektivli foto-apparatga nazar tashlab qo‘ydi. Buni sezgan Abduqayum:
— Bu mening ovunchog‘im, — deb izoh berdi. So‘ng mehmondan nigohini uzmagan tarzda: — kelishingizni bilardim, — dedi.
— Qiziq... qanday bila qoldingiz? Folbinlik ham qo‘ldan keladimi?
— Yo‘-o‘q, — Abduqayum yana kuldi. — Bunaqa gunoh ishlardan Xudo asrasin. Diqqat qiling-a, atrofimizda sodir bo‘layotgan yoki endi bo‘luvchi har bir voqea bir-biri bilan mantiqan bog‘langan. Biz faqat bunga e’tiborsiz yuramiz. Mantiqan bog‘lanuvchi voqeani biz ko‘pincha tasodif deb bilamiz. Sizning bu uyga kirishingiz tasodifmi yoki mantiqan bog‘langan voqealar zanjirining bir halqasimi? Yoki: siz tekshirayotgan qotillik tasodifmi yoki bir umrning mantiqiy yakunimi? Siz bilan men uchun bu fojia kutilmagan tuyuladi. Aslida-chi? Olloh hamma narsani mantiq iplari bilan bog‘lab tashlagan.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 06:57:32

Omonullo bu gaplarni eshitib lol qoldi. «Gavdaning o‘rniga quloq bergan, deydi. Quloq emas, aql bergan ekan-ku», deb o‘ylab, uning gaplarini jimgina tinglayverdi. Abduqayum esa jiddiylashib borayotganini anglab, shirin jilmaydi:
— Mana, qarang, ajal tig‘i ikki kishini o‘t o‘rganday oldi-ketdi. Kasallik bilan jon berishsa birovning, ayniqsa, sizning ishingiz bo‘lmas edi. Ular o‘ldirilibdi. Aslida ularning rizqi tugagan. Olloh ularning jonini alohida, alohida, biron xastalik bilan olinishini ixtiyor etishi mumkin edi. Yo‘q, Yaratganning xohishi aynan shu bo‘ldi. Balki ular shunga yarasha gunoh qilgandirlar. Balki Robbimiz ularning bu holatini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lgandir. Buni bilmaymiz. Bilganimiz — zulm sodir bo‘ldi. Zulm bo‘lgach, militsiya keladi. Militsiya kelgach, albatta, qo‘shnilar bilan gaplashadi. Qo‘shnilar kim? Albatta, hamma narsadan xabardor bo‘lishni istaydigan mening mehribon opoqilarim. Ular esa, bilgan-bilmaganlarni qalashtirib aytib tashlashgach, oxirida mening ismimni tilga olishadi. «Bilsa shu bola biladi», deyishadi. Opoqilarim tushmagurlar meni ko‘chani kuzatishdan boshqa tashvishi yo‘q, deb o‘ylashadi. Bozor-pozorga tushib chiqishgandan so‘ng «Biznikiga hech kim kelmadimi?» deb so‘raydigan odatlari bor. Militsiyaga ham menga o‘xshagan odam kerak. To‘g‘rimi? Ana endi siz «uch kun oldin begona odam ko‘rinmadimi?» deb so‘raysiz.
Omonullo «Hozirgi yoshlar urdi-surdi kinolarni ko‘raverib, kitoblarni o‘qiyverib, hammalari izquvar bo‘lib ketishgan», deb o‘ylab, jilmayib qo‘ydi.
— Ha, so‘ramaysizmi? — dedi Abduqayum uning jim turganidan ajablanib.
— So‘ramasam-chi? — dedi Omonullo kulimsiragan holda.
— Unda mantiq zanjiri uziladi: so‘ramasangiz bu uyga kirmas edingiz. Siz mening qoshu ko‘zimni ko‘rgani kirmagansiz, to‘g‘rimi?

Qayd etilgan