Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190483 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:29

— Xotinining o‘lganini xabar qilish kerakdir? Murdani ko‘mish kerakdir? — dedi Omonullo bir oz achchiqlanib.
— Xotinining hech kimi yo‘q ekanmi? — deb so‘radi tepakal pinagini buzmay.
— Otasi bor.
— Xotirjam bo‘ling, otasi ko‘maveradi. Eri ko‘mishi shart emas.
Tepakal «gap tamom, sizga ruxsat», deganday guvohnomani uzatdi. Omonullo bu yerdagilarning oddiy qorovul emasliklarini tushunib yetgan bo‘lsa-da, tepakalning podpolkovnik unvonida ekanidan bexabar edi. Shunga qaramay uning qo‘rsligiga javob bermadi. O’rnidan turib xayrlashmoqchi bo‘lganida tepakal o‘tirgan yeridan qo‘zg‘olmagan holda qo‘l uzatdi:
— Shashtingizga qaraganda Ochilovga boshqa ko‘z bilan qaramoqchiga o‘xshaysiz, — dedi u. — Sizga maslahatim: Ochilovni tinch qo‘ying. Unga tishingiz o‘tmaydi.
— Qonun oldida hamma teng, — dedi Omonullo bu safar qat’iyroq ohangda.
— Siz o‘qigan kitobda shunaqa yozilganmi? Hayotda esa, azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi?
...Tish og‘rig‘idan qutulib, fikri tiniqlashgach, o‘sha uchrashuvni, o‘sha tepakalning keyingi gaplarini eslab o‘yga toldi: «Nima demoqchi? Qotil Ochilov bo‘lgan taqdirda ham qo‘lingdan hech nima kelmaydi», demoqchimi? Shunchalar zirhi qalinmi bu idoraning? Xo‘p kunlarga qoldim-da! Jinoyat ildizini topib, «banditizm» desam, «Bunaqa gap yo‘q, partiya s’ezdida SSSRda banditizmga barham berilgan» deyilgan», deb garang qilishadi. Mana, jinoyatchini ushladim, desam, «to‘xta, qamamay tur, kommunist ekan, avval partiyadan o‘chirib olishsin», deydi. Boshqasini «deputat ekan», deydi. Endi bunisiga nima deyisharkin?..»
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:36

Yaxshi hamki Abduqayum novvotrang «Volga»ning raqamlarini eslab qolgan ekan. Harbiy prokuratura orqali mashina haydovchisi ham, polkovnik ham topilib, so‘ralgach, Omonullodagi gumon haqiqat sari yanada yaqinlashdi. Ayniqsa, Ochilovning o‘ng qo‘lini «shisha kesib ketgani», uchoqda esa chap qo‘lini bog‘lab olgani uning ahvolini ayon etganday edi. Uning nazarida Ochilovni hibsga olish uchun shu dalilning o‘ziyoq kifoya edi. Ayni damda uni boshqa narsalar o‘ylantirardi. Sanjar Ibrohimovning qismati oilasiga ma’lum etilgach, ular uchun go‘yo qiyomat boshlanganday bo‘ldi. Yaqinlari «jasadni beringlar», deb o‘likxonani qamal qilib olish darajasiga yetdilar. Nafisaning murdasi esa yana ikki kun o‘likxonada qolib ketibdi.
Kooperativ boshlig‘i Omonullo yuborgan vakilga «Ikkovi ham suyuqoyoq edi, endi haydamoqchiydim» debdi. Sanjar Ibrohimovning ukasi esa, Omonullo bilan suhbatda «Bizning urug‘da haromga yuradigan odam yo‘q. Akam haromdan hazar qilar edilar», deb gapni kalta qildi. Ibrohimovning xotini esa o‘tinch bilan «adasidan bunday gumon qilmang», deb ko‘z yoshi to‘kdi. Ularning bu zorli gaplari marhum xotirasini himoya qilish uchungina aytilmayotganini Omonullo sezdi. Bu gaplarga ishondi. Ammo «Eri safarda bo‘lgan chiroyli yosh juvon bilan uning uyiga nima uchun keldi?» degan savolga javob topa olmagani uchun, marhumning ruhi chirqirasa ham, shu gumondan uzoqlashmaslikka majbur edi. Erkakning haromdan hazar qilib yurishi a’lo hol, biroq... o‘rtada shaytoni la’in ham bor-da...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:44

Marhumlar xizmat qilgan kooperativning boshlig‘i g‘oyatda tez gapirganidan o‘zining ham nafasi qaytib ketuvchi, chaqchaygan ko‘zlaridan makkorlik nuri sachrab turuvchi odam ekan. Omonullo «Odamning tili aldagani bilan ko‘z qarashi alday olmaydi, men har qanday odamning ko‘ziga bir qarashdayoq kimligini aytib bera olaman», deb maqtanishni yaxshi ko‘rardi. Qaynatma sho‘rvaning ko‘pigi bo‘lgani kabi, bu maqtanishning chegaradan chiqqan yeri ham bor edi. Ammo Omonullo yuzdan yetmish holda adashmas edi, deyilsa haqiqatdan chetga chiqilmas. O’sha yuzdan yetmish holatning biri kooperativ boshlig‘ini ko‘rganida amal qildi. Shu bois ham «Siz marhumlarni yaxshi bilarmidingiz?» — deb so‘ramay, gapni aylantirdi.
— Kooperativda ishlar qalay, gullab-yashnayaptimi? — deb so‘rab, boshliqqa tikildi.
— Ha, endi, qimirlab turibmiz. Hukumatga rahmat, hamma sharoitlar bor.
— Gapingiz to‘g‘ri. Sharoit zo‘r. Xohlagan qing‘irliklarga shart-sharoit mixday yaratilgan, buni biz bilamiz, — Omonullo «biz» degan so‘zni alohida urg‘u bilan talaffuz etdi. Bu alohida ohang boshliqning miyasiga to‘qmoqdek urilib, bir seskandi. Lekin o‘zini go‘llikka solib, xi-xilab kuldi:
— Ie, hali shunaqalar ham bormi? Qing‘irlikdan Xudo asrasin. Hukumat shuncha sharoit yaratib berganiga shukr qilib to‘g‘ri ishlaganga nima yetsin!
— Gaplaringiz zo‘r... ammo sizda ham ozgina bor ekan, deb eshitdik.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:00:52

Boshliq «buning gapi chinmi?» — degan fikrda kipriklarini pirpiratib, Omonulloga bir zum tikildi. So‘ng yana quvlik ko‘chasiga o‘tib, jilmaydi. Jilmayganda lablarining sal titraganini Omonulloning ziyrak nigohi ilg‘adi.
— Hazilingiz bor bo‘lsin. Biz «Xudo halolidan bersin», deb yurgan bandamiz, akaxon.
— Shunaqami? Ibrohimov bilan Boltaeva bu qing‘irliklarni ochamiz, deb yurishgan ekan-ku?
Omonulloning bu tagdor gapi soyasida «Ular sirni ochmoqchi bo‘lganlari uchun o‘ldirilganlar», degan ma’no bor edi. Ana shu ma’no o‘q kabi miyasiga sanchilib, butun tanasini zirqiratgan holda tovonidan teshib chiqqanday bo‘ldi. Endi yuzidagi quvlik jilma-yishi ham yo‘qoldi. Bir oz o‘ylandi-da:
— Kim shunday degan bo‘lsa, o‘lgan odamning go‘shtini yebdi, — dedi.
— O’lgan odamning go‘shti? Gapingizga tushunmadim? — dedi Omonullo ajablanib.
— g‘iybat bilan tuhmat — o‘lgan odam go‘shtini yeyish bilan barobar ekan.
— Shundaymi? Unda siz nima uchun bu go‘shtni yedingiz?
— Men-a? Astag‘firulloh! Nega bunday deyapsiz?
— «Bular suyuqoyoq edi, haydab yubormoqchiydim» degan kim, siz emasmi?
— Men shunday debmanmi?
— Xotirangiz yaxshi emasmi? Siz chet elning kinolarini ko‘rmaganmisiz? — Omonullo savolni berishga berdi-yu, javob kutmadi: — Tugmachaga joylashtirilgan magnitofonlari bor... Bizda shunaqasi yo‘q deb o‘ylaysizmi?
— Degan bo‘lsam degandirman. Achomlashib yotishganda o‘ldirib ketganidan keyin yana nima deyishim mumkin?
— Kim sizga «achomlashib yotishgan» dedi?
— Hammaning og‘zida shu gap. O’zim ko‘rmadim. Eshitganimni aytyapman.
— Siz shu odamlarning rahbari edingiz. Nega anig‘ini so‘rab-surishtirmadingiz?
— Menga buning nima qizig‘i bor?
— Siz ularning suyuqoyoq ekanliklarini isbotlay olasizmi?
— O’rtoq tergovchi, men sizning bunday savollaringizga javob bermayman. Meni go‘l deb o‘ylamang. Men ham yurfakni bitirganman. Uncha-buncha narsaga aqlim yetadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:01

— Shundaymi? — Omonullo kinoya aralash jilmaydi. — Unda o‘rtoq hamkasb, siz ba’zi darslarga kirmay qochib yurgan ekansiz. Siz kirmagan darslarning birida «tergovchi ishga aloqador har qanday savolni so‘rashga haqli», — deb ta’lim berilgan.
— Hozirgi savolingiz ishga aloqadormi?
— Bo‘lmasam-chi? Men ularning munosabatlarini bilishim kerakmi? Uyga nima uchun borishgan? Balki kooperativdagi qing‘ir ishlarni yozish uchun borishgandir? Jahlingiz chiqmasin, bu shunchaki gumon xolos. Biz siz bilan yana uchrashamiz. Istasangiz advokat yollang. Advokat ishtirokida gaplashing, bu sizning huquqingiz.
Omonullo shunday deb iziga qaytdi. Aslida «Kooperativdagi qing‘ir ishlarni fosh qilmoqchi bo‘lishganda o‘ldirilgan», degan gumoni zaif edi. Lekin kooperativ boshlig‘ining sarosimasi bu zaif gumonga quvvat berib qo‘ydi. O’n daftarchasidagi «qotil kim?» savoli ostiga yozilgan «Eri», «Otasi» degan javob yoniga «Boshlig‘i?» yozuvi ham paydo bo‘ldi. Ayniqsa, ertasi kuni boshliq nomidan advokatning kelishi uni ajablantirdi. «Oliy ma’lumotli yurist»dan bunaqangi harakatni kutmagan edi. «Bir balosi bor. Bo‘lmasa he yo‘q, be yo‘q himoyachi yollaydimi?» deb o‘ylab, «boshliq?» degan yozuv tagiga ikki marta chizib qo‘ydi-da, Boshqarma boshlig‘iga uchrab, kooperativning moliyaviy ahvoli zudlik bilan tekshiriluvi lozimligi haqidagi fikrini bayon etdi. Fikr ma’qullangach, ertasigayoq kooperativ muhrlanib, tekshiruv ishlari boshlandi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:14

Qotillikka oid tekshiruv qamrovi kengaygani sayin Omonullo savollar, jumboqlar girdobiga bandi bo‘lib boraverdi. Girdobdan chiqa olish yoki tamoman muvaffaqiyatsizlik bahriga g‘arq bo‘lishi o‘zining farosatiga bog‘liq ekanini u yaxshi fahmlardi. Bu kabi girdob uning uchun yangilik emas. Har bir jinoyatga doir ishning o‘ziga yarasha o‘ramasi mavjud. Shuning barobarida cho‘kishdan asrab qoluvchi himoya chambaragi topilmasa ham ushlab olishga yaraydigan daraxt ildizimi yo xasmi, albatta bo‘ladi. Eng muhimi ularni vaqtida ko‘ra bilish, mahkam ushlab olishda. Cho‘kayotgan odam xasga tirmashganidek, u ham biron bir dalilga mahkam yopishadi. Hozirgi girdobda u xas emas, himoya chambaragini topganday edi. Nazarida uydagi qonli izlar aynan shu chambarakning o‘zi edi. Qolgan dalillar suv o‘rami kabi uni o‘ziga tortar, ammo u xaloskorlikni aynan o‘sha qonli izlarda deb o‘zini ishontirmoqchi bo‘lardi.
Omonullo boshlig‘iga kooperativda tekshiruv o‘tkazish haqidagi fikrini bayon qilib, uning rizoligini olgach, yengil tortdi. U Boshliq huzuriga kirishda «siz jinoyatchini topish bilan shug‘ullaning, kooperativning moliyaviy ishi sizga aloqador emas», deb qolarmikin», degan hadikda edi. Yaxshiki jinoyatning bir uchi shu ishga borib taqalishi mumkinligini Boshliq ham tushundi. Omonullo shundan xursand edi. Barcha sohalardagi kabi ularning ishida ham ba’zan boshliqlarga gap tushuntirish qiyin bo‘ladi. Aynan bir xilda fikrlaydigan, ish yuritadigan boshliq bilan xodimni topish qiyin emas. O’z fikri, o‘z uslubi bo‘lmagan odamlargina boshliq bilan bir xilda ish yuritadilar. Aqlli boshliqlar bunday xodimlardan ehtiyot bo‘ladilar. Bundaylarni o‘zlariga yaqinlashtirmaydilar. Ayniqsa jinoyatga daxldor ishlarda boshliq chizgan chiziqdan chiqmay yurish yaxshi natijaga olib kelmasligi mumkin. Boshliq qanchalar tajribali, bilimli bo‘lmasin, har-holda u idora odamiga aylanadi. Har bir jinoyat esa alohida olam. Bu olamning o‘ziga yarasha, boshqalarga o‘xshamaydigan past-balandliklari bo‘ladi. Idoradagi odam bularni o‘tgan tajribalariga suyangan holda payqashi qiyin. Boshliq shuni tushunsa — xodimning omadi yurishgani. Omonulloga bu safar shunday omad kulib boqqani uchun kayfiyati ko‘tarildi. Uyiga ertaroq qaytib hordiq chiqargisi, fikrlarini tiniqlashtirib olgisi keldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:21

To‘qqiz qavatli uyning yo‘lagiga kirgach, ta’bi tirriq bo‘ldi: lift ishlamayotgan ekan. Yettinchi qavatga piyoda bosib ko‘tarilish malol keldi. Halloslab chiqib borganiga yarasha uni bir mehribon kutayotgan bo‘lsa ekan, dasturxon tuzasa ekan, erkalab, mehribonliklar qilsa ekan...
Xotini Fotimani Hindistonga kuzatganidan beri uyi huvillab, kirgan odamni yutaman, deydi. Sakkiz yil muqaddam Fotimaning barmog‘iga nikoh uzugini taqqanida, so‘ng suyib bo‘sa olganida xotinining nozli iltimoslariga, o‘jarliklariga qul bo‘lib qolishini o‘ylamagan edi. Ba’zan Fotimaning biron iltimosiga «xo‘p» deb qo‘yib keyin o‘zi afsuslanib yurar edi. «Shu xotinning nimasini yaxsha ko‘raman? Nimasiga ishqiboz bo‘lib olganman? Bir og‘iz so‘zimga ilhaq bo‘lib yurganlar ko‘p edi-ku? Bo‘ldi! Endi bironta iltimosini bajarmayman!» deb ont ichardi. Ammo bu qasam qo‘rg‘oni Fotimaning birgina shirin jilmayishidayoq vayron bo‘lib ketardi. Fotima uzun qora soch-lari bilan bog‘lab olganmidi, yo hamisha kulib turuvchi shahlo ko‘zlari bilan rom etganmidi, yo qaldirg‘och qanoti kabi qoshi, qayrilma kipriklari bilan qalbini o‘ziga bo‘ysundirganmidi — Omonullo bilmaydi. Bilgani — Fotimani jondan ortiq sevadi. Fotima esa... Omonulloni sevadimi yo o‘zining ilmiy ishinimi? Mana shu jumboq ba’zan yuzaga qalqib chiqib qolardi. O’shanda Omonullo «Men sizga kimman? Bir qulman. Sizga eng muhimi — ilmiy ish! Nomzod bo‘lib olay, dedingiz — bo‘ldingiz. Endi doktor bo‘lmoqchisiz — bo‘lasiz. Keyin professor bo‘lgingiz keladi, keyin akademik bo‘larsiz. Omonqul esa mishiqi boladay atrofingizda girdikapalak bo‘lib, xizmatingizni qilib yuraveradi», deb arazlaydi. Shunda Fotima yonar edi. Lov etib emas, atrofiga uchqunlar sachratib, «yaqinlashsang — yutaman!» deb emas, mayingina, rohatijon bo‘lib yonardi. O’zining eng ishonchli quroli — shirin jilmayishni ishga solardi, yuzidagi kulgichi erining araz o‘tlarini so‘ndira qolardi. «O’ttiz yoshimgacha chidaysiz, deb shart qo‘yganmidim, siz o‘shanda ko‘nganmidingiz? Hozir to‘qson foiz siznikiman, o‘n foiznigina ilmiy ishimga berganman. Yoqlab olay, yuz foiz sizniki bo‘laman. Boshqa unvonlarning orqasidan yugursam betimga tupuring. Men uchun eng muhimi — ilm. Odamlarga nimadir berish. Agar aqlim bilan ilmim yetarli bo‘lsa siz aytgan martabalarning o‘zi keladi. Nima, akademikning eri bo‘lsangiz yomonmi? Akademik kiringizni yuvsa, ikki bukilib choy uzatsa... yomonmi?» Shu gaplardan keyin Omonullo araz narvonidan pastroqqa tushardi: «Ha... endi siz ham xonim, generalning xotini bo‘lsangiz yarasharmidi... General bozoringizni qilib bersa, gilamlaringizning changini qoqib bersa, «buyursinlar xonim!», deb qo‘l qovushtirib tursa...»

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:28

Ularning birov uchun achchiq, birovga nordon tuyulgan, o‘zlari uchun esa yoqimli, shirin bo‘lgan turmushlari shu zaylda davom etardi.
Hind olimlari Bobur saltanatiga oid doktorlik ishni Hindistonda davom ettirishni taklif qilishgach, Omonulloning yuragi bir uvishdi. Yarim yil yolg‘iz yashash hazilakam gapmi?! Fotima «Bormasam bo‘lmaydi!» deb ikki oyoqni bir etikka tiqib, janjal qilmadi. Odatiga xilof ravishda «Siz nima desangiz shu — astoydil rozi bo‘lsangiz, boraman, ko‘nglingizga xiralik aralashsa — qolaman», deb qo‘ydi. Omonullo nima derdi: «Qirqiga chidagan qirq biriga ham chidayman», deydi-da! Buning ustiga Fotima Omonullo uchun kutilmaganda tantanali va’da berdi: doktorlik dissertatsiyasini yoqlagach, to ilmiy ish Moskvadan tasdiq etilib, diplom qo‘lga tekkunicha Hasan-Husan tug‘ib beradigan bo‘ldi. Bu gapni xuddi «Do‘konga chiqamanu ikki quti gugurt yo tuz olib kelaman», degan tarzda aytdi. Omonullo esa ishondi. Uyi hasan-husanlar bilan to‘lib ketganday ko‘ngli yorishdi. To‘g‘ri, «Hasan-Husan emas, balki Fotima-Zuhra bo‘lar», deb ham o‘yladi. Lekin uning uchun bu muhim emas, muhimi — xotini tug‘ishga rozi! Rozi bo‘lganida ham belgilangan muddatdan ikki yil avvalroq tug‘ib bermoqchi. Matbuotchilarning tili bilan aytganda «planni muddatidan avval bajarmoqchi!» Bu katta yutuq!
Shu paytgacha o‘ttiz yoshdan keyin, deb belgilagan muddatini astoydil himoya qilardi. Buni faqat o‘zining ilmiy ishlari bilan izohlamay, tibbiy jihatdan «ilmiy isbot» ham topgan edi. Nima emish, o‘ttiz yoshdan keyin tug‘sa, bolalari zehnli, aqlli, ham jismonan baquvvat bo‘larmish. Bu da’voni eshitib, Omonullo kulgan edi. «Nimaga kulasiz?» — degan edi Fotima. «Mening bir tanishim bor, — deb javob qaytargan edi Omonullo, — u tug‘ilganida otasi yigirma bir yoshda, onasi o‘n to‘qqizda bo‘lgan ekan. Men o‘sha tanishimni ko‘p kuzatganman: zehni past ahmoqqa o‘xshamaydi. Har-holda u salkam fan doktori-ya! Jismoniy jihatdan ham unchalik nozik emas...» Fotima o‘zi haqida aytilgan bu gapga javob berolmay, «Bu alohida masala», deb qo‘ygan edi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:35

Hindistonga ketishdan o‘n kun avval Omonullo uyga yarim kechada qaytdi. Tunda qaytadimi yo sahardami — Fotimaning uxlamay kutishini yaxshi biladi. Fotima boshqa xotinlarga o‘xshab xavotir olmaydi, desak noinsoflik bo‘lar. Haqiqatga ko‘chsak, o‘lchami yo‘q, sig‘imi mavhum bu xavotir deganlari o‘lchansa, Fotimaniki hammanikidan ko‘proq chiqar. Faqat u boshqalar kabi «Erim qachon kelarkin?» (yoki «Erim kim bilan ayshini surib yurganiykin?») deb jag‘ini deraza tokchasiga tirab, ko‘chaga tikilib o‘tirmaydi. Omonullo qay paytda kelsa ham uni yozuv stoliga muk tushgancha o‘qib-yozib o‘tirganini ko‘radi.
Bu safar ham shunday bo‘ldi.
Fotima bu safar ham odatini kanda qilmadi — «qayoqlarda yuribsiz?» demadi. O’rnidan turib salom bergach, oshxona tomon yurmoqchi bo‘lganida eri to‘xtatib, «qornim to‘q», dedi.
— Hm, o‘g‘rilaringiz to‘ydirib yuborishdimi? — dedi Fotima o‘ziga yarashiqli kinoya bilan.
Boshqa xotinlar «o‘ynashlaringiz», juda madaniy tarzda aytsa «xushtorlaringiz to‘ydirib yuborishdimi?» deyisharkan. Fotima esa hamisha «o‘g‘rilaringiz» deydi, bu so‘zni aynan aytadi, uning panasiga «o‘ynash», degan ma’noni yashirmaydi.
— Qamashdan oldin ziyofatini yeyish kerak-da, — dedi Omonullo xotiniga javoban, so‘ng stol ustidagi kitobga ko‘z tashladi. — Nima o‘qiyapsan? Yana «Boburnoma»mi? Yuzinchi martami?
— Ming marta o‘qishim kerak. Har o‘qiganimda bittadan ma’no topsam mingta ma’no topgan bo‘laman.
— Joningga tegmaydimi?
— O’g‘rilaringiz sizning joningizda tegishmaydimi?
— Yo... ularsiz yashay olmayman, — deb kuldi Omonullo.
— Men ham bu kitobsiz yashay olmayman.
— Mensiz-chi?
— Gapni burmang. Siz ko‘chada hushtak chalib yuradigan oddiy milisa emassiz. Oliy ma’lumotli ziyoli odamsiz.
— Buning ustiga bo‘lajak akademikning eriman.
— Ha, shunaqa desak ham bo‘ladi. Lekin siz gapni burmay turing. Siz menga ayting. Boburni bilmagan, tushunmagan odamni ziyoli deyish mumkinmi? Qani, mana bu yerga o‘tiring-chi!
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:01:42

Omonullo kulimsiragan holda itoat etdi.
— Kulmang, deyapman.
— Xonim, tarix darsi uchun tunning qolgan yarmi yetarli bo‘larmikin? Balki boshqa tunga qoldirarmiz?
— Yo‘q, hozir aytmasam, yorilib ketaman. Eshiting: — Fotima shunday deb kitobning kerakli varag‘ini ochib, o‘qiy boshladi: — ...Muhammad Humoyun... olti oygacha anda edi: zohiran ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur, bora-bora uzoqqa tortar» Tushundingizmi? — Fotima kitobdan bosh ko‘tarib, eriga gapira ketdi: — Boburning o‘g‘li xasta ekan. Uni avval Dehliga keyin kemaga o‘tqazib Agraga olib kelishni buyuryapti. Humoyun mirzoga tabiblar chora topib berisholmagach, Mir Abulqosim degan kishi deydiki, — Fotima endi yoddan ayta boshladi: — «Ushmundoq dardlarga davo budurkim, yaxshi nimarsalardan tasadduq qilmoq kerak. Toinki Tengri-taolo sihhat bergay. Mening ko‘nglumga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin o‘zga yaxshiroq nimarsasi yo‘q. Men o‘zum tasadduq bo‘layin, Xudoy qabul qilsun. Xoja Xalifa, o‘zga muqarrablardin arzga tegurdilarkim, Muhammad Humoyun sihhat topar, siz bu so‘zi nechun tilingizga kelturasiz? haraz budirkim, dunyo molidin yaxshisini tasadduq qilmoq kerak. Bas, o‘sha olmoskim, Ibrohimni urushida tushub erdi...» bu yerda dunyoga mashhur Ko‘hi nur olmosi nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak. Tushunyapsizmi? Ular «o‘zingizni emas, shu qimmatbaho buyumni sadaqa qilsangiz ham yetar», deyishibdi. Bobur nima debdi: «Tilga keldikim, dunyo moli aning evaziga nechuk bo‘lgay, men aning fidosi qilurmenkim, hol anga mushkul bo‘lubdur. Va andin o‘tubturkim, men aning betoqatligini toqat kelturg‘aymen. O’shal holatga kirib, uch qatla boshidin o‘rgulub, dedimkim, men ko‘tardim har ne darding bor. O’shal zamon men og‘ir bo‘ldum, ul yengil bo‘ldi. Ul sihhat bo‘lub qo‘pti. Men noxush bo‘lub yiqildim...» Xo‘sh, bunga nima deysiz? Qaysi podsho o‘g‘liga jonini sadaqa qilgan? Husayn Boyqaromi? Ikkovini solishtiring: biri nabirasini o‘ldirtirdi, biri jonini o‘g‘liga hadya qildi.

Qayd etilgan