Shartta turib: «Men avarman! Avarligimcha o‘laman! Tupurdim senlarga!» dedim. Shu bahona bo‘lib o‘qishdan haydashdi. Keyin men bu «o‘qishga» kirdim. Birinchi qilgan ishim — Sagoevning uyini bosdim. Avar knyazlari ham unchalik boy bo‘lishmagandir. Tog‘lik yigitlarni o‘qishga kiritib qo‘yaman, deb tozza shilar edi u enag‘ar. Uyini shilib, qolgan-qutganini yoqib yubordim. O’n yil badalida ikki marta qo‘lga tushib, pishdim. O’n birinchi yili «qonundagi o‘g‘ri» martabasini berib, menga toj kiydirishdi. Endi bildingmi, kimligimni? Bu to‘ng‘izlar meni qul qilish uchun yerimga bostirib kirishgan edi. Endi ularning o‘zlari mening qulim. Bifshteksni o‘ldirganing uchun zarracha afsuslanmadim. Bu enag‘arlar qancha ko‘p o‘lsa, shuncha yaxshi. Sen esa... yashashing kerak! Men senga «Hamzat» deb nom beraman. Shomil bilan Hojimurod ham bizning qahramonlarimiz. Lekin men ularni uncha yaxshi ko‘rmayman. Ular oxiri sinishgan. O’risga taslim bo‘lishgan. Hamzat esa, sinish u yoqda tursin, hatto salgina egilmadi. Joynamozning ustida boshi uzildi. Senda ham shunga yaqin fazilat ko‘rdim. Shuning uchun senga mehrim tushdi. Shuning uchun bu gaplarni senga aytyapman. Ammo sen bola, qaysarligingni arzon bahoga sotar ekansan. Sen mayda-chuyda gaplardan ustun tur. Sen millat uchun sobit bo‘lishni o‘rgan. Shunga aqling yetadimi? Yo‘q, yetmaydi... Afsus, afsus, yetmaydi. Men o‘zbeklar orasida senga o‘xshagan mardini kam ko‘rganman. Senlarning sinishlaring oson. Sen bu yerlardan sinmaydigan odam bo‘lib chiq. Ko‘zlaringni ochib, odam bo‘lib chiq! Hamzat, bir kuni kelib gaplarimni eslaysan. Ana shunda bu o‘g‘ri unchalik ahmaq emas ekan, deb tan olasan.
Hayot-mamot olishuvi Nuriddin, endilikda Hamzat uchun kutilmagan hodisa edi. Qahrli o‘g‘rining bu gaplari esa, mutlaq kutilmagan hol bo‘ldi. Bu gaplarning mag‘zini chaqishga harakat qildi. Keyingi uchrashuvlarda yana shu haqda gap ochilarmikin, deb kutdi. Biroq, Tengiz qahrli o‘g‘riboshi libosini yechib, ochilib gaplashmadi. Faqat ancha keyin, nohush voqealar so‘ngida ajralar mahallarida «Sen mening himoyamdasan. Men o‘lsam, odamlarim himoya qiladilar. Sen o‘sha kungi gaplarimni unutmasang bo‘ldi: aslo sina ko‘rma!» deb ta’kidladi.