Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190447 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 20 21 22 23 24 25 26 27 28 29 30 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:15:33

O’shandan beri ancha yillar o‘tdi. Safar bilan yana bir necha marta keldi. O’shandan beri Safar ostonaga qadar keladi-yu, ichkari kirmaydi. Har gal «yuragi siqilib ketishini» aytadi. Safar qanchalik yaxshi do‘st hisoblanmasin, mana shu kabi odatlari, kibrga bandaligi Omonulloga yoqmaydi. Ba’zilar do‘st tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Ba’zilar esa boriga shukr qilib yuradilar. Omonullo ana shu ikkinchi toifaga mansub. Bolalar uyida orttirgan do‘stlari turli tomonlarga tarqab ketishdi. Ikkitasi xastalik tufayli, uchtasi esa jinoyatchilarga qo‘shilib qolib bu dunyoni tark etdi. Institutdagilar ham turli shaharlarda ishlashadi. Birining bo‘sh vaqti ikkinchisiga to‘g‘ri kelmagani uchun ham kam uchrashishadi. Oyda bir uchrashib turadigani — shu sinfdoshlari. Xudo unga sinfdoshlarni tanlab-tanlab bergan. Kibrli, xudbin, dardi mol-dunyo bo‘lgan bolalarning bir sinfga qanday jamlanib qolganini Yaratgan bilmasa, bandasi bilolmaydi.
Bularning ichida xokisori ana shu Omonullo edi. Sinfdoshlar uni oshkora tarzda mensishmadi. Bular orasida faqat Safargina mehribon edi unga. Ota-onasi ham Omonullo kirguday bo‘lsa ko‘kragidan itarmay, o‘g‘lining suyumli mehmoni sifatida izzat qilishardi. Maktabni bitirgach, besh-olti yilmikin, sinfdoshlari bilan deyarli ko‘rishmadi. Militsiyada ishlay boshlagach, ulardan birining ishi tushdi-yu, «gap» deb atalmish ziyofatga chorlanadigan bo‘ldi. O’shandan beri har oyning ikkinchi payshanbasida ular bilan «gap yeydi». Garchi ular bilan maktabda birga o‘qigan bo‘lsa-da, o‘zining bu davraga begonaligini his qilib turadi. Ularning yashash tarzlari, dunyoqarashlari, fikrlarini hazm qila olmaydi. Ayniqsa keyingi paytlarda o‘zini tortishga bahona qidiradigan bo‘lib qolgan. Davrada hol-ahvol so‘rashayotganida «bola-chaqalar omonmi?» deyilganida uning yuragi uvishadigan odat chiqargan. O’rtoqlari unga «xotining nega tug‘mayapti?» deb dashnom berishmasa ham shu savol ko‘ndalang turganday o‘ng‘aysizlanaveradi. Ayrimlar beixtiyor ravishda, savolni kimga berayotganini, oqibati nima bo‘lishini o‘ylab ko‘rmagan tarzda «bola-chaqalar qalay?» deyishganda Omonulloning yuragidan bir tomir uzilganday bo‘laveradi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:15:39

Hozir Omonullo ruhini temir iskanjaga oluvchi davra sari borardi. Safar o‘zi kelmay telefonda eslatganida bormaslikning chorasini topardi. Otasinikiga kelgunicha do‘stiga qitmirlik qilib, ko‘nglini xushlamoqchi edi. Safarning «yuragi siqilganini» eshitib o‘zining ham ko‘ngli xufton pardasiga o‘rala boshladi. Tumtayib olmasa-da, gapirgisi kelmadi. Safar unga qarab-qarab qo‘yib:
— Mendan xafa bo‘ldingmi? — dedi uzrli ohangda.
— Sen xafa bo‘lishga arziydigan odammassan, — dedi Omonullo zardali piching bilan.
— Xo‘p, hisob, — biru-bir. Arazlagan — o‘g‘ri, — Safar shunday deb kaftini uzatdi. Omonullo ruhsiz holda shapati urib qo‘ydi-da:
— Opam kasal ekanlar, — dedi. — Ertalab kirib o‘tamiz.
— Bo‘pti, — dedi Safar jonlanib. — Zo‘r kabobning o‘g‘il bolasi mendan.
— Kabob yemasalar kerak. Reanimatsiyada ekanlar.
— O’zlari yemasalar do‘xtirlar yeyishadi. Do‘xtirlarning tomoQini yog‘lab tursang, yaxshiroq qarashadi. O’zingdan ibrat olmaysanmi? Do‘xtir nimayu milisa nima? Milisani moylamasang — qamoqqa jo‘natadi, do‘xtirni moylamasang, undan ham battar — narigi dunyoga jo‘natadi. — Aytgan gapi Safarning o‘ziga xush yoqib, huzurlanib kuldi. — Gapim yoqmasa ham ko‘ngil uchun salgina tirjayib qo‘y, hey «kayfitang».
Yo‘lning qolgan qismi Safarning mazali-mazasiz, yoqimli-yoqimsiz hazillari bilan bosib o‘tildi. «Gap» deb atalmish ziyofatga barvaqtroq borib qolishgan ekan, Safar maqtagan pivoning «dodoxo‘jasi»ni ichib rohatlanib o‘tirishdi. Uy egasi paytdan foydalanib, o‘zini qiziqtirgan siyosiy masalalarni oydinlashtirish maqsadida Omonulloni gapga soldi:
— «Vremya»ni ko‘rdingmi, Berlin devorlarini yiqitishibdi-ya! — dedi ajablangansimon. — Men bultur boruvdim o‘sha yerga. Zo‘r do‘konlari bor edi. Ular ham ketganmikin?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:15:46

Omonullo darrov javob bermadi. Pivoni simirib unga qarab oldi. Berlin devorlarining yiqilishidan, yarim asrdan ziyodroq ayri-ayri yashagan xalqning qo‘shilishidan dunyo nima tashvishda-yu, nima quvonchda? Buning g‘ami esa devorga yaqin yerdagi mayda do‘konlarda.
— Devorni nimaga buzishyapti, bilasanmi o‘zing?— dedi Omonullo g‘ashlangan tarzda.
— g‘ish-pishi kerak bo‘lib qolgandir yo paxsa devor ekanmi? — dedi Safar qitmirlik bilan.
— Sen jim tur, — dedi uy egasi uni jerkib, keyin Omonulloga qarab yelka qisdi: — shunga hayronman. Tuppa-tuzuk baland devorlar edi.
— Kallani ishlat: o‘sha yerda ko‘rgan do‘konlaring kichiklik qilib qolibdi. Devorni buzib o‘rniga katta do‘konlar qurishadi. Ikkita eshigi bo‘ladi. Bir tomondan g‘arbiy berlinliklar kiradi, ikkinchisidan sharqliklar.
— Gapni ham ezvorasan-da, a? Vey, milisa bo‘lmasam ham u-buga aqlim yetadi. harbiy Berlinni uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rganman. U yoqda zo‘r «importniy» mollar bo‘larkan. Ana endi boradigan bo‘ldi Berlinga.
Ulfatlar birin-sirin kelishib, «Berlin devori» masalasi surildi. Buning o‘rniga «besh yuz kun» deb nom olgan iqtisodiy reja muhokama qilinib, bu reja eski shahardagi go‘sht bozori talablariga javob berolmagani uchun inkor etilgach, somsalarni yeb, sho‘rvalarni ichishdi-yu:
— Qani, ko‘mirxonaga o‘tdik,— degan taklif bilan dasturxondan picha uzoqlashib, uy burchagida davra qu-rishdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:15:53

«Ko‘mirxona» — qimor o‘ynaladigan joy. Bir-biriga ahil, bir-biridan jonini ayamaydigan do‘stlar besh-o‘n tiyin tikishdan boshlab so‘mlarga o‘tadilar. «Ko‘mirxona»da faoliyat boshlamay turib bir-birlarining hatto necha yuz so‘mlik qarzlaridan kechib yuboradigan mard, mehribonlar qimorda o‘n-yigirma tiyin ustida so‘kishib, yoqa bo‘g‘ishib ketadilar. «Gap»ga kechikibroq kelgan do‘stlariga «qalay, yaxshimisan?» deb, o‘tirgan yerlarida qo‘l uzatib qo‘ya qoladilar. «Bola-chaqa yaxshimi?» deb hol-ahvol so‘rashga fursatlari ham, farosatlari ham yetmaydi. Omonullo qartaga usta bo‘lgani uchun «ko‘mirxona»dan umrbod badarg‘a qilingan. Qaysidir yili Omonullo Moskvaga borganida to‘rtta bir xil ko‘rinishdagi qarta to‘plami olib kelib, har bir to‘plamdagi «tuz»larni aralashtirib tashladi. O’ttiz oltita qartada to‘rtta o‘rniga o‘n oltita «tuz» mavjudligini «ko‘mirxona»dagilar keyinroq bilib qolishdi. Mana shu hazil bahona bo‘lib Omonullo jazolandi — o‘yindan tamoman chetlashtirildi. U hatto birovga maslahat berish huquqidan ham mahrum edi.
Omonullo o‘yin qizimay turib Safar bilan ertalab uchrashishni kelishib oldi. O’yin «sen g‘irrom qilib yutyapsan», deydigan darajaga yetganda sekingina turib, chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:08

FITNA
(Qotillikdan avvalroq sodir bo‘lgan voqea)

Omonullo Berlin devorlari qismati haqida piching so‘zlarni aytayotgandan, o‘rtoqlari esa besh yuz kunga mo‘ljallangan iqtisodiy rejani inkor qilib o‘tirishgandanancha ilgari, tunda, qamoq lagerida bir fitnaga tayyorgarlik boshlangan edi.
Nuriddin o‘sha kuni uyidan maktub olib avval quvondi, keyin ko‘ngli cho‘kdi. Maktubda dilga og‘ir botuvchi satrlar yo‘q edi. Qishloqdagi hammaning sihat-salomatligi haqida yozilib, oxirida «o‘rtog‘ing Sherdor uylanyapti», degan xushxabar aytilgandi. Nuriddinning nazarida shu xushxabar botininda onasining armonlari yashiringanday bo‘ldi. Harbiyga ketayotgan paytida onasining ma’yus uzori yana ko‘z oldida gavdalandi. Nuriddinni sakkizinchi sinfdan so‘ng o‘qitishga qo‘llari kaltalik qildi. Harbiydan olib qolishga esa undan-da kaltalik qildi. Shunda ham noshukr bo‘lmay, umid bilan kuzatgan edi. «Birortasini xushlab qolgan bo‘lsang aytib ket, unashtirib qo‘yay, kelishing bilan, Xudo hohlasa, to‘y qilamiz», — degan edi. Nuriddinning hushlagani bor bo‘lsa-da, onasiga dadil aytishga jur’ati yo‘q edi. O’rtoqlari birin-sirin uylanyapti. Har birining to‘yida onasining yarasi yangilanadi. Nuriddin onasining shu holatini ko‘z oldiga keltirib, ezildi. Barcha uyquga ketganida ham u mijja qoqmay yotdi. Tun yarimlaganda mizg‘iganday bo‘ldi. Tush ham ko‘rdi shekilli... Biroq, bu tushmi edi yo ro‘yomi, farqlay olmadi. Nazarida ko‘zlari ochiq edi. Darbadar to‘satdan paydo bo‘lmadi, barak eshigini ochib kirdi-da, taxtalarni g‘ijirlatib yurib kelib, uning ro‘parasida to‘xtadi. Ha, taxtalarning g‘ijirlaganini aniq eshitdi.
— Ha, toy bola, uyqu kelmayaptimi?
Nuriddin ajablandi: uni kichikligida «toy bola», deb erkalashganini Darbadar qaydan bildi ekan?
— Sen bunda bedorsan, yurtda esa barcha g‘aflat uyqusidadir. Ozodlik istovchi qalblar muhrlangandir. Qalblarning qullikka moyil ekanini bilurmisan, bo‘tam? Uyg‘onish fursati kelganini anglayurmisan, bo‘tam? Yurak qonlari ila Vatan bog‘in obod qilmoqni fahm etmasmisan, bo‘tam?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:16

Darbadar savollar berdi-yu, nechundir javob kutmadi. Balki Nuriddinning bu savollarga javob qaytarmog‘iga aqli qosir ekanini bildimi ekan? U taxtalarni g‘ijirlatib yurib kelgan edi, turgan yerida tutunga aylandiyu shipga ko‘tarilib ko‘zdan yo‘qoldi. Nuriddin bu sir-sinoatni tushunolmay garang bo‘lib yotganida mahbuslardan biri unga yaqinlashib, yelkasidan asta turtdi-da, «tashqariga chiq, kutishyapti», deb tezgina iziga qaytdi. Nuriddin bu yerda «kim chaqir-yapti, nima uchun?» degan savol berilmasligini bilgani sababli indamadi. Bu yerlarda chaqirildingmi, bas, chiqishga majbursan. Yaxshilik bilan chaqirilgan bo‘lsang, yaxshilik bilan qaytasan, tongni o‘z o‘rningda qarshilaysan. Yomonlik qasdida chorlangan bo‘lsang, to‘shaging yetim qoladi.
Nuriddin bir necha daqiqa harakatsiz yotgach, qaddini ko‘tardi. Barakdan sal narida, maydon chekkasidagi daraxtga suyanib sigaret tutatayotgan Tengizni tanib, xavotirsiz ravishda o‘sha tomon yurdi.
— Ha, Hamzat, — dedi Tengiz uning salomiga alik olib, — uyqungni harom qildimmi?
— Yo‘q, uyqum kelmay yotuvdim, — dedi Nuriddin.
— Odamning ko‘ngli sezgir bo‘ladi, yomonlikni tez payqaydi.
— Yomonlikni? Qanaqa yomonlikni?
— Bu yoqqa yur, — Tengiz shunday deb uni barakning chiroq nuri tushmaydigan qorong‘u tomoniga boshladi. — Bir fitna tayyorlanyapti. Yomonlikni bizning qo‘limiz bilan amalga oshirishmoqchi.
— Birovni o‘ldirish kerakmi?
— Birovni o‘ldirish uchun bosh qotirib fitna yasash shart emas. Bir janjalning uyasini kavlab berishimiz kerak.
— «Biz» deganingiz kim?
— Sen, men, mening atrofimdagilar, yana besh-oltita ahmaq. Bir-ikki kun ichida Yanis amakingga o‘xshab Boltiq bo‘ylaridan kelganlar yoppasiga do‘pposlanishi kerak. Ular ham kaltak yeyishlari kerak, ham janjal boshlagan, degan aybni bo‘yinlariga olishlari shart. Balki biz tomondan odamlar yaralanar, balki o‘lar. Menga aniq aytishmagan bo‘lsa ham ko‘nglim shuni sezib turibdi. Agar ko‘nglim aldamasa, odam o‘ldirilsa, eng avvalida Yanis amaking ketadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:22

Tengiz «Yanis amaking» deb aytayotgan odam bilan Nuriddin ko‘pincha birga ishlardi. Tursunalidan bezib, uzoqlashgan paytda unga shu muloyim odam bilan sherik bo‘lib ishlash ma’qul kelib qolgan edi. Yoshi oltmishdan oshib, kuchdan qolgan, ba’zan xastalik huruj qilganda azob chekuvchi bu odam o‘zini mehnatdan olib qochmasdi. Imkoni boricha o‘z vazifasini bajarishga intilardi. Nuriddin ko‘maklashmoqchi bo‘lganida «har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak», deb unamas edi. Ana shu beozor odam nima gunoh qilibdi-ki, uni do‘pposlashsa, so‘ng esa «qotil» degan tuhmat bilan ayblashsa...
— Gapimga tushunmading-a? — dedi Tengiz. — Sen juda xomsan, bola. Ha, xomsan! Yanis amaking nima uchun qamalgan, bilasanmi?
— Ha, ishxonasida elektr choynakdan o‘t chiqqan ekan...
— Bu bir bahona, Hamzat. Yanis amaking aslida siyosiy mahbus. Lekin bizning «erkin va ulug‘» Sovetlar mamlakatidan siyosiy qarashlar uchun qamash mumkin emas. Uning tajribaxonasiga o‘t qo‘yishib, tuhmat bilan qamashgan. Aslida u zo‘r fizik olim bo‘lgan. Vatanini ruslar bosib olganini ochiq aytgan, xalqini ozodlik yurishiga da’vat etgan. Mana, sening ham, mening ham yurtimni ruslar bosib olishgan. Biz shuni ochiq ayta olamizmi? Yo‘q. Mayli, men bir o‘g‘riman, bunaqa gaplarga aqlim yetmas. Sen ham g‘o‘rsan, yoshsan, ilmi yo‘q bir qovoq kallasan. Seni ham ayblab bo‘lmaydi. Lekin olimman, zo‘rman, deb kerilib yurganlarimiz aytishadimi? Yo xalqiga yuzlanib, turlaring, ozodlik uchun kurashlaring, deydimi? Shuning uchun ham Yanis amakingni hurmat qilaman. Hozir Moskvada Yanisga o‘xshaganlar rus hukumati bilan teppa-teng olishadigan bo‘lib qolishgan. Nazarimda ular siyosiy mahbuslarini ozod etishni talab qilishyapti. Bu hukumatni chaqayotgan eng muhim narsa — ular Sovet Ittifoqidan ajralib chiqay deb turishibdi. Moskva endi ularni shirin yolg‘onlari bilan ushlab turolmaydi. Fitnasiz ish bitirishi qiyin. Shuning uchun hamma yerda har turli fitnalar ko‘tarishga buyruq kelganga o‘xshaydi. Bu yerdagi fitna bizning qo‘limiz bilan bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:30

— Ko‘nmasakchi? Ur, desa uraveramizmi? O’g‘rilarning or-nomusiga to‘g‘ri kelmaydi-ku, bu? Siz tomondan xoinlik bo‘lmaydimi?
— Bu gaplarni qo‘y, Hamzat. O’g‘rilar hech qachon bularga xizmat qilmagan va qilmaydi ham. Gap yanislarning taqdiri ustida ketyapti. Ularni urmasak bo‘lmaydi.
— Nega? — Nuriddin ajablanganidan ovozini bir parda ko‘targanini o‘zi ham sezmay qoldi.
— Baqirma, — dedi Tengiz yelkasini mushtlab. — Aqlingni ishlat: biz urmasak, boshqalar o‘ladigan qilib uradi. Avval menga topshirishdi bu ishni. Keyin Koshakni ham chaqirishdi. Unga nima deyishgani noma’lum. Agar yo‘q, desak payimizga tushishadi. Men-ku, bundan qo‘rqmayman, sendan havotirdaman. Erta-indin muddati tugaydigan ahmaqlar bilan Koshak ishga kirishguday bo‘lsa, yomon qiladi. Shuning uchun seni chaqirib aytishsa, haqiqat talashma, jig‘iga tegma. «Yaxshi bo‘ldi, qo‘lim qichib turuvdi», deb qo‘ya qol. Urush chiqsa sen Yanis amakingni urasan. Unga tayinlab qo‘y, u boshqalarga aytsin, olishib, mushtlashib yurishmasin, qo‘llariga hatto temir qoshiq ham olishmasin. Faqat o‘zlarini himoya qilishsin, boshlari bilan biqinlarini ehtiyot qilishsin. O’zing ham ehtiyot bo‘l. Ola-tasirda Koshakka o‘xshagan bir ahmaq sengami yo mengami pichoq tiqvolishi mumkin. Angladingmi? Bor, endi uxla.
Shu gaplardan keyin odamning uyqusi kelar ekanmi? Nuriddin bir to‘p chaqirtikanak ustida yalang‘och yotganday qiynalib chiqdi. Siyosat bobida ongi past darajada bo‘lgan bu yigit qamoqdagi bir keksa odamning Moskvadagi hukumatga qanday yomonlik qilishi mumkinligini bilolmay garang edi. Har qanday raqib uchun, ayniqsa siyosiy muxolif uchun odamning jismigina emas, balki fikri, ruhi ham xavfli ekanini anglash martabasiga yetmagan edi. Buni Darbadar tushunishi mumkin edi. U yo‘qlik dunyosida, fikrlari esa muhojirot tuproqlariga singganicha qoldi. Faryod-larini tog‘u toshlar bag‘riga ololmadi, ko‘zlaridan oqqan alamli yoshlardan zamin seskandi.
Nuriddin Darbadar bilan Yanis taqdirida o‘xshashlik topmadi. Zohiran shunday, u haq edi. Biroq qalblar yarasi ikkovida birday edi. Darbadar «Oh, Vatan!» deb jon berdi. Yanis ham shu qalb faryodi bilan bu azoblarga yo‘liqdi. Endi esa yana bir do‘zax azobiga hukm qilinib turibdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:38

Nuriddinning izidan qarab qolgan Tengiz barakka, yotar joyiga kirmadi. Qamoq lagerining hamma uchun majbur bo‘lgan qat’iy qoidalariga amal qilmaslik uning odatiy holi edi. Faqat o‘zi emas, balki uning iltifotiga sazovor bo‘lganlar ham bu qoidalarni buzishga haqli edilar. Ana shuning uchun ham Nuriddin tunda barakdan, kunduzi esa ish joyidan nari ketsa birov tanbeh bermasdi. Tengizning o‘ziga-ku bu yer nomigagina qamoq edi. U «o‘ziga xon, o‘ziga bek» bo‘lsa-da, bosar tusarini bilmay qadam bosmasdi. Qamoq lageri hojalariga bo‘ysunmaganday yursa-da, ular tomondan tasodifiy zarbani kutib yashardi. Bu oqshom Yanislarga uyushtirilayotgan fitna uni sergak torttirdi. Qamoq lageri boshlig‘ining muovini chaynalib, gapni aylantirdi. «Yuqoridan buyruq kelganini, bajarishga majbur ekanini» afsus bilan aytdi. Aslida «yanislarga hech bir da’vosi yo‘qligini» bildirib qo‘yishni ham unutmadi.
Tengiz yuqoridan buyruq kelgach, bu bechoralarning bajarishga mahkum ekanliklarini yaxshi bilardi. Shuning barobarinda «ulug‘ og‘alar»ning kichikroq xalqlar vakillariga zug‘um qilishdan lazzat olishlari ham ma’lum unga. Yanislarga qarshi fitnani ular afsus bilan emas, bil’aks, rohat bilan, bajonidil bajaradilar. Agar bu buyruq o‘zlarinikiga nisbatan bo‘lsami, chindan ham afsusda qolishlari muqarrar.
«Bugun — yanislar, ertaga kimlar? — deb o‘yladi Tengiz, — balki mendirman, balki ozarbayjonlar...»
«Tengiz o‘limdan qo‘rqmaydigan mard o‘g‘ridir», demoqlik ta’rifning ko‘pigidir. Chunki odamga, o‘g‘rimi yo to‘g‘rimi, farqi yo‘q — jon shirin! Qamoqdami yo erkinlikdami, yigitmi yo cholmi, farqsiz o‘laroq, yashagisi kelaveradi. Qamoq lageri rahbariyatining iltimosini qabul qilishi, Nuriddin aytganidek, u uchun isnod edi. Halollik ila mulohaza qilinsa Murik bilan uning orasida farq chegarasi sezilmas edi. Tengiz buni bilgani uchun ham, boshqa chorasi bo‘lmagani uchun ham o‘zicha ezildi. Bu masalani «politbyuro»ga qo‘ygan taqdirda ham «blatkomitet»ning ma’qullashi aniq edi. Ular buni «hukumatga xizmat qilish» emas, «o‘g‘rilar olamini dahlsiz saqlab qolish» deb ta’riflagan bo‘lishardi. Bu shunday g‘alati olamki, uni bir qal’a tasavvur etilsa, kiraverishidagi ark peshtoqiga «Harna qilsang qilaver, va ijozatimizsiz hech narsa qilishing mumkin emas», degan shior yozib qo‘ysa ham bo‘lardi. Bu olam arki juda hashamatli, fusunkor. Bokira qiz kabi o‘ziga chorlaydi. Qizning husnidan bahramand bo‘laman, kiramanu chiqaman, degan xushtor odam esa yanglishadi. Chunki bu bokira ko‘rinishidagi olam eshigi bittagina. Kirmoq boru, o‘z oyoqlari bilan yurib chiqmoq yo‘q. Ortga faqat tobut ichida qaytiladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:16:46

Tengiz bu haqiqatni avvaldan bilardi. Bu olam uning ko‘zlariga bokira bo‘lib ko‘rinmagan. U bor fasodlarini, mavjud botqog‘u balchiqlarini bilgani holda qadam qo‘ygan bu olamga. «Bir boshga — bir o‘lim bo‘lgach, qaerda va qanday holatda jon berishning nima farqi bor? Eng muhimi — dunyodan ko‘ngling talab qilgan darajada lazzatlanasan, dunyodan o‘zing istagancha qasos olasan». Tengiz kashf etgan falsafa mag‘zi shu edi. Ammo bu «falsafa»ga zid o‘laroq, ko‘ngil o‘tmish hayotini qo‘msab turardi. Shunda u ikki kemaga ikki oyoQini qo‘yganday his etadi o‘zini. Bu holatda uzoq suza olmasligini, g‘arq bo‘lajagini biladi. Bilsa-da, holatini o‘zgartirmoqni istamaydi.
Tengiz kimsasiz maydon chetida junjikkanday qunishib turdi-da, to‘rtinchi barakka borib, Koshakni chaqirtirdi. Koshak maykachan chiqib, Tengizga yaqinlashgach og‘zini baralla ochib esnadi. Dimog‘idan ufurilgan qo‘lansa hiddan Tengiz aftini burishtirdi. «Xo‘jayin bo‘ktirib ichiribdi-da», deb o‘ylab g‘ashlandi.
— Nima deysan, Knyaz? — dedi Koshak junjikib.
— «Enze»1dan ol, uyqu qochdi, — dedi Tengiz ham homuza tortib.
Koshak «menda yo‘q», demoqchi bo‘ldi-yu, Tengizning o‘tkir nigohiga qarshi bora olmay, ichkariga qaytdi-da, uch kesim kolbasa bilan yarmi ichilgan aroq shishani ko‘tarib chiqdi. Tengiz chindan ham ichgisi kelayotgan odam kabi shishani uning qo‘lidan tortib olib ko‘tardi. Koshak uzatgan kolbasani olmay «kuf» degach, labini kafti bilan artib qo‘ydi.
— Koshak, ko‘ngil Sochini, Yaltani qo‘msayapti. Dengiz... Sohil... Jononlar... restoranlar... — Tengiz shunday deb yana ikki qultum ichdi.
Shu turganicha aroqni asta-sekin ichib bo‘shatish asnosida gapni chuvaladi. Koshak chaqirilgan zahotiyoq «Knyaz xo‘jayinlarning gapini so‘raydi», deb gumon qilgan edi. Biroq uning kutgani bo‘lmadi: Tengiz chaqiruv sababini so‘ramadi. Aroq ko‘ngil taftini bosganday bo‘lgach, xayrlashib, o‘zi yotadigan barakka qarab ketdi.

Qayd etilgan