Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190444 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 22 23 24 25 26 27 28 29 30 31 32 ... 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:23

— Kim o‘zi bu? — dedi Matluba titroq ovozda.
— Ko‘nglingiz aynisa ham bu taviyaga yaxshilab to‘yib oling. Uch-to‘rtta suratga aralashtirib ko‘rsatishlari mumkin. Tanib olishingiz shart. Adashmang. Bu odam xo‘jayiningiz bilan zekvagon1da birga bo‘lgan. Zonaga borganda qochgan. Bu tomonlarga kelib ishkal chiqaruvdi, o‘zimiz tinchitib qo‘ya qoldik. Xitlar buni bilishmaydi, qidirib yurishibdi hali ham. Xazinani shu olgan, desak, siz ham tinchsiz, u yoqda akaxonga ham chivin qo‘nmaydi. Biz sizni himoya qilamiz, deb shartlashganmizmi, demak, sizni birovning chertishga ham haqqi yo‘q, — Xursanali cho‘ntagidan tanga chiqarib kaftiga qo‘ydi. Matluba buni avval besh tiyinlik deb o‘yladi. Sinchiklab qaragan edi, Nikolay podshoning tilla tangasini ko‘rdi.
— Toza tilla, — dedi Xursanali izoh berib. — Siz uchun qurbon qilamiz.
Tanga o‘ra ostiga terilgan pishgan g‘isht ustiga tushib, jiringladi, xira chiroq nurida ojiz tovlandi. So‘ng ustiga bir sidra tuproq tashlanib, qopqoqlar avvalgisiday qilib berkitildi.
— Opaxon, siz chiqib bolalaringizni kiyintiravering. — Xursanali shunday degach tuproqni tortib, oyoqlari bilan shibbaladi, g‘ishtlarni batartib terdi, ustunni joyiga o‘rnatdi.
Ular kutgan mehmonlar uzoq kuttirishmadi — ertasigayoq kelishdi. Lager teletaypining tezligi shu o‘rinda ish berdi. Kelganlar o‘zlarini «SSSR prokuraturasidanmiz», deb tanishtirishdi, hujjatlarini ham ko‘rsatishdi. Uyni tintishdi. So‘ng «har ehtimolga qarshi yerto‘lani ham ko‘rib qo‘yaylik», deb pastga tushishdi. Matluba o‘zini bosishga qancha tirishmasin, ularning maqsadlarini avvaldan bilgani uchun ham titrayverdi. «Tintuvga ruxsatnomangiz qani? Ikkita xolis guvoh qani?» degan talab esa xayoliga ham kelmadi. U-ku, xotin kishi, xavotirda o‘zini yo‘qotadi. Opasiga dalda berishi lozim bo‘lgan Sarvar ham dovdirab qoldi. Bir ozdan so‘ng ularni pastga chaqirishdi. O‘rtadagi ustun atrofini, sochilgan tuproqni ko‘zdan kechirayotgan qirraburun:
— Bu yerda nima bor? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:30

— Bilmasam, — dedi Matluba. — Qo‘yadigan narsamiz ko‘pam yo‘q, hadeb tushavermayman bu yerga.
— Bu yer kavlangan. Nega kavlangan? — dedi qirraburun qaddini rostlab.
— Bilmadim.. balki...
— Nima balki?
— Aytaverayinmi?
— Bizni chalg‘itishga urinmang, biz hammasini bilamiz.
— Bilsangiz... aytmay qo‘ya qolaymi?
— Bilganlaringizni gapiring!
— Bilganlarim... Ancha vaqt o‘tdi-da... kuz paytida edi, kechasi bir erkak, bir ayol uyimizga bostirib kirishdi. Darvoza qulf edi, hovliga qanday tushishganini bilmayman. Erkagi cho‘loq ekan. Vish-vish qiladi, gapiga tushunmayman... — Shu zaylda Xursanali o‘rgatgan gaplar aytildi. Ular ishonib-ishonmay bir-birlariga qarab qo‘yishdi.
— Militsiyaga xabar qildingizmi? — deb so‘radi qirraburun. Bunaqa savol Xursanalining rejasida yo‘q edi. Shu sababli Matluba dovdiradi.
— Militsiyaga nima uchun xabar bermadingiz? — dedi bu safar qirraburun dag‘allik bilan.
— Militsiyaga aytsang, o‘ldiramiz deyishgan, bolalarni ham... — Matlubaning tiliga kelgan bu gapdan ular qoniqishib, boshqa narsa so‘rashmadi. Ularning buyrug‘i bilan Sarvar ustunni chetga surdi, g‘ishtlarni ko‘chirdi, tuproqni surdi, qopqoqlarni ochdi. Ochdi-yu, «agar titishmasa tanga qoladi», deb umid qildi. Qirraburun bo‘sh o‘raga bir oz qarab turdi-da, so‘ng engashib, barmoqlari bilan tuproqni titib, tilla tangani topdi. Qaddini ko‘tarmay turib tangani chiroq yorug‘iga tutdi, tishlab ko‘rdi. Keyin yana tuproq titdi. So‘ng ketishdi. Ertasiga qirraburunning o‘zi keldi. Beshta odamning suratini ko‘rsatdi. Matluba Xursanali ko‘rsatganni tanidi. Tanidi-yu:
— Faqat bitta joyi o‘xshamaydi, — dedi.
— Qaeri? — dedi qirraburun unga qattiq tikilib.
— Qulog‘ining yarmi yo‘q edi. Yo bu eski rasmimikin?
Qirraburun suratlarni cho‘ntagiga solib «xayr» ham demay iziga qaytgan edi...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:38

Hozir Omonulloning «kim edi, qachon keldi, nimaga keldi?» degan savoli o‘sha voqeani chaqmoq umrichalik lahzada eslashga majbur etdi. Esladi-yu, ammo sirtiga chiqarmadi: Xursanalining amrini bajardi.
Omonullo suhbatini boshlamay, Safar kelib ayvon panjarasiga o‘tirib oldi. Matluba unga qarab qo‘yib, o‘ng‘aysizlandi.
— Safar, kalit mashinada qolibdi, — dedi Omonullo ma’nodor ohangda.
Safar do‘stining maqsadini anglab, o‘rnidan turdi-da, ko‘chaga chiqib ketdi. Ranjiganini sezdirmadi, ammo ichida do‘stini avra-astarini ag‘darar darajada bo‘ralab so‘kdi.
Omonullo arqonni uzun tashladi. «Tursunali To‘x-taev bilan qachon tanishgansiz, qachon turmush qurgansiz, bolalar...» kabi savollarga olinajak javoblar u uchun muhim emasdi. Shu sababli «bu ayol to‘g‘ri gapir-yaptimi yo yo‘qmi?» deb tahlil etmadi. Matluba to‘g‘ri javoblardan chekinib, o‘zi istagan gaplarnigina aytmoqchi bo‘layotgani bilan qarmoqdagi xo‘rakka aldanajagini bilmas edi. U Nafisaning o‘limidan xabar topgani bilan, o‘zining bu fojiaga aloqador deb gumon qilinayotganidan, Omonullo aynan shu ish tufayli kelganidan bexabar edi. «Erimni qamab ham tinchishmas ekan», degan fikr uni chalg‘itib qo‘ygandi.
— Savolimga javob bermadingiz, opa, mendan oldin ham birov keldimi? — Omonullo ayoldagi sarosimani sezgani uchun savolini takrorladi.
Xursanali bo‘lib o‘tgan tintuvning «isini chiqarmaslik»ni tayinlagani sababli Matluba sir boy bermaslik uchun nigohini olib qochdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:45

— Adamizni ushlashganidan beri nechtasi kelib, nechtasi so‘roq qildi, nechtasi tintdi. Hisobi yo‘q bularning. O‘lar bo‘lsam o‘lib bo‘ldim. Adamizning ayblari bor ekan, qamadilar. Bizning gunohimiz nima? Bolalarimning gunohi nimada? Aybimiz bo‘lsa, bizlarni ham qamanglar, otinglar, — Matluba shunday degach, yig‘lay boshladi.
Omonullo ovutishni istamay, bir oz kutdi. Matluba yonog‘iga yumalagan ko‘z yoshlarini kafti bilan artib, xo‘rsingach, so‘rog‘ini davom etdi:
— Tursunali aka bilan munosabatingiz yaxshi edimi?
— Bu nima deganingiz? — Matluba ajablangan holda unga tik qaradi.
— Oralaringizdan ola mushuk o‘tmaganmidi?
— Ola mushuk? U kishi... bolalarimning otasi... ko‘z ochib ko‘rganim. Ola mushuk deganingiz hammaning uyida bor. Er-xotinning orasidan gap qochmay iloji yo‘q. Savolingizga qaraganda odamlardan bir ig‘vo eshitganga o‘xshaysiz. Indamasangiz odamlar nimalar to‘qimaydi?
— To‘g‘ri aytasiz, ba’zan odamlar ko‘pirtirib yuborishadi. Lekin... shamol bo‘lmasa daraxtning uchi ham qimirlamaydi.
— Maqsadingiz nima, ochiq aytavering?
— Tursunali aka... sizga xiyonat qilarmidilar?
Bu savoldan so‘ng Matlubaning egilgan boshi yanada egildi. Titroq barmoqlariga tikilib jim qoldi.
— Ochiq aytavering. Agar sir bo‘lsa, oramizda qo-ladi.
— Sir... bilmayman, odamlar ig‘vo qilaverishadi. Bolalarimning otasi axir...
Omonullo tushundi. Tursunalining xiyonati faqat bu ayolga emas, voyaga yetib borayotgan bolalarga ham isnod keltiradi. Ayniqsa xonadondagi qizning bo‘yi yetib qolgan bo‘lsa og‘ir, yanada og‘ir. Erta-indin sovchi eshik qoqib kelsayu «otasi buzuq ekan», deb iziga qaytsa naqadar fojia... Xiyonatdan xabar topgan ayol qanchalik qonsiramasin, farzandlari taqdirini o‘ylab, dardini ichiga yutadi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:18:54

Omonullo iztirob cho‘g‘lari ustida o‘tirgan ayolni qiynamaslik uchun muddao o‘qlarini aniq nishonga ola qoldi:
— Nafisa Boltaevani tanirmidingiz?
— Nafisa... — «er yutsin uni», deb o‘yladi Matluba, ammo tili boshqa gapni aytdi: — eshitganman...
— O‘zini ko‘rmaganmisiz?
— Ko‘rganman. Lekin... yaxshi tanimayman.
— Odamlarning gaplariga qaraganda...
— Odamlarning gaplarini menga aytmang. O‘zingiz ko‘rib, qo‘l bilan ushlagan bo‘lsangiz ayting. Adamizga shuncha azob kammi? Endi nomlarini ham bulg‘ashyap-timi?
— Begonalar emas, Boltaevaning onasi ham aytyapti.
— Adolmi? Juvonmarg bo‘lsin, u ofat! O‘zining qizlari o‘tirib qolganiga alamini o‘gay qizidan oladi. Nafisaning boshida eri bor. Uning buzuqligini birov ko‘rmagan.
— Boltaevaning erini tanirmidingiz?
— Sal-pal taniyman. Adamizning o‘rtoqlari.
— Bu yerga ko‘p kelarmidi?
— Yo‘q.
— Kasbi nima, bilasizmi?
— Olim shekilli?..
— Oilalari tinch edimi?
— Buni o‘zlaridan so‘rang. Men ularnikiga qadam bosmaganman.
— Nega?
— Savolingiz g‘alati-ku? Hozir yaqin qarindoshlar ham bordi-keldiga vaqt topolmaydilar.
— Tursunali aka borib turarmidilar, har holda oshna ekanlar?
— Bilmayman.
— Siz hozir «qadam bosmaganman», dedingiz. Ikki oymi, uch oymi avval, kuz paytlarida borgansiz-ku?
— Kim aytdi?
— Kerak bo‘lsa guvoh bilan yuzlashtiramiz. Ungacha savolimga javob bering: nima uchun bordingiz? Siz o‘sha kuni qattiq g‘azabda bo‘lgansiz. Nimadan norozi edingiz?
— Esimda yo‘q.
— Hatto «o‘ldirtirib yuboraman», degansiz?
— Yolg‘on!

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:19:01

— Men shu yolg‘onni aytish uchun kelibmanmi? Bir narsadan shubham bo‘lmasa gapirmayman.
— Shubha?.. Hali... uni men o‘ldiribmanmi?
— Kimni?
— Nafisani aytyapsizmi?
— O‘lganini bilasizmi? — Omonullo shunday deb Matlubaga ajablanayotgan odam ko‘zi bilan qaradi.
— Men kecha osmondan tushganim yo‘q-ku? Eshitmaymanmi?
— Qanday holatda o‘lganini ham eshitdingizmi?
— Eshitdim... bittasi bilan... ekan.
— Ishondingizmi?
— Ishondim nimayu, ishonmadim nima?
— Kim o‘ldirgan bo‘lishi mumkin?
— Bilmayman.
— Har holda... nima uchun o‘ldirgingiz kelgan edi?
Matluba qafasga qamalgan qush holiga tushdi. Nodonligi tufayli qafasga tushdi, endi yana nodonlik qilib, o‘zini qafasga urib qanotlarini yaralashni istamadi. Bir oz sukut qilgach, eridan olgan o‘sha maktubdan gap boshladi.
Matluba bir yig‘lab, bir sukut qilib, bir g‘azab jilovida ezilib gapirardi. Nafisaning o‘limini eshitganida «battar bo‘lsin!» deb quvongan edi. Bunday o‘limdan battarroq yana nima bo‘lishi mumkinligini o‘ylab o‘tirmay, birovning o‘limidan quvonishning gunoh ekanini fahmlamay shunday degan, shunday xursand bo‘lgan edi. «Xudo mening rahmimni yebdi», deb ham fikr qilgandi. Hozir o‘tmish kunlarni eslay turib nechundir unga achindi. Norasmiy kundoshining o‘limidan o‘ziga zarracha naf yo‘qligini endi angladi. Uning o‘limini istagani rost, qarg‘agani rost, o‘ldirish yoki o‘ldirtirish uchun harakat qilmagani ham rost. Ammo rost gapga bu odam ishonarmikin? Matluba shu armon, shu o‘kinch bilan Omonulloga qarab-qarab qo‘yardi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:19:11

Omonullo uning gaplarini bo‘lmay eshitdi. «Shu ayol o‘ldirgandir» degan gumon unga hukmini o‘tkazmagan bo‘lsa-da, fikrdan uzoqlashishga haqqi ham yo‘q edi. To chin qotil topilmagunicha shu ma’sumadan ham shubhalanishga haqli edi.
Omonullo Matlubaning so‘zlarini eshitish asnosida beixtiyor Adolatni ko‘z oldiga keltirdi. O‘shandan gumonsiraganda ham tinch qo‘ymas edi. Bu ayol... boshqachaga o‘xshaydi. Ezilgan ruhi, toptalgan umidi uchun xun talab qilsa ham arzir. Ammo... bolalarining otasi bo‘lgani uchun ham uning nomini himoya qilyapti, uni umid bilan kutyapti. Har qanday ayol erini qiz-g‘anadi. Qalbini yiring bosgan Matlubaning ham qizg‘anishi tayin. Ammo bu rashk, bu qizg‘anish qotillikka undashi mumkinmi? Omonullo uchun bu mubham bo‘lib qolaveradi.
U Matlubadan erining maktublarini ko‘rsatishni iltimos qildi. Matluba bir oz ikkilangan holda uyga kirib to‘rt-beshta maktub olib chiqdi-da, soliq to‘lashga undovchi xatni ajratib berdi. Omonullo satrlarga ko‘z yugurtirgandayoq, lager qamoqxonasidagi ahvolni angladi.
— Boltaevadan shubhalanganingiz o‘rinsiz. Eringiz qamoqdagi katta baliqlarga yem bo‘lgan.
— Bilasizmi shuni? Bilsangiz... nega yo‘l qo‘yib berasiz?
— Buni o‘sha yoqdagilardan so‘rash kerak. Bizning vazifamiz boshqa. Agar biror kishi pul talab qilib kelgan bo‘lsa, ayting. Ular bilan shug‘ullanamiz.
Matluba Xursanalining ogohlantirishini eslab: «Yo‘q, yo‘q, hali hech kim kelmadi», deb qo‘ydi.
Omonullo bunga ishonganday bo‘ldi-yu, yana uchrashishga shama’ qilib ko‘cha tomon yurdi. Matluba ostonaga qadar kuzatib borib, Omonulloning ortidan eshikni yopdi.
Safar orqa o‘rindiqda kavshanib o‘tirardi. Omonullo mashina eshigini ochishi bilan dimog‘iga aroq, kolbasa hidi urildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:19:26

— Ha, ochofat, darrov yutdingmi? — dedi Omonullo unga qovoq uyub qarab.
— Boshga quvvat bo‘ladi, senam qittakkina olvol.
Omonullo «nafsing qursin», dedi-da, mashinani yurg‘izdi. U direktor bilan uchrashib yangi gap ololmagach, bog‘ qorovuli bilan gaplashishni ixtiyor qildi. Direktor obkomdan vakil kelayotganini aytib, unga bir yugurdagini qo‘shib berdi. Nomi bog‘ qorovuli, aslida xo‘jayinning ham mahrami, ham oshpazi bo‘lmish ukkiko‘z Karvon Tursunali bilan qizini shu yerda ko‘rganini aytdi. Aravakash otasining «Karvon» laqabini meros qilib olgan bu odam bilganlarini yashirmadi: «Direktor buva Toshkentda edilar. Xo‘jayin yo‘qliklarida ishlarimni qilvolay deb rayon markaziga tushuvdim. Qaytib kelayotsam, Oshbolta bilan qizi chiqib kelishyapti. Oshboltaning da’vosi katta — u o‘zini menga ustoz deb biladi. «O‘choqni harom qilibsan, buzib tashladim, ertamatan kelib yangisini qurib beraman», deydi. «Nimasi harom?» desam, «O‘choqning ichida it yotibdi», deydi. It ilgari ham yotardi, harom-parom demasdi, qachondan beri haromni haloldan ajratadigan bo‘libdiyikin, deb qolovurdim. Nazarimda u qizini yangi direktorga qo‘shgani olib kelganu, ishi unmagach, alamdan o‘choqni buzib tashlagan. O‘choqni o‘sha kuniyoq o‘zimla o‘nglab qo‘ydim. Xo‘jayin yarim kechada qaytib, ovqat qil, deb buyursalar «Ertalab Oshbolta o‘choq qurib bersin, keyin ovqat pishiray», deymanmi?»
Omonullo Karvonning gaplarida bir ilmoqni sezdi-yu, bo‘lib o‘tgan voqeani oydinlashtirishga ojizlik qildi. Savollarni qalashtirgani bilan kerakli javoblarni ololmadi. Nafisaning qishloqqa kelishi, boqqa borishi, o‘choqning buzilishi... Quloqlariga tilla ziraklar, barmoqlariga tilla uzuklar taqib qaytishi... da sir yashirin edi. Bu sirdan voqif odamning biri tuproq ostida, ikkinchisi tildan qolgan...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:19:34

.. O‘sha kech Matlubaning nogahoniy tashrifidan so‘ng Samandar «ishim bor», deb xonasiga kirib ketdi. Ota-bola televizorda zerikarli bir tamoshani yarmiga qadar toqat qilib ko‘rishgach, Toshbolta qizidan:
— Tursunalining boyligi ko‘p edi, milisa topolmadi. Xotini bilmasa... qayga berkitdi ekan? — deb so‘radi.
Nafisaning ko‘zlari teleekranda bo‘lsa-da, xayoliga shu savol hukmron edi. Otasiga qarab «bilmayman» deb yelka qisib qo‘ydi-yu... keyin so‘nggi kechalardan birida yuz bergan voqeani esladi. Aslida o‘sha voqeani unutmagan, lekin qama-qama boshlanib, boqqa borishga qo‘rqib yurgan edi. Televizorni yana bir oz tomosha qilgan bo‘lib, so‘ng o‘sha voqeani otasiga bayon qildi...

... Tursunalining kayfiyati xush edi. Maishatni boshlashdan avval Nafisaning quloqlariga tilla zirak, barmoqlariga tilla uzuklar taqdi. So‘ng nafs qongach, tongga yaqin yechib oldi. Avvallari bunaqa odati yo‘q edi — sovg‘alarini qaytib olmasdi. «Zamon nozik bo‘lib turibdi. Taqib yursang, odamlar gap qiladi, ering ham shubhalanadi. Shu yerda tura tursin», dedi-da, tashqariga chiqdi. Nafisa o‘rnidan turib yelkasiga choyshab tashlaganicha, derazaga yaqinlashib, tash-qariga o‘g‘rincha qaradi. Tursunalining o‘choqboshi tomon qayrilganini ko‘rdi. «Karvon shu yerda bo‘lsa bu ahvolda duch kelmay», deb tashqariga chiqishga qo‘rqdi. Tursunali o‘choqboshidami yo etakdagi qo‘yxonadami, Nafisa aniq bilolmadi, ancha qolib ketdi. Mehmonxonaga kirishdan oldin qo‘llarini yuvdi. Ichkari kirib yotdi-yu, kun yoyilgunicha uxladi...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:19:44

Bu voqeadan avvalroq boxabar qilmagani uchun Tursunali qizini g‘adabladi. Ertasiga tongdayoq ota-bola yo‘lga otlandilar.
O‘choq ostidan topilgan ziraklar, uzuklarni Nafisa joni uzilganiga qadar taqib yurdi. Adolat bu taqinchoqlarni yangi o‘ynashning hadyasi deb o‘yladi. Samandar esa dastlabki kunlari xotinida yangi taqinchoqlar paydo bo‘lganini hatto payqamadi ham. Nafisa «erim so‘rasa «dadam olib berdilar», deyman», deb javobni naqd qilib qo‘ygan edi. Sinchkovlik, xotinlarga e’tibor degan tushunchalardan begona Samandar taqinchoqlarni ko‘rganda ham indamadi. «Maoshlarini yig‘ib olgandir», deb qo‘ya qoldi.
Taqinchoqlar tarixidan bexabar Omonullo issiq kunda aroqning kuchi bilan yanada qizib olgan Safarning ezmaligidan horigan holda uyiga qaytdi.

Qayd etilgan