Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190448 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 25 26 27 28 29 30 31 32 33 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:24:28

Sermanzirat yigitning gaplaridan keyin xayolini o‘zidan uzoqlashgan do‘stlari, qarindoshlari to‘la egallamadi. O‘zini yo‘qlovchi mehribon yo‘qligidan bir oz o‘ksindi-yu, so‘ng bo‘lajak taqdirini o‘yladi. Yigitning manziratlari ham, ezmaligi ham yoqmay qoldi. Uzr aytdi-da, eshikka yaqin karavotga o‘tib, cho‘zildi. Yigit ham nafsini qondirib bo‘lgach, taomlarni dasturxonga o‘rab qo‘ydi-da, bo‘sh karavotga o‘tib yotdi. Yotgan joyida kerishib, rohatlandi. Dam o‘tmay yengil xurrak ota boshladi.
Samandar esa shu topda o‘z siriga mahram bo‘la olguvchi odamga hojat sezdi. Ahbobga muhtojlikning qamoq azoblaridan ham battarroq ekanini fahmladi. Odamning fojiasi o‘lim emas, vohidlik ekanini anglab yetmoq mushkul. Odam bolasi istaydimi-yo‘qmi, qochmaydimi yo qochadimi farqsiz — o‘lim sharobini ichadi. Vohidlik esa o‘zining ixtiyori bilan yuzaga keluvchi ofatdir. Hozir Samandar bu ofatning tariqday mevasini totdi. Bir necha soatdan so‘ng tamaki hidiga to‘lib ketgan bu dim xonani tark etib uchoqqa o‘tirganida, Moskva sari uchganida esa bu azoblarni, bu fojialarni yana unuta boshlaydi.
Hozir esa hamqishloq do‘sti Tursunali bilan shaharda uchrashib qolgan onlarini la’natlay boshladi. Moskvalik mehmonlar bilan restoranda o‘tirganida maishat qilish maqsadida kirgan oshnasi bilan uchrashgan edi. Keyin sovxoziga taklif qildi. Bog‘da maishat qilishdi. Choy ko‘tarib kirayotgan Nafisaga suqlanib qaradi. Bu qarashning ma’nosini uqqan Tursunali shu tunning o‘zidayoq kayfi oshgan do‘stining nafsini qondirish choralarini qildi. Chora amal berdi-yu, o‘sha tun bahonasida Samandar xotinlik bo‘lib oldi. Endi esa... o‘sha tunni ham la’natladi...
Umrining turli nuqtalariga la’nat toshlari otib o‘tirganida eshik ochilib soqchi kirib keldi-da, yigitni turtib uyg‘otgach:
— Qo‘lingni orqaga qil! — deb buyurdi.
— Nega endi okaxon? — dedi yigit uyqusiragan holda.
Soqchi unga javob bermay qo‘lini qayirib kishanladi-da:
— Endi uka, shahar turmasiga ko‘chadigan bo‘lding. Prokuror senga ish ochganga o‘xshaydi, — deb afsusini bildirib qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:24:45

— Menga ish ochadimi, menga ish ochadigan prokuror hali onasining qornida yotibdi!
— Bo‘ldi, baqirma, yur, — soqchi shunday deb uni yelkasiga turtib, olib chiqib ketdi.
Ozod bo‘lishga ishonchi komil bo‘lgan yigitning ahvoli shu bo‘lganidan keyin Samandarning ahvoliga maymunlar yig‘lamasmikin? Samandar shu fikrda ezilib yotganida yana eshik ochildi, ammo soqchi emas notanish bir yigit kirib salom berdi-da:
— O‘rtoq Ochilov, yuring, anglashilmovchilik bo‘libdi, — dedi.
Shu anglashilmovchilik tufayli, Samandar kutganidek uning holiga maymunlar yig‘lamaydigan bo‘lishdi.
Samandar hibsxonada ezilib o‘tirganida Omonullo Nafisa bilan Sanjar ishlagan kooperativga yana bordi. Bu korxona moliyaviy ahvolining tekshiriluvi Omonulloga zarar yetkazdi: xodimlar u bilan yanada cho‘chibroq gaplashishdi. Oqibatda Nafisa bilan Sanjar munosabatlarini oydinlashtira olmadi. Nima uchun uyga borganlari u uchun mavhum bo‘lib qolave-radi.
Ertalabdan beri quyosh bilan berkinmachoq o‘ynayotgan o‘rkach-o‘rkach bulutlar osmonu zaminga hukmronlik o‘tkazish qasdida birlashmoqqa kirishgan edilar. Oftob nuridan bebahra yer yuzi momaqaldiroqlarni kutib dim bo‘lib oldi. Azaldan dim havoga toqatsiz Omonulloni ter bosdi, nafas olishi esa og‘irlashdi. Qo‘nalg‘adagi joyidan jilayotgan avtobusni ko‘rib hushtak chalgan edi, haydovchi insof qilib to‘xtadi. Omonullo oldingi qatordagi bo‘sh o‘rindiqqa o‘tirishdan oldin oynani yon tomonga surib, ochdi. Shabada iliq bo‘lsa ham ko‘kragiga rohat berdi. Bo‘yniga oq chit ro‘mol tashlab olgan haydovchi radio ovozini balandlatib, ashulaga mast bo‘ldi. To‘ylarni gullatayotgan bu qo‘shiq Omonulloga ham ma’qul kelib, xufton dili jindek yorishdi. Ashuladan so‘ng bir shoir bosiq, dardli ovozda she’r o‘qiy boshladi:
— Qaytayapman, o‘zimni ko‘mib...

She’rning birinchi satriyoq Omonulloning diqqatini o‘ziga jalb qildi:
Tog‘lar — g‘arib, bog‘lar — tashlandiq.
Men ko‘milgan tuproq it bo‘lib
Yuzlarimni yalay boshladi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:25:07

Bu satrlarni eshitib Omonulloning eti seskandi. Haydovchi radio ovozini pastlagan edi, «Og‘ayni, eshitaylik!» deb iltimos qildi.

Ey so‘qir zot, ko‘zlaringni och!
Ko‘zlarimda qonim qaynaydi.
Qaro kiygan qaro qayrag‘och
Bu kun mendan tona olmaydi.
... Siynalari pajmurda, zahil
Daraxtlarga termular ayol...


Tiriklik holida ko‘rinmagan Nafisa nechundir Omonulloning nigohi oldida gavdalandi: o‘lik ayol emas, ko‘zlari ochiq juvon ko‘rindi. Dardli nigohi, savolli nazari bilan qaradi: Nafisaning ko‘zlari «Meni kim o‘ldirdi? Nima uchun o‘ldirdi?» deb so‘rar, radioda esa shoir bo‘g‘ilib she’r o‘qirdi;

Odam — hissiz buyuk haqiqat,
Odam — go‘rda tirilgan armon...
Odam — qatra zardobrang hasrat...
Odam — beun, besukun xayol...
Odam — boshi kesilgan bulut...
Odam — og‘ir oyoqli Ayol...
Odam — armon va...
Odam — umid...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:25:23

Omonulloning ko‘z oldida o‘sha savolli nigoh: «nima uchun meni o‘ldirdilar? Gunohim nima edi?» Omonullo buni bilsa edi, aytardi. Holbuki bilmaydi, alhol uning asosiy vazifasi buni bilish ham emas. U eng avvalo «kim o‘ldirdi?» degan savolga javob topishi zarur. «Gunohim nima edi?» degan savoliga esa Nafisa qiyomatda javob oladi... Hozir esa Omonulloning xayolini shoirning dardli ovozi band etgan:

... Xayr endi, mening xazonim,
Tanho go‘rga sig‘dik ikkimiz.
Yig‘layotir, kuylayotir jim,
Joni kuzda chiqqan jismimiz.
Xayr endi, mening yaprog‘im,
Bir dunyoga sig‘dik hammamiz.
Yosh to‘kmasin biz uchun hech kim —
Biz qaytamiz,
Bir kun qaytamiz.
Xayr endi"¦


She’rdan so‘ng dardli kuy berilib, Omonulloning ko‘ngliga xazinlik ega chiqdi. Shu xazinlik hukmida ishxonasiga qaytdi. Navbatchi yigit uni kutilmagan noxush xabar bilan qarshi oldi: kimdir qora «Volga»da kelib, Samandarni olib ketibdi. Xo‘jayin Omonulloni kutayotganmish...
Boshliq huzuriga kirmasidanoq Omonullo Samandar Ochilovni kim olib ketganini taxmin qildi. Shunday bo‘lishini kutgan edi, ammo kutgani bu qadar tez amalga oshuvi uning aqlini shoshirdi. Boshliq Omonulloga hayratomuz yangilik aytmadi — uning gumonini tasdiqladi xalos. «Ishga tikib qo‘y», deb bir varaq qog‘oz uzatdi. Samandarning shahardan chetga chiqmay turishi haqidagi tilxatiga Omonullo e’tiborsiz qarab qo‘yib chiqib ketmoqchi edi. Boshliq to‘xtatib, so‘radi;
— Boshqalardan gumoning yo‘qmi?
Omonullo darrov javob qaytarmadi. Kooperativ boshlig‘i bilan Matluba To‘xtaevaga oid ojiz gumonlarini aytgisi kelmadi. Shu bois bir oz o‘ylanib turib:
— Dalillar yetarli emas, — deb qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:25:39

— Ochilov ekanini isbot qilib bera olarmiding?
Begona uy ostonasiga qadam qo‘yayotgan odam ichkaridagi jihozlarni ta’rifu tavsif qilishdan ojiz bo‘lganidek, Omonullo bu savolga javob berishga qodir emasdi. Boshliq uning ahvolini sezib, javob talab qilmadi, aksincha dalda berdi:
— Bo‘pti, ishingni davom ettiraver. Biror gap chiqsa, huzurimga kirarsan. Sen xafa bo‘laverma. Uni bir marta so‘roq qilishga ulguribsan, shu ham katta gap! Agar dalillar Ochilovga qadalib qolaversa... sen zo‘riqma... biz ilojsizmiz. Boraver...
Bir necha kun avval Samandarning ishxonasidagi suhbatda «qonun oldida hamma teng», deb katta ketgan Omonulloning quloqlari ostida tepakalning «hayotda esa, azizim, butunlay boshqa. Shuni hali ham tushunib yetmadingizmi?» degan gaplari jarangladi. Omonullo o‘zini og‘zidagi luqmasini oldirib qo‘ygan anqov holida deb hisoblamadi — o‘ksinmadi.
Omonulloning ish uslubi hamkasblaridan ozgina farq qilardi: u biron jinoyatga aloqador deb ikki kishidan gumon qilsa, uchinchi, noma’lum odam uchun ham joy qoldirardi. Mazkur uslub foyda bergan damlar ham bo‘lgan: gumondagilar ozod qilinib, mo‘ljalda yo‘q noma’lum odamning iziga tushilgan. Agar Samandarning gaz masalasidagi gaplari nayrang mahsuli bo‘lmasa, Omonullo kalavaning bir uchini topdi, deyish mumkin. Kimdir chindan ham gazni ochib qo‘ygan bo‘lsa, demak, o‘sha «kimdir»ni qidirish kerak. Samandar Ochilovga da’vo yo‘q — o‘likni ko‘rib qochgan odam jinoyatchi hisoblanmaydi. Xotinining o‘ligini ko‘mmasa ham, dafn etilgan yerini ziyorat qilmasa ham jamiyat ayblamaydi. Bularning ajri ham qiyomatda beriladi.
Omonullo xonasiga qaytib joyiga o‘tirdi-da, stol g‘aladonidan ismlar yozilgan qog‘oz parchalarini olib, yana folbin kabi yoydi. Keyin to‘rtinchi qog‘ozdagi so‘roq belgilari yoniga undov belgilari qo‘ygach, «Samandar Ochilov» deb yozilgan varaqni chizib-chizib tashladi-da, jahl bilan g‘ijimlab, yelimto‘rsavatga uloqtirdi. Ko‘zlarini yumib, behol odam kabi harakatsiz o‘tirdi. Keyin o‘rnidan turib g‘ijim qog‘ozni olgach kaftlari bilan silab, tekislab joyiga qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:25:47

Derazaga o‘rnatilgan sovutgichdan iliq havo ufurilayotganday nafasi bo‘g‘ilib, tashqariga chiqdi. Hovlida harakatsiz turishidan bir ma’no ko‘rmagach, ko‘chaga yo‘naldi. Bozorga borib qog‘oz xaltani to‘ldirdi-da, shifoxonaga qarab yo‘l oldi. Opasining ahvoli yaxshilangani uchun umumxonaga o‘tkazilgan ekan, kirib uni ziyorat qildiyu so‘ng otasini, shu bahonada qaynona-qaynotasini ham yo‘qlashni maqsad qildi.
Hovliga suv sepib salqinlatgan Bobomurod Omonullo kirib kelganida bo‘y cho‘zib qolgan rayhonlarning gullarini chimdib uzayotgan edi. Tutingan o‘g‘lini ko‘rib chehrasi ochildi. Bu dunyoda bir tutingan singlisiyu bir tutingan o‘g‘liga suyanib yashayotgan Bobomurodning quvonishi uchun ko‘p narsa zarur emas: singlisining ochiq yuz bilan gaplashib o‘tirishi yoki Omonulloning eshikdan kirib kelishi uning uchun baxtli daqiqalar hisoblanardi.
Omonullo ichkari kirishga unamay ikki qulochli uzun taxtadan yasalgan o‘rindiqqa o‘tirdi. Bobomurod ichkari kirib likopchada gilos ko‘tarib qaytdi-da, Omonulloning yoniga o‘tirib, likopchani o‘rtaga qo‘y-di, Omonullo otasining ko‘ngli uchun gilosdan totib ko‘rdi.
— Opangni Xudo bir qaytib berdi, hozir tuzuk. Dardini ichiga yutaverib, yutaverib yuragini abjaq qilib tashlagan.
— Kirib ko‘rdim, ruhlari tetik.
— Balki shu bahona bo‘lib anavi kasallaridan ham qutulib ketar, a?
— Kim biladi?..
Omonullo shunday deyishga dedi-yu, tilini tishladi. Otasi umid bilan so‘ragan edi, «Ha, tuzalib ketadi», desa bu umid quvvat olardi. U esa mujmal javobi bilan o‘sha umidni ham bo‘g‘a qoldi.
— Shunaqa hodisalar bo‘lgan, eshitganman, — dedi-yu, ammo fursat o‘tgan, umid chinnisi allaqachon yerga tushib, darz ketgan edi. Keyingi gap darzni chegalagani bilan izni yo‘qotmasdi.
— O‘zing qalaysan? Ishingning mazasi yo‘q shekilli, a?
— Ishlab yuribman...
— Menga qara-chi? — Bobomurod shunday deb uning ko‘zlariga tikildi.
Yo‘q, Omonullo bu o‘tkir nigohga dosh berolmaydi. Dastlab uchrashganida ham qaray olmagan.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:25:55

O‘shanda ovozi rasta bo‘layotgan yoshda edi. Qo‘shni sinfdagi qizga ko‘ngil qo‘ydi. Yursa ham, tursa ham faqat o‘sha qizni o‘ylardi. Hatto ota-ona sog‘inchini ham unutgan edi. Qizlar bayrami yaqinlashib, uni sov-g‘a masalasi qiynab qo‘ydi. Uning nazarida bayram sovg‘asi barcha muammolarni hal qilib berishi lozim edi. Yechilajak muammolardan biri — qizdan hech bo‘lmaganda bittagina o‘pich olishga erishmoqlik edi. Aynan shu birinchi o‘pich umid daryosini to‘sib turgan to‘g‘onni buzar, visolning nurli cho‘qqisini in’om etar edi. Ammo... ota-onasidan ajrab yetimxonaga tushgan o‘smirda pul nima qilsin? O‘ylay-o‘ylay chorasini topdi: umrida bir marta, ha, faqat bir martagina o‘g‘irlik qilish ahdi bilan avtobusga chiqdi. Qaysi cho‘ntakda pul borligini aniqlash san’atidan mahrum bu bolaning o‘sha kuniyoq qo‘lga tushib, qamalib ketishi hech gap emas edi.
O‘sha kuni, o‘sha daqiqada, xuddi o‘sha avtobusda Bobomurod ham bor edi. Uning ziyrak nigohi qo‘nalg‘ada javdirab turgan Omonulloga tushganidayoq, bolaning shum niyatini payqadi. Shu sababli odamlar orasidan o‘tib, orqa eshikka yaqinlashdi-da bolaning yoniga turib oldi. Omonullo titroq qo‘llari bilan duch kelgan cho‘ntakka tushmoqchi bo‘lganida bilagidan mahkam ushladi-da, avtobus to‘xtagunicha qo‘yib yubormadi. Avtobus to‘xtagach, «qani, yur», dedi-da, bolani qariyb sudrab tushdi. Qo‘rqib ketgan Omonullo qarshilik bildirolmadi. U «milisa ushlab oldi, tamom, endi qamaydi», deb o‘ylagan, o‘g‘rining qo‘liga tushgani xayoliga ham kelmagan edi.
Bobomurod uni bog‘ tomon boshlab borib, o‘zi o‘rindiqqa o‘tirdi-da, bolaning ko‘ziga tikildi:
— Qani, menga qara-chi, faqat to‘g‘risini ayt, nimaga o‘g‘irlik qilmoqchiyding?
Omonullo piqillab yig‘lay boshladi.
— O‘chir! Mishig‘ingni art! — deb do‘q urdi Bobomurod. — Soqol-mo‘yloving chiqib qolibdi-ku, erkakmisan o‘zing?! Nimaga yig‘lyapsan?
— Qo‘limni qo‘yib yuboring...
Qo‘yib yuborish o‘rniga Bobomurod uning bilagini yanada qattiqroq qisdi:
— Ayt, deyapman: nimaga birovning cho‘ntagiga tushmoqchi bo‘lding?
— Tushmoqchimasiydim.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:26:04

— Sen o‘g‘il bola bo‘lsang — mard bo‘l, to‘g‘ri gapdan qochma. To‘g‘risini aytsang, qo‘yib yuboraman, aldamoqchi bo‘lsang — o‘zingga qiyin. Shu qo‘lingni avval kuydirib, keyin terisini shilib olaman. Kissavurning jazosi shu bo‘ladi. Aslida-ku, kesish kerak, mayli, yosh ekansan, ayayman, kuydirib qo‘yaqolaman.
Bobomurod xuddi shu ishga jazm qilganday ishonarli ohangda aytib, bolaning esxonasini chiqarib yubordi.
Omonullo bu odamdan osonlikcha qutula olmasligini anglab, yig‘lamsiragan holda:
— Oyim og‘ir kasallar, doriga pul yo‘q... — dedi.
U ham o‘z xayolida bu gapni ishonarli ohangda aytgan bo‘ldi. Titroq ovozi ishontirishga undasa-da, ko‘zlari alday olmadi.
— Qani, menga qarachi, — dedi Bobomurod, bolaning dahanini ushlab. — Yana yolg‘on gapiryapsanmi? Mening ko‘zlarimga bir qaragin: bular ko‘z emas, rent-gen. To‘g‘risini aytsang, kerakli pulni o‘zim beraman. O‘g‘il bola gap — shu!
Omonullo yana bir marta aldagach, Bobomurod uning yuziga tarsaki tortib yubordi.
— Sen o‘g‘ri emassan, sen qo‘rqoqsan, sen hezalaksan! O‘g‘irlik ham qo‘lingdan kelmaydi!
Bu gaplar Omonulloning qo‘rquvdan yarador qush kabi potrayotgan yuragiga dalda bo‘ldi-da, to‘g‘risini ayta qoldi. Ammo shunda ham qo‘li bo‘shamadi.
— Endi qo‘yvoring, — dedi yalinib.
— Hali bizning savdomiz pishmadi, bola-paqir. Senga va’da berdimmi, demak, bajaraman. Qo‘linga-ku, pul bermayman. Magazinga boramizu ko‘nglingga yoqqan narsani ko‘rsatasan, narxiga qaramaysan, million so‘m bo‘lsa ham olib beraman, o‘g‘il bola gap bitta bo‘ladi! Ungacha bitta-ikkita narsani so‘rayman, javob berasan: nima uchun otangga yo onangga aytmading, yo uyaldingmi, a?

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:26:13

Ota-onasiga doir har qanday savol Omonullo uchun g‘oyat og‘ir yuk edi. Yetti yoshida yetim qolganini aytish chog‘ida go‘yo uning yuragi to‘xtab qolganday bo‘laverardi. Otasi bilan onasi ishdan qaytayotganda tushgan avtobus muzlagan yo‘lda tiyg‘anib, chuqur jarlik tubida oquvchi anhorga qulagan, ularning murdalari ertasiga chiqarib olingan, er-xotinning jasadi uyda bir kecha «mehmon» bo‘lib, tongda yerga qo‘yilgan edi. Beli bog‘langan yetti yoshli Omonullo ikki tobut oldida bo‘zlab borgandi.
Hozir notanish odamga shularni aytib berishi kerakmi? Og‘ir bo‘lsa ham aytgisi keldi. «Rahmi kelib qo‘yib yuborar» degan niyatda uzuq-yuluq so‘zlar bilan holini bayon qildi. Amakisinikida yarim yil yashab, so‘ng bolalar uyiga berilganini ham yashirmadi. Bu safar Omonullo adashmadi: chindan ham Bobomurodning unga rahmi keldi. Chap qo‘li bilan boshini siladi-da, yoniga o‘tirg‘izdi.
— Sen faqat qochib ketma, bola-paqir, — dedi horg‘in ovozda, — men milisa emasman. Teringni ham shilmayman. Shunchaki seni qo‘rqitish uchun aytgandim. Agar rost gapirayotgan bo‘lsang, hayoting menikiga o‘xshab ketarkan. Men ham senga o‘xshab g‘irt yetimman. Sen bir pas qimirlamay o‘tir. — Bobomurod shunday deb sigaret tutatdi.
Dastlab «bola o‘zi istab shu ko‘chaga kiryapti, shogirdlikka bop ekan», deb o‘yladi. Sigareta chekib bo‘lgach, do‘konga borib, sovg‘ani olib berdi, so‘ng Omonulloni bolalar uyiga kuzatib qo‘ydi. Eshik og‘-zida:
— Biron nimaga muhtoj bo‘lsang, menga ayt, — deb tayinladi. Keyin: — agar xohlasang, meni «amaki», de. Xohlasang, tarbiyachilaringdan so‘rab uyimga olib ketay, bugun mehmonim bo‘l, — dedi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:26:21

Omonulloga bu taklif ma’qul keldi. Omonullo «bu odamning ota-onasi ham bir kunda halok bo‘lishgan ekan», deb o‘yladi. Bobomurodning o‘smir chog‘ida ilk marta qamalganida isnod o‘tida kuygan ota-onaning bir yil ichida oldinma-keyin qaytish qilganini ancha keyin, aniqrog‘i, Fotimaga uylangach, qaynotasidan eshitib bildi. Bobomurodning o‘g‘ri ekanini esa bu xonadonga ikkinchi marta kelgan tuni tasodifan bilib qoldi. Yarim tunda behos uyg‘onib, sherigi bilan maslahatlashayotgan Bobomurodning gaplariga quloq tutdi. Avvaliga qo‘rqdi. Ertalab nonushta ham qilmay qochvormoqchi edi, Bobomurod qo‘lini ushlab, to‘xtatdi:
— Hech qachon birovlarning gaplariga o‘g‘rincha quloq solma, xo‘pmi? — dedi po‘pisa ohangida. — Gap poylamasang ham kimligimni o‘zim aytardim. Men g‘irrom o‘ynaydigan dayuslardan emasman.
— Endi men ham o‘g‘ri bo‘lamanmi?
Kechasi bilan o‘ylab chiqqan shu gapini aytishi bilan yuziga zarbli tarsaki tushdi. So‘ng Bobomurod sochini changallab tortdi. Omonulloning ko‘zlarida tirqirab yosh chiqdi.
— Kim aytdi buni senga, ahmoq! Bilib qo‘y: sen o‘g‘ri bo‘lmaysan, o‘qiysan, sen odam bo‘lasan!
Bobomurod shunday degach, Omonulloning sochini qo‘yib yubordi. U «Sening odam bo‘lishing uchun hamma narsadan voz kechaman, hatto hunarimni ham yig‘ishtiraman», demoqchi bo‘ldi-yu, «bola buni tushunmaydi», degan fikrda tilini tiydi-da, «O‘tir, choyingni ich!» deb buyurdi.
Chindan ham Omonulloni deb o‘g‘irlikni tashlamoqchi edi. To qamalguniga qadar ahdida turolmadi. Qamalgach, ozodlikda qolgan sheriklariga xat chiqarib, Omonullodan xabar olib turishni tayinladi. Qamoqdan boshqa hunar qilish ahdi bilan chiqdi. Yo‘lda Ayolni uchratgach, bu ahdi qat’iylashdi.
Omonullo mustaqil ish boshlaganida Bobomurod unga maslahatlar berib turdi. «Tabib — tabib emas, boshidan o‘tgan — tabib», deganlaridek, jinoyat olamining nozik yerlarini Bobomurod yaxshi bilardi.

Qayd etilgan