Tohir Malik. Murdalar gapirmaydilar (qissa)  ( 190446 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 27 28 29 30 31 32 33 34 B


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:28:27

QULFNING KALITI

Samandar Ochilov yashagan uyga yaqinlashishganda Bobomurod to‘xtab, atrofga sinchiklab razm soldi-da:
— Ko‘cha gavjum emas ekan,— deb qo‘ydi. Zinadan ko‘tarilayotganda esa yana takrorladi: — Ko‘cha gavjum emas ekan.
— Bunga o‘sha kuniyoq e’tibor berganman. Begona odamni payqash oson, — dedi Omonullo.
— Durust, buni bilar ekansan.
— Bir-ikkita darsga kirib o‘qishga to‘g‘ri kelgan,— deb javob berdi Omonullo piching bilan.
U eshik qulfiga kalit solayotganida Bobomurod har bir harakatini diqqat bilan kuzatdi.
— Kalit kimniki? — deb so‘radi u, eshik ochilgach.
— Juvonning otasiniki. Birinchi kuni olganman.
— Otasi kelganda eshik ochiq ekanman yo qulfmi?
Omonullo bu savolni eshitib, peshonasiga bir shapaloq urgisi keldi: shu oddiy narsani Toshboltadan so‘ramaganiga afsuslandi.
— Qulf bo‘lgan, — dedi Bobomurod xuddi o‘ziga o‘zi gapirayotganday. — Ochiq bo‘lganida o‘liklarning sassig‘i chiqishi bilan qo‘shnilar bilishardi. — Bobomurod shunday deb qulfni kuzatdi: — odamlaring qulfni olib tekshirishmabdi-ku? Qulfni nimada ochib kirgan? O‘zining kalitidami yo begona kalitdami yo mixochqichdami? Tekshirtirmaysanmi?
— Tekshiringlar, devdim, — deb o‘zini oqladi Omonullo.
— Sen deyaverasan. Ular esa o‘z bilganlarini qilaveradi. Sen eng avvalo o‘zing kriminalist bo‘lishing kerak. Qara, kulfni mahkamlab turgan burama mixning ariqchasiga bo‘yoq to‘lib qolgan. Buragich tegmagan. Demak, qulf olinmagan, tekshirilmagan. Qani, ichkari kir, ko‘rsat.
Omonullo oshxona tomonga o‘tib, o‘liklar yotgan yerni ko‘rsatdi. Bobomurod uning so‘zlarini eshitayotgan bo‘lsa ham, uncha e’tibor bermay, yuvinish xonasini qayta-qayta ko‘zdan kechirdi-da:
— Bular kirishganida qotil shu yerda yashirinib turgan, eshikni avval erkak ochgan, — dedi.
— Avval ayol ochgan bo‘lishi ham mumkin. Qotilni ko‘rib, dod deganicha qochgandir, keyin erkak qaraganu ko‘kragidan pichoq yegan. Keyin ayol...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:28:35

— Balki shundaydir. Har holda «o‘ynashlar maishat qilib o‘tirishganda yoki yotishganda eri kirib qolganu...» degan taxminni bekor qilganing to‘g‘ri. Bu yerga «o‘ynash», «rashk» degan gap sig‘maydi.
Bobomurod boshqa uylarni ham erinmay kuzatib chiqdi.
— Ayolning qulog‘idan, barmog‘idan taqinchoqlar olingan bo‘lsa... o‘g‘rining ishi bo‘ladi, — Bobomurod shunday deb Toshboltaga ajratilgan xona ostonasida to‘xtab qoldi. Deraza tomondagi javonga, uchi bir oz qayrilib qolgan gilamga tikildi:
— Javonni senlar surdilaringmi?
— Yo‘q, joyida qimirlamay turibdi.
— Xonada shuncha bo‘sh joy turib, javon hech zamonda derazaga taqab qo‘yiladimi? — Bobomurod shunday deb «javon avval qaerda turgan bo‘lishi mumkin?» deb chamaladi, so‘ng devorga yaqinlashib jimir-jimir gulli qog‘ozlarga bitilgan harflarni o‘qimoqchi bo‘layotganday tikildi: — Javon uzoq vaqt mana bu yerda turgan. Yaxshiroq qaragin, chang izlarini ko‘rasan. Endi pastga qara: gilamning chetlarini javon bosib turgan. Uni kim, qachon surgan?
Bobomurod savoliga javob kutmay gilamning bir uchini ehtiyotlik bilan tutdi-da, Omonulloga «bu uchini ushla», deb buyurdi. Ikkovlashib gilamni o‘rab, chetga surdilar. Uy o‘rtasidagi to‘rtta pol taxtaning ko‘chirilganini aniqlash uchun kriminalist bo‘lish shart emasdi. Bobomurod «Qalaysan endi?» degandek Omonulloga qarab qo‘ydi-da:
— Hech mahal pol taxtaning buragich mixlar bilan qoqilganini ko‘rganmisan? — deb so‘radi.
Omonullo undan ko‘zlarini olib qochdi. Xuddi shu yerda o‘sha kuni Toshboltaning jomadonlari turgan, shuning uchunmi, gilamni ko‘tarib qarash hech kimning xayoliga kelmagan edi.
— Odamlaringni chaqir, tekshirishsin. Bu yerda nimadir bo‘lgan, — dedi Bobomurod. Omonullo navbatchiga qo‘ng‘iroq qilgach, «Anavi vunderkind bolangni bir ko‘rmaymizmi?» — deb taklif qildi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:28:45

Omonulloga bu taklif ma’qul keldi. Aslida Samandar bilan bo‘lgan uchrashuvdan so‘ng yuqori qavatga ko‘tarilmoqchi edi. Vaqt ziqligi uchun «bola yana ezmalanib, aql o‘rgatishni boshlasa ishlarim qolib ketadi», deb uchrashuvni keyinroqqa surgan edi. «Hozir ayni payti» degan fikrda yuqoriga yo‘l boshladi. Qo‘ng‘iroq tugmasiga qo‘l yuborganida ichkaridan «kiravering, eshik ochiq» degan ovoz kutdi. Kutgan taklif eshitilmagach, ajablangan tarzda qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Ikkinchi marta bosishga ulgurmay eshik ochilib, past bo‘yli, ozg‘in, rangpar ayol ko‘rindi-da, «kelinglar», deb ularga xavotir bilan qaradi. Omonullo o‘zini tanishtirgach, «Abduqayum bilan gaplashmoqchi edim», deb maqsadini aytdi. Ayol Bobomurodga bir oz tikilib qaradi-da, «kiringlar», deb ichkariga chekindi.
Omonullo ichkari kirib Abduqayumning bo‘sh karavotiga ko‘zi tushdi-yu, ko‘ngliga noxushlik oraladi. Bo‘sh karavot, ayolning horg‘in ko‘rinishidan xayoliga turli fikrlar yog‘ila boshladi. Ayol ko‘rsatgan joyga o‘tirgach:
— Abduqayum qaerdalar? — deb so‘radi.
— Surat ishlayapti, hozir chiqadi. Uning ovunchog‘i shu...
— Siz onalari bo‘lsangiz kerak?
— Ha.
— Avval kelganimda yolg‘iz ekan.
— Aytdi. Men ishda edim. Adamiz safardalar... — Ayol nogiron bolasini yolg‘iz tashlab ketganidan o‘ng‘aysizlanib izoh berdi: — Yaqinda ishga kirdim. Avval uyda edim. Abduqayum «katta bo‘lib qoldim, o‘zimni o‘zim eplayman», deb zo‘rladi. Hadeb atrofida parvona bo‘lishim ham yoqmay qoldi shekilli. Shu bolamning ko‘ngliga qaraymanda. Nomigagina ishlayman. Uch-to‘rt soatga borib kelaman.
Ayol gaplarini tugatmay, ichkaridan Abduqayumning «Oyijon, men hozir tugataman, mehmonlarga choy berdingizmi?» degan ovozi keldi. Ayol «xo‘p, jonim», deb qo‘yib javon tortmasidan oq dasturxon olib stol ustiga yoydi. U oshxonaga chiqqach, Bobomurod o‘rnidan turib darazaga yaqinlashdi-da, ko‘chaga qarab oldi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:28:53

Bir piyoladan choy ichishga ulgurishmay ichkari xonadan Abduqayumning «Oyijon, men bo‘ldim», degan ovozi eshitildi. Ayol oshxonadan qariyb yugurib chiqib eshikni ochdi-da, chiroqni yoqdi. Keyin ichkari kirib aravachada o‘tirgan o‘g‘lini olib chiqdi. Abduqayum ochiq chehra bilan salom berib, xuddi yosh boladek quvnab ketdi.
— Ertalab kelganingizda uchrasharmikinsiz, devdim. Chiqmaganingiz yaxshi bo‘ldi, hozir sizga «syur-priz» tayyorlab qo‘ydim.
Abduqayum shunday deb «bu kishi kim?» degan ma’noda Bobomurodga qarab oldi.
— Ustozim... — dedi Omonullo o‘gay otasini tanishtirib.
— Siz Samandar akamni qamab qo‘ymadingizmi ishqilib? — dedi Abduqayum mug‘ombirlik bilan jilmayib.
— Yo‘q. Qamashim kerakmidi?
— Shunaqa xayolingiz bo‘lgan-ku, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri. Lekin menda xayol emas, gumon bo‘lgan.
— Hammasidan ham ana shu gumon yomonda. Gumon — bir tomondan haqiqatga qo‘shni, ikkinchi tomondan zulmga. Haqiqatning devori balandroq, darvozalari mustahkamroq bo‘larkan. Darvozani ochishga qiynalsangiz, baland devordan oshib tushishga erinsangiz devorining tayini yo‘q bu qo‘shninikiga kira qolasiz, to‘g‘rimi?
— Unchalik to‘g‘ri emas, gumon ko‘chasidan o‘tmay, haqiqat saroyiga kirilmaydi.
— Lekin siz gumonga asoslanib ham qamaysiz-ku, to‘g‘rimi? Yana «qamoq» demaysiz, «ehtiyot chorasi», deysiz, a?
Omonullo «ko‘rdingizmi bu bolani, «vunderkind» deb to‘g‘ri aytdingiz», degan ma’noda Bobomurod bilan ko‘z urishtirib oldi-da, o‘smirning donoligi erish tuyulsa ham fikrlarini davom ettiraversin-chi, deb arqonni uzun tashlab, savollariga shoshilmay javob beraverdi:
— Ehtiyot chorasi ba’zan zarur bo‘ladi.
   

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:29:03

— Qochib ketmasligi uchunmi?
— Ba’zan unday, ba’zan esa bir odamni sheriklarining hamlasidan asrash uchun ham shunday chora ko‘riladi.
— Samandar aka qaysi biriga kiradilar?
— Samandar akangiz ayni paytda ozodlikdalar, tilxat olib, qo‘yib yuborganmiz.
— Ie, bo‘lar ekan-ku? Opoqim «qo‘llarini kishanlab olib ketishdi», deganlariga siqilib o‘tiruvdim. Sizlarga baribir-da, olim odamni ham kallakesarning yoniga qo‘yib qamayverasizlar.
— Qamoqda olim odam uchun alohida imtiyozli xona bo‘lmaydi. Bunaqa imtiyozlar, unvonlar, martabalar ozodlikda bo‘ladi. U yerda hamma teng. Martabalari ham, imtiyozlari ham bab-baravar.
— Kitobdagi gaplarni aytyapsiz menga. Birinchi marta o‘tirgan odam bilan uchinchi yo to‘rtinchi marta qamalgan odamning sharoiti bir xil bo‘lmaydi-ku? Bizning bir qarindoshimiz borlar. Uch-to‘rt yil qamoqda o‘tirsalar, ozodlikda bir-ikki oygina yuradilar. Yana bir balo qilib qamaladilar. O‘sha odam Samandar aka bilan o‘tirsa tenglik bo‘larmidi? Choyi bo‘lsa choyini ichib qo‘yar, sigareti bo‘lsa chekib qo‘yar... Menga o‘zlari aytib berdilar: odamlarni laqillatib qarta o‘ynarkanlar. «Prosto tak, «durak» o‘ynaymiz» derkanlar. Keyin «pro STO deganman», deb yuz so‘mni bo‘yniga qo‘yarkanlar. Siz aytgan tenglik shumi? Nega kulyapsiz?
Bobomurod miyig‘ida kulgan edi, yigitchaning ziyrak nigohi shuni ham ilg‘ab, uni savolga tutdi:
— Men kulgili gap aytdimmi?
— Xuddi qamoqxonada yashab chiqqanday gapiryapsiz, uka, — dedi Bobomurod.
— Gaplarim noto‘g‘rimi?
— To‘g‘ri. Lekin har bir joyning o‘z qonunlari bo‘ladi. Bu hayotda lalaygan odam ertami-kechmi qamoqqa tushishi mumkin. Qamoqda lalaygan odam esa lahadga tushadi. Hayot ham urushga o‘xshagan narsa, uka. Kim lalaysa yo tuhmat o‘qiga uchraydi, yo kambag‘allik to‘riga ilinadi, yo yana boshqa bir baloga uchraydi. Jang paytida kerishib, esnayotgan odamning miyasini o‘q o‘pirib yuboradimi? Hayotda ham shunday. Ziyrak odam yashab qoladi.
— Sanjar aka lalaygan laqmamilar?
— Unaqa deganim yo‘q. Man u odamni tanimayman. Tanimagan odamimga esa baho bera olmayman.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:29:18

Shu payt Abduqayum surat ishlab chiqqan xonada nimadir chirsilladi.
— Oyijon, suratlar quridi, quritgichni o‘chirib qo‘ying, iltimos, — dedi Abduqayum oshxona tomonga qarab. Onasi darrov chiqib, aytilgan ishni bajardi.— Bugun qo‘llarimga ancha jon kirib, suratlarni ishlab qo‘ya qoldim, — Omonullo Abduqayumning panjalari bu safar yengilroq bog‘langaniga e’tibor berdi.— Aka, siz ketganingizdan keyin men ko‘p o‘ylandim. Odamlar tug‘iladilar, yashaydilar, o‘ladilar. Tug‘ilsa — quvonamiz, o‘lsa xafa bo‘lamiz. O‘sha o‘lgan odam tirikligida yaramas ishlarni ko‘p qilganiga qaramay achinaveramiz, afsuslanaveramiz. Men avval ko‘rishganimizda ham aytuvdim: Nafisa opani siz qidirayotgan odam o‘ldirmaganida ham baribir boshqa bahonai sabab bilan bu dunyoni tashlab ketardilar. Siz hozir qotilni emas, sababchini qidiryapsiz. Bilasizmi, men odamning o‘lganiga achinmayman. Chunki o‘lim hamma uchun atalgan ne’mat. Men imonsiz ketgan odamlarga achinaman. Imonsiz ketsa u dunyodagi ahvoli nochor bo‘ladi, men shunga afsuslanaman. Nafisa opa ancha imonga kirib qolay devdilar... savol-javoblari oson bo‘lsin, ishqilib... Oyijonim ba’zan menga qarab turib ranjiydilar, mening bunaqaligimdan eziladilar, o‘zlarini aybdor deb hisoblaydilar. Do‘xtirlar «sizga tug‘ish mumkinmas», deyishgan ekan. Do‘xtirning aytgani emas, Ollohning xohlagani bo‘ladi. Olloh oyijonimga farzand berishni ixtiyor qildimi — do‘xtiringiz nima deya oladi? Ko‘p gapiryapti, deb g‘ashingiz kelmasin. Shu gaplarni aytish uchun rosa o‘yladim-da. Siz qotilnimi yo boshqa jinoyatchinimi izlaysiz, ushlaysiz, qamaysiz. Lekin birini qamasangiz ikkinchisi tayyor turadi. Sizdan oldingilar ham qamab tugatolmagan, sizlar ham tugatolmaysiz, keyingilar ham. Nima uchun, bilasizmi? Amaki, aytaveraymi, jahlingiz chiqmaydimi?
Bobomurodga bu yigitchaning yoshiga yarashmagan tarz-da aqlli gaplarni aytayotgani avvaliga sal erish tuyulgan bo‘lsa-da, endi xush yoqayotgan edi. Shu bois Omonullo bilan ko‘z urishtirib olib:
— Gapiravering, fikrlaringiz menga yoqyapti, — deb to‘g‘risini aytib qo‘ya qoldi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:29:34

— Sizlarning ishingizda bitta xato bor: «shu odam nimaga qo‘liga pichoq oldi, nimaga o‘ldirdi, nimaga o‘g‘irladi?» degan savolga javob qidirmaysiz. Siz uchun bu odamning jinoyatni bo‘yniga olgani muhim. Sabab muhim emas. Siz o‘tni o‘rib olasiz. Ildizi esa qolaveradi. Men o‘ylab-o‘ylab shu ildizning nimaligini bilganga o‘xshayman. To‘g‘risi, bitta kitobni o‘qib turib shu fikrga keldim. Hamma jinoyatning bir qanoti NAFS, ikkinchi qanoti QALBning nursizligi, qalbning bo‘shligi ekan. Oyijonim shu kitobdan bir necha satrni yozib berdilar, o‘qiysizmi?
Abduqayum shunday deb aravachasi yonidagi qopchiqdan to‘rtta buklangan bir varaq qog‘oz chiqarib, Omonulloga uzatdi. Omonullo qog‘ozni ochib avval satrlarga shoshqich ko‘z yugurtirdi-da, so‘ng ovozini chiqarib o‘qib boshladi:
— «Qalbingizni o‘ylang! Inson qalbi bir go‘sht parchasidan iborat emas. Qalbda ma’naviy haqiqat, Rabboniy latofat jo etilgan. Qalb ayni paytda inson ko‘nglining eshigi, derazasidir. Derazadan tash-qariga qaraganingizda yerlarni, osmonni, yulduzlarni ko‘rganingizdek, qalbingizga boqqaningizda ham ko‘ngil olamingizni mushohada qilasiz. Bu olam— nuroniy olam: tengsiz, keng, teran olam bo‘lib, arshi a’loga qadar uzanib ketgan. O‘zingizni ana shu olamga o‘tganingizni, har tarafingizning nurga to‘lib-toshganini his qiling...» — Omonullo xatni o‘qib bo‘lib avval o‘gay otasiga so‘ng jiddiy nigohini qadab o‘tirgan Abduqayumga qadadi: — Tayyorlab qo‘ygan syurprizingiz shumi?
Omonullo shu savol bilan satrlar ma’nosini teran his etolmaganini oshkor qildi. Abduqayumning o‘zi bu satrlardan g‘oyat ta’sirlangan, boshqalar ham shu holatda bo‘ladimi, deb fikr qilgan edi. Bu chaqiriqning Omonullo uchun oddiy gapday tuyulganidan ranjib, aftini oshkora burishtirdi.
— Bu Jo‘shon hazratning gaplari. Syurpriz ke-yinroq bo‘ladi. Siz avval so‘raydiganingizni mendan so‘rab oling.
— Bizni bir narsa qiziqtiryapti: pastdagi uyda taraqlagan ovoz eshitilmadimi? Masalan, mix qoqilganimi yo taxtaning taraqlaganimi? — deb so‘radi Bobomurod.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:29:40

Abduqayum bir oz o‘ylab o‘tirgach:
— Eshitildi, — dedi. — Lekin men slesarlar ishlayaptimikin, deb o‘ylovdim.
— Qanaqa slesarlar? Qachon ishlashdi?
— Quvurlarni, isitgichlarni almashtiramiz, deb yurishgan ekan.
— Siz ularni ko‘rdingizmi?
— Yo‘q, biznikiga kirishmadi. Avval pastki qavatdagilarnikini almashtirisharkan. Opoqimga uchrashibdi. Nafisa opam ishda ekanlar, «qachon keladi?» deb so‘rashibdi.
— Opoqingiz aytdimi?
— Ha.
— Omonullo, JEKka qo‘ng‘iroq qil. — Omonullo «kech bo‘ldi», degan ma’noda soatiga qaragan edi, izoh berdi: — Navbatchi bo‘ladi.
— Ha, navbatchi bo‘ladi, — deb quvvatladi Abduqayum, so‘ng onasini chaqirdi: — Oyijon, JEKning telefonini bering.
JEK deb atalmish idora navbatchisi telefon go‘shagini darrov ko‘tara qolmadi. Omonullo to‘rtinchi marta raqam tergach, norozi ohangdagi «alyo» degan tovush eshitildi. Omonullo o‘zini tanitganidan so‘ng «isitish quvurlarini qachon almashtirishga kirishasizlar?» deb so‘radi.
— Buni xo‘jayinlardan so‘rang. Bugun shanba, ertaga yakshanba. Indinga kelib so‘raysiz. Biz kichkina odammiz, — deb javob qaytardi navbatchi.
— Xo‘jayinning uylaridagi telefonni bering, — dedi Omonullo.
Navbatchi bir oz ikkilanib turgach, telefon raqamlarini aytdi. Boshliq uyida ekan. Omonulloning savoliga «1989 yilgi rejada bunday ish yo‘q», deb qisqa va lo‘nda javob berdi. Omonullo uning gapini Bobomurodga aytgach, Abduqayum jonlandi:
— O‘zim ham shundaydir, deb o‘ylagan edim, — dedi quvonch bilan.
Undagi bu o‘zgarish mehmonlarni ajablantirdi.

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:29:47

— Oyijon, iltimos, suratlarni olib chiqib bering, — deb yalindi Abduqayum. Ayol turli hajmdagi o‘nga yaqin suratlarni olib chiqib bergach, Abduqayum ular orasidan ikkitasini ajratib, Omonulloga uzat-di: — Qarang: mana shu odam bir kun oldin «slesarman» deb kelgan edi. Opoqim bilan shu gaplashgan bo‘lishi kerak. Ertasiga ham kelgan. Men surat yaxshi chiqadimi yo yo‘qmi, deb gumonsirab, sizga aytmovdim.
— Bu odamning kirganini ko‘rgansiz, chiqqanini-chi?
— Ko‘rdim.
— Qo‘lida tugunmi yo shunga o‘xshash narsami bormidi?
— Yo‘q.
— Uyda taxminan qancha vaqt bo‘ldi?
— Bir soatchadir.
— Samandar akangizdan oldin keldimi?
— Ha. Nafisa opamlardan ham oldinroq kelgan.
— Samandar akangizdan oldin chiqdimi yo keyinmi?
— Keyin shekilli... Ha, keyinroq chiqdi.
Omonullo «uyda berkinib turganmi? Unda gazchi? Ochilov gazni o‘chirib, derazani ochgan ekan. U chiqib ketganda ham uyda qolgan bo‘lsa nima uchun derazani berkitib, gazni yana ochmadi? Yoki... nima uchun Ochilovni ham o‘ldirmadi?...» degan ma’noda Bobomurodga qarab qoldi. Bobomurod ham ayni shu xayolda edi.
— To‘xtang... — dedi Abduqayum o‘ylanib olib. — Samandar aka mashinadan tushganlarida kimdir yuqori qavatga ko‘tarildi. Samandar aka qaytganlaridan ke-yin pastga tushdi. Keyin... shu odam ko‘chaga chiqdi.
Omonulloning «zinada ro‘para kelib qolishdan cho‘chib yuqoriga ko‘tarilganmi?» degan savol nazariga Bobomurod tasdiq ishorasini qildi.
— Bu suratni bizga berib tura olmaysizmi? — deb so‘radi Omonullo.
— Marhamat, siz uchun atay ishladim...

Qayd etilgan


shoir  02 Sentyabr 2006, 07:29:54

— Lekin... biz haq to‘lamaymiz-da? — dedi Omonullo kulimsirab.
Abduqayum avvalgi uchrashuvdagi gapiga shama’ qilinganini fahmlab kuldi-da:
— Amerikaga borganimizda to‘laysiz, — dedi.
Bobomurod bu hazilga tushunmay, bir tutingan o‘g‘liga, bir yigitchaga ajablanib qaradi. Abduqayum esa qolgan suratlarni ham Omonulloga uzatdi:
— O‘sha kuni qo‘lim shikastlangunicha olgan suratlarim: Samandar aka ham borlar.
Chindan ham mashinaga o‘tirayotgan Samandar suratga tushib qolgan edi. O‘rindiqqa o‘tirayotib uy derazasiga o‘girilib qaragan Samandarning ko‘zlarida hadik muhrlangan edi. «Bechora er», deb o‘yladi Omonullo uning javdiragan ko‘zlariga qarab.
Uy bekasini «ovqat tayyor bo‘lib qoldi, o‘tiringlar», deyishiga qaramay, xayrlashib, pastga tushdilar. Omonullo qo‘shni eshik qo‘ng‘irog‘i tugmasini bosdi. Abduqayumning opoqisi slesar haqidagi gaplarni tasdiqlab, suratdagi odamni ham tanigach, Bobomurod «xomligingni isbot qildimmi?» degan ma’noda mug‘ambirlik bilan kulimsiradi.
Bu orada yetib kelgan tekshiruvchilar guruhi Omonullodan topshiriq olib, beto‘xtov ravishda ishga kirishdilar. Omonullo Bobomurodni «vazirlikdagi ustozim», deb tanishtirgani uchun «ustoz» ularning ishlariga aralashdi. Ko‘chirib, so‘ng o‘rniga qo‘yilgan taxtalarni olish qiyin bo‘lmadi. Bu yerdan nimadir qidirilgani aniq edi. Ammo o‘sha «nimadir» topilganmi yo yo‘qmi — shu noma’lum edi. Bobomurod har bir nuqtani sinchiklab tekshirishni talab qildi. Oqibatda burab olinib so‘ng joyiga qoqilmagan mixga qon tekkani aniqlandi. Shu mixqalpog‘ida barmoq izlarining qolgani ular ko‘ngliga chiroq yoqdi. Barmoq izlari poltaxtalari ostida qolib ketgan qo‘lbola buragichda ham bor edi.
— Barmog‘ini urib olgan yoki nimadir kesgan. Buragichni yo‘qotib, topolmagan. Shubhasizki, shoshilgan. Agar izlaganini topolmagan bo‘lsa, asabiylashgan, — dedi Bobomurod.

Qayd etilgan