OSMON UZOQ
Bu odamning gaplari Tursunaliga moydek yoqdi.
«Men qamalaverib pishib ketganman. Senda musulmanin, menda musulmanin. Bir-birimizni suyab yurmasak, bu haromilar bizni yebda yuborishadi. Zemlyak, yaxshi odamligingni qora ko‘zlaring aytib turibdi. Uncha-muncha odamga so‘zimni o‘tkaza olaman, qamoqlarning tuprog‘ini bekorga yalamaganman. Sen menga suyanaver...» Bunaqa yoqimli gaplarni o‘ziga yaqin olib yurgan Nuriddindan ham eshitmagan edi. «Ko‘zlari sovuq bo‘lsa ham Xudo ko‘ngliga yaxshilik solibdi. Xudo mening rahmimni yeganga o‘xshaydi», deb o‘yladi u. Qamoqxonalar tuprog‘ini yalayverib to‘yib ketgan bu «mehribon»ning ko‘ngli nima uchun iyib ketganini u yana uch-to‘rt kundan keyin biladi. Hozir esa... Xudoga shukur qiladi. «Xudo tavbamni qabul etdi», deb ko‘ngli taskin topadi. U qo‘llariga kishan solingandan boshlab Xudoni tildan qo‘ymaydi. Dam tavba, dam munojot qiladi. «Gunohim bo‘lsa kechir», deydi. Ha, aynan shu so‘zlar uchadi tilidan. «Yo yaratgan Egam, men gunohkor bandangman, bilib-bilmay qilgan gunohlarimni kechir», demaydi. «Gunohim bo‘lsa kechir», deydi. Harom-xarish yurib, yeb-ichganlarini gunoh emas, odatiy yashash tarzi deb biladi. Zino qilayotgan paytda Xudoni eslamagan edi. Qo‘llariga kishan tushishi bilan yodga oldi. «Shayton vasvasalaridan qutqar» deb so‘ramagan edi, «qamoqdan qutqarib ol» deb nolalar qildi. Birovlarning haqqini yeganida bu dunyoning hisob-kitobli ekanini unutgan edi, qamoq zindonida xotirladi. «Nafs balolaridan qutqar» deb so‘ramagan edi, «zindon azoblaridan qutqar», deb faryodlar qildi. Yemoqning qusmog‘i borligini bilmaganday yurdi, tepki zarbidan qayt qilganida bu haqiqatni anglaganday bo‘ldi. «Nafsimni o‘ldir», deb so‘ramagan edi, «o‘zimni o‘ldirma», deb tavallolar qildi.
Bandaning holi shu: go‘yo u yoki bu ishning gunoh ekanini bilmaganday yuraveradi. Boshi devorga urilib, zarba tufayli ko‘zlaridan uchqunlar sachraganida Tangrini eslaydi. So‘ng «gunohlarim bo‘lsa kechir», deydi. Shunday degani ham katta gap. Ba’zan «E Xudoyim, qaysi gunohlarim uchun meni bunchalik qiynaysan?» deb zorlanib ham qo‘yadi. «Haromdan saqlansam edim, nafsimni tiya olsam edim, bunchalar xorlikka yo‘liqmas edim», deb o‘zini ayblamaydi. Bil’aks, «Falonchi mendan ko‘proq yegan edi, begona to‘shaklarni mendan ko‘ra ko‘proq gullatgan edi. U yallo qilib yuribdi, men esam bunda horman», deb Xudoni adolatsizlikda ayblab ham qo‘yadi. Har bir odam o‘z amalining asiri ekaniga esa fahmi yetmaydi.