Abdulla Avloniy. Turkiy Guliston yoxud axloq  ( 61606 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


AbdulAziz  16 Yanvar 2012, 15:02:40

Abdulla Avloniy. Turkiy Guliston yoxud axloq



Muallif: Abdulla Avloniy
Hajmi: 235 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  18 Yanvar 2012, 01:31:28

Abdulla Avloniy

TURKIY GULISTON
YOXUD AXLOQ



SO’ZBOSHI O’RNIDA

XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida Turkiston (Markaziy Osiyo) o’lkasida pedagogik fikrlarning rivojlanishida, xalq maorifi ishlarini yuksaltirishda ilg’or ziyolilarning xizmatlari kattadir. Bunda jadid adabiyotining yirik vakili shoir, dramaturg, muallim Abdulla Avloniy (1878-1934)ning xizmatlari ko’p. U maktablar ochib, shaxsan o’zi muallimlik qilish bilan birga maktablarni darsliklar bilan ta’minlash ishiga katta hissa qo’shdi. Uning qalamiga mansub «Turkiy Guliston yoxud axloq», «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» «Maktab Gulistoni » asarlari bir necha bor nashr etildi. Bular ichida «Turkiy Guliston yoxud axloq» asari o’zbek klassik pedagogikasining ajoyib namunasi hisoblanadi. Abdulla Avloniy mazkur asarni fors klassik shoiri shayx Muslihiddin Sa’diy (1184-1310)ning «Guliston» asaridan ta’sirlanib, unga taqlid qilib yozganligi haqida shunday deydi: «Ban bu asari nochizonami bir necha muallim birodarlarimning iltijolari ila yozmoq va nashr qilmoqg’a g’ayrat va jasorat qilmish edim. Alhamdu lilloh val minna ikkinchi tab’ihada muvaffaq o’ldum, chunki Turkiston maktablarida o’z shevamizda (o’zbek tilida demoqchi) yozilmish mukammal «Axloq kitobining shunday asarga tashna va muhtoj ekanlig’i o’zum muallimlar jumlasidan o’ldig’imdan manga ham ochiq ma’lum o’ldi. Shuning uchun ko’p vaqtlar tajriba so’ngidan adibi muhtaram shayx Sa’diy usulida yozmoqni, garchi og’ir ish bol’sa ham, o’zimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq bu kamchilikni oradan ko’tarmakni munosib ko’rdim». Demak, aytish mumkinki, «Turkiy Guliston yoxud axloq» Sa’diyning «Guliston» asari usulida o’zbek tilida yozilgan axloq kitobidir.
Abdulla Avloniyning mazkur asari 1913 yilda Toshkentda Ilin bosmaxonasida litografik (toshbosma) usulida nashr etildi. Asar bunday darslikka bo’lgan ehtiyojni hisobga olib 1917 yilda ikkinchi marta chop qilindi. Har ikki nashr ham hajm jihatidan bir-biridan farq qilmaydi. Faqat birinchisi kotib Abdusalom Abdurahmon o’g’li, ikkinchisi kotib Abdul Mannon ibni Abdul Majid (o’zbek milliy teatrining mashhur aktyori Mannon Uyg’ur Majidov) dastxatidir.
«Turkiy Guliston yoxud axloq»ning uchinchi nashrini 1967 yili «O’qituvchi» nashriyoti amalga oshirdi. Bunda asarda uchragan diniy iboralar, Hadisdan olingan hikmatlar davr talabiga ko’ra tushirib qoldirildi. Asarni «O’qituvchi» nashriyoti 1992 yil asli nusxa yozuvida (arab yozuvi asosidagi o’zbek yozuvida) va rus alifbosi asosidagi o’zbek yozuviga o’girilgan matni bilan birga, shuningdek, qiyin so’zlar lug’ati ilova qilingan holda bosib chiqardi.
«Turkiy Guliston yoxud axloq»ning qo’lingizdagi beshinchi nashri sobiq nashrlar ichida eng mukammalidir. Bunda kotib Mannon Uyg’ur dastxati matnining faksimeli, lotin yozuvi asosidagi yangi o’zbek yozuviga o’girilgan matni, qiyin so’zlar lug’ati berilgan. Bundan tashqari Abdulla Avloniyning «Birinchi muallim», «Ikkinchi muallim» «Maktab Gulistoni» asarlaridan tanlangan hikoya, she’rlari ham ilova qilindi.
Kitobni nashrga tayyorlashda iqtidorli shogirdlarimiz Tavakkalova Dilnoza va Boboxonova Feruzalarning xizmatlari bor.
Asar keng kitobxonlar ommasiga mo’ljallangan ma’rifat darsligidir . Uning yoshlarning axloqiy tarbiyasida katta ahamiyatga ega ekanligiga ishonchimiz komildir.
Nashr haqida bildirilgan fikr-mulohazalar, istaklar mamnuniyat bilan qabul qilinadi.
Latif Xalilov

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  18 Yanvar 2012, 01:35:57

TURKIY GULISTON YOXUD AXLOQ

Men bu asari nochizonimni birinchi maktablarimizning yuqori sinflarida ta’lim bermak ila barobar ulug’ adabiyot muhiblari, axloq havaskorlarining anzori oliylarina taqdim qildim.

Har kun o’luram shomg’acha men g’amga giriftor,
Har shab yonaram otasha parvona kabi zor.
Hech kimsa emas bu meni ahvolima voqif,
Men xastayamu millatim o’lmish nega bemor.


Noshiri va shoiri Abdulla Avloniy

2-tab’i, sana 1336 h./1917 m. Toshkent,
Tip. Lit. «Par. Sots. revolyuts» 1917g.

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  18 Yanvar 2012, 01:39:00

Bismillahir Rohmanir Rohiym

AXLOQ

Insonlarni yaxshilikg’a chaqirguvchi, yomonlikdan qaytarguvchi bir ilmdur. Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon xulqlarning yomonligini dalil va misollar ila bayon qiladurgan kitobni axloq deyilur. Axloq ilmini o’qub, bilub amal qilgan kishilar o’zining kim ekanin, janobi Haq na uchun xalq qilganin, yer yuzida nima ish qilmak uchun yurganin bilur. Bir kishi o’zidan xabardor bo’lmasa, ilmni, ulamoni, yaxshi kishilarni, yaxshi narsalarni, yaxshi ishlarning qadrini, qimmatini bilmas. O’z aybini bilub, iqror qilub tuzatmakg’a sa’y va ko’shish qilgan kishi chin bahodir va pahlavon kishidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Mezon tarozusiga qo’yiladurgan amallarning ichida yaxshi xulqdan og’irroqi yo’qdur. Mo’min banda yaxshi xulqi sababli kechasi uxlamasdan, kunduzlari ro’za tutub ibodat qilgan kishilar darajasiga yetar», – demishlar.

So’ylasang so’yla yaxshi so’zlardan,
Yo’qsa jim turmoqing erur yaxshi.
O’ylasang yaxshi fikrlar o’yla,
Yo’qsa gung bo’lmoqing erur yaxshi.
Ishlasang ishla yaxshi ishlarni,
Yo’qsa bekorlig’ing erur yaxshi.

XULQ

Inson ikki narsadan murakkabdur. Biri jasad, ikkinchisi nafsdur. Jasad ko’z ila bor narsalarni ko’rur. Ammo nafs idrok ila yaxshini yomondan, oqni qoradan ayirur. Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordurki, yo yaxshi va yo yomon bo’ladur.
Jasadning surati hammaga ma’lum bir narsadurki, har vaqt ko’zga ko’rinib turadur. Ammo nafsning surati ko’zga ko’rinmaydurgan, aql ila o’lchanadurgan bir narsadurki, buni xulq deb atalur. Agar bir kishi yoshligida nafsi buzulub tarbiyasiz, axloqsiz bo’lib o’sdimi, «Allohu akbar» bunday kishilardan yaxshilik kutmak yerdan turub yulduzlarga qo’l uzatmak kabidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz:
«Bir tog’ning o’rnidan ko’chib ketganini eshitsangiz, ishoningiz, ammo bir odamning xulqi boshqa bo’ldi deb eshitsangiz ishonmangiz», – demishlar.

Xulqi yomon yuz, ko’zlidin na sud
Yuz, ko’zli xulqni qilmas kashud.
Xulq mariziga davo istasang,
Marg davosin berilur qistasang.
Xulqi yomoning keturar ko’p zarar,
Xulqing o’zi boshingga kaltak urar.
Xulqi fano bo’lsa degil alhazar,
Xor-u zalillikda qolur darbadar.

YAXSHI XULQ, YOMON XULQ

Axloq ulamosi insonlarning xulqlarini ikkiga bo’lmishlar Agar nafs tarbiyat topib, yaxshi ishlarni qilurga odat qilsa, yaxshilikg’a tavsif bo’lub, «yaxshi xulq» agar tarbiyatsiz o’sub, yomon ishlaydurgan bo’lub ketsa, yomonliqg’a tavsif bo’lub «yomon xulq» deb atalur.
Janobi Haq insonlarning asl xilqatda iste’dod va qobiliyatli, yaxshi ila yomonni, foyda ila zararni, oq ila qorani ayiradurgan qilub yaratmishdur. Lekin bu insondagi qobiliyatni kamolga yetkurmak tarbiya ila bo’ladur. «Qush uyasinda ko’rganin qiladur». Inson javhari qobildur. Agar yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanub, go’zal xulqlarga odatlanub katta bo’lsa, har kim qoshida maqbul, baxtiyor bir inson bo’lub chiqar. Agar tarbiyatsiz, axloqi buzulub o’ssa, Allohdan qo’rqmaydurgan, shariatga amal qilmaydurgan, nasihatni qulog’iga olmaydurgan, har xil buzuq ishlarni qiladurgan, nodon, johil bir rasvoyi olam bo’lub qolur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Imoni komil bo’lgan kishilar yaxshi xulqli bo’lurlar, sizning eng yaxshilaringiz xotunlariga yaxshilik qilganlaringizdur», - demishlar.

Xudoning rahmat-u fayzi hama insonga yaksardur,
Va lekin tarbiyat birla yetushmak sharti akbardur.
Tug’ub tashlov-la bo’lmas bola, bo’lg’ay balo sizga,
Vujudi tarbiyat topsa, bo’lur ul rahnamo sizga.
Temirchining bolasi tarbiyat topsa, bo’lur olim,
Buzulsa xulqi, Luqmon o’g’li bo’lsa, bo’lg’usi zolim.
Yomonlarga qo’shuldi Nuhning o’g’li, o’ldi beimon,
Yurudi Kahf iti xublar-la bo'ldi oti inson.

TARBIYA

Tarbiya – «Pedagogiya», ya’ni bola tarbiyasining fani demakdur.
Ilmi axloqning asosi tarbiya o’ldug’indan shul xususda bir oz so’z so’ylaymiz. Bolaning salomati va saodati uchun yaxshi tarbiya qilmak, tanini pok tutmak, yosh vaqtidan maslakini tuzatmak, yaxshi xulqlarni o’rgatmak, yomon xulqlardan saqlab o’sdurmakdur. Tarbiya qilguvchilar tabib kabidurki, tabib xastaning badanidagi kasaliga davo qilgan kabi tarbiyani bolaning vujudidagi jahl maraziga «yaxshi xulq» degan davoni ichidan, «poklik» degan davoni ustidan berub, katta qilmog’i lozimdur. Zeroki, «Hassinu axloqiko’m» amri sharifi uzra xulqimizni tuzatmakg’a amr o’linganmiz. Lekin xulqimizning yaxshi bo’lishining asosiy panjasi tarbiyadur.
Axloqimizning binosining go’zal va chiroyli bo’lishiga tarbiyaning zo’r ta’siri bordur, ba’zilar «tarbiyaning axloqqa ta’siri yo’q, insonlar asl yaratilishida qanday bo’lsalar, shunday o’sarlar, tabiat o’zgarmas», – demishlar.

Yomon xo’ tuzalmaydi darmon ila,
Ipak o’lmas ip, rangi alvon ila.
Boqing, bir daraxt mevasidur yomon,
Bo’lur yaxshi payvand, parvo bilan.
Bilur har kishi aslini rangidan,
Va yokim ulangandagi zangidan».

Lekin bu so’z to’g’ri emasdur. Chunki tarbiyaning axloqga, albatta, ta’siri bo’ladur. Oramizda masal borki, «sut ila kirgan, jon ila chiqar», mana bu so’z to’g’ridur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Beshikdan to mozorga borguncha ilm o’rgan», – demishlar. Bu hadisi sharifning ma’nosi bizlarga dalildur. Hukamolardan biri: – «Har bir millatning saodati, davlatlarning tinch va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog’lidur», – demish. Shariati islomiyada o’z bolalarini yaxshilab tarbiya qilmak otalarga farzi ayn, o’z millatining yetim qolgan bolalarini tarbiya qilmak farzi kifoyadur. Payg’ambarimiz: «Bolalaringizni yetti yoshida namozga o’rgatingiz. Agar o’n yoshida o’qimasa uringiz», – demishlar.

Har kishining dunyoda oromi joni tarbiyat,
Balki oxirida erur dorulamoni tarbiyat.
Tarbiyat hamroh etadur hur ila ruzvonlara,
Gar desam bo’lmas xato jannat makoni tarbiyat.
Ey, Otalar! Jonlaringizdan suchuk farzandingiz,
G’ayrat aylang o’tmasun vaqt-zamoni tarbiyat.
Moyai zilli xumodur tarbiyatning soyasi,
Bizda anqo tuxmidek yo’q oshyoni tarbiyat.

TARBIYANING ZAMONI

Emdi ochiq ma’lum bo’ldiki, tarbiyani tug’ulgan kundan boshlamak, vujudimizi quvvatlandurmak, fikrimizi nurlandurmak, axloqimizi go’zallandurmak, zehnimizi ravshanlandurmak lozim ekan. Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga, «birinchi uy tarbiyasi. Bu ona vazifasidur. Ikkinchi, maktab va madrasa tarbiyasi. Bu ota, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur», – deb javob bersak, bir kishi deyurki, «qaysi onalarni aytursiz, bilimsiz, boshi paqmoq, qo’li to’qmoq onalarmi? O’zlarida yo’q tarbiyani qaydan olib berurlar», der . Mana, bu so’z kishining yuragini ezar, bag’rini yondurar. Otasiga nima dersiz, desak , qaysi ota? To’ychi, uloqchi, bazmchi, do’mbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni ko’zlari qiymagan, zamondan xabarsiz otalarni aytursizmi? Avval o’zlarini o’qitmak, tarbiya qilmak lozimdur», – der. Mana bu so’zni eshitgach, umid qo’llari qo’ltuqg’a urilur.
Xayr, bo’lmasa muallimchi desak, «Qaysi muallim? Maqsadi pul, maslagi shuhrat, yuqori maktablarda o’qumagan, «usuli ta’lim» ko’rmagan muallimlarni aytursizmi? Avval o’zlari dorilmuallimin»larda o’qimaklari, so’ngra dars bermaklari lozimdur», – der. Mana bu so’z insonni hayrat daryosiga g’arq qilur.
Mudarrislarga na dersiz desak, qaysi mudarris? Matlablari osh, maqsadlari chopon, darslari beimtihon, isloh yaqinidan yurmagan mudarrislarni aytursizmi? Bular o’z vazifalarini bilub, nafslaridan kechub, zamonga muvofiq ravishda darslarini isloh qilub, imtihon birla o’qutmaklari lozimdur», – der. Mana bu so’z har kimni «Alisloh» demakga majbur qilur. Bo’lmasa hukumat-chi? desak, «xayr , hukumat hammaning otasidur. O’z fuqarosining bolalarini tarbiya qilmak lozim, shuning uchun bizning Rusiya hukumati o’gay bo’lsak ham, har yerda bizlar uchun ham maktablar ochub, bolalarimizni tekin o’qitur. Lekin o’zimiz ish bilmagan, yalqov, uyda onamiz tarbiyasi, otadan pul tarbiyasi, muallimdan axloq tarbiyasi, mudarrisdan funun tarbiyasi ko’rmaganimizdan, hukumat maktablaridan ham o’z hissalarimizni ololmaymiz», – der. Mana bu so’z bizlarni tarbiyadan mahrum, huquqning na ekanin bilmaganlig’imizni bildirur.
Alhosil, tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Insonlarning karami dinidadur, muruvvati aqlindadur, hasabi axloqindadur», – demishlar.

Agar bir qushning yosh bolasin olib,
Bo’lur tarbiyat birla yo’lga solib.
Onasin olib asrag’on birla rom,
Qilmas kishi sa’y qilsa mudom.
Kerak tarbiyat yoshlikdan demak,
Ulug’ bo’lsa lozim kelur g’am yemak.
Egur bemashaqqat kishi navdani,
To’g’unchi egur kuydirib kavdani.

BADAN TARBIYASI

Badanning salomat va quvvatli bo’lmog’i insonga eng kerakli narsadur. Chunki o’qumoq, o’qutmoq, o’rganmoq va o’rgatmoq uchun insonga kuchlik, kasalsiz jasad lozimdur. Sog’ badanga ega bo’lmagan insonlar amallarinda, ishlarinda, ibodatlarinda kamchilik qilurlar. Maishatimizni rohatda bo’lmog’i jasadimizning sog’lom bo’lmog’iga bog’lidur. Biz sihatimizni saqlamak ila amr o’linganmiz, shuning uchun vujudimizi hifzi-sihatga zid bo’lgan yomon odatlar ila churitmakdan saqlanmakligimiz lozimdur. Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning o’ng ila terisi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustini qo’yib astarini yuvub ovora bo’lmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur. Fikr tarbiyasi uchun mahkam va sog’lom bir vujud kerakdur. Shuning uchun ota-onalar bolalari kasal bo’lgan zamon beparvolik qilmay, tezlik ila tabib yoki do’xturga boqizmak kerak.
Imom Shofe’i hazratlari: «Ilm ikki xildur: biri badan ilmi, ikkinchi din ilmi», – demishlar. Bunga qaraganda eng avval hifzi sihat qoidalarini bilmak, salomatlikga ters bo’lgan narsalardan saqlanmak ila bo’ladur.
Ichkulik, ko’knor, nasha, afyun, taryok, chilim, nos, popirus kabi badanning salomatlikig’a zararli, og’ulik, ba’zisi harom, ba’zisi makruh, ba’zisi isrof bo’lgan narsalardan qochmak, saqlanmak shariat, aql, hikmat yuzasidan lozimdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Har narsa ko’p ichganda mast qiladurgan bo’lsa, man sizni aning ozginasidan ham nahy qilaman», – demishlar.

Salomatlikni saqlov lozim ishdur.
Gunahdin saqla jisming yoz-u qishdur.
Kasal bo’lsang, bo’lur dunyo qorong’u,
Maishat talx o’lub hasrat chekishdur.
Harom-u shubhadan pok et o’zingni,
Bu dunyo aysh-u ishratdan kechishdur.
Hama ishratchi hijronlikda ketdi,
Bu olamda bir ish ishlab ketishdur.
Turkiy guliston yoxud axloq kitobi

FIKR TARBIYASI

Fikr tarbiyasi eng kerakli, ko’p zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, g’ayratli bo’lishiga sabab bo’ladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga so’ng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bog’lidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor bo’lsa ham, ikkisi bir-biridan oyilmaydurgan, birining vujudi birig boylangan jon ila tan kabidur.
Masalan: joy solinmagan yaxshi bir uyning ichida o’tirmak mumkin o’lmadig’i kabi, ichiga har xil yangi ashyolar to’ldurub ziynatlangan eski imorat ham o’lturushga yaramaydur. Basharti o’ltursa, insonlar: «Eski uyga yangi zoldivor», «kir ko’ylakka jun jiyak», «mis qozonga loy tuvoq» deb hajv, kulgi qilurlar.

Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa,
Xanjar, olmosdan bo’lur o’tkur.
Fikrning oyinasi olursa zang,
Ruhi ravshan zamir o’lur benur.

AXLOQ TARBIYASI

Axloq tarbiyasi: insonlarga eng muhim, ziyoda sharaf, baland daraja berguvchi axloq tarbiyasidur. Biz avvalgi darsda tarbiya ila dars orasida farq bor, deduk, chunki dars oluvchi-biluvchi, tarbiya oluvchi-amal qiluvchi demakdur. Shuning uchun tarbiya qiluvchi muallimlarning o’zlari ilmlariga omil bo’lub shogirdlarga ham bergan darslarini amal ila chaqushturub o’rgatmaklari lozimdur. Bu ravishi ta’lim ila berilgan dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir qilub, mulloyi boamal bo’lurlar.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Eng yomon kishilar ilmiga amal qilmaydurgan kishilar», – demishlar. Agar tarbiya qiluvchi muallim o’zi olim bo’lub amalsiz bo’lsa, buning ham shogirdlarning axloqiga zo’r ta’siri bo’ladur. «Domlaning o’zi falon joyda falon ishni qildi. Ammo bizlarga qilmanglar, haromdur, deb va’z etadur», deb fikr va xayollariga bo’yla shak va shubha tushub qoladur.

BAYT
Minbar uzra jilva aylab va’z etarlar qilma deb,
O’zlarin xilvatda ko’rsang oni qilmoqda emish.
Ichma suv derlar biza oltun-kumush asbobda,
Bilsamiz maqsudlari qo’ltuqg’a urmoqda emish.

YAXSHI XULQLAR

Yaxshi xulq: bir qismi o’z nafsimizga, bir qismini bir-birimizga qarshu ishlatmak uchun kerakli bo’lgan yaxshi xulqlar: fatonat, diyonat, islomiyat, nazofat, g’ayrat, riyozat, qanoat,shijoat, ilm, sabr, hilm, intizom, miqyosi nafs, vijdon, vatanni suymak, haqqoniyat, nazari ibrat, iffat, hayo, idrok va zako, hifzi lison, iqtisod, viqor,xavf va rajo, itoat, haqshunoslik, xayrixohlik, munislik, sadoqat, muhabbat va afvdur. Mana bu yozdig’imiz yaxshi xulqlar aql va shar’i sharifga muvofiq. Alloh taolo ham bandalar qoshida maqbul va mu’tabardur. Emdi bu yaxshi xulqlarni qo’lga olmak uchun ota-ona, muallim ustodlarimiz hazratlarining hikmatli nasihatlarini jon qulog’i birla tinglab, doim xotirda tutmoq, axloqi yaxshi kishilar birla ulfat bo’lmak, axloqi buzuq yomon kishilardan qochmak lozimdur. Bizim shariati islomiyada «axloqi hasana» – yaxshi xulqlar ila xulqlanmak, har narsaga ibrat ko’z ila boqub, xulqini tuzatmak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam: «Islomiyatda buzuqlik yo’qdur, buzuqlikni ustiga oluv ham yo’qdur. Islomiyatda eng mu’tabar kishilar yaxshi xulq egalaridur», – demishlar.

BAYT
Yaxshi birla yursa, har kim maqsudi hosil bo’lur,
Yursa nodonlar ila, bir kun borib qotil bo’lur.
Kattalar qilgan nasihatni kichiklar olmasa,
Oqibat xulqi buzuq bir beadab johil bo’lur.

FATONAT

Fatonat aql egasi bo’luv demakdir. Aql insonlarning piri komili, murshidi yagonasidur. Ruh ishlovchi, aql boshlovchidur. Inson aqli ila din va e’tiqodini mahkam qilur, shariat hukmlariga bo’yunsunar. Aqlsiz jinni kishilar bularga bo’yun qo’ymas, shariatdan tashqari ishlarni ham qilur. Janobi Haq insonni hayvonlardan so’z va aql ila ayirmishdur. Hayvonlar o’zlariga bo’laklar tarafidan keladurgan zulm va jabrlarni shox, tish, tumshuq, tirnoqlari ila qaytarurlar. Lekin inson janobi Haq tarafidan berilmish aql va idroki soyasida o’ziga keladurgan zarar va zulmlardan saqlanur. Yer yuzidagi hayvonlarni asir qilub, bo’ynidan boylab, iplarining uchini qo’llariga bergan insonlarning aqlidur.
Ilm insonlarning madori hayoti, rahbari najotidur. Ilm o’rganmak, olim bo’lmak uchun maktabga kirmak, muallimdan ta’lim olmak lozim. Aqlsiz kishilar na maktabga kirar va na muallimni bilar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey insonlar! Aqlingizga tavoze’ qilingiz. Siz janobi Haq buyurgan va qaytargan narsalarni aqlingiz ila bilursiz», – demishlar. Hukamolardan biri: «Agar aqlingni qo’li nafsingni jilovini ushlasa, sani yomon yo’llarga kirmoqdan saqlar. Har narsa ko’p bo’lsa, bahosi arzon bo’lur, aql esa ilm va tajriba soyasida qancha ko’paysa, shuncha qimmatbaho bo’lur», – demish.

Aqldek zebo sifatni ko’rdi Haq, insonga eb,
Oqil insonlar bilan berdi jahon-olamga zeb.
Aql nuri birla to’ldi dunyoga ilm-u hunar,
Aqlsiz inson qachon bilg’usidur naf’-u zarar?
Aqlsizlar bilmagaylar din nadur, dunyo nadur?
Bo’lmasa aqli bilurmi farz ila sunnat nadur?

DIYONAT

Diyonat alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas e’tiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa yo’qdur Din va e’tiqodi salomat bo’lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na o’ziga va na boshqa kishilarga, va na millatga tariqcha foyda yo’qdur. Din janobi Haq tarafidan bandalari uchun qurilmish to’g’ri yo’ldurki, banda dunyo va oxiratda bu yo’l ila sohili salomatga chiqar. Din ulamolari diniy kitoblarda Alloh taologa ibodat qilishning yo’l va qoidalarini bayon qilmishlar. Ibodat ikki turli bo’ladur: Biri tan ibodati, ikkinchisi ruh ibodati. Tan ibodati tahorat, namoz, ro’za, zakot, haj kabi amallardurki, bularning har birini o’z vaqtida shariatga muvofiq ravishda minnat qilmasdan, riyo qilmasdan dilni poklab, niyatni xolis qilub, shavq va zavq ila ado qilmoq lozimdur. Ruh ibodati qalb ila ado qilinadurgan ibodatdurki, e’tiqodni mahkam, dilni pok qilub, Qur’on, Hadis, fiqh kabi diniy kitoblar oqilganda jon qulog’i ila tinglab asarlanmakdur. Bir kishi tan ibodatini qilub, ruh ibodatini qilmasa, yo ruh ibodatini qilib, tan ibodatini qilmasa o’z vazifasini ado qilmagan bo’ladur. Aql din ila, din amal ila, amal taqvo ila kamol topar. Din insonlarning dilidan saxovat, marhamat, shafqat, ulfat, muruvvat eshiklarini ochub, saodat va salomat bo’stoniga olib borur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Allohni ko’z oldingda ko’rub turgandek ibodat qil, zeroki, san oni ko’rmasang ham, albatta, Ul sani ko’radur, nafsingni o’lgan hisob et», – demishlar.

BAYT
Pok qilgil diningni, imoningni,
Qul huvar-rahmon omanno bih.
Diningni yoqmasun havas zinhor,
Va qino rabbano azoban-nor.

ISLOMIYAT

Islomiyat butun insoniyatdur. Insoniyat esa yaxshi xulqdan iboratdur . Islomiyatni rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimizning yolg’uz o’zlari butun dunyo yuziga yaxshi xulqlari soyasida tarqatdilar. Sahobalar ham Payg’ambarimizning orqalaridan ergashub, mahkam e’tiqodlari, yaxshi axloqlari, pok qalblari, o’tkir shijoatlari ila yer yuzuni titratdilar. Kundan kun islomiyatning shavkat va quvvati ortdi. Olamga madaniyat, ma’rifat, musovot, adolat urug’lari Arabiston yarim orolidan yoyildi. Buning sababi sahobalardagi metin e’tiqod, buzulmas ittifoq, sof qalb, yaxshi amal, xolis niyat, tuganmas g’ayrat, go’zal axloq edi. Har narsaning ofati o’ldig’i kabi zamonlarning o’tuvi ila islomiyatning ittifoqina ko’z tegdi. Musulmonlar orasiga tafriqa tushdi. Hikmat egalari, funun sohiblari islomiyatdan quvlandi. Ilm-u hikmat xazinalari qulflandi. Jaholat, adovat hukm surdi-da, bo’yla o’ldi:

Afsus ekinzorni selob olibdur,
Dehqonni falokat bosub, uyquda qolibdur.

Musulmonlarning diliga ittifoq o’rniga nifoq, adolat o’rniga zulm, muhabbat o’rniga adovat, g’ayrat o’rniga atolat, muruvvat o’rniga g’azab, saxovat orniga buxl, tavozu’ o’rniga kibr, sadoqat o’rniga iftiro, shafqat o’rniga hasad, hilm o’rniga hamoqat, hurmat o’rniga xusumat, qanoat orniga tama, sabr o’rniga g’urur, iqtisod o’rniga isrof, afv o’rniga dahshat, sa’y o’rniga safohat, g’ayrat o’rniga xurofot yerlashdi. Mana, shul yomon xulqlari sababidin asri saodatdan buyon islomiyat keyin qarab ketdi. G’arib millatning chin xulafosi, ulamosi, hukamosi taxtindan, mansabindan mazhabindan suruldi. Odillar yerina zolimlar, olimlar yerina abu jahllar, bulbullar yerina qarg’alar, qumrilar yerina boyqushlar, bilmam va hokimlar yerina kimlar o’turdi. Shul sabablara mabni islomiyat dunyosi inqiroz sahrosina yuzlandi. Islom hukumatlarida birin-ketin ko’zdin nihon o’ldi.

Yetsa navbat o’lturar boyqush
Sulaymon tomiga,
O’rmaguchlar in qo’yar
Afrosiyob ayvoniga.

NAZOFAT

Nazofat deb a’zolarimizni, kiyimlarimizni, asboblarimizni pok va toza tutmoqni aytilur. Poklik zehn va idrokingni keng va o’tkur qilur. Xalq orasida e’tibor va shuhratga sabab bo’lur. Poklik ila har xil kasallardan qutulub,
jonimizning qadrini bilgan bo’lurmiz. Pok bo’lmak salomatimiz, saodatimiz uchun eng kerakli narsadur. Pok bo’lmagan kishi Alloh ham xalq qoshida sevimsizdur. Yirtiq, eski kiyimlar kiymak ayb emas, yangi kiyimlarni kir qilub, yog’ini chiqarub yurmak zo’r ayb va gunohdur. Chunki bu ish shariatga ters, tarbiyati badanga zid, ajnabiylar ko’ziga islomiyatni chirkin qilib ko’rsatmoq bo’ladur, ham bir yilga yetadurgan kiyimlar olti oyga yetmay, qirqilub tamom bo’ladur. Bu isrof, mol qadrini bilmaslikdur. Ifloslik balosidan poklik davosi ila qutulmoq kerak. Baliqning hayoti suv ila o’ldig’i kabi, insonning salomatligi havo iladur. Agar tan pok bo’lub yuvilib turmasa, quloq kir bo’lsa, eshitmagani kabi badan ham o’ziga kerak bo’lgan havoni ichiga ololmas, ichidagi rutubat ham kirdan o’tub chiqub ketolmas, chunki badan elak kabi ko’zlikdur. Agar ko’zi kir olsa, un turub suv ham o’tmas, shuning uchun tamiz bo’lmagan kishilar qo’rqinch kasallarga tezgina giriftor bo’lurlar. Shodliqlari g’amda, oltundan qadrli umrlari kasalxonalarda o’tar. Mana shularni rioya qilub, shariatimiz bizga poklikni farz qilmishdur. Poklik musulmonlig’ning ildizidur. Shuning uchun tani, kiyimi, joynomozi pok bo’lmagan kishining ibodati ham durust bo’lmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Islom dini pok dindur. Bas, pok bo’lingiz, pok bo’lmagan kishi jannatka kirmas», – demishlar.

Xalqi olam sevgusidur tozalik, pokni,
Poklik ortturgusidur fahm ila idrokni.
Har kishini ko’ksida poklik nishoni bo’lmasa,
Tozalik maydonidan quvg’aylar ul bebokni.

SA’Y VA G’AYRAT

Sa’y va g’ayrat deb ustiga yuklangan ibodat va xizmatlarni harakat birla ado qilmakni aytilur. Shariat ham aql yuzasidan yalqovlik qilub, ishsiz, bekor yurmak durust emasdur. Zeroki, Qur ’oni karim bizlarni sa’y qilmoqg’a amr etmishdur. Dangasalik har vaqt insonni xor, tama balosiga giriftor qilur. Bir ishga mashg’ul bo’lgan kishilar vaqtning o’tganini bilmas, yalqov kishilar uchun bir soat o’tkarmak qiyomatdan qiyindur. G’ayrat vujudimizga quvvati mas’ud va baxtiyor bo’lishimizga sababdur. Shuning uchun har birimiz sa’y qilub, o’z kuchimiz ila maishatimizga kerak bo’lgan narsalarni topub, boshqalarga muhtoj bo’lmay rohat-rohat yashamoq lozimdur. Sihatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, qanoatimiz, sabrimiz, fazilatimiz, alhosil, butun hayotimiz harakatimizga bog’lidur. Harakatlik kishilar tezgina maqsudlariga yeturlar. Yalqov kishilar har narsadan mahrum, doim boshqalarning yordamiga muhtoj bo’lub xorlikda qolurlar.
Kishi yosh vaqtida ilm va ma’rifat, hunar va san’atga bo’yin qo’ymasa, taraddud qilmasa, albatta, qora ishchi bo’lub qolur. Shariatga ters, qonunga zid bo’lmagan xizmatlarni qilmak ayb emasdur. Agar bunga ham bo’yin qo’ymay bu ko’mirchilik, bu temirchilik menga munosib ish emas deb, dangasalik qilub, ishsiz yursa, zo’r ayb, g’ayratsizlikdur. «Gayratlikdan imon qutilmas» degan masal bor. Bunga qaraganda dunyo va oxiratimiz uchun g’ayratni qo’ldan bermaslik lozimdur. G’ayrat imona, salobati vijdona dalolat etar. Hazrati Umar eshik oldida bekor o’tirgan bir kishini ko’rub: «G’ayratsiz kishilardan Xudo bezor, islomiyat g’ayrat ila rivoj topdi, sandek yalqov kishilardan islomiyat hazar qilur», – demishlar.

Haq buyurdi: «Laysa lilinsoni illo mo sa’y»,
G’ayrat ila o’tdi olamdan Muhammad Mustafo.
Biz-da ummatmiz, qilayluk sa’y ila xayr-u saxo,
Qilsalar shoyad shafoat sohibi ro’zi jazo.

RIYOZAT

Riyozat deb savob ishlarni qilub, gunoh ishlardan saqlanmoqni aytilur. Riyozat adabning koni, ruhning darmonidur. Insonlarni to’g’ri yo’lga solub, egri yo’ldan qaytarguvchi riyozatdur. Shul sababli riyozat qilguvchilar oqil va fozil bo’lur. Alloh ham xalq qoshida maqbul va mo’tabardur. Yalqovlik, ko’p uxlamak, yomon odamlar ila yurmak, vaqtni bekor o’tkarmak, aysh-u ishrat qilmak, ko’p oshamak, foydasiz so’zlar so’zlamak, samovarlarda, ko’chalarda aziz umrni bo’sh otkarmak kabi ishlarning hammasi riyozatga zid, umrning egovi, Xudoning g’azabidur. Allohning buyrug’i, Rasulullohning sunnatlari, shariat qil degan ishlarni birin-ketin o’z vaqtida qilmak ibodat ham riyozatdur.
Riyozatni rioya qilgan kishilar hech vaqt shariat yo’lidan ayrilmas, Alloh buyrug’idan chetga chiqmas va bu yo’l ila oxirat azobidan qutulur, rohat va rahmat saroyiga kirar, riyozatni rioya qilmagan kishilar Alloh taoloning rizosini topolmas, xor-zor bo’lub, oxiratda alamlik azobga giriftor bo’lur.
Aflotun hakim: «Men riyozatdagi lazzatni hech narsada ko’rmadim, zeroki, vujudimning salomati, ruhimning saodatini riyozatda topdim. Shuning uchun riyozat ayni saodatdur deyaram, chunki fikrning, tilning islohi badanning riyozatiga bog’lidur», – demish.
Ibn Sino hakim: «Tan riyozatidan ko’proq ruh riyozati lozimdur. Mard kishi o’zini riyozat va adab ila ko’rsatsun, inson ila hayvon orasidagi farq yolg’uz maishatda emas, yaxshi axloq kasb qilmoqdadur», – demish.

Riyozat mevasidur misli bodom,
Yuzi qattig’ ichidur ishta in’om.
Kishin maqsudina eltar riyozat,
Riyozatsiz ish o’lg’ay besaranjom.
Agar sabr-u riyozat cheksang, ey jon,
Pishub oldingg’a tushgay mevayi xom.

SHIJOAT

Shijoat deb botir va yurakli bo’lmakni aytilur. Shaji’ kishi hech narsadan qo’rqmaydurgan botir va yurakli bo’lur. Sa’y va g’ayratning ziddi dangasa va yalqovlik o’ldig’i kabi shijoatning ziddi qo’rqoqlikdur. Qo’rqoq savdogar foyda qilmas. Qo’rqoq kishi o’zining soyasidan hurkar, hech bir ish qilishga yuragi bo’lmas. Ko’p kishilar vahima va qo’rqoqlik orqasidan mollaridan, jonlaridan, vatanlaridan ayrilurlar. Shuning uchun har ishda shijoatni qo’ldan bermaslik lozimdur. Shijoat insoniyatning sof oyinasi, iffat, g’ayrat, istiqomat kabi yaxshi xulqlarning nuroniysidur. Shijoatning haqiqati qalbning matonatindan, ruhning salomatindan iboratdur. Hozirgi zamonda botirlik – boylikda, qaysi davlat va millatning davlati bolsa, shul ustun bo’lmakdadur. Chunki hukumat uchun xalq, xalq uchun hunar, hunar uchun ilm, ilm uchun aqcha lozimdur.
Sarvatli millatlar milliyatlarini yo’qotmas, rohat va saodatda yashar. Bu kunda madaniy millatlar urushlarini tijorat va sanoatga aylandurdilar va bu soyada bir-birlariga g’alaba va raqobat qila boshladilar. Sehrgar va jodugarlik ila emas, tijorat va sanoatgarlik ila cholishqon Yovro’pa, Afriqo va Osiyoni o’ziga asir va musaxxar qilmakdadur.

Bu zamonda fil ila jang aylamak erlik emas,
Er o’shaldurkim tutar ilm-u hunarning yoqasin.
Beshlab, o’nlab so’m topishsa, ilm ila ag’yorlar,
Biz bo’lub hammol, oladurmiz tiyinlab choqasin.
Boshqalar san’at, tijorat-la taraqqiy aylasa,
Bizni el tortar ayog’din o’lgan otning toqasin.

QANOAT

Qanoat deb janobi Haq tarafidan ihson bo’lgan ahvolga yetishdig’imiz ne’mat va molga shukr, boshimizga kelgan faqr, musibat, falokatlarga chidab, sabr qilmoqni aytilur. Qanoat hasad, tama, hirs, xorlik kabi illatlarning davosi, nafsimizning g’inosidur.
Qanoat bir xazinadurki, naqdinasi kundan-kun ortar. Bu xazinaga ega bo’lgan kishilar umrlarini shavq va rohatda kechirurlar. Buning ila barobar qanoatsizlikdan paydo bo’ladurgan hasad degan jonning eng zo’r dushmanidan qutulurlar. Chin insonlar kishining molina, mulkina, saodatina, maishatina hasad qilmas, qanoatdan ayrilmas, umrini rohatda o’tkarur. Inson har bir ishga kuchi yetguncha cholishmoq, janobi Haq taqdirdagi narsasidan nimani bersa, shunga qanoat qilmoq lozimdur.
Zeroki, inson o’z maishatini, nomusini saqlamoq uchun fidoyi jon darajasiga borguncha sa’y qilmoqg’a buyurilmishdur, lekin bu sa’yning mashruyi har bir ishda qanoatni qo’ldan bermaslikdur. Olamda qanoat kabi dilni poklaydurgan narsa yo’qdur. Janobi Haqning amriga itoat qanday saodat esa, taqdiriga qanoat ziyoda baxtiyorlikdur.
Hazrati Ali afandimiz: «Dunyoda sa’y-jadali ila maishat o’tkargan qanoat egasi hech kimg’a muhtoj bo’lmagan zo’r boylar kabi rohatda, saodatda yashar», – demishlar.
Aflotun hakim: «Insonning saodati qanoatini qo’lda tutmakda, sarvat va maishat to’g’risida janobi Haqning taqdiriga rozi bo’lmakdadur», – demishlar.

ILM

Ilm deb o’qimak, yozmakni yaxshi bilmak, har bir kerakli narsalarni o’rganmakni aytilur. Ilm dunyoning izzati, oxiratning sharofatidur. Ilm inson uchun g’oyat oliy va muqaddas bir fazilatdur. Zeroki, ilm bizga o’z ahvolimizni, harakotimizni oyina kabi ko’rsatur. Zehnimizni, fikrimizni qilich kabi o’tkur qilur. Savobni gunohdan, halolni haromdan, tozani murdordan ayurub berur, to’g’ri yo’lga rahnamolik qilub, dunyo va oxiratda mas’ud bo’lishimizga sabab bo’lur. Ilmsiz inson mevasiz daraxt kabidur. Chunki ilmsiz kishilar ota-onasiga, qarindosh-urug’iga, yor-do’stiga, din va millatiga foyda yetkurmak bir tarafda tursun o’z ustiga lozim bo’lgan ibodat va toatni ham loyiqicha qila olmas. Ilmning foydasi u qadar ko’pdurki, ta’rif qilg’on birla ado qilmak mumkin emasdur. Bizlarni jaholat qorong’ulig’idan qutqarur, madaniyat, insoniyat, ma’rifat dunyosiga chiqarur, yomon fe’llardan, buzug’ ishlardan qaytarur, yaxshi xulq va adab sohibi qilur, Alloh taologa muhabbat va e’tiqodimizni ortdurur, janobi Haqning azamat va qudratini bildirur. Alhosil, butun hayotimiz, salomatimiz, saodatimiz, sarvatimiz, maishatimiz, himmatimiz, g’ayratimiz, dunyo va oxiratimiz ilma bog’lidur. Payg’ambarimiz: «Ilmga amal qilguchilardan bo’lingiz, naql va rivoyat qilguchilardan bo’lmangiz», – demishlar.

Ilm bir daryo ichi to’lmish dur-u gavhar bilon,
Qiymat-u qadrin qachon bilg’ay oni johil yilon.

Olim kishilar har yerda aziz va hurmatlidur. Shariatimizda qaysi ilmga muhtoj bo’lsang, shuni bilmak bizga farzdur.
Shuning uchun o’qimak, bilmak zamonlarini qo’ldan bermay, vujudimizning dushmani bo’lgan jaholatdan qutulmakga jonimiz boricha sa’y qilmagimiz lozimdur.

AQSOMI ILM

Ilm diniy va fanniy qismlar ila ikkiga bo’linur.
Diniy kishi bo’lmak uchun ulumi diniya o’qumak ila barobar hisob, handasa, tarix, hikmat, kimyo, tib, ziroat ilmlari kabi fanniy ilmlarni ham bilmak, chin olim bo’lmak lozimdur . Chunki bu ilmlarning ikkisi ham dunyo va oxiratimiz, hayot va saodatimiz uchun eng kerakli narsalardur.
O’tkan zamondagi islom ulamolari har bir ilmga tish-tirnoqlari ila yopishdilar1, o’qidilar, o’qitdilar, ulum va funun soyasida islomiyat taraqqiy qildi, madaniyat tarqatdi, kitobxonalar, qiroatxonalar, yetimxonalar, kambag’alxonalar, kasalxonalar ochildi. Hozirgi musulmonlar taassub va jaholatlari ila maqtanulari kabi, avvalgi zamon musulmonlari ilm va ma’rifat, kitob va asarlari ila maqtanurlar edi. Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi yoshlarining ilm va ma’rifatiga, hunar va san’atiga bog’lidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ilm o’qimak har bir mo’min er-u xotunga farzdur», – demishlar. Ajabo, Qur’onimiz, Payg’ambarimiz o’qingiz, deb amr qilg’on holda, bizlar na uchun harakat qilmaymiz, qimirlamaymiz. Boshqa millatlarning o’g’ullari, qizlari
kecha demay, kunduz demay, yoz demay, qish demay ilm yo’lida jonlarini fido qilub, quvushub, yugurushub, ko’zlarimizni qamashdirub turgan bir zamonda bizlar hamon2 uyqudan, g’aflatdan, jaholatdan boshimizni ko’tarmaymiz, ibrat olmaymiz. Payg’ambarimiz: «Olim bo’l, ilm talab qiluvchi bo’l, yoki ilmni eshituvchi bo’l, hech bo’lmasa shularga muhabbat qiluvchi bo’l, beshinchisi bo’lma, halok bo’lursan», – demadilarmu?

Topar ilm ila odam og’li kamol,
Yeturmas kamola jamol ila mol.
Kerak o’rtanur ilm uchun sham’dek,
Tanumoq Xudoni ilmsiz mahol.
Talabgor o’lur ilma oqil kishi,
Sotar ilm bozori moli halol.
Talab aylamak farzdur bizga ilm,
Bu amr uzradur er-xotun, yosh, chol.

SABR

Sabr deb boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo’lmakni aytilur. Har bir ishda sabr va sovuqqonlik ila harakat qilmak lozimdur. Chunki boshimizga keladurg’on balo va qazo, zahmat va mashaqqatlarning barchasi janobi Haqning irodasi ila o’ldig’i uchun bularg’a sabrsizlik qilgan kishilar ajr va savobdin quruq qolurlar. Sabr insonlar uchun buyuk bir fazilatdurki, janobi haq sobirlarni suyar. Qur’oni karim ichida ko’p yerda sabrni, sobirlarni madh qilmishdur . Shariati islomiyada janobi Haq tarafidan kelgan balo va qazog’a sabr qilmoq farzi ayndur.
Inson har bir ishni sabr va matonat ila yurutsa, maqsudiga tinch va rohatda borub yetar. Hamisha saodatda yashar.

Sekin borgan kishi maqsuda yetgay,
Shoshub besabrlar kaj yo’lga ketgay.
Agar sabring bo’lsa nafsingga yo’ldosh.
Seni tavfiqi rabboniga eltgay.

Nafsini sabr ila rom qilgan kishi har ishda oshiqmay, ohista harakat qilur. Nafsini halokatdan, g’ururdan saqlar. Sabr shunday bir kuchli narsadurki, shahvatni iffatga, g’azabni shijoatga, shiddatni hilmga, kattalikni tavozu’ga, yomonlikni yaxshilikg’a aylandurmakg’a quvvati yetar. Shul xususda so’ylanmish bir hadisi sharifning ma’nosi «ilm imonli kishilarning muhibi, hilm homiysi, aql
dalili, yaxshi amal sarmoyasi, muloyimat volidi, afv axavoni, sabr hokimi vijdonidur», – deyilmish. Arablar: «Assabru miftohul-farah» – «sabr shodlig’ning kalididur», – deyurlar.

Sabr ila har mushkul ish zoyil bo’lur,
Sabr edan maqsudina noyil bo’lur.
Har kishida bo’lmasa sabri jamil,
Nafs ko’yina yurub soyil bo’lur.
Sabr qilsang, g’o’radan halvo bitar,
Sabrsizlar o’z oyog’idan yitar.

HILM

Hilm deb bo’lar-bo’lmas ishga achchig’lanmaydurgan, arslon yurakli, yumshoq tabiatli bo’lmoqni aytilur.
Hilm insonlarning tab’idan xusumat, adovat, g’azab, hiddat kabi yomon xulqlarni yo’q qiladurgan har kimcha maqbul bir sifatdur.
Hilm ilmi axloq yuzasidan insonga eng kerakli narsadur.
Nafsning rohati, qalbning matonati, fikrning salomati, vijdonning halovati halim tabiat bo’lmoq ila hosil bo’lur. Chunki halim kishilar har qancha quvvat va qudrat sohibi bo’lsa ham, o’zidan ojiz kishilarga shiddat ila muomala qilmas. Fikri salomat kishilarning qalbi halim, tab’i karim o’lur. Zeroki, vujudimizdan paydo bo’ladirgan af’ol va harakotimizning manbayi havas va orzudur. Bu havas va orzuga faqat hilm ila g’olib kelurmiz va bu vasila ila to’g’ri yo’lga kirub, yaxshi xulq sohibi, din va millat xodimlaridan bo’lurmiz. Dunyoda chin inson bo’lmak uchun havasning qo’liga nafsning jilovini bermaydirgan, bo’lar-bo’lmas narsalardan achchig’lanmaydurgan, sovuqqonli, yumshoq tabiatli, muloyim so’zli, halim va sabrli bo’lmak lozimdur.

Zotiga, hilmiyati mavsuf qilsa har kishi,
Ikki olamda bo’lur rohat, halovatda ishi.

Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Alhilmu sayyidal axloq – Hilm xulqlarning sayyididur», – demishlar.
Suqrot hakim: «Shiddat ila muomala qilgan kishilarga man viqor va halimlik ila muqobila qilurman, chunki hilm shiddatni, xusumatni past qilur. Lekin kishini ojiz va xorlik darajasiga tushuradurgan halimlikdan man bezor», – demish.
Bu so’zga qaraganda saxovatning ifroti isrof o’ldig’i kabi o’rinsiz yerda hilm iste’mol qilmak insonning viqor va e’tiborini poymol qilur. Shuning uchun hilmiyat hududidan – chegarasidan chiqmay, g’azab, hiddat kabi yerlarda hilm iste’mol qilub, nafsning haroratini past qilmolidur. Lekin tepsa tebranmaydurgan, turtsa ting etmaydigan bo’lub, g’ayrat, shijoat o’rinlariga ham muloyimlik ishlatuv halimlik hududidan oshub, bo’shlik, anqovlik dunyosiga chiqmakdur. Bunday halimlikdan qochmak, hazar qilmak kerak.

Halimlikni qilsang agar ixtiyor,
Bo’lur xalqi olam sanga do’st-u yor.
Bo’lur mevalik shoxni boshi past,
Halim o’lg’usi oqili hushyor.

INTIZOM

Intizom deb qiladurgan ibodatlarimizni, ishlarimizni har birini o’z vaqtida tartibi ila qilmakni aytilur. Agar yer yuzida intizom bo’lmasa edi, insonlar bir daqiqa yasholmas edilar. Janobi Haq yer-u osmonlarni, oy va yulduzlarni, inson va hayvonlarni, qurt va qushlarni shunday bir nizom ila tarbiyat berib yaratmishdurki, aql bilmakdan, qalam yozmakdan, til so’zlamakdan ojizdur. Dunyoga kelgan payg’ambarlarning har birlari din va shariatlarini tarbiyat va nizom ila yurutmishlar. Xususan, islom dini mukammal ravishda tartib va nizomni rioya qilmishdur. Va bu soyada ozgina zamonda islom urug’lari butun dunyo yuziga yoyilmishdur. Islom davlatlarining barposi nizom va intizom ila o’ldig’i kadi barbod va inqirozi ham tartib va nizomsizlik ila bo’lmishdur. «Xayr, o’tkan ishga salovat». Alhosil, har bir millatning taraqqiy va taoliysi ishlarini vaqtida nizomdan chiqarmay tartibi ila yurutmakg’a bog’lidur. Shogirdlar maktab va madrasalardagi zamonga muvofiq ravishda qurilmish, nizom va tartiblarni rioya qilmaklari lozimdur. Chunki tartib va nizomni rioya qilmagan kishilarning ishlari hamma vaqt notamom, o’zlari parishon bo’lurlar. Ammo ishlarini tartib uzra yurutgan kishilarning ishlari yerida, o’zlari tinch va rohatda umr o’tkarurlar. Hozirgi zamonda bizning Turkiston boylarining ishlari to’xtab, sinuvlarining birinchi sababi ishlarini axloqsiz, bilimsiz, musrif, yalqov kishilarga topshiruvlari ila barobar o’zlarining zamonga muvofiq tartib va nizomdan xabarsizliklarining yemushidur. Payg’ambarimiz: «Kasblarning ortug’roqi xiyonatsiz, yolg’onsiz qilg’on savdo va tijorat ila bandaning o’z qo’li birlan ishlagan ishidur», – demishlar.

Davlatni koni, manbayi tartib-intizom,
Sarvatni poydori erur iqtisodi tom.
Muhtojlig’ yuzini ko’rar deb gumon qilmang,
Tartibi birla yursa, kishining ishi mudom.

MIQYOSI NAFS

Miqyosi nafs deb qiladurgan amallarimizni, ishlarimizni shariat, insoniyat qonuniga muvofiq o’lub, o’lmaydig’ini vijdonimiz ila o’lchab ko’rmakni aytilur. Nafs o’lchovi haqiqiy bir o’lchovdurki, insonning o’z nafsiga loyiq ko’rmagan muomalani boshqalar haqida ijro etmoqg’a qo’ymas, fikr egalari, insof sohiblari har vaqt nafs o’lchovidan tashqari harakat qilmas.
Agarda bir sabab ila shariat hukmidan, insoniyat qonunidan chet ketsa, bu qabohatini nafs o’lchovi ila bilub, ikkinchi martaba qilmasga qasd va niyat qilub, shariat nizomidan, insoniyat chizig’idan chiqmaslikg’a sa’y va g’ayrat qilur.
Alhosil, nafs o’lchovi ta’rifdan tashqari insonlar uchun eng foydali, har kimcha maqbul buyuk bir fazilatdur.
Buyuk Iskandar: «Dunyoda eng haqiqiy, to’g’ri o’lchov nafs o’lchovidurki, bu mezonda zarra nuqson yo’qdur», – demish.
Ibn Sino hakim: «Insonning fazl-u kamolining o’lchovi nafsning o’lchovi ila o’lchanur», – demish.

Dunyoda har narsaning maxsus o’lchovi bo’lar,
Banda af ’olini vijdoni ila tortib ko’rar.
Bir ishiga vaznda kelsa og’ir o’z nafsiga,
Ul ishing qandog’ bo’laklarga ravo, loyiq ko’rar.

VIJDON

Vijdon deb ruhimizga, fikrimizga ta’sir qiladurgan hissiyot, ya’ni sezuv – tuymaqdan iborat ma’naviy quvvatni aytilur. Biz har vaqt af’ol va harakotimizni yaxshi va yomonlig’ini, foyda va zararlig’ini onjaq vijdonimiz ila bilurmiz. Vijdon insonning aql va fikrini haqiqiy mezonidurki, bu tarozu ila o’z kamchiliklarini o’lchab bilmak ila barobar boshqalarning ham af’ol va harakotini sezur. Agar ishlagan ishi shariat, aql va hikmatga muvofiq bo’lsa, muhabbat qilur. Qabohat va yomon ishlarni qilsa, nafrat qilur. Biz janobi Haqning amr va nahyini fikr va ruhimizning ma’naviy quvvati o’lan vijdonimiz ila ayira bilurmiz.
Vijdon yaxshi xulqlarning manbayi o’ldig’indan vijdon sohiblari har bir ishni beg’araz, xolis niyat ila ishlar.
Shul sababli har kim nazarida maqbul va suyukli bo’lur.
Ammo vijdonsiz kishilarning ishlarida niyat va amallarida, do’st va oshnoliqlarida yashirin bir g’arazlari o’ldig’indan har vaqt hasrat va nadomat chekub, vijdon azobig’a giriftor bo’lurlar.

Har bir insonning haqiqiy foili vijdonidur,
Mevasi yaxshi amaldur, hosili vijdonidur.

Inson diniy vazifalarining uluvviyatini vijdoni soyasida taqdir qila bilur. Chunki, vijdoni salomat kishilar imon va e’tiqodlarini kamolga yetkurmak uchun janobi Haqning buyruqlarini din va millatg’a foydali ishlarni shod va xurramlik ila ishlar.
Alhosil, vijdon har kimning af’ol va harakotini ko’rsatadurgan musaffo bir oyinadurki, bu ko’zguga chin nazar qilg’an kishi o’z ayb va kamchiliklarini tuzatmak harakatida bo’lub, boshqalarning ayb va qusurlarini axtarmoqg’a vaqti bo’lmas. Bizim islomiyatda vijdon axloqining islohi uchun sa’y-harakat qilmak lozim o’ldig’indan shul doirada harakat qilg’on kishilar ikki jahonda aziz va mukarram bo’lurlar. Arastu hakim: «Ruhimizning ma’naviy quvvati o’lan vijdonimiz, fikrimizga quvvat berguvchi bir vositayi idrokiya deyilur. Ya’ni, hissiyotimizning ruhimizga ta’sir ettirg’uvchi bir robitayi ilktiriqiyyasidur», – demish.
Ibn Sino hakim: «Vijdon ruh va fikrimizni tuyg’un qilmakg’a birinchi vositadur», – demish.

Sof vijdon kabi hech komila mezon o’lmaz,
Kishi o’z aybini bilmak kabi urfon o’lmaz.
Shod-masrur o’lur insof ila vijdonli kishi,
Kimki vijdonsiz esa, to’g’ri, chin inson o’lmaz.

VATANNI SUYMAK

Vatan. Har bir kishining tug’ulub o’skan shahar va mamlakatini shul kishining vatani deyilur. Har kim tug’ulgan, o’sgan yerini jonidan ortiq suyar. Hatto bu vatan hissi-tuyg’usi hayvonlarda ham bor. Agar bir hayvon o’z vatanidan – uyuridan ayrilsa, o’z yeridagi kabi rohat-rohat yashamas, maishati talx bo’lub, har vaqt dilining bir go’ shasida o’z vatanining muhabbati turar.
Biz turkistonlilar o’z vatanimizni jonimizdan ortiq suydigimiz kabi, arablar arabistonlarini, qumlik, issig’ cho’llarini, eskimular shimol taraflarini, eng sovuq qor va muzlik yerlarini boshqa yerlardan ziyoda suyarlar. Agar suymasalar edi, havosi yaxshi, tiriklik oson yerlarga o’z vatanlarin tashlab hijrat qilurlar edi.
Bobolarimiz «Kishi yurtida sulton bo’lguncha, o’z yurtingda cho’pon bo’l», – demishlar.

Men ayblik emas, ey vatanim, tog’larim,
Bevaqt tashlab ketdim, oyo, bog’larim.
Hijron qilodur meni judolig’,
Do’ndi g’ama ro’z-u shab-u chog’larim.

Hammaga ma’lumdurki, eng muqaddas diniy yerimiz o’lan Arabistonga bog’larini, hovlilarini sotub hijrat qilgan hojilarimizning aksari yana o’z vatanlariga qaytub kelurlar. Buning sababi, ya’ni bularni tortib keturgan quvvat o’z vatanlarining, tuproqlarining mehr-u mahabbatidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Hubbul – vatani minal imoni – vatanni suymak imondandur», – demishlar.

Vatan, vatan deya jonim tanimdan o’lsa ravon,
Banga na g’am, qolur avlodima uy-u vatanim.
G’ubora do’nsa g’amim yo’q vujud zeri vahm,
Charoki o’z vatanim hokidur go’r-u kafanim.
Tug’ub o’san yerim ushbu vatan vujudim xok,
O’lursa aslina roje’ bo’lurmi man g’amnok?

HAQQONIYAT

Haqqoniyat deb ishda to’g’rilik, so’zda rostlikni aytilur. Inson bo’stoni salomatga, gulzori saodatga haqqoniyat yo’li ila chiqar. Insoniyatning ildizi o’lan rahmdillik, haqshunoslik, odillik kabi eng yaxshi sifatlarning onasi haqqoniyatdur. Janobi Haqning shu nomi muborakini muqaddas bilgan kishi hech vaqt haqqoniyatdan ayrilmas, chunki haqqoniyat nuri qaysi dilda jilvagar o’lsa, janobi Haqning tavfiqi rabboniysi shu dilda nash’u namo qilur. Aql egalari, vijdon sohiblari har vaqt ko’rgan, qilgan va bilganlarini, haqiqatni va to’g’risini so’zlar. Ishda to’g’rilik birovning nafsiga, moliga xiyonat qilmov, so’zda to’g’rilik har vaqt rost so’zlamaklikdur.

Rostlig’ haqning rizosini topar,
To’g’ri yo’lda yo’q bo’lurmu hech chopar?

Bizim shariati islomiyada agar bir kishining haqiga bo’hton qilinub, qilmagan ishni qildi deb so’z so’ylansa, bilgan kishi rostini so’zlab, shul kishini oqlamak vojibdur. Rasuli akram nabiyyi muhataram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Annajotu fissiddiqi – najot rostlikdadur», – demishlar. Hazrati mavlono Rumiy: «Islomiyat ayni haqqoniyatdur . Haqni qabul qiluvchilar huquqi shar’iyani saqlamoqg’a buyurulmishdurlar. Chunki shariat hukmlarining eng asosiy ildizi haqqoniyatdan iboratdur», – demishlar.

Haqshunoslik o’lmoq sharofatdur jahonda odama,
Haqni izhor aylamak birla ko’ruk ver olama.
Yarashur insona sidqu to’g’rilik gar ko’rsa girih,
To’g’rining yordamchisidur haq taolo g’am yema.
To’g’rilarning maskani firdavs ayvonidadur,
Egrilar ikki jahonda g’am-alam konidadur.

NAZARI IBRAT

Nazari ibrat deb har bir narsaga sinchiklab boqub, shundan o’ziga bir hissa ibrat olmoqni aytilur.
Xulqlarning eng afzali, insonlar uchun eng keraklisi nazari ibratdur. Inson nazari ila boqub dunyo kitobindan o’z qadr-hissasini bilub olmak lozimdur. Ma’rifat sohibi bo’lmak uchun ahvoli olamdan xabardor bo’lmak kerak. Shuning uchun aql sohiblari, fatonat egalari o’zlariga foydasi bo’lsa-bo’lmasa sinchiklab qaragan narsalardan bir hissa olmay qo’ymaslar. Hozirgi zamondagi taraqqiy qilgan millatlarning hunar va san’atlarining barchasi ilmi va nazari ibrat soyasida namoyon o’lub, olamni munavvar va musaxxar qilmishlar. Bizim shariati islomiyada har narsani e’tiborga olub, shundan ibrat hosil qilub, axloqini tuzatmak vojibdur. Hazrati Ali raziyallohu anhu: «Dunyoda eng muntazam dorul-ulum nazari ibratdur . Ibrat ko’zlarining pardasi ochilmagan kishilar dunyo kitobida yozilgan haqiqatni ko’rolmaslar. Koinot kabi mukammal bir sahnai ibratdan foydalana olmagan kishi hech bir muallimi hikmatdan bahramand bo’lolmas», – demishlar.
Mavlono Rumiy: «Janobi Haqning osori qudratlarini basirat ko’z ila, nazari ibrat ila tamosha qilinsa, ko’p hikmatlar ko’rilur. Chunki haqiqat ilmining muallimi chashmi ibratdur. Haq chashmi ibrat ila mushohada qilinur», – demishlar.
Bir ko’r hazrati Luqmonning oldilariga kelub, «agar ko’zimni ochsangiz, men sizga qul bo’lurman», – demish. Hakim ko’rni ma’rifat sohibi ekanini bilub, jonim, ko’zingning pardasini ochmoq mumkin, lekin nazari ibratni ochmoq qo’limdan kelmaydur», – demishlar. Ko’r: « Yo Luqmon! Sizning shuhratingiz faqat parda ochmoqdan iborat bo’lsa, sizni hakim demay tabib demak lozim ekan», – deb hazrati Luqmonning ibrat ko’zini ochmishdur. Janobi Haq biz musulmonlarning ham ko’zimizdan g’aflat pardasini ko’tarub, ibrat ko’zlarimizni ochsa edi.

Och ko’zlaringni, bas, bu qadar g’aflat, ey ko’zim,
Umring g’animat, och nazari ibrat, ey ko’zim!
Ibrat ko’zingni ochmasang, atrofingga boqub,
Bir-bir ketar qo’lingdan uchub davlat, ey ko’zim!
Mol o’lsa borcha hamdam-u yor-u birodaring,
Qochgay urug’laring yo’q esa, sarvat, ey ko’zim!
Hosili zamonda ilm ila davlatda e’tibor,
Sarmoyai saodat har millat, ey ko’zim.

IFFAT

Iffat deb nafsimizni gunoh va buzuq ishlardan saqlamoqni aytilur. Bizlarni gunoh va ma’siyatdan saqlaguvchi, harom-harishdan nafsimizni asraguvchi faqat iffatimizdur.
Axloq sohibi, iffat egasi qalbini, vijdonini poklab, tilini yolg’on, g’iybat, bo’hton, moloya’ni kabi yomon so’zlardan saqlar.
Chunki insonga if fatidan ko’proq til iffati lozimdir. Boshimizga keladurgan kulfat va zahmatlarning aksari yomon tilimizdan, andozadan ortuq so’ylaganimizdan kelur.

O’ylamay so’ylagan og’rimay o’lar,
Fikr ila soylagan yig’lamay kular.

Iffat erlardan ko’proq xotunlar uchun olmosdan qimmat, injudan qadrli ziynat va fazilatdur. If fatli kishi har vaqt nazari ibrat ila harakat qilur. Kecha va kunduz fikri, zikri vatandoshlariga, qarindoshlariga yaxshilik, xayrixohlikdan iborat bo’lur.
So’zida, fe’lida sodiq bo’lub, vijdonga ters, insoniyatga kelishmagan muomaladan hazar qilur. Hazrati Ali raziallohu anhu: «Iffat xotunlarning eng ziynatli libosi, erlarning sarmoyayi ulviyatidur», – demishlar.
Hazrati Luqmon: «Iffat nomusning eng mahkam suyanchig’idur. Nafsning hujumiga shul quvvat ila muqobala qilinur», – demishlar.
Aflotun hakim: «Iffat xotundan ko’proq erlarga yarashadurgan bir sifatdur. Xotun iffati adab va nomusini saqlovdur. Erlarning iffati butun insoniyat adablariga shomildur. If fatsiz inson yalang’och jasad kabidur», – demishlar.

Zotingga ziynat o’lan iffatni dilda saqlagil,
Shahvat nafsing seni bolg’usidur aqlingg’a qul.
Har kishining dunyoda yirtilsa iffat pardasi,
Nafsi shaytondek ani bir kun solur bo’yniga g’ul.

HAYO

Iffat deb nafsimizni gunoh va buzuq ishlardan saqlamoqni aytilur. Bizlarni gunoh va ma’siyatdan saqlaguvchi, harom-harishdan nafsimizni asraguvchi faqat iffatimizdur.
Axloq sohibi, iffat egasi qalbini, vijdonini poklab, tilini yolg’on, g’iybat, bo’hton, moloya’ni kabi yomon so’zlardan saqlar. Chunki insonga if fatidan ko’proq til iffati lozimdir.
Boshimizga keladurgan kulfat va zahmatlarning aksari yomon tilimizdan, andozadan ortuq so’ylaganimizdan kelur.
Hayo deb ishda, so’zda adabni rioya qilmakni aytilur. Hayo dilni ravshan qiladurgan bir nurdurki, inson har vaqt shul ma’naviy nurning ziyosiga muhtojdur. Shariat buyurmagan, odamlar suymagan ishlarni ishlamak – g’iybat, hajv, masxara, safsata, so’kuv kabi odamlarning nafsiga, iffatiga tegadurgan adabsiz so’zlarni so’zlamak zo’r hayosizlikdur. Iffatning pardasi, vijdonning niqobi hayodur.
Shuning uchun har bir harakatimizda, so’zimizda hayoni qo’ldan bermaslik lozimdur. Hayo pardasi ila o’ralmish insonlarning iffat pardasi yirtilmas. Va bu chodir shunday muborakdurki, ancha-muncha sahv-xatolarni berkitub yo’q qilur.
Ibn Sino hakim: «Insonda doim turadurgan husn va latofat hayo ila iffatdur. Hayosiz yuz jonsiz jasad kabidur», – demish.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Alhayo minal imoni» – Hayo imondandur, «Izo lam tastah faasna’ moshi’ta» – Hayo qilmaz esang, istagan ishingni ishla», – demishlar. Muhiddin: «Insonning suratidagi qizillik sekin-sekin ketar, hayo qizilligi aslo ketmas. Yoshlik husnining qizil rangi hayo ila ziynat-latofatga ega bo’lur», – demishlar.
Suqrot hakim: «Xotunlarning eng go’zali hayo va iffat pardasiga o’ralganlaridur», – demish.

Hayo nomus, imona dalildur,
Hayosiz doimo xor-u zalildur.
Uyalma ma’rifat hosil qiluvdan,
Maorifsiz kishilar murda dildur.

IDROK VA ZAKO

Idrok va zako deb ochuq fikrli, xushtabiat, ziyrak bo’lmakni aytilur. Idrok va zako yaxshi xulqlarning ravzayi rizvoni, ibrat ko’zlarining nuri rahmoniysidur. Chunki idrokli kishilarning har bir maqsadi ostida yashirin o’lg’an zamirlarning ma’nolari na yerdan borib chiqishini bilur. Ilm-u ma’rifat sohibi bo’lmak uchun sa’y va g’ayrat kerak o’ldig’i kabi zehn va idrokning ham salomat bo’lmog’i shartdur. Shuning uchun yoshlikdan boshlab zehn va idrokimizni quvvatlandurmak uchun aziz umrimizni o’yin-kulgi, safsata, moloya’ni kabi behuda so’zlar ila o’tkarmay, har xil kitob, g’azita va jurnallarni o’qub, fikrimizni ochmoq, zehnimizni quvvatlandurmak lozimdur. Zehnsiz kishilarning o’lchovsiz so’zlari o’zlarini uyaltirgoni kabi eshituvchini ham zeriktirur.

Har kishining fikr, idrokin so’zi bildurg’usi,
Pistayi bemag’z agar lab ochsa rasvo bo’lg’usi.

Idrok sohibi o’zini fozil va ulug’ bilub hamjinslariga haqorat ko’z ila boqub: «Bilasanmi? Man qanday boy va obro’li kishiman» deb maqtanub, o’zini katta qilub ko’rsatmas. Ustiga yuklangan diniy, milliy va maishiy vazifalarini har birini o’z vaqtida ado qilur. Mana, shunday kishilar ikki dunyoda obro’lik bo’lub o’lganlaridan so’ng «faloni xo’b, yaxshi zot edi, Xudo rahmat qilsun, millatga ko’p xizmat qildi, xalqg’a foyda yetkurdi», deb boshqalar tarafidan maqtalurlar. Hushyor va ziyrak kishilar kuch va quvvatlari bor vaqtida keladurgan zamonlarini tushunib, pul va mollarini o’rinsiz yerlarga, to’y va ma’rakalarga haddan ortiqcha isrof qilmaslar, o’zlarining rohati, bola-chaqalarining saodati uchun kerak bo’ladurgan yer va bog’larini sotmaslar, zamonaga muvofiq kishi qilmak uchun bolalarini o’qitmak va tarbiya qilmak to’g’risida aqchalarini aslo qizg’anmaslar.

Idrok ila aqling-la ayur yaxshi yomonni,
Behudaga sarf etma shu qimmatli zamonni,
Sa’y et, jadal et, ilm-u fununa harakat qil,
Boq, nayladilar hikmat ila ushbu jahonni.

HIFZI LISON

Hifzi lison deb har bir millat o’z ona til va adabiyotini saqlamagini aytilur. Har bir millatning dunyoda borlig’in ko’rsatadurgan oyinai hayoti til va adbiyotidur . Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdur. Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan-kun unutmak va yo’qotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, forsiy ulangani kamlik qilub, bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz. Durust, bizlarga hukumatimiz bo’lg’on rus lisonini bilmak hayot va saodatimiz uchun osh va non kabi keraklik narsadur. Lekin o’z yerinda ishlatmak va so’zlamak lozimdur. Zig’ir yog’i solub moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadur.
«Yohu! Bizga na bo’ldi? Bobolarimiz yo’lidan chiqub ketduk. Yaxshi qo’shningdan olguncha yomon uyingni qidir», – demishlar. Bobolarimizga yetushg’on va yaragan muqaddas til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O’z uyimizni qidirsak va axtarsak yo’qolganlarini ham toparmiz. «Yo’qolsa yo’qolsun , o’zi boshimga tor edi», – deb Yovrupo qalpog’ini kiyub, kulgi bo’lmak zo’r ayb va uyatdur. Payg’ambarimiz: «Erlarda jamol lison va tildur», – demishlar.

Ey ona til, aziz qadrdonim,
Iltifoti ruhim, Rahmonim.
Tug’dig’im kundan aylading ulfat,
O’lguncha ayilma, ey jonim.
Menga ilm-u adab san o’rgatding,
Chin adib, muallim, shonim.
Millatning ruhini ko’targuchisan,
Ey muqaddas karamli sultonim.

Umumiy milliy tilni saqlamak ila barobar xususiy og’iz orasidagi tilni ham saqlamak lozimdur. Chunki so’z insonning daraja va kamolini, ilm va fazlini o’lchab ko’rsatadurgan tarozusidur. Aql sohiblari kishining dilidagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qiymatini so’zlagan so’zidan bilurlar. «Quruq so’z quloqg’a yoqmas» – demishlar.
Agar so’z aql va hikmatga muvofiq bo’lub, o’ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurgan bo’lmasa, asalarilari orasida g’ung’ullab yurgan qovoqari kabi quruq g’o’ng’ullamoq faqat bosh og’rig’idan boshqa bir narsa emasdur . Boshimizga keladurgan qattig’ kulfatlarning ko’pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: «Ko’p o’yla, oz so’yla», – demishlar.
Tillarning eng yaxshisi so’zga usta til, so’zlarning eng yaxshisi bilub, oxirini o’ylab so’ylangan so’zdur.

Go’zallik yuzda ermas, ey birodar,
So’zi shirin kishi har kimga yoqar.
So’zing oz bo’lsinu ma’noli bo’lsun,
Eshitkanlar qulog’i durga to’lsun.
So’zing bo’lsa kumush, jim turmak oltin,
Misi chiqg’ay so’zing ko’p bo’lsa bir kun.
Ko’paygan so’zni bo’lgay to’g’risi oz,
Shakarning ko’pidan ozi bo’lur soz.

IQTISOD

Iqtisod deb pul va mol kabi ne’matlarning qadrini bilmakni aytilur.
Mol qadrini biluvchi kishilar o’rinsiz yerga bir tiyin sarf qilmas, o’rni kelganda so’mni ayamas. Saxovatning ziddi baxillik o’ldig’I kabi iqtisodning ziddi isrofdur. Alloh taolo isrof qilguvchilarni suymas. Iqtisodni rioya qilgan kishilar hamma vaqt tinch va rohatda yasharlar.
Arilar qish kunida yemak uchun bol yig’ganidek, boshlariga keladurgan qora kunlarni o’ylab, oq pul yig’urlar. «Toma-toma ko’l bo’lur», – demishlar. Har narsa ozdan ko’payur.

Ko’pni ozaytirg’uvchi xotun kishi,
Ozni ko’payturmak erur er ishi.

Hozirgi zamonda maqsudga yetmak, o’z millatiga xizmat qilmak, xalqg’a maqbul bo’lmak uchun ilm va mol lozimdur. Olamdagi hamma millatlarning hol va qudratlari mol va boyliqlari ila o’lchanur. Har yerda boy millatlar og’ir kelub, pallani bosub xo’ja o’lganidek, faqirlari yengil kelub, qul va asir bo’lub, osilib qoladur. Mol topmakning eng barakatli yo’llari: hunarchilik, ekinchilik, chorvachilik, savdogarlikdur. Bularning har biriga ham bu zamonimizda bilim lozimdur. Bobolarimizning «bo’lsa bo’lar, bo’lmasa g’ovlab ketar» zamonlari o’tub, o’rniga «bilgan bitar, bilmagan yitar» zamoni keldi. Amerikalilar bir dona bug’doy ekib, yigirma qadoq bug’doy olurlar, yovrupolilar o’zimizdan olgan besh tiyinlik paxtamizni keturub, o’zimizga yigirma besh tiyinga soturlar. Ammo biz osiyoliklar, xususan, turkistonliklar, dumba sotub, chandir chaynaymiz: qaymoq berub, sut oshiymiz, non o’rniga kesak tishlaymiz. So’zning qisqasi, hozirgi zamonga muvofiq kishi bo’lmak uchun ilm va ma’rifat ila barobar iqtisod, insof, tuganmas sa’y, bitmas g’ayrat lozimdur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «So’ng zamonlarda dinni saqlamak mol ila bo’lur. Iqtisod uzra harakatli kishilar faqir bo’lmas», – demishlar. Yana, «Har narsada o’rta iqtisod yo’lini tutmak lozimdur. Ifrot va tafritdan ihtiroz qilmak kerak, hatto din amrinda ham bir odam ortuq sufiylik sotsa, oxirinda o’zi mag’lub bo’lur», – demishlar.

Xalq ichinda mo’tabar bir narsa yo’q davlat kabi,
Bo’lmag’ay davlat jahonda quvvat-u sihhat kabi.
Iqtisod, insof ziynatdur vujudi odama,
Yaxshi ne’mat yo’q kishiga sa’y ila g’ayrat kabi.

VIQOR

Viqor deb kibr va g’ururdan, manmanlikdan o’z nafsini saqlamakni aytilur. Viqor shar’ va hikmat yuzasidan inson uchun eng kerakli yaxshi xulqlarning biridur. Viqorsiz odam e’tiborsiz boyga, kibrli kishi illatli faqirga o’xshaydur. Har kimning qadr va e’tibori nafsining viqori ila o’lchanur. Vuqur kishilar kibr va g’ururga aslo yaqin yurmaslar. Chunki g’urur, manmanlik, takabburlik kishini xor, xalq orasida bee’tibor qilur, har qancha ilm va davlat sohibi bo’lsa ham, bir pulcha qadr va qiymati bo’lmas. «Mani bilursanmi? Munday qilurman, unday saxovat qilurman», – deb o’zini-o’zi maqtamoqlik, riyokorlik, zo’r ayb va viqorsizlikdur.
Viqorli kishi yomon xulqlardan pok, adolatli, ishida, so’zida to’g’ri, shafqat va marhamatli, o’z dindoshlariga xayrixoh, millat foydasiga tirtishuvchi, sof qalbli, arslon yurakli bo’lur. Hazrati Ali: «Vuqur kishi kibr va g’ururdan pok bo’lur. Viqor odamgar-chilikning madori, iftixori, insoniyatning homiyi e’tiboridur. Lekin viqorning haqiqiy darajasiga yetmak uchun ilm va ma’rifat lozimdur», – demishlar.

Afsus bu zamonda biz m e’tibor yo’q,
Yosh-u qarida g’ayrat-u, nomus-u or yo’q.
Fisq-u fujur ila giriftor barcha jon,
Ilmi amalda bizda sabot, viqor yo’q.
O’tmoqda umr hoyi havas birla bar havo,
Millat g’amini o’ylag’uvchi hushyor yo’q.

XAVF VA RAJO

Xavf va rajo deb qo’rqmoq va umidvor bo’lmoqni aytilur. Banda har ishda janobi Haqdan qo’rqmoq ila barobar umidini ham uzmaslik lozimdur. Chunki janobi Haqdan qo’rqg’an inson hech narsadan qo’rqmas. Har vaqt janobi Haqning lutf va marhamatiga umid ko’zlarini tikub turar. Xavf va rajo shunday bir yaxshi sifatdurki, bu xislatni o’ziga hamroh qilgan kishi eng fozil, hech narsadan qo’rqmaydurgan sher tabiatli, arslon yurakli bo’lur. Hazrati Ibrohim alayhissalomni Namrud otashka tashlay deb turgan zamonda: «Yo Ibrohim! Siz meni bu haroratli otashimdan qo’rqmazsiz-mi?» – demish. Hazrat Ibrohim: «Ey zolim! Alloh taolodan qo’rqg’an kishi Namrudning otashidan qo’rqarmi?» – demishlar.

Hech kishidan qo’rqmag’ay tangrisidan qo’rqg’an kishi
Otasha yondursalar, bo’lgay umid birla ishi.

Dunyoda umiddan yaxshi narsa yo’qdur. Hamma insonlar umid orqasida yasharlar. Noumid shaytondur, umidsiz kun kechurmak mumkin emasdur. Boylar mol umidida, shogirdlar ilm umidida kecha-kunduz tirtishurlar. Agar boylik, olimlik umidi bo’lmasa edi, kecha-kunduz jonlarini fido qilub, ko’zlarining nurlarini umid orqasida to’kmas edilar.

Umid gar o’lmasaydi, hech hayota qiymat o’lmazdi,
Nizom-u, intizom-u tarbiyat ham davlat olmazdi.
Jahon ayvoni bo’yla ziynatoro bo’lmag’ay erdi,
Hukumat, taxt-u, baxt-u sa’y birlan g’ayrat o’lmazdi.

ITOAT

Itoat deb bo’yinsunmakni aytilur. Alloh taoloning amriga boyinsunuv, ibodat va itoat qilmak farzi ayndur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Alloh taoloning amriga muxolif bo’lgan holda hech kimning amriga itoat qilmak vojib emasdur» – demishlar. Ota-ona, ustod, muallim kabi o’zidan ulug’ kishilarga bo’yinsunub itoat qilmak eng yaxshi sifatlardandur. Bu sifatga ega bo’lmak uchun har vaqt bularning foydali kengash va nasihatlarini tinglab, buyruqlarini mahkam tutmak lozimdur. Chunki onlar dunyoga bizdan ilgari kelganlar, bizdan ko’proq tajriba hosil qilganlar, vatan va millatning holiga oshno bo’lganlar. Tabiblar dardlarga davo hozirlagandek, bular ham turmush va yashamakning ofati bo’lgan faqirlik, yalqovlik, nodonlik kabi vujudimizni churitadurgan marazlarga davo hozirlaganlar . Shuning uchun bizga qilgan xolisona beg’araz nasihatlari hozirda og’ir va achchig’ ko’rinsa ham, oxiri rohat va totli bo’lub chiqar.

Nasihat bo’lsa xoli gar g’arazdan,
Achchig’ doru kabi saqlar marazdan.
Biza lozim erur bilmoq, eshitmoq,
Ziyondan boshqa bir shay yo’q g’arazdan.

HAQSHUNOSLIK

Haqshunoslik deb bir kishining qilgan yaxshiligini unutmaslikni aytilur. Butun olamdagi insonlar haqshunoslik va do’stlik orqasida yasharlar. Qars ikki qo’ldan chiqar. Shariatda yaxshilik qilgan kishiga yaxshilik qilmak vojibdur. Hukamolar yomonlik qilg’on kishiga ham yaxshilik qilmak lozimdir, derlar. Hosil, yaxshilikdan zarar ko’rgan, boshi yorilgan kishi yo’qdur.
Yaxshilikdan do’stlik, mehribonlik tug’ar, ikki ko’ngil orasida ulfat va muhabbat cho’juqlari yugurishar, quvusharlar. Bu do’stlikni jamol va kamoli haqshunoslikdurki, birovdan ko’rgan yaxshilikni unutmay, shuning barobariga biz ham o’z vazifamizni ado qilmak lozim ekan, hech bo’lmasa, taqdir qilmak ila birodarlik va do’stlik hurmatini ado qilmokimiz lozimdur. Chunki, mo’min birodari mo’mindur.

Dildan dil uzra ochiladur ikki xil yo’li,
Mehra mehr yo’li ochilur, kina kin yo’li.

Ma’lumdirki, har bir millatning taraqqiy va taoliysi o’z millatiga jon, mol, qalam ila ishlagan kishilarning xizmatlarini taqdir qilub, vazifalar, haykallar, qalamlar ila yod qilub, o’tub ketgan bahodir, olim va shoirlarining ruhlarini shod qilub, ishlovchi kishilarning g’ayrat va jasoratlarini ziyoda qilmakda ekan. Afsus, bizlar taqdir qilmak bir tarafda tursun, tahqir, masxara, hatto takfir qilmak ila qarshu olurmiz.

Yaxshi ishdur haqni taqdir aylamak har xizmata,
Haqshunos o’lmak haqiqiy bir quvvatdur millata.
Haqshunos o’lmakla mashhur erdilar Payg’ambarim,
To’g’ri yo’lni tashlamak aslo yoqshamas ummata.

XAYRIXOHLIK

Xayrixohlik deb nima ila bo’lsa bo’lsun bir-birimizga foyda yetkurmakni aytilur. Xayrixohlik bir-birimizga qarshu ishla-tiladurgan bir vazifayi insoniyadurki, kishi o’z nafsiga loyiq ko’rmagan bir ishni boshqa bir musulmon qarindoshiga munosib ko’rmasdan egri yo’llardan, yomon ishlardan kuch yetganicha qaytarmak va yordam qilmak lozimdur. Janobi Haq insonlarni birini digarining yordamiga muhtoj qilub yaratmishdur. Shuning uchun yer yuzidagi insonlar zamonaning qurgan nizom va qonuni uzra biri ikkinchisining yordami ila umr o’tkarur. Bir kishi har qancha boy va e’tiborli bo’lsa ham, hech vaqt muhtojlik balosidan qutulolmas.

Hammolning og’ir bo’lsa yuki, mehnati ortur,
Har kimki ulug’ bo’lsa, bo’lur kulfati oson.

Boy faqirga, faqir boyga, muallim shogirdga, shogird muallimga, ota-ona farzandga, farzand ota-onaga muhtojdur. Shuning ushun har kim o’z ustiga yuklangan vazifasini to’g’rilik va xayrixohlik ila ado qilmak lozimdur. Shariatda imonlik kishilarga dunyo rohati va oxirat saodati uchun qo’ldan kelgancha milliy xizmat va yordam qilmak vojibdur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Alloh taologa imon keturdikdan so’ngra, amallarning afzali bandalar bir-birlariga muhabbat etmakdur» – demishlar.

Xayrixohlik xolisona bo’lmasa bekordur,
Manfaat yo’q aylagan nazr-u niyozingdan sani,
Bir ko’ngilni shod qilmak ne’mat, ihson ila,
Yaxshidur har damda ming rak’at namozingdan sani.

MUNISLIK

Munislik deb har kim o’z tengi, maslakdoshini topub, ulfat bo’lmakni aytilur. Dunyoning lazzati sodiq do’stlar ila suhbat qilmakdan iboratdur.
Ilmi axloq yuzasidan chin do’st va yori sodiq ila ulfat qilmak lozimdur. Chunki ba’zi kasallarning yuqishi bo’lganga o’xshash nodon va ahmoq kishilarning urf-u odatlari va yomon xulqlarining ta’siri, siroyati yuqushi muqarrardur. Ba’zi do’st suratida ko’rinmish ikki yuzlama, munofiq, dushmanlar ham ko’p bo’lurlar. Shuning uchun har bir kishiga sinamasdan, bilmasdan do’stlik qilmak, sir aytmak zo’r aqlsizlikdur. Chin do’st bo’lgan kishi boshingga kulfat va qayg’u kelgan vaqtlarda san ila barobar qayg’urur. Xotirangdagi qayg’uni bo’lushub olur. Siringni noahil va nodon kishilarga aytmas, aybingni
orqangdan so’ylamasdan yuzingga aytur. Shodlik vaqtingda sanla barobar shodlanur. Yolg’on do’st sandan bir foyda umidida yoki o’z boshiga kelgan zararni qaytarmak uchun munofiqona do’stlik qilur. Siringni noahil kishilarga so’zlab, qadr va e’tiboringni poymol qilur. Bunday kishilarga do’st bo’lmakdan do’stsiz yaxshiroqdur.

Yaxshi do’st aybi yor-u do’stini
Ko’zgudek ro’baro’sida so’zlar.
Yomon o’rtoq tarog’cha ming til ila
Orqadan birmalab terib so’zlar.

SADOQAT

Sadoqat deb kishi o’z vazifasini to’g’rilik ila ishlamakni aytilur. Sodiq kishi din va millatiga, vatan va davlatiga to’g’rilik ila xizmat qilub, obro’ va mukofotlar olur. Sadoqat gulshani salomat, bo’stoni najotdur. Sadafdan inju, ilondan zahar hosil bo’ldug’i kabi rostlikdan foyda, xiyonatdan zarar hosil bo’lur.
Janobi Haq sodiqlarni suyar, yolg’onchilarni suymaz. To’g’rilikdan yo’qolgan kishi yo’q, xiyonatdan yo’qolganlar cho’qdur. Rostlik ila xiyonat ikkisi jam’ kelmas.
Agar bir kishining diliga to’g’rilik tuxumi ekilsa, har qancha och va suvsiz bo’lsa ham to’g’rilik o’sar. Xiyonat ko’karmas. Axloq yuzasidan to’g’ri faqir yolg’onchi boydan e’tiborlidur. Chunki sodiq kishi ahdig’a vafo qilur. Yolg’onchi esa va’dasida turmay o’zini xijolat, boshqalarni ovora qilur. Sadoqat bir fayzi ma’naviydurki, u fayzdan hissasini olmak har bir kishining muqaddas vazifasidur. Hazrati imom Husaynga hazrati Ali: «So’zingda to’g’ri bo’l, yolg’onchilar kabi munofiq o’linmassan», – deb nasihat qilmishlar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «To’g’rilikni ixtiyor qilingiz, garchi halokat kabi ko’rinsa ham, najot to’g’rilikdadir. Har qancha najot kabi ko’rinsa ham, yolg’ondan saqlaningiz, zeroki oqibati halokatdur», – demishlar.

Sidq-u safoyi rostlig’ o’lsa qarobating,
Shuldur jahonda rohat, fayz, saodating.
Olamda to’g’rilikcha yo’q odamning ziynati,
Qalbing alifdek o’ldimi, ayni sharofating.

ADOLAT

Adolat deb boshqalarning mol va nomusini rioya qilmakni aytilur.
Adolat yaxshi xulqlarning foili, zulmning muqobilidur. Adolat va marhamatli kishilar o’ziga loyiq ko’rmagan bir ishni o’zgalarga ravo ko’rmas. Kishi adolat va insoniyat vazifasini yolg’uz o’zi buzuq ishlardan saqlanmak ila ado qilolmas, balki o’zi ila barobar jinsdoshlarining xato va fanoliqlarini tuzatmak va yaxshi yo’lga sa’y qilmak ila ado qila bilur. Adolatni rioya qilgan kishilar hech bir kishiga jabr-u zulmni xohlamas va jonli narsalarga bekorga ozor bermas. Aql va shariatga muvofiq ravishda harakat qilur. Jabr-u zulm ila boshqalarning dilini ozor qilgan kishilarning yoqalari jazo qo’lidan qutulolmas. Zero, janobi Haqning adolati zolimlarning jazo va sazosini bermakdadur. Rasuli akram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Alloh rizosini istar esangiz, bolalaringiz haqqinda ham adolat qilingiz! Yana, mazlum kishining duosindan kofir ham bo’lsa saqlaningiz! Chunki mazlumning duosi doimo maqbuldir» – demishlar. Har bir millatning taraqqiy va taoliysi, davlat va hukumatlarning uzun yashamog’i adolatga bog’lidur. Adolatdan ayrilgan podshohlarning davlatlari yo’q bo’lub, tarix sahifalarida faqat ismlari qolganligi hammaga bilgulidur.

Adl o’lsa podshohing, oyog’ ostida palos,
Boshingda bo’lgusidur oning toji barqaror.
G’olib bo’lurga chiqsa, agar yengidan qo’li,
Bo’lg’ay nasib gardanig’a hiyladan tumor.

MUHABBAT

Muhabbat deb bir narsani suymakni aytilur. Dunyodagi insonlar mehr va muhabbat soyasida yasharlar. Har bir ishni muhabbat orqasida ishlarlar. Muhabbatsiz kishi hech bir ishni ishlamakka g’ayrat va jasorat qilolmas, dunyo ne’matidan lazzat ololmas. Agar bir shogird ilm va muallimni suymasa, ishtaha ila o’qimasa, maqsudiga yetolmas. Ye r yuzidagi insonlarni urushma, taloshmalarga qovushdurgan, siynalarini dushman o’qiga nishona qildurgan narsa din va millatlarning, vatan va davlatlarning muhabbatidur. Kishini kecha va kunduz tindurmasdan qul kabi mehnat va mashaqqatlarga ko’krak berub ishlatadurgan narsa vatan va bola-chaqalarning mehr-u muhabbati emasmi? Qush yaxshi ko’rgan donasiga qiziqub, tuzoqg’a ilinub qolg’oni kabi inson suyukli narsasiga boylanub, asir bo’lub qolmog’i tabiiydur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «O’z nafsing uchun qaysi narsani suyar esang, shul narsani boshqa kishiga ham suy», yana «Ota muhabbatini saqla! Agar san otag’a bo’lg’an muhabbatni uzsang, Alloh taolo sani har turli fayzlardan mahrum qilur», – demishlar.

Muhabbatlik bahorning kuz husuli hech oz o’lmas,
Muhabbatsiz kishining ko’ngli qishdur,asli yoz o’lmas.
Suyub ilm-u funun tahsil edan uchgay havolarga,
Qayu baxti qaro johil qolur, dasti daroz o’lmas.

OLIYHIMMAT

Oliyhimmat deb din va millatga foydali ishlarni mol va jon ila ishlamakni aytilur.
Himmat shunday bir olijanob fazilatdurki, insoniyatning koni, yaxshi xulqlarning posboni demak joizdur. Himmat sohiblari karim sifatli, rahim tabiatli bo’lur. O’z jinsining avlodidan har vaqt yordamini ayamas. Xayr-u saxovatli ishlardan o’zini tortmas. Pul va molini millat yo’lida sarf etmakdan qizg’anmas. Oliyhimmat kishi soyasi latif, mevasi laziz daraxt kabidurki, bu soyaga yaqin bo’lgan kishilar har vaqt foydalanurlar.
Himmatli inson lutf-u marhamati ila dunyo yuzida jilvagar o’lur. Olamni ravshan qilguvchi gunashning quvvat va fayziga zarar yetmagani kabi himmat arbobining ham sarf va xarajot ila sha’n va molina zarracha xalal yetmas. Insonning mohiyati vijdonidan bilinur. Vijdon esa faqat oliyhimmat kishilardan topilur. Alhosil, himmat insonning kamoloti, taraqqiy va madaniyatning olotidur. Har ish himmat soyasida yuzaga chiqar. Oliyhimmat va xolis niyat ila ish ishlagan kishilar tavfiqi rabboniyga rafiq, rahmati rahmoniyga shafi’ bo’lurlar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Uluvvil himmati minal imoni», – demishlar. No’shiravon: «Inson oliyhimmat vazifasi ila mukallafdur, olijanob o’lan bir hakim ko’rgan bemorini davoyi himmat ila darmonlayur. Jahonning kasbi umroniysi oliyhimmatlar soyasidadur», – demishlar.

Ibrat ko’zingizni ochingiz, «Yo, ulal-absor»,
Himmat-la tikilmish shu go’zal masjidi dildor.
Jur’at-la muzayyan o’lur olam, yashar inson,
Himmatli quling suygusi har yerda xaridor.

AFV

Afv deb kechurmakni aytilur. Bir kishi qilgan kamchiliklarini bo’yniga olub, o’kunub, kechurmakni so’rasa, afv qilmak lozimdur. Chunki afv yaxshi xulqlarning afzali, insoniyatning akmalidur. Janobi Haq Qur’oni karimda afvni maqtab madh qilmishdur. Olijanob kishilar uzrni qabul qilur. Bir kishi qusur va qabohatini bo’yniga olub uzr aytsa, afv qilur, kechirur. Kattalik va ulug’likning lazzati birovdan o’ch olmakda emas, balki afv qilmakdadur.
Masalan, Ahmad Mahmudga bir yomon ish qilub dilini og’ritdi. Mahmud Ahmaddan o’chini oldi. Bas, Ahmad ila Mahmudning orasidagi yomonlikdagi farq na o’ldi. Holbuki, har ikkisi ham bir-biriga yomonlik qildi. Har ikkisi ham g’amlik va parishon bo’ldi. Bir yomonlik ikki bo’ldi. Agarda Ahmadning qabohatiga Mahmud afv mukofotini bersa, ikkisi ham shod-u masrur o’lur hamda Janobi Haq afv qiluvchilarni suyar. O’zi ham afv mag’firat qiluvchidir. No’shiravon: «Bir gunohkorni afv qilmakdan qanday lazzat olganimni hech kimga aytmayman», – demish.

Ulug’larning ishi afv aylamakdur,
Kichiklar uzr uchun bel boylamakdur.
Musulmonlig’da yo’q kin-u adovat,
Dila afv, adolat joylamakdur.
Bizim ishlar hasad, bu’z-u xusumat,
Xududdan chip-chiqub, chet poylamakdur.
Butun af’olimiz bir-birga zidlik,
Urub- tortub, og’izni moylamakdur.

YOMON XULQLAR

Insonlarni saodati abadiyadan mahrum qiladurgan, janobi Haq qoshida va xalq nazarida mazmum, hayoti jovidonimiz uchun masmum bo’lgan axloqi zamimalar: g’azab, shahvat, jaholat, safohat, hamoqat, atolat, hasosat, rahovat, anoniyat, adovat, namimat, g’iybat, haqorat, jibonat, hasad, nifoq, tama, zulmdur. Bu sanagan yomon xulqlarning fanoliqlarini, yuqorida sanagan yaxshi xulqlarning go’zalligini insof muvozanasi ila o’lchab, vijdon muhokamasi ila tahqiqlab, yaxshilarini tinglab amal qilmak, yomonlarini anglab, hazar qilmak lozimdur. Zeroki, insonning izzati, dunyoning lazzati yaxshi so’zlarni eshitub va ko’rub hissa olmak, yomon va zararlilarini uqub, bilub o’zini tiymak, qo’ldan kelguncha xalq va millat foydasiga tirtishmak va bu fano dunyodan yaxshilik otini olub ketmakdadur. Chunki har narsaning haddan ortuqchasi isrofdur. Lekin yaxshilik va yaxshi sifat qancha ko’p bo’lsa, shuncha mamduh va maqbuldur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Bandalarning yaxshirog’i bandalarga foydali bo’lganidur», – demishlar.

Yaxshilik bozoridur dorul omon,
Yaxshilik qil, yaxshilik qilmas ziyon.
Maktab, dunyoda kasb et yaxshi xulq,
Farz, vojib, sunnat, istihbobdan ber imtihon.
Qilma makruh, xarom, kibr-u g’urur manmanlig’ing,
Chaqma inson jismini yo mor, yo misli chayon.
Yaxshilik, adl-u saxovatlar sening yoring esa,
G’ibta aylarlar sanga ins-u malak, hur-u jinon.

G’AZAB

G’azab deb bir kishi ikkinchi ila shiddat va hiddat ila muomala qilishmakni aytilur. G’azab insonga maxsus bir quvvayi murofiadurki, tabiatda mavjud o’lan g’azab tuyg’usi ila boshqalar tarafidan keladurgan zarar va halokatdan o’z nafsini faqat shu soyada saqlar. Lekin g’azabning jabr va zulm tariqi-la ishlatmakdan nihoyatda ehtiyot bo’lmak lozimdur. Nafsning g’ururidan paydo bo’lgan g’azab insonni alamlik azoblarga giriftor qiladur. Chunki bu shiddat va haroratning ta’siri vujuddagi qonni buzub, harakat qildurub, dimog’iga hujum qilub, aqlni parishon qilurda kishining ixtiyorini qo’lidan olur va bu soyada o’zini yoxud boshqa bir kishini hasrat va nadomatga duchor qilur. G’azablik kishilar qancha aql va idrok sohibi bo’lsa ham, g’azab qoni qo’zg’algan zamonida o’zini to’xtatolmas, aql va idrokidan ayrilub, bir yomon ishni qilub qo’yar-da, so’ng’idan pushaymon bo’lur. Suqrot hakim: «G’azabning avvali junun, oxiri nadomatdur» -demish.
Imom Shofe’i hazratlari: «Qilich va nayza ila hosil bo’lmagan ko’p ishlar yumshoqlik va muloyimlik ila hosil bo’lur. G’azabning zarari egasiga qaytur», – demishlar.
Aflotun: «Hayajon ila paydo bo’lgan bir hol, albatta, pushay-monlik ila tamom bo’lur. G’azab g’azab qilinuvchidan ko’proq g’azab qiluvchig’a zarar qilur. Aqlni g’azabga soluvchi inson nafsini haroratli o’tga yoqmish o’lur. Nadomatdan avval matonatni ixtiyor qiluvchilar hech bir tahlika va azobga duchor o’lmaslar», – demish.
Siyuti: «G’azab va shiddat vujud iqlimining dahshatli bir ofatidur. Buning daf’i va chorasi topilmasa, u iqlimni xarob qilur. G’azab bir illati muhlikadurki, yagona davosi sabr va tahammuldan iboratdur . Tadovi etilmagan bir maraz insonning hayotini mahv va barbod etar, hazar qilmak lozimdur», – demish.

G’azablik bo’lmag’il, bo’lg’il muloyim,
Bo’lursan shod-u xurramlikda doim.
G’azab o’tdur, yoqadur jism-u joning,
G’azab barbod etadur xonumoning.
G’azablik o’tni bo’s h suv past qilg’ay,
G’azabni jinni yoki mast qilg’ay.

SHAHVAT

Shahvat nafsning taayyishindan, taaddisindan hosil bo’ladurgan bir quvvatdur. Hikmati tabiiyya qonunining ahkomi azaliyasina qaraganda, hissiyoti shahvoniya baqoyi hayotga maxsus bir quvvayi fatriyadur. Shahvat insonning xazinayi zi qiymati o’ldig’i uchun surati mashruada sarf qilinsa, vujudning zakoti, balki bani bashar naslining madori hayotidur. Har ishda ifrot va tafrit maqbul bo’lmagani kabi bu xususda ham xasislik ila isrofdan saqlanmak lozimdur. Agar shahvatni g’ayri mashru’ bir yo’lda suiiste’mol qilinsa, amonatga xiyonat qilgan bo’ladur. Zero, yemak uchun yaratilgan bir ne’matning qadr va qiymatini bilmasdan, xorlab, o’rinsiz yerlarga tashlamoq, oyoq osti qilmoq zo’r kufroni ne’matdur. Yaxshi xulqlarning ichida farishtalarning g’ibta qiladurganlari shahvatning mashru’ yerlarga sarf qilmakni rioyatdan iboratdur. Shahvat inson uchun yaratilmish bir salohdurki, agar o’rniga iste’mol qilinsa, vujudimizni har xil taarruzlardan saqlar, o’rinsiz yerlarga sarf bo’lsa, insonning iffatini barbod qilmak ila barobar hayotini xarob qilur . Bir kishi qo’lidagi asbobiga mag’rur bo’lub, nobob yerga ursa, ul asbobni o’tmas qilg’ani kabi mas’uliyatdan nafsini ham qutqarolmas. Afsus, bizim yoshlarimizning aksarlari shahvat g’alabasi-la nafsi amoralarina mubtalo bo’lub, siflis, zahm marazlarina giriftor bo’lurlar. Qancha mehnat va mashaqqat ila topkan oltunlarini boquzmak uchun sarf qilub, oltundan qadrli aziz umrlarini kasalxonalarda isrof qilurlar. Ulamolardan biri: «Hayot ibodatning asbobi o’ldig’i kabi shahvat ham ubudiyatiya xizmat vazifasini ado qilur. Va bu vazifalar haq ila ado qilinmasa, insoniyat ila hayvoniyat orasida nima farq bo’lur», – demish.

Agar shahvatka dil bersang, bo’lur qalbing qaro kam-kam,
Ketar nasling o’qi, bel quvvati, ko’zdan ziyo kam-kam.
Tamomi ixtiyoring nafsi badni ilgina bersang,
Marazlarga duchor aylar, bo’lur ranging fano kam-kam.
Buzuq yo’llarga isrof aylasang, molingni, joningni,
Qo’lingdan din-u dunyo, ish ketar, sharming, hayo kam-kam.

AQSOMI JAHOLAT

Jaholat ikki qismdurki, birini «jahli basit», ikkinchisini «jahli murakkab» deyilur. «Jahli basit» maraziga mubtalo bo’lgan kishilar bir narsani bilmasalar ham bilmaganliklarini iqror va e’tirof qilurlar. Shuning uchun buning davosi oson: faqat bilmak va o’rganmak yo’lida jahd-u jadal qilmak ila bo’lur. «Jahli murakkab» maraziga mubtalo bo’lgan kishilar bir narsani bilmas, bilmaganini ham bilmasdan bilaman deb da’vo qilur. Bizda munday kishilarga «o’zboshimcha» va «o’zim bilarmon» ismini berurlar . Bu dardi bedavoning iloji janobi Haqning lutf va inoyati ila hal o’linmasa, tuzalmog’i mushkil va og’irdur.

JAHOLAT

Jaholat deb o’qimagan, bilimsiz hech narsaga tushunmay-durgan nodonlig’ni aytilur. Jaholat insoniyatning eng zo’r dushmani va yomon xulqlarning boshlig’idur. Maorifdan, funun va mada-niyatdan mahrum qolgan xalq jaholat panjalarining orasida xamir kabi ezilgandek, af’oli zamimadan ham o’z nafsining yoqasini bo’shatolmas. Ilm va ma’rifat sohiblari, fazli kamollari soyasida har bir ishni tadqiq va mushohada ila qilurlar. Ammo johillar esa bir narsaning mohiyatini mushohada qilurg’a aql va farosatlari yetmas. Chunki jahl xudbin va zohirparastdan iboratdur. Har bir narsaning haqiqati aql va irfon, ilm va donish sohiblarina maxsus bir maziyyat, johil va nodonlara zo’r aziyyatdur. Jaholat arbobi qayu yerda bo’lsa bo’lsun, loyiqi e’tibor o’lmoq sharafindan mahrumdur. Moddiy jihatdan qancha boy va sarvatdor bo’lsa, ma’naviy jihatdan shuncha faqir va zalil hisoblanur. Zeroki, jaholat eng qo’rqinch faqir va muhtojlikdan ziyoda dahshatliroq bir musibatdur. Aql ila ilmning yaxshiligi va fazilati qancha baland bo’lsa, jaholatdan tug’uladurgan yomonliklar balolari shuncha ostin va xorlikdur. Hazrat Ali: «Arbobi fazl-u kamol johildan qancha izo va jafo cheksa, johil ham aql va irfon sohibidan shuncha mutaassir bo’lur», – demishlar.

BAYT
Suymagay fazl egasi johilni,
Johil ahli uluma dushmandur.

Suqrot hakim: «Dunyoda eng hazar qilinadurg’an illat jahldur. Men johilga achinganimdek, ko’rga achinmayman, zeroki, johilning o’z ixtiyori ila qilgan harakoti a’moning ixtiyorsiz qilgan harakotidan mening nazarimda xunuk», – demish. Arablar: «Aljohilu mayyitul-ahyo-nodon kishi tirik o’luk», – deyurlar. Bizlar esa «do’sti nodondan, dushmani ziyrak yaxshi», – deymiz. Ba’zi oqil dushmanlar bo’lurki, keturgan zararlari nodon do’stlarning foydalaridan natijada yaxshi va foydali bo’lib chiqadur.
Aflotun hakim: «Johilning yaxshi niyati fozilning xusumatidan zararliroqdur. Inson eng yuqishlik bir kasaldan saqlangan kabi jahldan hazar qilmak lozimdur», – demish.
Alhosil, jaholat insoniyat nomina yarashmagan bir sifat o’ldig’indan bahamahol ilm yo’lida harakat qilmak, aqli salim sohiblarining hikmatli so’zlaridan hissalanmak, aziz jonimizdan azizroq (avlodlarimizni) jaholat va nodonlik balolaridan qutqarmak uchun jonimiz boricha, kuchimiz yetkuncha cholishmoqimiz lozim va lobuddur.

Ey jaholat nori birla yondi jismi pokimiz,
Ilmsiz qolduk oyog’ ostida misli xokmiz.
O’sdi ilm-u ma’rifat-la boshqalar arar kabi,
Tarbiyatsiz mujmail monandi zangi tokmiz.
Jismin, axloqin tuzatdi noslar, tannoslar,
Kir chopon, ko’krak ochuq, yaxtak yaqosi chokmiz.
G’ayrilar tashlab jaholat bodasin g’amdan xalos,
Biz esa masti jaholat ko’knori, taryokmiz.
Ayshi-ishrat bo’lsa har qancha qilurmiz bemalol,
Diniy ishlardan, ibodatdan qochar bebokmiz.
Dori dunyo ilm ila purnur o’lan bir vaqtda,
Jahl vodiysinda yotkandur xotun, erkokmiz.
O’ylamak lozim emasmi, ey Muhammad ummati?
Farz-u sunnatdan chiqub, bizlar qayon ketmokmiz.
Johilon bilgaymi, naf’i, sudini, ey olimon?
Tobakay yaxshi-yomonga yetmagay idrokimiz.
Ilm yaxshimi, jaholatmi, tushunmaymiz hanuz,
Aqlimiz yo’qmi bizim, majnunmi yo tentokmiz?
Ichkuluk «Ummul xabois», dedilar Payg’ambarim,
Kecha-kunduz xo’b icharmiz, johili nopokmiz.
Basdur, ey Hijron, jaholatdan gapurmak shunchalar,
To’g’ri so’z tug’anga yoqmaydur degan o’rnokmiz.

SAFOHAT BALOSI

Safohat deb buzuq va g’ayri mashru’ yerlarga sarfi umr-u mol qilmakni aytilur. Safohat eng yomon xulqlardan sanalgan bir sifati zamimadurki, kishini duchori ya’su nadomat etmakdan boshqa, shuhrat va e’tiborini yer ila yakson qilur va o’rinsiz yerga sarf qilingan narsaning qiymatini qaytarib olmoq mumkin o’lmadig’i (kabi) safohat dunyosiga isrof qilingan aziz umr va hayotning-da iodasining imkoni yo’qdur. Inson har holda o’z nafsining idorasini ta’min qilub, baxtiyorona bir maishatga qodir bo’lsa, haqiqatan mas’udiyati insoniyasini yo’lga solgan bo’lur. Safohat yolg’uz bir oilaning emas, butun bir qavmning mol va sarvatini mahv etmakka qodirdur. Hatto nomus va fazilatiga maxsus bo’lgan hurmat va rioyatini ham barbod qilur. Shuning uchun inson ko’rpasiga qarab oyog’ uzatmasa, daromadiga qarab xarojat qilmasa, iqtisod yo’lini rioyat qilmasa, nafsning yoqasini safohat qo’lidan qutqarolmas. Mol va hayot qadrini bilmagan va ko’rnamaklik qilgan bo’ladur. Safohat balosiga mubtalo bo’lgan kishilarning boshlariga shunday bir qora kunlar keladurki, «Oh, safohat, ofatijon, baloyi mol ekansan», deb fig’on qilmak foyda bermaydur. Afsuski, manbayi vujudimiz bo’lgan yoxud haqiqiy onamiz bo’lgan vatanimiz, ya’ni tuprog’imizni ozgina bahoga sotub, puchak pullar olganimizga o’xshash, osori atiqalarimizning evazina soxta ashyolara molik o’ldig’imiz kabi bisotimizda bor ilm va ma’rifatimiz, mol va sarvatimizni havoyi nafsoniyamiz uchun «gardkam» urub, boy berib, ko’zimizga ziynatlik libosga o’ralmish fohisha xotun kabi jilvagar o’lub ko’ringan safohat bozoridan buzuq va fasod ishlarni sotub olurmiz.
Hosili kalom, inson umrindan bir daqiqasini, molindan birgina chaqasini o’rinsiz va g’ayri mashru’ yerlardan biriga sarf qilsa, bu dunyoda xor, oxiratda alamlik azobga giriftor bo’lishida shubha yo’qdur.

BAYT
Safohat ofatijondur jahonda,
Safohat bizdadur ushbu zamonda.
Yuqumli bir marazdandur safohat,
Yuqub andin tug’ulur har falokat.
Safohat mahv edar umring, hayoting,
Umid etma safohatdan najoting.
Safohat aylagay molingni toroj,
Bo’lursan oxiri nomarda muhtoj.
Berubdur Haq senga juz ixtiyoriy,
Rizo ermas buzuq koringga bori.
Aziz umringni g’aflatda kechurma,
Safohat jomini nafsa ichurma.
Shariat yo’lida qil istiqomat,
Safohat oxiri hasrat, nadomat.
Dushun, joni azizing ehtiyot et,
Musaffo yo’l Payg’ambar ortidan ket.
Safohat o’ylama oromi jondur,
Butun vijdon ila jonga ziyondur.
Faqirlikni pula sotub olursan,
Dushungil, dushmana muhtoj qolursan.
Safohat dushmani nomus, shoning,
Buyuk bir ofati ruhi ravoning.
Qabohatdur, safolatdur safohat,
Na «Hijron»lig’ falokatdur safohat.

HAMOQAT

Hamoqat aql va ma’rifatning kamlig’indan hosil bo’ladurgan eng yomon xulqlarning biridur. Hamoqatning ma’niyi lug’aviysi balohatga yaqin o’ldig’indan ba’zi hukamo ahmoqlarni jahli murakkab ashobindandur, demishlar. Ahmoq kishilarni bir ishda aqliy va naqliy dalillar ila ko’ndurub bo’lmas, hamon o’zum bilarmanliglaridan ayrilmaslar.
Ibn Sino hakim: «Ochuq va moddiy dalil ila isbot qilinmag’an bir narsani inkor qilmak asari hamoqatdur.
Oqil inson bir masalaning har bir jihatini o’ylar, tadqiq va taftish qilur, qat’iy hukm qilmoqda shoshmas, ma’naviy jihatini ham tushunur. Dalilsiz, hujjatsiz bir jumlaning qiyosini rad yo qabul qilmak ahmoqlikdan hisoblanur», – demish. Ahmoqlik davosini topmak mushkil bo’lgan bir illatdur. Luqmoni hakim: «Man har bir marazning daf’ini va chorasini topdim, faqat ahmaqlik davosini topolmadim», – demish.

Har bir kasalning davosi vordur,
Ahmoq kasalining yo’q davosi.

Suqrot hakim: «Ahmoq kishi sukut ila ahmoqlig’ini yopsa, o’rtacha oqillardan hisoblanur edi. Lekin ahmoqlik ila sukut ikkisi bir odamda jam kelmas», – demish.
Axloq ulamolari qoshinda hamoqat jaholatdan yomonroqdur. Zeroki, johilda faqat bir jahl bor. Ammo ahmoqda bir necha sohibi aqlni aldaydurgan yolg’on-yashig’ so’zlar bo’lurki, ko’p kishilarni aldab yo’ldan chiqaradur. Jaholatning davosi ilm o’ldig’i kabi hamoqatning darmoni aql va fikrdur. Inson o’z nafsiga jabr etub bo’lsa ham, nazari diqqat ila ibrat ko’zini ochmak uchun sa’y va g’ayrat qilsa, ahmaqlik balosidan qutulur. Tarbiya, nazariyadan mahrum bo’lgan inson har vaqt falokat va hasrat tuzog’iga tutilur.

Dorusi yo’q dedi hukamolar hamoqating,
Sud-u ziyonni bilmagay ablah qiyofating.
Har kim o’zini bilmasa, bilgaymi o’zgani?
Qayg’usina tushunmagay afrodi millating.
Jahl o’lsa bir baloduru hamaq bedavo,
Har ikkisidur ochg’uvchi olom-u g’urbating.
Ahmaq bilurmi din ila millatni qadrini?
Ablah bilurmi qiymati mehr-u muhabbating?

ATOLAT

Atolat deb dangasa va yalqovlikni aytilur. Atolat insonning saodatligining zo’r ofatidur. Tanparvarlikdan paydo bo’ladurgan yomonlik maishat jihatidan naslga ham ta’ sir qiladur. Har xil fayz va kamolotdan mahrum qilub, kishini xor va zalil yashatmak ila barobar umrni safolat chuquriga irg’itadur. Kishi hayoti boricha, kuchi yetkancha cholishmoqg’a mukallafdur. Lekin dunyoda har bir sa’ydan maqsud bo’lgan samara darhol hosil bo’lmaydur. Halvo degan ila og’iz suchimaydur. Shuning uchun sa’y va g’ayrat ashobi har vaqt jiddiy harakatda bo’lub, doimo sa’y mashru’ada sabot va matonatda shavq va zavq ila davom qilurlar. Har bir sa’yning mukofot va natijasini ko’rmak mumkin bo’lsa ham, ul mukofotning zohir bo’lishi, ko’rinishi yetushgan vaqtda ma’lum bo’ladur . Masalan, bir daraxtning mevasi to’rt-besh yil tarbiya qilgandan so’ng, meva yetishtirgani kabi bir shogirdning maktab va madrasada sakkiz-o’n sana doimiy sa’y qilganidan so’ng, yemish va hosiloti ilmiyasi zohir va mushohida o’lunur. Shunga o’xshash har ishning samarasi bir necha vaqt cholishmoq va sa’y qilmak so’ngidan zohir va huvaydo bo’lur. Alhosil, yalqov va ishsizlikg’a ho’y qilg’an kishilar dunyo va oxiratda moddiy va ma’naviy saodati insoniyadan mahrum va bebahra qolurlar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey, Alloh! Sanga sig’inaman, qayg’u va hasratdan, dovdirab qoluv ham yalqovlikdan, baxillikdan va qo’rqoqlikdan, qarz og’irligidan ham odamlarning ustin bo’luvindan» (saqlagaysan), – demishlar.

Atolat dushmani jondur, yomondur,
Chaqar jismingni bir afoi yilondur.
Magas quvg’in yegay yalqovligldan,
Ari mehnat qilur oromi jondur.
Bu dunyoga kishi ishlovga kelgan,
Tuzuk tikmasa kosibg’a ziyondur.

XASOSAT

Xasosat deb tama’ va zillatni bo’yniga yuklab, ortuqcha hirsini dunyoga qo’ymakni aytilur. Hirs va tama’ga ifrot darajada yuz tuban ketgan baxil, qancha sha’nu sharaf sohibi bo’lsa ham, nafsining yoqasini faqirona bir mazallatdan va xorliqdan qutqarolmas.
Faqir va muhtojlikdan saqlanmak fikri ila baxil va xasislik yo’lini tutgan kishilar aql va irfon sohibi sanalmaslar. Zeroki, xasislik soyasida janobi Haqning Razzoq va Xalloqi olam o’ldig’ini yodlaridan chiqarub, zo’r xatolarga duchor o’lurlar. Xasis o’lan inson qancha zillat ila jam qilgan sarvatindan zakot va ushrini ado qilmakdan ojiz, saodati insoniyadan mahrum bo’lub, jazoyi abadiyga mahkum bo’lur. Ipak qurti pilla ichida o’ralib, hayotini mahv qilur. Qancha mehnat va mashaqqat ila hosil qilgan ipagidan boshqalar foydalanurlar. Shunga o’xshash xasis inson mol va dunyo jam qilmak ila o’ralub, ovora va sargardon bo’lub, aziz jonini boshqalar uchun fido qilur . Dunyo izzatidan, hayot lazzatidan bebahra ketgani kabi vafot vaqtidagi nadomatidan ham foyda yo’qdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Bor davlati ila ahl-u ayoliga torlik qilgan kishilar yomon kishilardur», – demishlar.

Xasislik birla yig’gan mulk-u moling,
Hamachdek to’plagan ashyo, manoling,
Lahad kirsang, qolur vorislaringg’a,
Nechuk kechgay seni ul kunda holing?
Kitobingdan hisobni san berursan,
Halos o’lmak baid ehtimoling.

RAXOVAT

Raxovat deb tanparvarlik, g’ayratsizlikni aytilur. Umid va sa’yning eng zo’r dushmani raxovatdurki, hissiyoti g’ayrat-parvaronamizni mahv va barbod etar va bir necha ma’yusona fikr va xayollarga duchor va giriftor etar. Ibn Sino hakim: «Sa’y va harakat ila o’lmak mavti musam-modur. Raxovat ila jon bermak ajali qazodur.
G’ayratsizlik tirik o’lukdin iboratdur. O’luklarning makoni tiriklar orasida emas, tuprog’ orasidadur», – demish.
Luqmon hakim: «Tanparvarlik umid va muvaffaqiyatning quvvatini kesadurgan bir marazdur. Saodati insoniyadan mahrum bo’lub, ma’yusona yashamak raxovat, g’ayratsizlik asaridur», – demish.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Allohga sig’iningiz! Faqirlikdan ham muhtojlikdan, kishiga zulm qilmakdan, o’zingizga zulm qildurmakdan (saqlaning)», – demishlar.

Kishiga dangasalik sha’n-sarofatmi verar?
Yalqov inson kishiga xayr-u saxovatmi verar?
«Bo’lmaganlarga bo’lishma» – dedilar bobolariz,
Bo’lsa g’ayratsiz agar, millata xizmatmi verar?

ANONIYYAT

Anoniyyat deb xudbin, mutakkabir, manmanlikni aytilur. Manmahlik johilona kibr-u g’ururdan paydo bo’ladurgan eng yomon xulqlarning biridurki, kishini har yerda ma’yus va mahjub qilur. Kerak inson o’zini olamga tanutmasun, kerak bo’lsa olam o’zini tanub olsun. Bu sifat esa yomon xulqlardan hazar qilgan kishilargagina muyassar bo’ladur. Kekkayub o’sub ketgan daraxt yaxshi meva qilmagani kabi kibr va manmanlikdan fazilat hosil bo’lmas. Axloqi yaxshi insonlar o’zlaridagi fazl-u kamolot asarini xaloyiqg’a xush xulqlik va tavozu’ ila ko’rsaturlar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ibodatning afzali tavozu’dur», – deb, bizlarga kibr-u manmanlikni qanday zillat va xorlik o’ldig’ini bayon qilmishlar. Alhosil, kibr va manmanlik balosiga giriftor bo’lg’an kishilar qayu yerda bo’lsa bo’lsun, duchori ajz-u haqorat bo’lurlar.

Azozil kibr qildi, bo’ldi shayton,
Takabburlik qilurmi oqil inson?
Tavozu’ pesha qil, aslingni qil yod,
Vujuding xok erur, e y, odami zod!

ADOVAT

Adovat deb birovga xusumat va dushmanlik qilmakni aytilur. Adovat vijdonni behuzur qiladurgon eng yomon xulqlardan o’ldig’ini inson yaxshi bilsa edi, hech vaqt aziz jonini alamlik azobga giriftor qilmas edi.
Suqrot hakim: «Man dushmanim bo’lg’on bir odamga adovat qilmayman. Zeroki, maning adovatim dushmanimning xusumatini ziyoda qiladur. Man adovatga qarshi do’stlik ila muqobala qilub, xusumatni muvaddatga aylandurub, dushman kishilarni o’zumga el qilaman», – demish.
Aflotun hakim: «Dildagi adovat temirdagi zangg’a o’xshar. Zang temirni yegani kabi adovat qalbni azobga soladur», – demish. Hazrati Muhiddin: «Xusumat va adovatdan qutulmoq, birovga jabr va zulm bo’ladurgan ishdan ehtiyot bo’lmak, dushman paydo qiladurgan harakotdan ihtiroz qilmak ila bo’ladur. Man hech kimg’a adovat qilmoqg’a luzum ko’rmadim. Chunki hozirgacha man hech dushmanga uchramadim», – demish.
Alhosil, yomon xulqlarning yomoni bo’lgan adovat shunday bir yomon sifatdurki, barcha buzuq ishlarni tug’ub, katta bo’lub chiqadurgan yeri adovatdur. Adovat esa nafsoniyatdan paydo bo’lur . Nafsoniyat esa farishtalarning ustodi o’lan Azozilga «Shaytonur-rajim» ismini bergan shoyoni ihtiroz bir sifati zamimadur. Adovat ila nafsoniyat ikkisi tarbiyasiz dilga hosil bo’ladurgan bir illati jismoniyadurki, buning birinchi iloji vijdon va insof uzra hakimona tadbir va harakotimizga bog’lidur. Hamaga ochuq va oydindurki, adovat daraxti xusumat mevasini chiqarur. Agar adovatni kesub tashlab o’rniga muxolasat novdasi ulansa va bu soyada muhabbat va ulfat mevasi nishona qilur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Alloh taoloni suymagan odam xusumat va da’vosinda qattig’lik qilgan odamdur» , – demishlar.
Adovat balosi bizlarni netdi,
Adovat qilma deb Haq bizga aytti.
Zidlik qilduk, mol va davlatlar ketdi,
Moldan o’tub, oxir jonlarga yetdi.

NAMIMAT

Namimat deb so’z yurutmak, chaqimchilikni aytilur. Nammomlik fasodi axloqdan tug’uladurgan yomon xulqlarning biridur. Nammomlik nifoq va fasadning asosi o’ldig’i uchun bu yomon sifatni o’ziga maslak qilgan kishilar xalq nazarida munofiq yod o’lunurlar. Ikki mo’min orasida so’z yurutub, birini biriga dushman qilub, ikki oraga nifoq va adovat otashlarini solub, bir-biridan judo va xonavayron qilmakni dilida zarra qadar imon va insoniyati bor insonlarning vijdonlari aslo qabul qilmasa kerak. Ba’zi adovat va xasadchi kishilar birovning sha’nida yo’q so’zlarni iftiro va bo’hton qilub, ul kishini qadr va obro’sini to’kmak va e’tibordan tushurmak niyatida har kimga so’zlab yururlar. Munday kishilarni shariatda shahodatlari maqbul emasdur , hamda uydurma so’zlarining haqiqati bilinub qolub, birovga qazigan chuqurlariga o’zlari yiqilub, xalq orasida chaqimchilik ismi ila yod o’lunub, tezgina qadr va e’tibordan tushub qolur. Qalbi pok va vijdoni salomat o’lan inson bu kabi hiyla va tazvirdan tilini tiyar. Chunki munday fasod axloqg’a mubtalo bo’lgan arbobi nifoq faqat xalq qoshida emas, janobi Haq nazarinda ham suyumsizdur.
Nammom va g’iybatchi kishilar daraxt ildiziga tushgan buzog’bosh kabi xalq orasida ittifoq va ulfatning kavokini kemurub, umumiy xalq va millatning yashamog’i uchun lozim bo’lgan muhabbat daraxtini yemururlar. Birovni yomonlamak, yolg’on so’ylamak, haqiqatni berkitmak, mudohana yo’lig’a ketmak, shar ’an harom bo’lgan g’iybatni irtikob qilmak bo’ladur. Shaxsiy g’araz yoxud manfaati shaxsiyasi uchun bir kishidan eshitgan so’zini o’z maqsadiga muvofiq bir necha turli ma’nolar ila buzub so’ylamak zo’r ayb va gunohdur.
Hosili kalom, o’z jinsiga yomonlik qilmak va yomon so’zlar ila yod qilmakni odat qilgan kishilardan qochmak va hazar qilmak lozimdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «As’hobimdan biri ikkinchisining so’zin keturmasun, zeroki, man sizga sadrim salomat, qalbim rohat o’ldug’im holda uchramakni suyaram», – demishlar.
Hukamolardan biri: «Mol va ashyo o’g’rilaridan ko’proq odamlar orasidan do’stlik, ulfat, muhabbatni o’g’irlaydurgan odamlardan saqlanmak lozimdur», – demish.

BAYT
Chaqimchilar buzar ulfat hisorin,
Nifoqa o’g’ratur millatni korin.
Chaqimchi til yomon ajdar tilidan,
Solur jonga alamlik zahri morin.
Yomon til ming tilim bo’lg’oni yaxshi,
Sochar ummat aro kin-u niqorin.
Yomon til sohibining dushmanidur,
Yo’qotgay sha’n-u shavkat e’tiborin.

G’IYBAT

G’iybat deb bir kishining kamchilik va qusurini orqasidan so’ylamakni aytilur. G’iybat so’ylamak harom o’ldig’i kabi eshitmak ham haromdur. Kishi o’z nafsiga lazzat umidi-la birovni g’iybat qilub, etini chaynamak gunoh ham insoniyat nomina yarashmagan eng yomon axloqi zamimalardandur. Inson boshqa gunohlarni nafsining lazzati uchun qiladur. Ammo g’iybat sohibi lazzat o’rniga o’z boshiga yoki bir boshqa kishining boshiga bir balo hozirlaydur. Chunki so’z borub g’iybat qilinmish kishining qulog’iga yetar. G’azab qoni harakatga kirar, g’iybatchidan o’ch olmak fursatini poylar. Shunday qilub, g’iybat soyasida ikki musulmon orasiga zo’r dushmanlik tushar. Oxiri o’limgacha borub tiralur. Shul tariqa g’iybatdan tug’ulgan adovat cho’zilmoqg’a oid bo’lub, dushmanlik zo’rayub, o’z oralaridagi xususiy janjallar ila aziz umrlarini uzdirub, umumiy xalq foydasi uchun ishlanadurgan milliy ishlardan mahrum bo’lmaklari ila barobar aholining orasidan ittifoqning yo’qoluviga sabab bo’lurlar. Alhosil, qaysi bir millatning orasida birlik ko’tarilub, nifoq va adovat hukm surgan bo’lsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlanganlig’i tarix sahifalaridan ma’lumdur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «G’iybatdan saqlaningiz, g’iybat zinodan ham yomonroqdur», – demishlar.

Agar jurm-u gunah bo’lsun desang oz,
Tilingni saqla g’iybatdan qish-u yoz.
Quloqqa paxta tiq, g’iybat eshitma,
Shikoyatchi kishiga bo’lma damsoz.

HAQORAT

Haqorat deb bir kishining hafsiga, iffatiga tegadurgan so’zlar ila qadr va e’tiborini tushurmak niyatida yomon muomala qilmakni aytilur. Ulamolar diniy kitoblarda: «Tashbihi zino gunohi kabiradur, -birovni haqorat qilish ulug’ gunohlardandur», – demishlar. Lekin bizlarning oramizda xotun-qizga borushub, bir-birimizni haqorat qilmak odat hukmig’a kirmishdur. Buning sababi axloqsizlik, gunoh va savobni farq qilmog’onimizning samarasidur. Haqorat tahqir qilingan kishining diliga o’rnashub, shunday yomon jarohatlarni ochurki, fursatni g’animat topub o’ch va intiqom olmaguncha tuzalmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram afandimiz: «Ikki odam bir-birini so’ksa, gunoh boshlovchiga bo’lur. Magar qarshi bo’lgan kishi ortuq ketsa, har ikkisi ham gunohda o’rtoq bo’lurlar. Yana mo’min qarindoshini so’kmak fosiqlik, onlar ila urushmak kufrdur», – demishlar. Shul xususda Mirzo Bedil:

Zi harfi no muloyim zahmati dilho mashav Bedil,
Ki har jo jinsi sangi hast, boshad dushmani ayno.

Tarjimasi:

Yomon so’zlar ilan dillarga zahmat bermagil Bedil,
Ne yerda toshni jinsi bo’lsa, bo’lg’ay shishaga dushman,

deb insonlarning dilini shishaga, haqorat va yomon so’zlarni toshga tashbih qilub, yomon so’z kishining shisha kabi nozuk dilini parcha-parcha qiladur, – demishlar.
Mol va dunyoga mag’rur bo’lub, har kimga haqorat ko’z ila qaragan kishilar tezgina o’zlari ham xor va haqoratga duchor bo’lurlar. Haqorat va birovni xo’rlamak so’z va ish ila o’ldig’i kabi qalam va yozuv ila ham bo’ladur. Ba’zi adab va tarbiyadan mahrum muharrir va shoirlar bo’ladurki, dillariga kelgan narsalarni qaytarmasdan, axloq va adabni rioya qilmasdan, xalqdan ibo qilmasdan, bachcha va juvonlar sha’niga muvashshahmi, yoki bir mo’min birodarlarining haqida hajv va istehzomi yozub, matbuot va adabiyot dunyosini iflos va mulavvas qilmak ila barobar o’zlariga hamsuhbat bo’ladurgan yoshlarning axloqini buzulmog’iga sabab va namuna bo’lurlar.

Ko’p o’turma yomonning suhbatida,
Pok bo’lsang, seni qilur iflos.
Ko’r nechuk oftob ravshandur,
Xira qilsa bulut, ko’rub bo’lmas.

JIBONAT

Jibonat deb qo’rqoq va yuraksizlikni aytilur. Qo’rqoq kishilar vahm va xayolot asiri bo’lub, bir ishni ishlamakg’a jasorat qilolmaslar. Qo’rqoqlik eng yomon xulqlarning biridur. Chunki qo’rqoq kishilarning so’z va va’dalariga ishonub bo’lmagani kabi yo’l va safarda ham hamroh bo’lmak xatodur. Zeroki, yuraksiz kishilarda sabr va sabot, jur’at va matonat kabi yaxshi sifatlar bo’lmaydur. Qo’rqoqlikning boshi tarbiyasizlik o’ldig’i kabi oxiri o’lumdur. Birdan bir narsadan qo’rqub, yuragi yorilub, o’lub qolgan qo’rqoqlar ham bo’ladur. Shul xususga biz turkistonlilar hech ahamiyat bermaymiz. Bolalarimizni yaxshi tarbiya qilmaymiz, «ana, ola bo’ji kelvotti» deb qo’rqoq va yuraksiz qilib o’tiramiz. Shuning uchun bizlarning bolalarimiz hech narsaga jasorat qilolmaydurgan, kech bo’lsa uydan eshikka chiqolmaydurgan, hatto o’zining soyasidan qo’rqadurgan yuraksiz bo’lub o’sadur. Bular kishi bo’lganda ham foydali ishlarni ishlovdan mahrum bo’lub, faqir va muhtojlikda qolurlar. Bas, qo’rqoqlik soyasida o’zlariga yeng bo’lmagan yuraksiz kishilardan millatga bo’y bo’lolmasliklari tabiiydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Dunyolar yig’durub, oh-voh chekdurub qayg’uga soladurgan baxillik kabi yuragi yorilur darajada qo’rqoqlik kabi er kishida bo’lgan sifatlarning yomoni yo’qdur. Yana, qo’rqoq savdogar har zamon foydadan mahrum bo’lur. Jasoratli, bahodir savdogarlarning doimo rizqi ortar», – demishlar.

HASAD

Hasad deb bir odamga janobi Haq tarafindan berilgan he’mat va davlatning zavolini tilamakni aytilur. G’iybat, bo’hton, su’izan kabi yomon xulqlar hasaddan tug’ilur.Hasad axloqi zamimalarning eng zararligidur. Janobi Haq Qur’oni karimda «va min sharri hosiden izo hasad» deb hosidning sharrindan o’ziga sig’inmoqni amr etmishdur. Hukamolar hasadni otashga o’xshatmishlar. «Otash o’zidan-o’zi yonub kul bo’lgani kabi hasudlarning jasadi hasad o’ti ila erub, mahv va barbod bo’lur», – demishlar. Hasadning yomonlig’ining sababi Alloh taologa qarshu e’tiroz o’ldig’indandur. Zeroki, hasudning «Oh! Falonchining mol va davlati, izzat va saodati manda bo’lsa, rohat va safoni man sursam edi» zimnindagi xayoloti harisonasi janobi Haqning o’lchab bergan rizqiga qanoatsizlig’ining nishonasidur. Holbuki, janobi Haq bir ne’matni birovga abas va bekorga ihson qilmaydur. Buning sir va hikmati o’zining ilmi azaliysiga ma’lum shaylardandur. Banda hasad qilgani ila yo’q, yordam qilgani ila bor qilolmaydur.
Alhosil, hasud doimo ya’s va hasrat orasida umrguzaronlig’ qilur. Qancha mol va dunyoga molik bo’lsa, yana hasadindan farog’at va rohat yuzini ko’rmasdan dunyodan ketar. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhu vasallam afandimiz: «Mo’min g’ibta qilur, munofiq esa hasad qilur», – demishlar.
G’ibta deb bir odamning daraja va molining zavolini orzu qilmay, «koshki men ham shunday bo’lsam edi» orzusida bo’lmoqni aytilur. G’ibta esa mazmum emas, mamduh bir sifatdur. Inson dunyoda yaxshi ishlarga g’ibta qilub, o’rnak olub, o’zini saodati abadiyaga erishdirur. Hazrati Ali:
«Hasad hosidning adovatindan, kibr va shaqovatindan paydo boladurgan axloqi zamimadur. Shuning uchun hasud doimo azobi ruhoniy ichinda yashar. Bir kishining saodatini ko’rgan zamon hasad otashiga yonar. Hosidga mundan qattiq jazo bo’lurmi?», – demishlar.
Suqrot hakim: «Hasadchi kishi bir on va bir zamon rohat va farog’at yuzini ko’rmas. Dunyoda qancha mehnat va musibat bo’lsa, barchasi ul bechorani o’rab olmishdur», – demish.
Arastu hakim: «Dunyoda hammadan hosidning yuki og’irdur , chunki ul bechora butun dunyodagi shod va masrur odamlarning qayg’ularini o’z ustiga yuklab yuriydur», – demish. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Hasad qiluvchilar, so’z yurutkuvchilar, g’aybdan xabar berguvchilar mandan, man ham onlardan emasman», – demishlar.

BAYT
Butun bo’lmas hasudning parcha noni,
Kuyar hosidning doim jism-u joni.
Hasadchi xoh faqir o’lsun va yo boy,
Hasad norila yongay ustuxoni.
Ochar doim kuyub maqsuda hosid,
Chiqar tandan aziz ruhi ravoni.

KIZB

Kizb deb yolg’on so’zni aytilur. Yolg’onchi kishilarni kazzob deyilur. Payg’ambarimiz: «Al kazzobu lo ummati» – yolg’onchi mening ummatimdan emasdur, – demishlar. Janobi Haq Qur’oni karimda: «Kizbni imoni yo’q kishilar so’ylarlar», – demishdur. Oqil va diyonatli kishilarga yolg’on so’zlardan tillarini saqlamak ila barobar, avlodlarini yolg’onga odat qildurmasdan tarbiya qilmaklari eng muqaddas vazifayi insoniyalaridur.
Ba’zi o’g’rilikka odat qilg’an o’g’rilar bo’lur emishki, birovning molini o’g’irlamoqg’a qodir bo’lmasalar, o’z mollarini o’g’irlar emishlar. Shunga o’xshash yoshlikdan yolg’onga xo’y qilgan va yolg’ondan lazzat olgan kishilar birovni aldamak gunohligini bilsalar ham «tarki odat amri mahol» mafhumincha tillarini yolg’ondan tiyolmaslar.
Ba’zi vaqtlarda o’z oilalarini ham vayron va parishon qilmakdan tortinmaslar. Hech bo’lmasa nammomlik va mudohana yo’llariga ikki mo’min orasiga nifoq va adovat solub, hatto butun bir oilaning buzulishiga sabab bo’lurlar.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Yolg’ondan saqlaningiz, chunki yolg’on imondan yiroqdur», – demishlar. Payg’ambarimiz faqat uch yerda yolg’onning mubohligini bayon qilub, «biri muhoraba zamonida, ikkinchi er va xotunni rizo qilmoqda, uchinchi ikki mo’min orasini tuzatmakda yolg’on so’ylov joizdur», – demishlar.

BAYT
Agar qilsa kishi yolg’onga odat,
Razolatda yashab chekg’ay nadomat.
Xaloyiq ichra bo’lmas e’tibori,
Tegar boshiga cho’q sangi malomat.
Kiming bo’lsa agar yolg’onchi ismi,
Bu ismi o’zga bo’lmas to qiyomat.
Ishonmas el yolg’onchining so’ziga,
Agar bo’lsa so’zi kashf-u karomat.

NIFOQ

Nifoq deb kishining oldida bir xil, orqasidan boshqa xil so’zlanadurgan so’zni aytilur. Munday so’zlarni so’zlovchi ikki yuzlama kishilarni munofiq deyilur. Ba’zi hiylakor, ko’rnamak, yolg’onchi munofiqlar bo’lurki, manfaati shaxsiyalari uchun sizni qurbon qilur . Osh va noningizni yemak uchun oldingizda izhori do’stlik va minnatdorlik qilub, orqangizdan sirr-u asroringizni dushmanlaringizga eltub, g’iybat va shikoyatingizni qilub, alardan ham o’z nafsiga bir hissa chiqarur. Munday munofiqlar do’stlik va ittifoqning dushmani o’ldig’indan dunyoda izzat, oxiratda rohat yuzini ko’rmaslar. Har vaqt insonlar orasida to’g’ri so’zlik, oq ko’ngillik yaxshi kishilar o’ldig’i kabi munofiq, ikki yuzlik kishilarning bo’lishi tabiiydur. Shuning uchun har holda aql va tajriba soyasida ehtiyot uzra harakat qilmak, oq ila qorani, yaxshi ila yomonni, do’st ila dushmanni ayurmak, qalbi pok, xulqi toza, axloqi yaxshi kishilar ila hamnishin bo’lmak, ikki yuzlama, axloqsiz, xarom-xarishni farq qilmaydurgan munofiqlardan hazar qilmak va jirkanmak lozimdur.
Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Bir odam ikki yuzlik bo’lsa, qiyomat kunida tili o’tdan bo’lur», yana «qaysi kishi musulmonlar orasiga judolig’ solsa, bizdan emasdur», – demishlar.

BAYT
Munofiq yod o’lunsa ismi poking,
Jahon bo’lgay jahim havlnoking.
Hayoting ranjish-u kulfatda barbod,
Tuzalmas to qiyomat bag’ri choking.
Kezarsan darbadar g’urbat chekib zor,
Belingga yetmagay aslo etoking.

TAMA

Tama deb birovdan bir narsa umidvor bo’lmakni aytilur. A’zo va javorihlari salomat, kuch va quvvatli kishilarga tama qilmak harom, ojiz va notavon, kuchsiz kishilarga mubohdur. Tama balosiga giriftor bo’lgan kishilarda nomus va hayo degan yaxshi sifatlar bo’lmaydur. Hozirgi zamonda oramizda tama noni bilan qorin to’yg’uzadurgan kishilarning hisobi yo’qdur. Agar bularning biridan: «Birodar, saning oyoq-qo’ling butun, taning sog’, tama qilmak sanga harom emasmi?», – deb savol qilinsa, «Qanday qilay, ota-bobomning kasbi tilanchilik edi, man ham tama orqasidan ovqat qilurman», – deb tamani kasbga isnod berub, turluk-turluk bahonalar bayon qilur. Shariatda munday kishilarga tama orqasidan kasb qilmaklari mamnu’dur. Alhosil, tama noni ila suyagi qotgan, ish va kasbga bo’yin qo’ymay, dangasa va yalqovlikka o’rgangan va odat qilgan kishilarning o’zlaridan yaxshilik umidi o’lmadig’i kabi bolalaridan ham yaxshilik kutub bo’lmaydur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Kishi qo’linda bo’lgan narsaga qiziqma! Tamadan saqlan! Zeroki, tama o’zi hozir bir faqrdur. Namozingni ado qil! So’ngindan uzr istarga to’g’ri keladurgan ishlardan saqlan», – demishlar.

BAYT
Bo’lmagil mubtalo duchor tama,
Aylar insonni xor-u zor tama.
Yo’q qilub himmat-u qanoatni,
Oladur oldan ixtiyor tama.
Noni minnat uchun egur bo’yning,
Qiladur ko’zni intizor tama.
Yuzdan otkay hayo-u sharmingni,
G’ayrating kuydurar nori tama
Hirsi dunyo qiladi Qorundek,
Hotam isming yutar mori tama.

ZULM

Zulm deb birovning joniga yoki moliga zarar yetkurmakni aytilur. Janobi Haq butun yer yuzidagi insonlarni huquqda musoviy –barobar qilub yaratmishdur. Mansab va davlatga, kuch va quvvatga mag’rur bo’lub, birovning haqig’a taarruz va tajovuz qilmak zulmdur. Kattalikning izzati zulm va taaddida emas, shafqat va marhamatdadur. Kichiklikning lazzati nafrat va qarshulikda emas, sadoqat va hurmatdadur. Shul xususda Shayx Sa’diy:

G’ami zeri doston bexo’r, zinhor,
Betars az zabardastiye ruzgor.

Tarjimasi:

Quvvatsizlar g’amin yeb yur hamisha,
Quvvatlilardan etgil xavf pesha.

deb kichiklarni izzat qil, kattalarni hurmat qil, maolindagi hikmat va ibratlik she’ri balig’asini so’ylamishlar.
Dunyoda mazlumning ohidan o’tkur narsa yo’qdur. Mazlumning duosi ijobatga yaqindur. Qo’rqmak va hazar qilmak lozimdur. Bobolarimiz: «Pichoqni o’zingga, og’rimasa, boshqaga ur», – demishlar. Bir kishi zulmning yomonlig’ini bilmak uchun boshqa bir odam tarafidan o’z nafsiga qilinsa, chekadurgan azobini o’ylasa, yomon fanoligi ochiq ma’lum bo’ladur. O’tkan zamonlardagi hukumatlar-ning barposi adolat ila poydor o’ldig’i kabi, inqiroz va barbodi ham zulm ila poytaxtga yetub va ul zolim hukumatlarning tarix sahifalarida faqat ismlari qolganligi hammaning ma’lumidur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: «Ey bandalar! Allohdan qo’rqingiz, Allohning ismi ila ont ichamanki, bir mo’min bir mo’minga zulm qilsa, Alloh taolo qiyomat kunida ul odamdan o’ch olur», – demishlar.

BAYT

Adolat obi hayot-u sitam erur zulumot,
Bu zulmat ichra kiranlarga yo’q hayot-u najot.
Hazon zamoni kelsa, guliston yo’q o’lgandek,
Na yerda hukm surar zulm, mahv o’lur barakot.
Xarobazora do’nur zulm ila bilod obod,
Yashar u manzili vayronada boyqush, hasharot.
Agarchi shoh-u gado ikkisi olur bir go’r,
Kafandan o’zgag’a yetmas butun kuch-u harakot.
O’zingdan ojiz-u kuchsizlara sitam qilma,
Kimki zolim erur, ko’rmagay ulug’ darajot.
Hazar qil ohidan, afg’onidan u mazluming,
Bir oh birla solur boshingga butun arasot.
Xudoni yodida bo’l, bo’lmagil dil ozori,
Aylan Allohingga, «Hijron», talab qilub hojot.
Kotib: Abdulmannon ibn Abdulmajid (Uyg’ur)

BIR IKKI SO’Z

Ban bu asari nochizonami bir necha muallim birodarlarimning iltijolari ila yozmoq va nashr qilmoqg’a g’ayrat va jasorat qilmish edim. Alhamdulillo val minna ikkinchi tab’ina-da muvaffaq o’ldum. Chunki Turkiston maktablarida o’z shevamizda yozilmish mukammal «Axloq» kitobining yo’qlig’i afrodi millatning shunday bir asarga tashna va muhtoj ekanlig’i o’zum muallimlar jumlasidan o’ldig’imdan manga ham ochiq ma’lum o’ldi. Shuning uchun ko’p vaqtlar tajriba so’ngidan adibi muhtaram Shayx Sa’diy usulida yozmoqni, garchi og’ir ish bo’lsa ham, ozimga muqaddas bir vazifa ado qilaroq bu kamchilikni oradan ko’tarmakni munosib ko’rdim.
Va shul maqsadga mabni har bir so’zning oxiriga, ikki-uch band she’r ham yozdim va bu yozgan she’rimning orasida ba’zi arabiy, forsiy she’rlarning tarjima va mazmuni ham ko’rilur. Maorifparvar muallim birodarlarim meni bu asari ojizonamni iltifotsiz qoldurmay, bu xizmati nochizonamni ko’zdan kechurub va bundan so’ng ham banim qalamim ila nashr o’linajaq kitoblarni lutfan maydoni ta’lima qo’ymoq ila barobar tabiiy o’lan nuqsonlarini tanbeh va tanqid qilmakda himmati maorifparvaronalarini bandadan darig’ tutmasalar edi.
Toshkand, Abdulla Avloniy - taxallus «Hijron».

Qayd etilgan


Muhammad Sanjar  18 Yanvar 2012, 01:41:31

LUG’AT

A
Aqsom - qismlar, farmonlar (birligi - qism).
Ahkom - hukmlar, farmonlar.
Abas – foydasiz, o’rinsiz.
Adovat – dushmanlik, kek.
Ajz – kuchsizlik, iqtidorsizlik.
Amal – 1) ish, harakat, 2) mansab.
Amora – amr etuvchi, qistovchi, buyuruvchi, hukmron.
Anoniyyat – manmanlik, g’urur, xudbinlik.
Arar – sarv, qaddi qomati kelishgan.
Arasot – maydonlar, sahnlar (birligi – arsa).
Atolat – mutaassiblik, mo’rtlik, bo’shlik.
Afv – kechirish.
Afrod – yakkalar, yolg’izlar (birligi – fard).
Af’i – zaharli.
Af’ol – harakatlar, qiliqlar (birligi – fe’l).
A’mo – ko’r, so’qir.
A’mol – amallar, ishlar (birligi – amal).
Axavon – birodarlar, o’rtoqlar.

B
Baid - yiroq, uzoq.
Balig’ - nafis, silliq.
Balohat - ahmoqlik, razillik.
Barbod - yelga, havoga sovurmoq.
Basit - sodda, oddiy.
Bebok - beparvo, hayosiz, bevosh.
Bori - yaratuvchi, Xudo.
Buxl - baxillik, qizg’anchiqlik
Bu’z - kiyna, kek, gina, dushmanlik.

V
Viqor - og’iriik, chidam, ulug’vorlik.
Vojib - bajarilishi zarur, majburiy.
Voqif - xabardor; biluvchi.
Vuqur - chidamlilik, bardoshlilik

G
Go’sha – burchak, xilvat, chekka joy.
Go’shanishin – xilvatga kiruvchi, xilvatda o’tiruvchi.

D
Darajot – darajalar, martabalar (birligi – daraja).
Daroz – uzun.
Dast – qo’l.
Daf’ – qaytarish, rad etish.
Dahr – dunyo, olam.
Digar – boshqa.
Diyonat – 1) soflik, to’g’rilik. 2) dindorlik. Dor – uy, xona.

Z
Zabon – til.
Zabt – qo’lga olish, egallash.
Zavol – yo’q bo’lish, so’nish, botish.
Zako – zehnlilik, tez tushina olishlik, ziyraklik.
Zalil – xor, faqir, tuban.
Zalillik – xorlik, haqirlik.
Zamima – yomon, yomonlashga loyiq, axloqi zamima – yomon  xulqlar, yaramas odatlar.
Zeroki – chunki.
Zi – tirik, jonli.
Zidd – qarshi, qarama-qarshi.
Zillat – past, pastkashlik.
Ziroat – ekin, ekish, dehqonchilik.
Zoye’- yo’qolgan, nobud bo’lgan.
Zoyil – o’chmoq, yo’q bo’lmoq.
Zokir – yod qiluvchi, tilga oluvchi.
Zohir – ko’rinib turgan, oshkor.
Zohiran – yuzada, ko’rinishda, tashqi tomoni.
Zohirparast – ishga yuzaki qarash, bir narsaning tashqi tomoniga e’tibor berish.
Zulumot – zulmatlar, qorong’uliklar (birligi – zulmat).

J
Javorih - badan a’zolari: qo’l, oyoq, ko’z, quloq kabi.
Jamol - go’zallik, husn.
Jahd - tirishish, astoydil harakat qilish.
Jahim - jahannam, do’zah.
Jahl - bilmaslik, bilimsizlik - nodonlik
Jaholat - johillik, nodonlik
Jibohat - qo’rqoqlik, qat’iyatsizlik.
Jidd - tirishish, sa’y, cholishish.
Jinon - jannatlar (birligi - jannat).
Jovidon - abadiy, doimiy mangu.
Jurm - gunoh jinoyat.

I
Iyzo – ozor berish, uyaltirish.
Imon – ishonch, e’tiqod.
Inoyat – mehribonchilik, marhamat.
Ins – inson, kishi, odam jinsi.
Inqiroz – botish, orqaga ketish, tamom bo’lish.
Ioda – qaytish.
Irtiqob – kirishish, biror noo’rin ishga kirishish.
Isloh – tuzatish.
Istiqomat – turg’unlik, sog’lik, ishga chidamlilik.
Istihbob – sevish, ma’qullash.
Istehzo – masxara qilish.
Itoat – bo’ysunish.
Ifrot - oshirish, haddan oshish.
Iftiro - bo’hton, tuhmat
Iftixor - faxrlanish, maqtanish.
Iffat - poklik, tozalik, nomus, yomonlikdan saqlanish.
Ixtiro’ - yangilik yaratish, o’ylab chiqarish.
I’tiroz — qarshilik, kelishmaslik
Iqtidor - qodir bo’lish, qudrat.
Ihtiroz - saqlanish, ehtiyotlanish.

K
Kabir – katta, ulug’, qudratli.
Kavnayn – ikki dunyo.
Kaj – egri, qiyshiq, qing’ir.
Kazzob – yolg’onchi.
Kalima – so’z, nutq.
Kalom – so’z, gap, nutq.
Kamol – to’lalik, mukammallik, talant.
Karon – chet, chegara, qirg’oq.
Kas – kishi, shaxs.
Kasir – ko’p, mo’l.
Kasolat – sustlik, bo’shashganlik.
Kashf – ochish, topish.
Kizb – yolg’on.
Kin – dushmanlik, ko’rolmaslik.
Kom – tilak, maqsad.
Kor – ish, mehnat.
Ko’shish – harakat, sa’y, tirishish.

L
Lafz – og’zaki so’z, ifoda.
La’l – qizil rangli tosh, qizil lab.
Lahja – sheva.
Lison – til.
Lobud – majburiy, bo’lishi shart.
Lutf – muloyimlik, rahmdillik, marhamat.

M
Mabno – asos, o’zak, poydevor.
Mavt – o’lish, vafot etish.
Mavsuf – sifatlangan, maqtalgan.
Magas – pashsha.
Maziyyat – ortiqlik, ziyodlik.
Mazmum – yomonlangan, nafratli, yomon.
Mazhab – yo’l, ta’limot, maslak.
Malak – farishta.
Malomat – ayblash, yomonlash.
Mamduh – maqtovli, maqtashga loyiq.
Mamnu’ – man etilgan, taqiqlangan.
Mamot – o’lim, vafot.
Masmum – zaharlangan.
Masrur – xursand, shod.
Mas’ud – baxtli, saodatli.
Matin – mustahkam, puxta.
Matonat – qat’iyat, bardoshlik, chidam.
Mafhum – fahmlangan, tushunilgan tushuncha.
Mashru’ – 1) qonuniy, ruxsat etilgan, 2) boshlanish.
Ma’rifat – bilim, bilish.
Ma’siyat – gunoh, isyon.
Maqbul – yoqimli, go’zal, ma’qullangan.
Maqol – so’z, nutq.
Mahv – yo’qolish, bitish, tugash.
Mahjub – 1) yopiq 2) kamtar .
Mahd – beshik.
Mahkum – hukm qilingan.
Moloya’ni – ma’nosiz, mazmunsiz.
Mor – ilon.
Moyayi zilli humodur – baxt-saodat asosi.
Muboh – ruxsat etilgan ish.
Muvaddat – do’stlik, o’rtoqlik.
Muvashshah – bezatilgan.
Mudohana – xushomadgo’ylik, laganbardorlik.
Mukallaf – 1) taklif etilgan, 2) burchdor .
Mulavvas – ifloslangan, palid, murdor.
Munis – do’st, o’rtoq.
Munislik – do’stlik, o’rtoqlik.
Munofiq – ikkiyuzlamachi, oraga nifoq soluvchi.
Murabbiy – tarbiyachi.
Murid – 1) talab etuvchi, istovchi 2) ergashuvchi.
Murofia – tortish.
Muruvvat – 1) mardlik, jasurlik 2) saxiylik.
Murshid – to’g’ri yo’lga soluvchi, yo’l ko’rsatuvchi.
Musammo – nomlanuvchi, ataluvchi.
Musahhar – fath etilgan, bo’ysundirilgan.
Musibat – qiyinchilik, og’irchilik.
Musoviy – teng, barobar.
Musovot – tenglik, barobarlik.
Musohib – hamsuhbat, do’st, ulfat.
Musrif – isrofgar, isrof qiluvchi.
Mutaassir – ta’sirlangan.
Mutafakkir – uzoq o’ylovchi, keng fikrli.
Muxolasat – samimiylik, samimiyat.
Mushohada – ko’z bilan ko’rish, ko’zdan kechirish.
Mushtarak – umumiy, o’rtadagi.
Muqaddas – pok, toza, nuqsonsiz.
Muqobala – qarshi kelish, qarshi chiqish.
Muhib – sevuvchi, do’st tutuvchi.
Muhlik – xavfli.
Muhokama – hukm qilish, bir fikrga kelish.
Muhoraba – urush, jang.
Muhtaram – hurmatli, aziz.
Muhtasham – hashamatli, haybatli.

N
Nadomat - pushaymon qilish, afsuslanish.
Nazar - qarash, ko’rish.
Nazari ibrat - ibrat ko’zi.
Nazokat - noziklik, adab, tarbiya.
Nazofat - tozalik, poklik, ozodalik.
Nazohat - soflik, tozalik, nuqsonsiz.
Namimat - chaqimchilik.
Nammom - chaqimchi.
Nafsoniyat – o’z shaxsiyatiga berilish, o’z nafsiga tortish.
Nahy – qaytarish, man qilish, taqiqlash.
Nifoq – kelishmovchilik, munofiqlik.
Niqor – gina, dushmanlik, kek.
Noyil – yetishmoq, erishmoq.
Nor – o’t, olov.

O
Odob - yurish-turishdagi yaxshiliklar (birligi - adab).
Olat - asbob, qurol (ko’pligi - olot).
Olom - alamlar (birligi - alam), dard, tashvish, qayg’u.
Orif - biluvchi, ma’rifatli, dono.
Osiy - gunohkor, gumroh, isyonkor.
Osor - belgilar, nishonalar (birligi - asar)
Osuda - tinch, tashvishsiz.
Otash - o’t, olov.
Ofiyat - sog’liq, tinchlik.
Oqibat - oxir, so’ng, natija.

R
Rajo – umid, tilak.
Razzoq – rizq beruvchi, to’ydiruvchi, Xudo.
Razolat – pastkashlik, tubanlik.
Ranj – mashaqqat, mehnat.
Raxovat – dangasa, tanparvar, ishyoqmas.
Raqobat – qarama-qarshilik, musobaqa.
Rahnamo – yo’l ko’rsatuvchi.
Riyozat – qiynalish, mashaqqatlanish.
Rioyat – e’tiborga olish.
Roje’ – qaytuvchi.
Rom – bo’ysunish. Ruz – kun.

S
Sadoqat – do’stlik.
Sadr – 1) ulug’ mansab; 2) boshliq.
Sayyid – 1) boshliq, yetakchi 2) Payg’ambar avlodi.
Saloh – qurol-yarog’.
Samara – 1) meva, 2) natija.
Saodat – baxt.
Sarvat – boylik.
Sarzanish – 1) koyish, jazo berish; 2) tanbeh.
Safolat – pastkashlik, xasislik.
Safohat – aqlsizlik, nodonlik, ablahlik.
Saxovat – saxiylik, qo’li ochiqlik.
Sa’y – harakat, tirishish, urinish.
Sahv – xato, yanglish.
Siloh – qurol, aslaha.
Siroyat – yuqish, ta’sir qilmoq.
Sobir – sabrli, sabr qiluvchi.
Soil – so’rovchi, tilovchi, qashshoq.
Surfa – yo’tal, ko’kyo’tal.
Su’izan – birov haqida yomon fikr qilmoq, haqorat, qasd.
Sunnat – qonun, odat.

T
Taaddi – zulm qilish, ezish.
Taayyish – shodlik, hayotdan rohatlanish.
Taarruz – qarshilik ko’rsatish.
Taassub – fanatizm, shovinizm, dushmanlik, ko’rolmaslik.
Tavozu’ – adablilik, o’zini past tutish, kamtarlik.
Tavfiq – yordam, madad.
Tadovi – davolash.
Tajovuz – o’tish, chegeradan o’tish.
Tazvir – firib, aldash.
Takfir – kofir (ishonmovchi) deb hukm qilish.
Talx – achchiq.
Tama – ochko’zlik, qizg’anchiqlik.
Tamiz – sof, toza.
Taoli – yuksaklik, ko’tarilish.
Taraddud - ikkilanish, shubha, qat’iyatsizlik.
Tafrit - ishga sustlik bilan qarash.
Tashbih - o’xsriatisri.
Tahammul - sabr, qanoat
Tahdid - qorqitish, doq qilish.
Tahlika - xavf, xatar.
Tibb - meditsina, tabiblik ilmi.
Tijorat – savdogarchilik

U
Ubudiyat - bandalik, qullik.
Uzr - 1) kechirim, 2) bahona, sabab.
Ulamo - olimlar (birligi - olim).
Ulviyyat - baland martabalik, yuqorilik
Uluviyya - ulug’lik, oliy darajali.
Uluviyat - yuksaklik, ulug’lik
Umron - obod, obodonchilik
Ummat - kishilar to’dasi, bir payg’ambarga tobe kishilar.
Ummul xabois - yomonliklarning onasi.
Umur - ishlar (birligi - amr).
Uqubat - azob, qiyinchilik
Uhda - 1) majburiyat, 2) javobgarlik

F
Fano – tugalish, yo’q bo’lish, o’lish.
Farz – shart, majbur .
Fart – ortiqlik, cheksizlik.
Fasod – buzilish, buzuqlik, ig’vo.
Fasohat – so’zning ravshan, yoqimli bo’lishi, chiroyli uslub.
Fatvo – shariat qonunlariga doir beriladigan yo’l-yo’riq, ko’rsatma.
Fatonat – o’tkir zehn, ziyraklik, tez fahmlik.
Fath – 1) ochish, 2) zabt etish, qo’lga kiritish.
Faqir – kambag’al, qashshoq.
Fido – qurbon qilmoq, bag’ishlamoq.
Fisq – buzuqlik, axloqsizlik.
Fiqh - islom diniy qoidalariga doir huquq ilmi.
Fosid - buzuq ishlar bilan shug’ullanuvchi, fasodchi.
Fohish - yomon ishlar qiluvchi, adabsiz.

X
Xalloq – yaratuvchi, Xudo.
Xam – egilgan, bukilgan.
Xandon – kuluvchi, shod, xursand.
Xarj – chiqim, sarf.
Xasosat – tama qilish, pastkashlik.
Xasta – kasal, bemor.
Xilvat – xoli, kimsasiz tinch joy.
Xilof – teskari, zid, haqiqatga qarshi.
Xirad – aql, hush.
Xiradmand – aqlli, dono, bilimdon.
Xok – tuproq.
Xoksor – tuban, past, kamtar.
Xoliq – yaratuvchi, Xudo.
Xor – tikan.
Xudbin – takabbur, boshqalarni nazariga ilmovchi.
Xulafo – xalifalar (birligi – xalifa), yordamchi, o’rinbosar.
Xun – qon.
Xurofot – uydurma, asossiz gaplar.
Xurram – shod, xursand.
Xusumat – janjal, dushmanlik, ziddiyat.
Xush – yaxshi, ma’qul.

Ch
Charx - 1) aylanish, 2) ko’k, osmon, dunyo.
Chashm - ko’z, chashmi ibrat - ibrat ko’zi.
Cholishmoq - ishlamoq, mehnat qilmoq.
Choh - chuqur, quduq, zindon.
Chug’i - boyo’g’li, boyqush.
Cho’x - ko’p.

Sh
Shab - tun, kecha.
Shaji’ - botir, jasur; shijoatli.
Shafi’ - vositachi, himoyachi.
Shafoat - vosita bo’lish, vSsitachilik
Shaqovat - baxtsizlik, yaramaslik, yomonlik
Shahodat - guvohlik.
Shiddat - qattiqliK og’irlik.
Shijoat - botirlik, dovyuraklilik.
Shikasta - siniq, ko’ngli ozor topgan.
Shorn- kechqurun, qorong’ulik
Shomil - yoyilgan, yoymoq, umumga tegishli.

Ya
Ya’s - ma’yuslik, umidsizlik, qayg’u.

Q
Qabohat – qabihlik, yomonlik.
Qavl – gap, so’z.
Qalb – yurak, dil.
Qanoat – sabrlilik, chidam.
Qarobat – yaqinlik, qarindoshlik.
Qiroat – o’qish. Qotil – o’ldiruvchi.
Quvvat – kuch, quvvat.
Qusur – kamchilik, nuqson.

G’
G’aniy – boy, badavlat.
G’arib – kimsasiz, musofir.
G’ubta – orzu, orzu qilmak, umid.

H
Hab – 1) dona, don; 2) no’xatdek yumaloq shakldagi dori (tabletka).
Havlnok – qo’rqinchli, dahshatli.
Hadis – so’z, gap.
Hayo – uyat, sharm, or, nomus, adab.
Halim – yumshoq tabiatlilik, muloyimlik.
Hamoqat – ahmoqlik.
Handasa – geometriya.
Harisona – ochko’zlarcha, tama’gir.
Hasab – soni, miqdori.
Hasad – ko’rolmaslik, qizg’anish.
Hasana – yaxshi, go’zal, chiroyli, yaxshilik.
Hasosat – hushyorlik, ziyraklik.
Hasud – hasadchi, ko’rolmaydigan.
Haqorat – tahqirlash, so’kish.
Hiddat – tezlik, o’tkirlik.
Hikmat – falsafa, donolik.
Hilm – yumshoqlik, muloyimlik, yuvoshlik.
Hisor – qo’rg’on, qal’a.
Hifz – saqlash, qo’riqlash.
Hubb – sevish.
Hukamo – hakimlar, donishmandlar, tabiblar (birligi – hakim).
Husud – hasadchi, hasad qiluvchi.

Qayd etilgan