Jannat rayhonlari
O'zbek xalqi judayam bolajon millatdir. Bolam mendan baxtliroq bo'lsin deydi. Topgan tutgani faqat bolasi uchundir. Bir umr mehnat qilib topganini farzandi uchun bir soniyada sochib tashlashi mumkin. Bolajonlarni "Jannat rayhonlari" deb ataydilar. Ular kulsa dunyo kuladi. Insonlar ichida yomon deb nom taratganlarning ham ko'plari farzandiga judayam mehribon ekanligini ko'ramiz. Bir donishmand aytgan ekan: "Xaqiqiy baxtni bolalar kulgusida ko'rdim!".
Ba'zilar aytadi, erkak kishiga bolalar haqida gapirish yarashmaydi, bu xotinlarning ishi. Yo'q unday emas. Bolalarga qarash, tarbiyalash, ovqatlantirish va yuvintirib kiyintirishga ayollar mas'ul bo'lsa, erkaklar ularning ikkalasiga umumiy mas'uldir. Odatda erkaklar bolalar haqida gapirganda ko'pincha tarbiya haqida so'z boradi. Ammo men bugun tarbiya haqida emas, boshqa narsalar haqida gapirmoqchiman. Hozircha tarbiyani o'z holiga qo'yamiz. Bu borada ham aytilgan va aytiladigan gaplar judayam ko'p.
Bolalar haqida, meni xayratlantirgan dastlabki narsa, ulardagi hushbo'y xiddir. Chaqaloqlarni xidlab ko'rganmisiz? Buning o'xshashini boshqa narsada topolmaysiz. Bolajonlarning o'ziga tortadigan asosiy narsalaridan yana biri, judayam chiroyli bo'lishadi. Oylar o'tgan sari yanada shirin bo'lib boraveradi. Ularni ko'rgan har qanday kayfiyatdagi inson beg'ubor tabassum qilishga majbur bo'ladi. Ular judayam yengil bo'ladi. Endi qadam bosayotgan vaqtda muvozatni judayam ko'p yo'qotadi. Yerga yiqilsada biror joyi ko'karib chiqmaydi. Tasavvur qiling, xuddi shu shaklda siz, tikka turganda birdan o'tirib qolsangiz qanchalik og'riq sezasiz. Yelkangiz barobaridan guppillab tushib ketsangizchi? Meni jiyanlarim tushib ketganiga ko'p guvoh bo'laman. Nozikroqlari biroz yig'laydi. Sho'xrog'lari esa shartta turib o'ynab ketaveradi, hayron qolaman. Alloh saqlar ekanda! Lekin, judayam extiyot bo'lish zarur. Asfaltga yiqilsa qattiq tushadi, shuning uchun quruq yerda yurgani afzal.
Hammani hayron qoldiradigan yana bir xususiyat, bolalar hech qachon yolg'on gapirmaydi. Oyisidan qo'rqib yolg'on gapirish keyinchalik o'rganiladi. Dastlabki gapirgan vaqtlardan 3-4 yoshlargacha umuman yolg'on eshitmaysiz. Chunki ular hali yolg'on gapirishni bilmaydi. Shuning uchun ham ularni farishtaga qiyoslaymiz.
Bolalar tez o'zgaruvchan bo'ladi. Yig'lab turib ham kulguga o'tib ketaveradi. Falonchidan xafa bo'ldi degan gapni eshitmaysiz. 5 daqiqa avval o'yinchog'ini tortib olgan bola bilan ham kulishib o'ynashaveradi. Ikkita bir xil yoshda jiyanim bor, biri qiz biri o'g'il. O'g'il bola kuchliroq, narsa talashayotganda qiz bolani turtib yuboradi. Qiz jiyanim yig'lab oyisini yoniga kirib ketadi. Birozdan so'ng qaytib chiqib, keling birga o'ynaymiz deb kulib turgan bo'ladi.
Bolalar judayam o'rganuvchan bo'ladi. Kattalarning gaplari va harakatlariga judayam e'tiborli bo'ladi. Bu ular uchun eng qiziq narsadek tuyuladi. Hamma o'zi ovqatlanayotganini ko'rib, men ham o'zim ovqatlanaman deb harhasha qiladi. Aslida oyisi yedirib qo'yishi uning uchun osonroq bo'lsa ham. Bolalarning tinglashi ham ajoyib. Bolalarga hos ertak aytib bersangiz, ko'zlarini uzoq uzoq yummasdan tinglaydi. Jajjigina hayolchalaridan nimalar o'tyapti ekana deb kuzatib turaman. Xalqimizda "Bolalik uy bozor, bolasiz uy mozor" degan gap bor. Rostan ham bolasi yo'q honadonga kirsam hammayoq jimjit, zerikarli tuyuladi. Bolalik uy esa doimo gavjumdek turaveradi.
Bolaning oldida uning dadasi yoki oyisini yomonlab ko'ring, bir zumda dushmanga aylanasiz. "Meni dadam hammadan kuchli", "Meni oyim hammadan chiroyli" degan gaplarni tagida qolib ketasiz. Ayiqchasini yoki qo'g'irchog'ini tashlab yuborsangiz, tezda olib bag'riga bosadi. Ayiqchasini qo'liga bermaguncha uxlamaydi.
Tarbiyalayman deb bir narsani tushuntirsangiz, tezda esidan chiqadi. Men ba'zida sal po'pisa qilib qo'yamanda. Indamay o'tirib oladi jiyanim. 2 daqiqa o'tmay yana to'polon avjiga chiqadi. Behosdan oyog'i yoki qo'li menga tegib ketsa, qo'rqib yuzimga qaraydi. Endi meni so'kadi deb o'ylaydi. Aslida ularning zarbasi kattalarga og'riq berishga yetmasligini bilmaydida. Qo'rqib turgan nigohlarini ko'rib, yuzlaridan o'pib boshini silab qo'yaman. Xursand bo'lib yugurib ketadi.
Bolalarda asta sekin uyalish hissi ham rivojlanib boradi. Kamchilik nuqsonini boshqalar ko'rmasligini hohlaydi. Qancha sho'x bo'lsa ham begona uyga borganda ma'lum muddat uyalib turadi.
Beg'ubor hilqat haqida aytadigan gaplarimiz judayam ko'p. Mayli, shu joyda to'xtatamiz. Xurmatli o'quvchi, sizga maslaxatim shuki, dunyo tashvishlarini bir zumga unutmoqchi bo'lsangiz bolalar dunyosiga tashrif buyuring. Undagi ajib xikmatlardan bahramand bo'ling! O'zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovni "Bolajon" deb nomlangan qo'shig'i menga judayam yoqdi. "Xasratlarim unutay, bir jilmay qani" degan joylari ko'ngilga borib yetdi.
Biz erkaklar ko'pincha vaqtimiz bo'lmaydi. Qancha yaxshi ko'rsakda doim birga bo'lolmaymiz. Bu ayb emas albatta. Bizning vazifamiz ularga baxtiyor yashash sharoitini tashkil qilib berishdir. Ana o'sha maskanda esa, ayollarimiz bolajonlarni yuvib-tarab ulg'aytiradilar. Mana shuning o'zi bizga katta ne'matdir! Aziz do'stlar, kelinglar bolalar dunyosidan ham bahra olib turaylik!
Muallif: IRFON