Behzodbek:
Assalomu alaykum,
Bog'chaga birinchi borgan kunim haligacha esimda. O'shanda dadam va onam meni va bir yosh katta akamni bog'chaga bermoqchi edilar. Lekin borganimizda, yo joy kammidi, yoki bir oiladan faqat bitta odam olisharmidi, ishqilib, ikkalamizdan faqat bittamizni olishlari mumkinligini aytishdi. Ota-onam meni berib, akamni qaytarib olib ketishmoqchi bo'lishdi. Lekin men qolishni hecham xohlamadim. Nega endi akam ketadiyu, men qolishim kerak. Bog'cha opalar meni majburlab ushlab olishdi. Men rosa dod deb yig'ladim, qo'llaridan qochib ketaman, deb tipirchiladim, lekin baribir ota-onam va akm ketishdi, men o'sha yerda qoldim. O'shanda rosa xafa bo'lgandim.
Bog'chaga ham o'rganib qoldik. Akam ham keyinroq qatnay boshladi. Uch mahal ovqat berishardi. Lekin bog'cha opalarning qizlari, og'illari pecheni va shirinliklarni hammadan ko'p yerdi. Hech kim ularga indamasdi. Chunki ular tarbiyachilarning farzandi edi-da.
Bir kuni bog'chamizga komissiya keldi. "Bolalar, kimga ovqat va pechenilarni ko'p berishadi", deb so'rashdi. Ahad va Salim degan bolalar bog'cha opalarning o'g'illarini ko'rsatib, ismlarini aytib berishdi. Komissiya a'zolari tarbiyachilarni bizning oldimizda izza qilib ancha gaplar aytdi. So'ng ular ketgandan so'ng tarbiyachi opalar Salim bilan Ahadni rosa urishdi.Men o'sha payt nega aytganlari uchun bunaqa qattiq urishishganini tushunmagandim.