Islom hayotidan ibratli hikoyatlar  ( 212446 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 35 B


shoir  26 Iyun 2006, 05:32:51

* * *

Rivoyat qiladilarkim, payg‘ambarimiz hazrat Muhammad alayhissalomga Allohning rasuli vazifasi berilgan choqda Iblis alayhila’naning yordamchilari hovliqib kelib:
— Bir payg‘ambar jo‘natilibdi va bir ummat paydo bo‘libdi, — deb xavotir bilan xabar berishibdi. Shunda Iblis so‘rabdi:
— O’sha ummat nafsning havoyi istaklariga berilib yashashni sevarmikin?
Yordamchilar «ha, sevarkan», deb javob berishganda, Iblis hotirjamlik va mamnunlik bilan debdiki:
— Nafsning havoyi istaklariga berilib yashashni sevsalar — masala yo‘q, biz uchun tashvishli yeri ham yo‘q. Butga topinishlari mutlaqo shart emas. Men ularni uch vosita bilan yo‘ldan ozdiraman: Birinchisi — haqsiz va g‘ayriqonuniy foyda topdirish orqali, ikkinchisi — topgan-tutganlarini loyiq bo‘lmagan narsalarga harj qildirish orqali va uchinchisi — loyiq bo‘lgan narsalarga sarflashdan yuz o‘girish orqali. Bilingkim, butun yomonliklarning manbai shulardir.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:33:00

Donishmand shayxning huzuriga bir mo‘ysafid kelib: «Shayx hazratlari, endi men qarib qoldim, kun o‘tkazishim ham mashaqqatga aylanyapti. Menga pand-nasihat qiling, shoyad Alloh ishlarimni yaxshi yo‘lga boshlasa», — debdi.
Shunda shayx mo‘ysafidga xitoban debdiki:
— Birodarim, agar sen esda tutuvchi bo‘lsang ham, xotirang yuqori maqomda bo‘lsa ham ikki narsani esdan chiqargin: avvali — xalq uchun qilgan yaxshiligingni, keyini — birovning senga qilgan yomonligini.
— Mardlik va odamiylik haqida ham so‘z ayting.
— Minnat yukiga bardosh bermoqlik — odamiylik nishonasidir. qo‘lidan keladigan ishni o‘zgadan darig‘ tutmaslik esa mardlikdir.
— Hamisha mo‘‘min va musulmon bo‘lib yurmoqlik haqida ham ayting, shayxim.
— Kishining aybini qidirmaslik — musulmonlikdandir. Yomon so‘zlarni aytmaslik mo‘‘minlikdandir, — deb shayx nasihatiga yakun yasagan ekan.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:33:11

Vazir podshohning kayfiyati siniq ekanini fahmlab, ko‘nglini ko‘tarish uchun bir hazil gap aytibdi. Podshoh qoshlarini chimirib qo‘yibdi-yu, indamabdi. Bu hol uchinchi takrorlanganida u g‘azablanib:
— Menga bema’ni gaplarni aytmoqqa qanday jur’at etyapsan! Yo‘qol, ko‘zlarimga ko‘rinma, yo‘qsa boshingni olaman! — deb quvibdi.
Vazir dono ekan, «ketganim ma’qul, sog‘insa o‘zi qidirtirib topadi meni», deb uyiga ham kirmay, uzoq qarindoshlarinikiga borib, panoh topibdi. Podshoh yangi vazir tayin etibdi, ammo undan ko‘ngli to‘lmabdi. Vazirlar almashinaveribdi, podshoh esa dono vazirini sog‘ingandan sog‘inaveribdi. Uni qidirtiribdi, ammo izini ham topolmabdi. O’ylay-o‘ylay «Kimki bosh vazir lavozimini orzu qilsa, saroyga kelaversin, savollarga mukammal javob bersa bu yuqori martabani egallaydi, javob bera olmasa sazoyi qilinadi», deb jar soldiribdi. Bu chaqiriqqa juda oz odam ishonib kelibdi. Ular orasida eski kiyimda, soqollari o‘sik, cho‘loq va bukri bir odam ham bor ekan. Avval tuzukroq kiyimdagi, ko‘rinishdagilar imtihon qilinib, javoblariga ajr olibdilar - sazoyi qilinib, sharmanda bo‘libdilar.
Navbat bukriga kelganda so‘rabdilar:
— Dunyodagi barcha dengizlardagi marvaridlarning soni qancha?
Bukri istehzo bilan javob beribdi:
— Dunyodagi odamlarning ko‘zlari qancha bo‘lsa, dengizdagi marvaridlar ham shunchadir.
So‘radilar:
— Inson tanasi uchun eng zarur narsa nima?
Bukri javob berdi:
— Salomatlik.
So‘radilar:
— qaysi qurol mo‘ljalga bexato ura oladi?
Bukri javob berdi:
— Aqlli inson ongi, tafakkuri.
So‘radilar:
— qum bilan shakar aralashib ketgan bo‘lsa, uni suvga solmay turib ajratish mumkinmi?
Bukri javob qildi:
— Mumkin. Bu aralashmani chumoli uyasi yoniga to‘ksangiz, chumoli shakarni tashiydi-yu, qum sizga qoladi.
So‘radilar:
— Sen dengiz suvini ichib ado qila olasanmi?
Bukri javob qildi:
— Albatta. Siz avval dengizga kelib quyuluvchi barcha daryo va irmoqlarni to‘xtatib berasiz, men esam dengiz suvini ichib quritaman.
So‘radilar:
— O’lik gulxanda yonarkan, tirikni nima kuydiradi?
Bukri javob berdi:
— Tirikchilik tashvishi.
So‘radilar:
— Eng tuban yumush nadir?
Bukri javob berdi:
— Tilanchilikdir.
Savollar adog‘iga yetgach, bukri podshohga murojaat etib: «Vazirlaringizga men ham bitta savol bersam bo‘ladimi?» deb so‘rabdi. Podshohdan ijozat tekkach:
— Eshikning g‘ijirlashi nimani anglatadi? — deb so‘rabdi.
Vazirlar o‘ylab-o‘ylab tayinli javob aytisholmagach, u istehzo bilan kulib debdiki:
— Bu savol siz o‘ylaganchalik mushkul emas: eshikning g‘ijirlashi — uning ochilib yopilganidan dalolatdir.
Podshoh quvonib ketibdi, «bu bukri bo‘lsa ham g‘oyat dono ekan, hatto avvalgi dono vazirimdan ham a’loroq ekan», deb vazirlik sarpolarini keltirishni amr etibdi. Shunda bukri:
— Podshohim, men Allohning bir ojiz bandasiman. Avval sizning yoningizda bir dono vazir bo‘lardi, men uning o‘rnini egallamoqqa loyiq emasman, — debdi.
— Ha, bor edi, — debdi podshoh, — men nodonlik qilib uni quvib yuborgandim. Endi u yo‘q, izlab izlarini ham topolmadim.
— Afsuslanmang, podshohim, chin yurakdan qidirgan bo‘lsangiz uning o‘zi huzuringizga keladi. Men uning qaerdaligini bilaman.
— qaerdaligini aytsang, tilagan tilagingni beraman, — deb quvonibdi podshoh.
Shunda bukri qaddini tiklabdi, yasama soqolini yulib tashlabdi. Podshoh o‘rnidan turib dono vazirini bag‘riga bosibdi.
qissadan hissa shuki, tafakkur kishini hech qachon xor yoki zor qilmaydi.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:33:22

* * *

Podshoh vazirining ukasi huddi akasi kabi hukmdorga suyumli bo‘lishni orzu qilibdi. «Sen o‘z yumushingdan qolma», debdi akasi. Ammo uka akasiga hasad qilib, uning o‘rnini egallamoq qasdida podshohga ro‘para kelibdi-da, o‘zini dono bilib:
— Men osmonda itlarning hurishini eshitdim, — debdi. U nodon «gapimda falsafiy ma’no bor», deb o‘ylagan ekan. Podshoh esa «Huzurimda bunday bema’ni gap aytmoqqa jur’at etgan bu nodonni zindonga tashlang», deb hukm qilibdi. Shunda aka:
— Podshohim, bu mening ukamdir, bir ozgina gapga no‘noq, maqsadini durust bayon qila olmaydi. U yolg‘on so‘z aytgani yo‘q. Kecha burgut bir kuchukchani olib uchgan ekan. U o‘sha kuchukchaning angillashini eshitgan,— deb ukasini jazodan qutqarib olibdi.
Shundan so‘ng ham ukaga aql bitmay, yana podshohga ro‘para bo‘libdi-da:
— Men uzgan kamon o‘qi kiyikning ham tuyog‘iga ham qulog‘iga tegdi, keyin o‘z-o‘zidan qovrildi. Men uni mazza qilib yedim, — debdi.
Podshoh yana g‘azablanib, yana zindonga hukm qilibdi. Shunda aka yana o‘rtaga tushibdi:
— Podshohim, ukamning gapga no‘noqligini avval aytib edim. U hozir ham yolg‘on so‘z aytmadi. Ukam nihoyatda mergan. U o‘q uzgan damda kiyik tuyog‘i bilan qulog‘ini qashiyotgan ekan. O’q tuyoq bilan quloqni teshib o‘tib qayroq toshga tegibdi-yu, uchqun chiqib, hashak o‘t olibdi. Kiyik go‘shtini shu o‘tda pishirib yebdi.
Qissadan hissa shukim, bo‘zchi bilganini to‘qigani ma’qul.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:36:30

 * * *

Bir rivoyat o‘qidimki, uni siz, azizlar bilan baham ko‘rmasam bo‘lmas:
Cho‘l o‘rtasida bir badaviy arab xotini bilan chodirda yashar edilar. Bir kuni xotini xasrat qilib qoldi:
-Butun yo‘qsullik va jafoni biz chekyapmiz. Boshqalarning umri farovonlik bilan o‘tyapti. Faqat bizlargina faqirmiz. Nonimiz yo‘q, qatig‘imiz oz. Piyolamiz yo‘q, suvimiz esa - ko‘z yoshi! Kunduzi ko‘ylagimiz - quyosh, kechasi to‘shagimiz - oy. Ochlik sababidan ba’zan Oyni non deya xurujga tushamiz. Bu ketishda holimiz nima bo‘ladi?
Badaviy xotiniga bunday javob qildi:
-Ey xotin, qachongacha dunyo moli uchun hasrat chekasan? Bu dunyoda yana qancha umrimiz qoldi? Aqlli kishilar oz-ko‘pga qaramaydilar. Yoshligingda qanoatli eding, qarigan sari hirsing ortmoqda. Oltin istaysan, holbuki avvallari o‘zing oltin kabi eding. Senga nima bo‘ldi?
Xotin esa bu so‘zlarga parvo qilmay faryod etishda davom etaverdi:
-Ey nomus nimaligini bilmaydigan odam! Sizning ma’nosiz so‘zlaringizdan toqatim toq bo‘ldi. Holimizni ko‘rib uyalmaysizmi? Menga qanoatli bo‘l, deysiz. qachongacha sabr qilay? Sabr qachon jonimizga aro kirgan edi? Bu gaplarni unutib to‘qlik yo‘lini izlasangiz-chi!
Bu noshukurlikdan g‘azablangan badaviy dedi:
-Sen ayolmisan yoki boshimga kelgan dardmisan? Men yo‘qsilligim bilan iftixor qilaman. Boshimni og‘ritma! Mol, mulk va pul boshdagi kuloh kabidir. Kuloh esa kallarning najotidir. Boylar - quloqlariga qadar gunohga botgan kishilardir. Mol-mulklari esa ularning gunohlarini yashirib turadi. Yo‘qsillik nimaligini sen qaerdan bilar eding? Yo‘qsillikni xor-zorlik o‘rnida ko‘rma! Alloh ko‘rsatmasin, mening bu dunyodan ta’mam yo‘q. Ko‘nglimda esa qanoat va sabr to‘la bir olam bor. Ey xotin, janjalni bas qil. Janjalni bas qilmasang, meni tinch qo‘y. Men yaxshilik bilan ham, yomonlik bilan ham janjal qila olmayman. Janjalga toqatim yo‘q. Janjal u yoqda tursin, ko‘nglim tinchlikdan ham behuzurdir. Ovozingni o‘chir, bo‘lmasa boshim oqqan tomonga ketvoraman...
Ayol erining o‘z so‘zlaridan qaytmasligini ko‘rib, ko‘ziga yosh oldi, go‘yo pushaymon bo‘ldi. Badaviy ham xotinining ko‘z yoshlaridan ta’sirlanib, aytgan so‘zlaridan bir oz pushaymon ham bo‘ldi.
Erining pushaymonligini sezgan ayol unga shunday maslahat berdi:
-Ko‘zada yomg‘ir suvi bor. Butun mol-mulkimiz shundan iborat. Bu ko‘zani olib, hoqonlar hoqonining huzuriga boringda bu sovg‘amizni bera turib shunday deng: «Bizning bundan bo‘lak hech mol-mulkimiz yo‘q, zotan, cho‘lda bundan yaxshiroq sovg‘a ham topa olmaysiz. Podshohimizning xazinalari to‘la bo‘lsa ham unda bu kabi suv topilmasa kerak. Bunday suvni topish oson emas».
Bechora ayol Bag‘dod shahrining o‘rtasidan daryo oqib o‘tishini qaerdan bilsin? O’zi to‘plagan suvni maqtagandan maqtayverdi, eri ham nihoyat uning so‘zlarini ma’qul deb topdi:
-Bunday sovg‘a tayyorlash hammaning qo‘lidan kelavermaydi. Bunaqa toza suvni faqat podsholar ichib huzurlanishlari mumkin.
Shu qarorga kelgan badaviy ko‘zaning og‘zini mahkamlab, Bag‘dod sari yo‘lga tushdi. Ko‘za sinib qolmasin, suvi to‘kilmasin, deb uni ko‘z qorachig‘idek asradi. Kunlar, haftalar yo‘l bosib, nihoyat Bag‘dodga yetib keldi. Izlab-izlab halifaning saroyini topdi. Saroy posbonlari uni to‘xtatib, maqsadini so‘radilar.
-Ey muhtaram zotlar, men bir g‘arib badaviyman. Podshohimizning lutfu marhamatlaridan umidvor bo‘lib cho‘ldan keldim. Bu sovg‘amni podshoh hazratlariga elting, podshohdan umidvor bo‘lgan kishining ehtiyojlariga shu yo‘sinda javob bering. Bu nihoyatda totli suvdir. Uni cho‘lda yomg‘ir tomchilaridan to‘plaganmiz. qarang, ko‘zam ham yap-yangi...
Posbonlar avvaliga badaviydan kuldilar. Keyin uning sofdil niyatlarga o‘ralgan sovg‘asini qabul qilib oldilar. Badaviy esa saroyning narigi qanoti ortida ko‘pirib oqayotgan daryodan xabarsiz podshodan xabar kutib o‘tirdi.
Badaviyning suv to‘la ko‘zasini xalifaga berishgan edi, u nihoyatda quvondi. Badaviyni huzuriga chaqirtirdi. Undan hol-ahvol so‘rab, yangi ust-boshlar kiydirdi-da, xizmatkorlariga amr etdi:
Ko‘zasini oltinga to‘ldirib, egasiga qaytaringlar. Uyiga esa daryo yo‘li bilan kemada olib borib qo‘yinglar. U bu yerga cho‘l yo‘lidan kelibdi. Unga daryo yo‘li yaqindir.
Badaviy daryoni ko‘rganda hayratdan shoshib qoldi va Allohga shukrlar qildi.
Endi mazkur rivoyatning sharhi sifatida mavlono Jaloliddin Rumiy «Masnaviy»larining ma’nosi bilan tanishsak:
«Ey o‘g‘il! Sen butun dunyoni og‘ziga qadar ilm va go‘zallik bilan liq to‘lgan bir ko‘za deb bilginkim, ko‘zada to‘lib turgan ilm va go‘zallik Allohning hikmati bo‘lgan daryodan bir qatradir. U yashirin bir xazina edi. To‘lib-toshib, tuproqqa jon berib, bu tuproqni osmondan ham moviylashtirib yubordi. Yashirin xazina shu tarzda oshkor bo‘lib, tuproqni atlasga o‘ralgan holga keltirdi. Bu badaviy ham Allohning daryosidan bir qatra ko‘rganda edi, haqiqatda dengiz bo‘lgan bu qatraning qarshisida ko‘zasini chil-chil sindirgan bo‘lur edi».
Rivoyatda «xalifa saroyi» deb bildirilgan joyni «Ilohiy dargoh» deb anglamoq lozim. Musulmon kishi naqadar ilm, irfon, mol-mulk va ibodat sohibi bo‘lsa ham, bu boyliklarga ishonib, o‘zidan ketmasligi, ularning borligidan aldanmasligi kerak. Bu boyliklarini Allohning bir lutfi o‘rnida ko‘rib, o‘z amallari esa daryoga nisbatan bir piyola suv miqdorida ekanligini aslo unutmasligi zarur.
Badaviyning cho‘lda ming mashaqqat bilan yiqqan bir ko‘za suvi uning uchun hayot dorisi - tiriklik suvi edi. Holbuki bu «dori» daryoga to‘kilgandan keyin bir zumda yo‘q bo‘lib ketdi. Insoniyatning bashariy imkonlar bilan qo‘lga kiritishga uringan narsalari ham, ilohiy san’atdan tushunib yetgan narsalari ham «daryo»ning bir tomchisiga arzimaydi. Bu holat chumolining o‘z inini, baliqning esa hovuzni yoki akvariumni dunyo deb bilishi kabidir xalos. Insonlar ham o‘zlarining nodonliklarini unutib, ulkan ko‘zguning yolg‘onlariga ba’zan ishonib qoladilarda xuddi o‘sha chumoli va baliq holiga tushadilar. Alloh bizlarni shundan asrasin!
Payg‘ambarimiz alayhissalomning «Allohim, Senga shukr va tasbeh aytaman. Biz Seni Senga loyiq ma’rifat bilan taniy olmadik», degan muborak so‘zlarining mag‘zini chaqib ololsak edi...

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:36:44

* * *

Bir zolim odam yomonlikdan qaytishni ixtiyor etib, bir kuni saharda ibodat qilib o‘tirsa, ro‘parasida farishta paydo bo‘lib debdiki:
— Yomonliklaring uchun Alloh senga jannatni ravo ko‘rmadi. Lekin qilayotgan ibodatlaring evaziga jannatdan bo‘lak nimani so‘rasang, beriladi.
— Agar jannat menga harom qilingan bo‘lsa, — debdi zolim odam, — ibodatlarim uchun so‘raganim ijobat qilinsa, so‘rovim shuki, Alloh meni shu qadar bahaybat odamga aylantirib qo‘ysinki, mendan boshqa hech kim do‘zaxga sig‘masin.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:36:52

* * *

Podshohning ustozi unga «Sen uch kishini o‘limga hukm qilishda hech tahammul (sabr) qilmag‘il: birinchisi — mulkingni egallashga harakat qilgan kishini, ikkinchisi — molingni o‘g‘irlagan kishini, uchinchisi— siringni fosh qilgan kishini», deb qayta-qayta nasihat qilardi. Bir kuni podshoh vazirini saroydan chetlatish niyati borligini aytib, ustozi bilan maslahatlashdi. Vazir bu maslahatdan ogoh bo‘lib, bir tadbir ishlatdi. Podshohning ustozini mehmonga chorlab, izzat-ikrom bilan kutib oldi. Ustoz o‘zini tiya olmay, sharobdan ko‘proq ichib, podshohning niyatini aytib qo‘ydi. Vazir esa tongga qadar mol-mulkini ro‘yxat qilib, podshohning huzuriga kirib: «Ey podshohim, shu ro‘yxatdagi barcha mol-mulk siznikidir, kamina bu boyliklaringizga faqatgina posbondirman, bu boylikni qabul eting, olampanoh, meni zinhor dushman deb gumon qilmang», degach, podshoh ajablanibdi. Ustozini chaqirib, «Vazir haqidagi niyatimni faqat sizga aytuvdim, u makkor qaydan ogoh bo‘ldi ekan?» deb so‘rabdi. Shunda ustoz uzr bilan debdiki:
— Sirni dushmanga aytganim, ajalim yetganidan dalolatdir. Garchi mastlikda aytib yuborgan bo‘lsam-da, bu mastlik uzr qatoriga o‘tmaydi. Endi pand-nasihatimga ko‘ra, meni o‘limga hukm qilmog‘ing shart. Aks holda, saltanatingdan baraka ketadi.»
Podshoh ustozini kechirsa ham, u o‘z so‘zida qattiq turib oldi va o‘z qilmishiga yarasha o‘lim topdi.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:36:59

* * *

Bir mamlakatda har kuni podsho o‘zgararkan. Ertalab taxtga o‘tirib, shomda amalni topshirarkan. Bir odam «agar men podsho bo‘lsam bir kun emas, o‘lgunimcha taxtda o‘tiraman», debdi. Do‘stlari uni kulgi qilibdilar. Ittifoqo o‘sha odam podshoh bo‘libdi. Taxtga o‘tirishi bilan «Hamma saroyga bittadan tuxum olib kelsin», deb amr qilibdi. Amr ijro bo‘lgach esa, peshin chog‘ida «Hamma o‘zi olib kelgan tuxumini olib ketsin», deb farmon beribdi. Odamlar «men olib kelgan tuxum kattaroq edi», deganlaricha shoshilib, tanlab-tanlab, tortishibdilar oqibat shu bo‘libdiki, o‘zlarinikini emas, boshqalarnikini olibdilaru luqmalariga harom aralashibdi. Tuxum talashib, shom chog‘i podshohni unutishibdi va u odam aytganiday to o‘lgunicha qadar taxtdan tushmabdi.
Qissadan hissa shuki, faqat halol luqmagina mamlakatni obod qila oladi.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:37:08

* * *

Sahroda ov qilib yurgan podshoh mulozimlaridan ajrab, adashib qolibdi. Yonidagi sodiq vaziri bilan yura-yura toliqibdi. Shomga yaqin cho‘ponning chodiriga yo‘liqishibdi. Cho‘ponning ikkitagina qo‘yi bor ekan. Mehmonlarning izzati uchun bittasini so‘yib, taom pishirib kelibdi. Podshoh taomga qo‘l ham uzatmabdi. Shunda vazir xojasining faqat kalla go‘sht iste’mol qilishini aytibdi. Cho‘pon avval bitta kallani pishirib keltiribdi. So‘ng ikkinchi qo‘yini ham so‘yibdi. Ketar mahallarida vazir:
— Olampanoh, ko‘rdingizki, cho‘pon boyaqish borini dasturxonga qo‘ydi, siz uchun ikkala qo‘yini so‘ydi. Agar biron boy bizni bundan o‘n ziyoda to‘kinlik bilan mehmon qilganida ham, uyida bundan yuz barobar ko‘proq mulki qolardi. Bu boyaqishning esa hech nimasi qolmadi, — debdi.
Podshoh bu gapdan erib, cho‘ponga qamchisini uzatibdi-da, debdi:
— Saroyimga bor, bu qamchinni ko‘rsatsang hech kim sening yo‘lingni to‘smaydi. Men sening boshing ustidan dur sochaman.
Uch-to‘rt kun o‘tgach, cho‘pon «borib ko‘ray-chi», deb yo‘lga tushibdi. Chindan ham uni saroy eshigi oldida birov yo‘lini to‘smabdi.
Cho‘pon ichkariga kirganida podshoh ibodat qilayotgan ekan.
— Nima qilyapti u? — deb ajablanibdi cho‘pon. U shu yoshga kirib namoz nimaligini bilish u yoqda tursin, Allohning nomini ham eshitmagan ekan.
— Iltijo qilyapti, — deb tushuntirishibdi unga.
— Nima so‘rayapti? — deb so‘rabdi cho‘pon.
— Boylik so‘rayapti, — deyishibdi.
— Agar o‘zi boylik so‘rayotgan bo‘lsa, mening undan bir nima so‘rashimga hojat yo‘q ekan. Men undan emas, balki u iltijo qilayotgan Zotning o‘zidan so‘ray qolaman, — deb iziga qaytibdi.
Cho‘pon podshoh qanday harakatlar qilgan bo‘lsa, qaytarib «Ey Xudo, senga podshoh ham iltijo qilib boylik so‘radi, o‘sha boylikdan menga ham ber, ko‘rib turgandirsan, men juda kambag‘alman», debdi.
Oradan hafta o‘tib, cho‘pon chodirini ko‘chirish harakatiga tushibdi. Ustunni ko‘mish uchun chuqur kavlayotgan ekan, oltin va kumush to‘la ko‘za chiqibdi. Cho‘pon ko‘zani ko‘tarib, podshohga ro‘para bo‘libdi.
— Shu paytgacha nega kelmading, seni kutdim? — deb so‘radi podshoh.
Cho‘pon kelib-ketganini, ko‘rganini aytgach:
— Men ham siz iltijo qilgan zotdan so‘ragan edim, shu boylikni berdi. Mulozimingizga ayting, hisoblab, qabul qilib olsin.
Podshoh cho‘ponning marhamatidan quvonib, oltin-kumushlarni sanab olishni buyuribdi. Vazir esa bosh chayqab debdi-ki:
— Cho‘ponning ikkitagina qo‘yi bor edi, siz uchun so‘ydi. Siz uni mukofotlamoqchi edingiz, u sizdan hech nima so‘ramadi. Uni Xudo taqdirladi. Endi Xudoning in’omini tortib olmoqchimisiz?
Qissadan hissa: ko‘z to‘ymasa shunaqasi ham bo‘lib turarkan.

Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.

Qayd etilgan


shoir  26 Iyun 2006, 05:37:17

* * *

Ittifoqo hukmdorning ko‘zi bog‘bonning go‘zal xotiniga tushibdi-yu, shayton vasvasa qila boshlabdi. U bog‘bonni bir bahona bilan safarga jo‘natibdi-da, go‘zalga «barcha eshiklarni yaxshilab berkit», deb buyuribdi. Xotin amrni bajargach, ehtiyotdan so‘rabdi:
— Hamma eshiklarni berkitdingmi?
— Yo‘q, — debdi ayol, — uchta eshikni harchand urinsam ham berkitolmadim.
— qaysi eshiklar ekan, o‘zim berkitay, — debdi nafsga bandi hukmdor.
— Ularni siz berkitolmaysiz. Men vijdon, hayo, sadoqat eshiklarini berkitolmadim.
Hukmdorga ozgina bo‘lsa-da, insof bor ekan, ayolning gapini eshitib, o‘zining qilig‘idan uyalibdi.

Tohir Malikdan

Qayd etilgan