* * *
Bir kishi qushbozoriga borib ikkinchi kishidan chumchuqni qafasi bilan birga sotib olib, uyiga olib kelibdi. qushchaning boshini uzib, sho‘rvaga solish niyatida qo‘l cho‘zgan ekanki, mo‘‘jiza yuz berib, chumchuq xuddi odam kabi gapira boshlabdi:
— Ey marhamatli odam, meni yeb nima naf topardingiz, yaxshisi meni qo‘yib yuboring, evaziga uchta foydali gap aytay sizga.
U odam «hamonki qushcha odam tilida gaplashdimi, demak, bunda sir bor. Aytadigan gapi ham anov-manov bo‘lmas», degan to‘xtamga kelib, qushchaga, «nasihatlaringni ayt», debdi.
Chumchuq:
— Birinchi nasihatimni qafas ichida aytaman, ikkinchisini qo‘lingizga qo‘ngan holda, so‘nggisini esa daraxt shoxiga qo‘ngach aytaman,— deb shart qo‘ybdi. U odam shartta ko‘ngach, birinchi foydali gapini aytibdi:
— qo‘lingizdan ketgan narsaga afsuslanib, ranjimang. Chunki u baribir iziga qaytmaydi.
U odam «gapida hikmat bor, lekin bu asosiy nasihati emasdir», degan fikrda qafasni ochibdi-da, qushchani qo‘liga qo‘ndirib, «ikkinchisini ayt-chi», debdi.
— Agar birontadan aqlga sig‘maydigan gap eshitguday bo‘lsangiz aslo unga ishonmangiz, — debdi chumchuq, so‘ng uchib borib daraxt shoxiga qo‘nibdi-da: — nodon odam ekansiz, qornimda yigirma misqollik gavhar bor edi, sezmay meni uchirib yubordingiz-a, shuncha boylikdan quruq qoldingiz-a, — debdi.
Bu gapni eshitgan odamning es-hushi uchib, boshlariga mushtlab, o‘zini la’natlay boshlabdi. Chumchuq uning alamli holatini bir oz kuzatibdi-da;
— Ey inson farzandi, hozirgina sizga ikki foydali gap aytgan edim. Bu gaplar u qulog‘ingizdan kirib, bunisidan chiqibdi-da, a? Avval aytdimki, qo‘lingizdan ketgan narsaga zinhor afsuslanmang, deb. Men qo‘lingizdan uchib ketdim, endi ming nadomatlar cheking, qaytmayman. Shunday ekan, o‘zingizni la’natlab nima qilasiz? Uchib ketish oldidan aytigan ikkinchi foydali gapim shu ediki, birontadan aqlga sig‘maydigan gap eshitsangiz, inonmang. Bu nasihatni ham darrov unutibsiz. qani, bir o‘ylab ko‘ring-chi, o‘zim kichkinagina bo‘lsam, o‘n misqol ham chiqmasam, qornimga yigirma misqollik gavhar sig‘ar ekanmi, a? — debdi.
Bu gapdan u odamning esi o‘ziga kelib, chumchuqqa yalinib;
— Unda uchinchi gapingni ayt, balki foydasi tegar, — debdi.
— Menga yaxshilik qildingiz, so‘zlarimga ishonib, erkinlik berdingiz, — debdi chumchuq — shuning evaziga bu daraxtni tagini kavlangda, oltin to‘la ko‘zani oling.
Umidvor kishi chumchuqning aytganini qilib, oltin to‘la ko‘zani qazib olibdi-da:
— Shunchalar aqlli ekansan, hatto yer ostidagi oltin to‘la ko‘zani ko‘ribsanu, o‘z oyog‘ing tagiga qo‘yilgan tuzoqni ko‘rmay, oqibatda qafasga tushibsan, — debdi.
Shunda chumchuq debdiki:
— Ey inson farzandi, g‘aflat g‘alaba qilganida, ko‘rar ko‘z ham ko‘rmas bo‘lib qolarkan...
Chumchuqning aqli yetgan haqiqatga odamlar ko‘p hollarda yetib borolmaydilar. g‘aflatdan o‘zi asrasin...
Tohir Malikning "Iymonlashish umidi" kitobidan.