Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105192 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:37:38

Bugun Turkiston jumhuriyati nozirlari huzurida bo‘lganda unga noxush gaplar aytishdi: Moskva yo‘li ag‘yorlar tomonidan band etilgani sababli ularning safarlari Toshkandda vaqtincha barham topar emish. Ag‘yorlar mahv etilib, temir yo‘l ochilgach, ularning Moskva tomon boruvlari mumkin emish. Toshkandda qancha fursat ipsiz bog‘lanishlarini na nozirlar, na-da muxtor vazir bilardi.
Jumhuriyat nozirlari Afg‘onistonga harbiy yordam berilajagini ma’lum qilishgach, muxtor vazirning ko‘ngil g‘ashligi bir oz tarqaldi. Toshkanddan Kobul sari elchilar vakolasi jo‘nashga hozir ekanini bilib, ko‘ngli taskin topdi.
Saforat ahli Toshkandda noma’lum fursat qolajagi tufayli xizmatchilardan va sovaralardan bir nechasini ortga qaytaruvga qaror qildi. Toshkanddagi saforatxonaga yetarli sovarlar a xizmatchilardan tashqari barcha odamlar Mirza Qandilxon boshchiligida Kobulga qaytish amrini oldilar. Muxtor vazir shu bahonada Said G‘afforbekka ham ruxsat bergan edi, u darhol ko‘naqoldi. «Vakola bahonasida Kobulni ziyorat qilib, umrlari uzun bo‘lgur hazrat amir Omonulloxon xizmatiga yuz tutajagini», bildirdi.
Shunday qilib, hijriy hisobning 1337 yili javzosida, milodiy hisobning 1919 yil 15 iyunida sho‘rolarning birinchi elchilar vakolasi hay’ati qizil askarlar, afg‘on a’yonlari, sovarlari kuzatuvida Kobulga qarab yo‘l tutdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:37:45

3

Taqdir beshafqat bo‘lsa, u bilan kelishishga urinib ko‘r, deydilar. Poezd o‘rnidan jilganida Asadulla Ushinskiyga hamxona bo‘lishini bildi-yu, Afg‘onistonga borib-kelgunga qadar taqdir bilan kelishuvdan o‘zga chorasi yo‘qligini fahmladi.
Kupeda yolg‘iz qolishgach, anchagacha bir-birlariga qarab indamay o‘tirishdi. Ikkovi ham deraza osha tashqariga tikilar, ikkovi ham o‘z fikrlariga bandi edi.
Sukutni birinchi bo‘lib Ushinsiy buzdi:
— Xo‘sh, o‘rtoq Mira’lamov, Afg‘onistonga borib kelguncha shunday gung-soqov bo‘lib o‘tiramizmi?
— Gapingiz bo‘lsa gapiring, — dedi Asadulla noxush ohangda.
Uning ko‘ngil noxushligiga sabab faqat Ushinskiyga hamxona bo‘lishi ems. Uyini maktab ixtiyoriga topshirib, Mirobodni tashlab chiqar mahalida ko‘kragidan bir nima uzilib qolganday bo‘ldi. Nazarida bu tuproq ko‘chani, devorlarga yelka tirab o‘sgan jiydalarni, olchalarni... boshqa ko‘rmaydiganday edi. Uning xotini, bolalarisiz huvillagan uy, ko‘cha, mahalla endi butunlay yetim bo‘lib, bo‘zlab qolayotganday edi.
U sog‘inch qirg‘oqlarida sarsari kezmoq uchun yo‘lga chiqdi. Hali duch kelgan qayg‘ularini, quvonchli chog‘larini, puchga chiqqan tilaklarini, aytilmagan so‘zlarini eslaydi. Bedork qolgan ko‘zlarni qo‘msaydi. Bu qadrdon ko‘chasiga, bolalarining kindik qoni to‘kilgan uyga qachon qaytadi, mungli uyi qachon qayta jonlanadi? Hayot uni bahor mo‘’jizasi-la qarshilarmikin hech, yo hazonrezgi tomon ayovsiz surib ketaverarmikin? Chigallashib ketgan hayot ipi qachon, qaerda uzilarkin? Tun qachon, qaerda erib, qachon, qaerda umidi tongi otarkin?.. Asadulla shu dard bilan mahallani tashlab chiqdi. Shu dard bilan bekatga keldi. Dardini sirtiga chiqarmay, yaqinlari bilan xayrlashdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:37:53

Mana endi kupeda bu dard huruj boshlagan. Uni yengillatay desa, ro‘parasidagi odam dardkash emas. Shuvalov bo‘lganda boshqa gap edi. Aksiga olib u Kogonga ketgan. Vakolani o‘sha yerda kutib oladi. Asadulla o‘z yog‘iga o‘zi qovuriladi. Ushinskiy esa uning noxushligini boshqa narsaga yo‘yadi.
— O‘rtoq Mira’alamov, mening nomzodimga qarshi chiqqan ekansiz, eshitdim, lekin bundan xafa emasman. Men boshqa narsadan ranjidim. Nahot mening tanqidiy gaplarimni ko‘ngilda saqlab yurgan bo‘lsangiz, axir haqiqat bahslarda yuzaga chiqadi. Men orqangizdan g‘iybat qilmay, fikrimni ko‘pchilik orasida aytganimdan beg‘araz ekanimni bilishingiz kerak edi. Unda boshqa-boshqa yo‘lda edik. Endi bir firqadamiz...
— Veniamin Samoylovich, men bir gap uchun gina saqlab yuradigan yoshda emasman. Buni siz ham bilib oling. Bir firqada bo‘lganimiz bilan maslaqdosh ekanligimizga ishonchim yo‘q, buni ham bilib oling.
— Eserlar safida bo‘lganimga shama qilyapsizmi? Qiziq... Pershinga ham shunday deganmidingiz?
— Pershinni holi qo‘ying. Umuman, unga o‘zingizni tenglashtirmang. Pershin qoya edi. Men ham, siz ham Pershinday inqilobchi bo‘la olsak, bu dunyodan armonsiz keta olardik.
— Shunaqa deng... — Ushinskiy pensnesini ko‘zidan olib, ko‘krak cho‘ntagiga soldi. — Biz Pershin bilan uzoq vaqt yelkama-elka turganmiz. Darvoqe, — Ushinskiy istehzo bilan jilmaydi, — buni bilmasangiz kerak, unda siz jadidlar bilan bo‘lgansiz...
— Veniamin Samoylovich, to‘g‘risini ayting, «jadid» nim degani, bilasizmi?
— Bilaman: aksilinqilobiy tashkilot.
— Jadidlarning bir guruhi «Sho‘roi islomiya», «Ulamo»ga qo‘shilgani uchun shunday deyapsiz. E’tiboringiz uchun «jadid» — «yangi» degani. O‘qish-o‘qitish ishlarini yangi usulga ko‘chirish ularning maqsadlari edi. Maorif yo‘li bilan zulmga, nohaqlikka barham beriladi, deb ishonishgan. Men esam hurriyatga faqat maorif yo‘li bilan erishib bo‘lmasligini anglab, kurash yo‘liga o‘tdim, ulardan uzoqlashdim. Jadidlarning qay birlari haq, qay birlari nohaq ekanini kelajak ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘tmishni yuzimga solishingiz o‘rinsiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:01

— Bu gapni o‘zingiz boshladingiz.
— O‘ylab ko‘ring-chi, kim boshladi ekan?
Ushinskiy Asadullaga tikilib, mug‘ambirlik bilan kulimsiradi.
— Yaxshi, meni kechiring, — dedi u qo‘l uzatib, — tinchlik sulhini imzoladik, desam bo‘lar?
Asadulla istar-istamas uning qo‘lini olib, «ha», deb qo‘ydi.
— Elchimizning kotibalarini ko‘rdingizmi, juda huriliqo-yu, a? — dedi Ushinskiy, oradagi noxushlik yo‘qolganidan xursand bo‘lib. — Nima uchun bu parini qo‘shdi, bilmaysizmi?
— Bilmayman, diplomatiya qonun-qoidasi shunaqa bo‘lsa kerak.
Ushinskiy: «Asadulla to‘g‘ri javobdan bo‘yin tovlab atayin shunday deyapti», deb o‘yladi. Holbuki Asadullaning o‘zi ham bu xonimni ko‘rganida hayron bo‘lib edi. Xizmatchilar, kuzatib boruvchi qizil askarlar nomzodi Tashqi ishlar xalq nozirligida ko‘rilgan, bundan Asadullaning xabari yo‘q edi. Nozirlik mahkamasida ishlovchi bu ayolning Xmaringa tanish ekani, vakolaga Xmarin istagi, iltimosi bilan qo‘shilganini u keyinroq bildi.
— Unda siz nimaga olmadingiz, axir siz Turkiston respublikasining elchisisiz-ku? — dedi Ushinskiy uning javobidan qanoatlanmay.
— Veniamin Samoylovich, bunaqa ikir-chikirlarga aralashmaylik. Bizning vazifamiz bo‘lak.
— Yo‘q, azizim, vakola hay’atini biz boshqarishimiz kerak. Safar natijasiga elchi emas, biz — bolsheviklar javob beramiz. Xmarin partiyasiz. Unga to‘la ishonib bo‘lmaydi. Siz, men, o‘rtoq Shuvalov — har bir ikir-chikirga javobgarmiz. Aytmoqchi, harbiy attashemiz ko‘rinmadilar?
— Bilmadim. — Shu qisqa javob bilan Asadulla suhbatga toqati yo‘q ekanini bildirdi.
Poezd Sirdaryodan o‘tganda atrofni qorong‘ilik chulg‘ay boshlagan edi. Asadullaning nazarida ular tun qa’riga uchishardi. Zim-ziyo tun ko‘p o‘tmay ularni bag‘riga oladi.
Ushinskiy hadeb gapiravergani uchunmi, Asadulla ko‘pchilik yodga olayotgan o‘sha mojaroni esladi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:08

O‘shanda Asadulla majlisda emas, cho‘g‘ ustida o‘tirganday betoqat edi. Bu yerga kelaturib Shuvalovdan ham hayratlantiruvchi, ham g‘azablantiruvchi bir xabarni eshitib, boshiga cho‘qmor urilganday gangib qolgan edi. U aksilinqilobchilardan hamma mal’unliklarni kutishi mumkin edi. Lekin yurtni sotishlari yetti uxlab tushiga kirgan emasdi: o‘zini TVO deb yurituvchi Turkiston harbiy tashkiloti Turkistonni yigirma besh yil muddatga Angliyaga sotibdi! Odam aqldan ozsa mol-mulkini, hatto xotinini, boringki eng ashaddiylari onasini sotishi mumkindir. Lekin yurtni sotish, Vatanni sotish!?
Shu xabardan dunyo ko‘ziga tor ko‘rinayotgan Asadulla munozaraga aralashmay o‘tirgan edi.
Majlis boshlanishida keskin munozara ham kutilmagan edi. Chunki unda aytarli bahs talab etmaydigan masala — mahalliy aholi orasida maorif ishlarini yo‘lga qo‘yish, Munavvar qori tashabbusi ila aprelda ish boshlagan Turkiston xalq dorilfununiga yordam berish masalasi o‘rtaga qo‘yilgan edi. Lekin kutilmaganda go‘yo to‘g‘on o‘pirildi-yu, yig‘ilib qolgan suv o‘zanni boshqa tomonga burdi.
Turkiston O‘lka Sho‘rolarining III qurultoyida mahalliy aholida ishchilar sinfi tashkilotlari yo‘q, degan bahonada hokimiyatga bironga o‘zbek kiritilmagan edi. Majlisda bu katta xato ekani aytildi-yu, eserlarning jon tomiriga bolta urildi. Chunki III qurultoyda eserlar ta’siri kuchli bo‘lgan edi. Maorif ishi uyoqda qolib, mahalliy aholiga ishonish kerakmi yo yo‘qmi degan masala yana ko‘ndalang bo‘lib qoldi.
Asadulla bilan Ushinskiyning to‘qnashuvi shunda boshlangan edi.
Eserlarning janjalkash vakili sifatida tanilgan Ushinskiy munozaralarning oxirrog‘ida gapirishni xush ko‘rardi. U mo‘ljalni aniq olardi: boshqalarning fikridan ogoh bo‘lib, shiddatli zarbaga tayyorlanardi. Bu gal ham odatini kanda qilmadi. Bahs yakunlanay deganda o‘tirgan yerida:
— Siz dekabr voqealarini unutib qo‘yyapsiz! — dedi baqirib. Majlis ahli tinchigach, viqor bilan o‘rnidan turdi. U shu gapi bilanoq bolsheviklar fraktsiyasini mag‘lub etganday ro‘parasidagi odamlarga g‘olibona qarab qo‘ydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:17

— Muhammad payg‘ambarning tug‘ilgan kunini nishonlaydigan to‘da eski shahardan yurishni boshlab nima qildi? — dedi u yana ro‘parasidagi odamlarga murojaat qilib. So‘ng javob kutmay gapini davom ettirdi: — Yangi shaharga keldi. Keyin turmani o‘rab oldi. Ishg‘ol ham qildi. Xo‘sh, keyin-chi? Keyin sovet hokimiyati dushmanlarini chiqarib yubordi. Ana endi, muhtaram bolshevik o‘rtoqlar, menga javob bering: bu yil Muhammad payg‘ambar tug‘ilgan kuni nishonlanmaydimi? Endi ular Turkiston Markaziy Ijroqo‘miga yurish qilib, komissarlarni turmaga tiqmaydi, deb siz kafolat berasizmi, o‘rtoq rais? Meni kechiring-u, — Ushinskiy istehzo bilan kuldi, — men kafolat bera olmayman. Turmada o‘tirishga toqatim yo‘q. Men bir narsaga kafolat bera olishim mumkin: ularning TVO tarafida turib, bizga qarshi kurashishlari aniq!
Notiqning gaplari quruq safsataga aylanganidan g‘ala-g‘ovur kuchaydi. Ushinskiy esa bunga parvo qilmay ovozini balandlatdi:
— Ana, o‘rtoq Asadulla Mira’lam nima deya oladilar? Keyingi qurultoyda bu o‘rtoq rahbar organlarga mahalliy millat vakili sifatida saylandilar. Men bu o‘rtoqning inqilob ishiga sadoqatlari boriga, afsus, ishona olmayman.
— O‘rtoqlarning shaxsiyatiga tegmasligingizni talab qilaman!
— O‘rtoq rais, iltimos, gapimni bo‘lmang. Biz hozir printsipial masalani hal qilyapmiz. Men aytgan har bir gapim uchun javob berishga tayyorman. Demak, o‘rtoq Mir’alamga ishonchim yo‘q, dedim. Endi o‘rtoq Mira’lamga savolim bor: yanglishmasam, siz o‘tgan yili, «Sho‘roi islomiya»ning gazetasida ishlardingiz, shundaymi? Aniqrog‘i, muharrir edingiz?
Asadulla o‘rnidan turdi. Majlis ahli jim bo‘lib, unga o‘girildi. «Eserning niyati ma’lum, qani, oxirigacha eshitay-chi?» — degan o‘yda javob berdi:
— Ha, muharrir edim.
— Ular sizdan xafa bo‘lishganda tavba qilgan-siz-a?
— Ha, tavba qilganman.
— Bo‘ldi, rahmat, shuning o‘zi yetarli. Ana, o‘rtoqlar, shu odamga qanday ishonish mumkin? Bu odamning men bilan birga bo‘lishiga sira ishonchim yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:25

Xonada yana g‘ala-g‘ovur kuchaydi.
— O‘rtoq Ushinskiyga mening ham savolim bor, — dedi Asadulla. Uning jussasi kichik bo‘lgani bilan ovozi jarangli edi. So‘zlarni dona-dona qilib, chertib-chertib gapirishi diqqatni tez jalb qilar edi. Hozir ham shunday bo‘ldi: hamma jimib, unga tikildi.
— Mening «Sho‘roi islomiya» xizmatida bo‘lganim sababini nahot bilmasangiz? — dedi Asadulla, Ushinskiyga tikilib.
— Bu sizning shaxsiy ishingiz. G‘oyangiz shunga yo‘l qo‘yar ekan... — Ushinskiy shunday deb undan ko‘zini olib qochdi.
— Ha, men o‘z g‘oyamni amalga oshirishda «Sho‘roi islomiya»dan ham, «Ulamo»dan ham foydalandim. Men ularning gazitini o‘zlariga qarshi kurashda qurol qildim. O‘rtoq Mirmuhsinning «Ikki tarixiy voqea» degan maqolasi aynan shu gazitda bosilishi kerak edi. Biz ayrim din peshvolarining razilligini o‘z gazitida fosh etdik. Maqolaning birinchi yarmi uchun tavba qildim, to‘g‘ri. Chunki maqolaning asosiy — ikkinchi qismini ham xalqqa yetkazishim lozim edi. O‘rtoq Ushinskiyga hayronman, mening tavbamni unutmabdilaru Mirmuhsinning sazoyi qilingani, mening esa «Ulamo» tomonidan o‘limga hukm qilinganimni eslaridan chiqaribdilar-da, a? Agar biz bu yerda «men sadoqatliroqman, u esa ishonchsiz», deb safsata sotsak...
— O‘rtoq Mira’alam, o‘ylab gapiring... — Ushinskiyning endigi gapida avvalgi shijoat qolmagan edi.
— Ha, safsata sotsak, — Asadulla Ushinskiyning holini sezib, qat’iylik bilan ta’kidladi, — podachi ko‘payib, qo‘ylar harom o‘lishi tayin. O‘rtoq Ushinskiy: «Bu odamning men bilan bo‘lishig ishonmayman», dedi. To‘g‘ri gap bu o‘rtoqlar. Men Ushinskiy bilan birga bo‘lmayman. Hatto uni «o‘rtoq» deyishga tilim bormaydi.
Ushinskiy jahldan bo‘zarib, bir oz turdi-da, keyin shartta o‘tirib oldi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:32

Majlis ahli garchi Asadullani ayblamagan bo‘lsa-da, uning ko‘ngli g‘ashlandi. Aslida-ku Ushinskiyning gaplariga e’tibor qilish kerak emas. Kadetlarga yuvindixo‘r bo‘lgan bu balodan har narsani kutish mumkin. Ertaga anarxistlarga, indinga mensheviklarga qo‘shilibdi, deyilsa, hech ajablanmaslik kerak. Asadulla bunga o‘tgan yiliyoq amin bo‘lgan. Shunga qaramay, uning gaplari malol keldi.
Kuzdagi jang kunlari, Tuproqqo‘rg‘on atrofida jon olib jon berilayotganda: «Yaxshi ham eski shaharliklar bor ekan, shular bizni boqmasa ochdan o‘lardik», degan kim edi? Shu Ushinskiy emasmidi? Endi nima uchun eski shaharliklarga ishonmay qoldi? O‘shanda, Tuproqqo‘rg‘on yaqinida yurakdan gapirgan edi. Endi-chi? O‘sha gapini unutdimi? Unutmagan. Dekabrdagi yurishga kim aybli ekanini biladi. Lekin o‘z firqasining obro‘yini to‘kmaslik uchun eng pokiza narsalar ustiga ham mag‘zava ag‘darishdan toymaydi.
Mana shunday beburd odam eserlarni tark etib, bolsheviklar tomoniga o‘tdi. Unga ishonishdi. Ishonganda ham muhim vazifa bilan borayotgan vakolaga qo‘shishdi. Shu odam qo‘shilmasin, degan Asadulla adovatchiga chiqarildi. Ana endi bir kupeda ketyapti. Hatto yarashishdi, «sulh» tuzishdi...
Kupe dimiqib ketgani uchun Ushinskiy derazani pastga tushirdi-da, boshini chiqarib, yuzini shabadaga tutdi.
— O‘rtoq Mira’lamov, hind muhojirini yaxshi bilasizmi? — dedi Ushinskiy joyiga o‘tirgach.
— Zikriyo afandini aytyapsizmi? Unchalik emas, nima edi?
— Meni ularning platformasi qiziqtiradi. Kobulda ularning muvaqqat hukumati bor ekan, eshitganmisiz?
— Bo‘lsa bordir... Boburiylar hukmdorligi tugagandan beri inglizlarga tobe ular. Yuz yillab qaramlikda yashagan xalqning ko‘z ochadigan vaqti yetgandir. Tutgan yo‘llari ham shundan kelib chiqadi. Asosiy maqsadlari ozodlik ekaniga shubham yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:41

— Ozodlikka ham turli yo‘l bilan boriladi.
— Bu tabiiy. Yuz million yo‘l, qing‘ir-qiyshiq yo‘ldan eng adlini tanlay olishsa muddaoga erishishadi.
— O‘sha siz aytgan adl yo‘li qanaqa bo‘ladi?
— Buni bilmayman.
— Ana ko‘rdingizmi, ularning maqsadini bilmaymizu, ammo ishonib, qatorimizga olaveramiz.
— Veniamin Samoylovich, siz bu shubhalaringiz bilan oramizda ishonchsizlik uyg‘otasiz, safarimizni tahlikaga qo‘yasiz.
— Yo‘q, azizim, men bir narsani bilmasam gapirmayman. Hammaga ishonishga haqqim yo‘q. Ishonganlarimizdan biri Osipovmidi? Revolyutsiya taqdiri qil ustida turganda hatto o‘zimdan ham shubhalanaman.
— Bekor qilasiz. Inqilobni shubhalar bilan ushlab turish mumkin emas. Inqilobning suyanchiqlaridan biri — ishonch.
Ushinskiy yana Osipovni misolga keltirib javrab ketdi. Asadulla u bilan bahslashish ortiqchaligini bilib, yostiqq yonboshladi, gaplariga e’tiroz bildirmadi. Ushinskiy hamrohining bahsdan bo‘yin tovlayotganini anglab, gapni bas qildi.

Poezd bir-ikki silkinib, Asadulla uyg‘onib ketdi. Tong yorishib qolgan edi. Asadulla o‘rnidan turib, dahlizga chiqdi.
— Sabohingiz xayrli bo‘lsin.
Asadulla ovoz kelgan tomonga qaradi. Qora qoshlari tutashgan, jussador kishi tutqichga suyanganicha unga kulimsirab turardi.
— Zikriyo afandi? Uyqungiz qochdimi?
— Uyqu — g‘aflat. G‘aflat jafosini bilamiz biz, — dedi Zikriyo afandi o‘ychan tarzda.
— G‘am yemang, g‘aflatlar chekinuvchi davronlar keldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:38:50

— Bunday davr o‘zi kelmaydi. Vujudi jaholat ichida tor-mor bo‘lgan xalqni kurashga ko‘tarish oson emas. — Zikriyo afandi shunday deb sukut qildi. Keyin deraza ortida mudrayotgan o‘lik cho‘lga boqqancha gapini davom ettirdi:

Ko‘zlardin oqar qon yosh, bilmam, nechuk olamdur,
Dunyoni bosib selob, har go‘shada motamdur.
To‘fonmu, balodurmu har qatrasi bir g‘amdur,
Bizlarni yaratmoqdan savdosi nedur, bilmam...

— Zikriyo afandi, badbinlik ham jaholat kabi yomon illat.
— Men badbin emasman, bu gaplaringiz bekor. Nekbinligim boisidan musofirlikda, quvg‘indaman. Eshitganingiz bordir. Kobulda Hindiston muvaqqat hukumati tuzilib edi. Kaltabinligimizni qarangki, biz Rusiya imperatoridan marhamat kutibmiz. Hukumdorga maktub yo‘llabmiz. Maktubni nimaga zarb etganmiz, bilasizmi? Tilla laganga! Umid bilan yo‘lga chiqdik. Safarimiz Toshkanda uzildi. Bizni tutib, inglislarga topshirdilar. Men qochdim. Rusiya hukmdoriga bizning qullikda qolmog‘imiz ma’qul ekan.
— Afg‘onistonning o‘zini mustaqil deb e’lon qiluvi hindlarga ta’sir etmasdan qolmas? Bizning do‘stlik aloqalari o‘rnatuvimiz ozodlik kurashiga qanot bo‘lar?
— Aytganingiz kelsin. Sharq uyg‘onadi, uyg‘onish shodiyonasini ko‘rish bizga-da nasib etadi, bunga ishonaman.
Zikriyo afandi shunday deb jimib qoldi. Asadulla uning o‘yiga xalal bergisi kelmadi. «Uyi, bola-chaqasi yodiga tushdi shekilli», deb o‘yladi. U yanglishmagan edi. Chindan ham Zikriyo afandi uyini esladi. Hindistonda uning bir qizi, xotini, qarib, kuchdan ketgan ota-onasi, besh ukasi, singlisi qolgan. Uyini eslaganda eng avval quchog‘ini ochib, yugurib kelayotgan qizalog‘i ko‘ziga ko‘rinadi. Uyni tashlab chiqqanda qizi besh yoshda edi. Hozir o‘ndan oshgan. Lekin bari bir ko‘ziga besh yoshli do‘mboq qizaloq bo‘lib ko‘rinaveradi. O‘n yoshli qizini tasavvur qila olmaydi.

Qayd etilgan