Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105187 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 8 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:39:20

Afg‘oniston safariga otlangandan beri Zikriyo afandi tinchini yo‘qotgan. U har kuni xayolan uyiga kirib boradi. Yugurib chiqqan qizini dast ko‘taradi. Keyin tiz cho‘kib, avval ota-onasining etaklarini ko‘ziga surtib tavob qiladi. So‘ng onasi uni bag‘riga bosadi... Kim bilan qanday ko‘rishishi bir-bir ko‘z oldidan o‘tadi. Ana shu shirin umid uni Hindiston sari chorlaydi. Zikriyo afandi uch yil burun barcha yaqinlarining vabodan ko‘z yumganligini bilmaydi. Bu dunyoda yakka-yolg‘iz qolganidan bexabar u. Orzu ummonida sarxush suzadi...
Asadulla Kogon bekatida Shuvalovni ko‘rib chehrasi ochildi. Kogonda ularni tantanali suratda kutib oldilar. Bundan Xmarin ham, boshqalar ham hayron edilar.
— Men bu yerga shuning uchun barvaqt keldim-da, — dedi Shuvalov, ularga izoh berib.
— Faqat buning uchun emasdir? — dedi Ushinskiy.
— Buyog‘ini surishtirmang. Ijozat bersalaring, o‘rtoq Mira’lamovni bir-ikki soatga olib ketsam.
— O‘rtoq Shuvalov, — Ushinskiy shunday deb uni qo‘ltig‘idan olib, chetga boshladi, — sizning sirli harakatlaringiz menga yoqmayati. Bolsheviklar orasida sir bo‘lmasligi kerak. Safar natijasi o‘zaro ishonchga ham bog‘liq. Do‘stingiz Mira’lamov kela-kelguncha menga ishonch haqida gapirib keldilar.
Shuvalov bu pichingdan g‘ashi kelsa ham o‘zini tushunmaganga oldi.
— Veniamin Samoylovich, — dedi muloyim ohangda, — bizning hozirgi ishimiz safarga aloqador emas. ChKni qiziqtirgan ishni ovoza qilishga haqqim yo‘q. Endi kelishib olaylik: bundan keyin hamma o‘z ishi bilan mashg‘ul bo‘lsin.
— E, yo‘q, azizim bu anarxiyaga yo‘l qo‘ya olmayman. Har bir ish kollektiv hal qilinadi. Markazkomning topshirig‘iga ko‘ra, safar chog‘ida firqa guruhiga men rahbarlik qilaman. Shuning uchun, o‘rtoq Shuvalov, o‘zboshimchalik qilishni o‘ylamang.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:39:26

Bu gaplardan Shuvalovning xamiri achigandan achidi: «Mira’lamovich to‘g‘ri aytgan ekan, bu odam bilan hamtovoq bo‘lgandan ko‘ra devonaning mushtini yegan afzalroq...»
— Veniamin Samoylovich, menga boshqa gapingiz yo‘qmi? Men hozir muhim ish bilan bandman, Mira’lamovich menga yordam berishi kerak. Xayr, siz bilan kechqurun ko‘rishamiz.
Shuvalovning harbiychasiga shartta gapni uzishi Ushinskiyning e’tiroziga o‘rin qoldirmadi.
— Sog‘intirgan do‘stlaring bilan uchrashishga hushing qalay? — dedi Shuvalov, izvoshga, Asadullaning yoniga o‘tirib.
— Kim ekan?
— «Ulamo»chilarning qolgan-qutganlaridan biri. Sen Hasanxon hazrat degan odamni bilarmiding?
— Ha. Qo‘qon voqeasidan so‘ng izsiz yo‘qolgan edi. Birovlar o‘ldiga chiqardi, birovlar xorijga ketgan dedi.
— O‘lmagan bu hazrat, tirik. Afg‘onistonga ketayotgan ekan. Buyoqqa shoshilganimning sababi ham shu. Afsus, katta baliq to‘rga ilinmadi. Maydaroqlarini ushladik. Bittasi seni tanir ekan. Seni o‘limdan qutqarganmish.
— Kim? Tal’at maqsum emasmi?
— Ha. Gapi rostmi?
Asadulla kulimsiradi.
— Rost, tavba qilishga undagan.
— Endi o‘zi tavba qilyapti, ishonsa bo‘ladimi?
— Tulkining tavbasidan, mug‘ambirning navhasidan qo‘rqish kerak. Yana kim biladi, balki chindan ham tavbasiga tayangandir?
— Hozir shu odam bilan gaplashasan. Hazratning qaerdaligini aytsin.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:39:33

Tal’at maqsum bilan Asadulla sakkizinchi yilda tanishgan edi. Jadidlar safiga qo‘shilgan bu yigit davralarda maorif haqida ko‘p gapirardi. Ana shu sergapligi tufayli ham Asadullada noxush taassurot qoldirgandi. Asadullaning o‘zi kamgap, sermulohaza bo‘lgani sabablimi, ko‘p gapiradiganlarni uncha xushlamasdi. «Ko‘p gapiradiganlar amalda kam ish qiladilar», deb hisoblar edi. O‘shanda ham Tal’at maqsum maorif haqida ko‘p gapirar edi-yu, ammo yangi maktab ochish yoxud ochilganlarida ishlashni o‘ylamasdi.
O‘n yettinchi yilda surgundan qaytgan Asadulla o‘zini yana maorif ishiga urgan edi.
Bahor adoqlay boshlagan pallada odamlar Shayhontahurga oqdi. Mardikordan qutulib kelganlar shu yerga to‘plandilar. Olomon qalqib turgan zamon edi. Siyosatni to‘la anglab yetmagan aholini har kim o‘z maslagi tomon og‘dirish yo‘lida bo‘lardi. Demakki, bunday yig‘inlarda kattayu kichik firqa, to‘da, jamiyatlar yeng shimarib, maydonga tushardi. Kimki xalq dilidagisini topsa — marra o‘shaniki.
Bu yig‘in xabarini eshitgan Asadulla ham boshqa do‘stlari qatori ota mahallasiga kelgan edi. Notiqlardan biri Kerenskiyni alqay boshladi. Xudodan o‘ris askarlariga g‘alaba tiladi.
Bu azamat notiq besh-olti oy muqaddam «podsho imperator a’zam Nikolay hazratlari»ga uzoq umr tilagandir. Zamon o‘zgardi-yu, duoning mazmunini ham o‘zgartirib qo‘ya qolibdi. «Ikki-uch yil vatandan uzoqda, xorlikda, it azobida mehnat qilgan, qancha yoronlarini o‘rmonlar, botqoqlar bag‘riga dafn etib, ko‘zlaridan yosh emas, qon oqqan, muhoriba nima ekanini bilib qaytgan odamlar endi Xudoga nola qilib, Kerenskiyga g‘alaba tilasharmikin? Muhori baning davom etuvi boshdagi kulfat toshlarining ko‘payishiga olib kelishini xalq anglamaydi, deb o‘ylaydilarmi ular?»
Asadulla shu g‘azabnok fikrlar changalida turganida kimdir bilagidan ushladi. Yoniga o‘girilib ko‘rdiki, eski tanishlaridan biri — Tal’at maqsum. Bo‘ydor, yelkador bu yigit qorin qo‘yib yanada basavlat bo‘libdi. Darvoqe, to‘rt yil oldin u kelishgan yigit edi, endi katta kishi kelbatida. Burniga qo‘ndirilgan to‘garak ko‘zoynagi katta yuziga yarashmabdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:39:39

— Asadulla afandim, sizni ko‘rar kun bor ekan-ku, a? — dedi u past ovozda.
Asadulla surgundan qaytganidan keyin ularni ko‘rishga oshiqmagan edi. Tal’at maqsumning bu gapini gina o‘rnida qabul qilib, o‘zini sal noqulay sezdi.
— Vatanga qaytib, rohatda bo‘larman, desam, Toshkandni doshqozonga aylantirib, tagiga o‘t qo‘yib qaynatib yuboribsiz-ku, — dedi u gapni hazilga burib.
— O‘t qo‘ymasak, osh pishmayapti, — dedi Tal’at maqsum, tagdor qilib.
— Jadidlarimizning vazifalari nima: go‘lahlikmi, o‘tin keltirishmi yo haybarakallachilikmi?
— Jadidlar yo‘q endi, «Sho‘roi islomiya» bor.
Asadulla bir zum o‘ylanib qoldi.
— Demak, jadidlarning bari...
— Hammasi emas, yuragida yurt tuyg‘usi qolganlari. Boshqalari o‘zga yo‘llarda.
— Shunday bo‘lishi tayin edi. Yagona maslaksiz birlashuv — qog‘ozni tupuk bilan yopishtirishday gap. Buni endi tushungandirsiz?
— Asadulla afandi, endi maslak bor, aniq yo‘l mavjud. Sizday odamlar rahnamo bo‘lmoqlari kerak.
— «Sho‘roi islomiya»gami? Rahnamolari bor shekilli? — Asadulla shunday deb minbarga imo qildi.
— Sizning kelganingizni Qori akamdan eshituvdim, — dedi Tal’at maqsum, Asadullaning kinoyasiga parvo qilmay. — Siz bilan uchrashish niyatlari bor ekan.
— Sababini bilarsiz?
Tal’at maqsum ayyorona jilmaydi:
— Bilaman. Jamiyatimizga gazit kerak. Bu ishda sizning oldingizga tushadigani yo‘q. Bokuga borib, arabcha harflar olib kelib, gazit chiqarganlaringiz esimizda.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:39:46

Vatan mehri agar bo‘lsa dilingda ishq savdosi,
Otil, nuri ozodliqqa, o‘zingni misli Farhod et... —
degan satrlarni ham unutganimiz yo‘q. Farhodlikdan yuz o‘girmagandirsiz?
— Yuz o‘girganimcha yo‘q... Ammo maqsum, baytni o‘zingizga ma’qul tarzda yodlash odatingiz chakki. Xotirim faromushlik qilmasa, men «nuri ozodlik» emas, «nuri maorifg‘a» deb edim shekilli?
— Ammo maorif — ozodlik yo‘li, shunday emasmi? — Tal’at maqsum Asadulladan javob kutmay davom etdi. — Qori akamning uylarini bilasiz, a, ertaga kutishsinmi?
Asadulla shartta rad javobini bermoqchi edi. Biroq nimadir ushlab qoldi. O‘sha «nimadir»ni keyin ham ko‘p o‘yladi. Lekin anglashga qurbi yetmadi. «Sho‘roi islomiya» gazetidan o‘z maqsadida foydalanmoqchi edi, deyilsa, o‘sha onda bunday fikr uyg‘onmagan edi. Bu fikr oqshomda, depodagi o‘rtoqlari bilan maslahatlashganda yuzaga chiqqan edi. Jadid oshnasining yuzidan o‘tolmadi, deyilsa — kulgili hol.
Qo‘shtutdagi bu uyda Asadulla ilgari bir necha marta bo‘lgan. U Tal’at maqsum yetkazgan taklifni qabul qilgandan keyin bu uyda qanday kutib olinishini ko‘p o‘yladi. Turli tahminlar qildi.
Bularga gazetachi muharrir lozim ekan, Toshkentda gazetachi kammi, qalam ahliga qahat kelibdimi? Nima sababdan Asadulla Mira’lamga xaridor bo‘lib qolishdi? Bir paytlar jadidlar safida bo‘lgani uchunmi? Maorif uchun jon kuydirgani, muallimlar orasida obro‘yi balandligi uchunmi? Bokudan arabcha harflar olib kelib, gazit chiqarganini unutishmagan emish. Unda «Shuhrat» gazetasining yashirin temir yo‘l inqilobiy qo‘mitalar bilan, Orenburgda yashirin chiqadigan «Soldat» degan ruscha gazeta bilan aloqada bo‘lgani, bu faoliyatining oxir-oqibati nima bilan tugagani ham yodlaridan ko‘tarilmagandir?
Qo‘shtutni qoralab yo‘lga chiqqan Asadullaning xayoli shu o‘ylar, gumonlar bilan band edi. U yo‘l-yo‘lakay do‘sti Mirmuhsinnikiga kirib, maslahatlashdi. Shu sababli ham Munavvar qorinikiga kechikib keldi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:39:53

— Surgun degan ofatdan qutulib kelganingiz muborak bo‘lsin, — dedi Munavvar qori unga quchoq ochib. Yaratganing ishiga ba’zan tushunmay qolaman. Sizday donishmand odamga shu azobni ravo ko‘rsa-ya!..
— Arining zahrini chekmagan bolning qadrini bilmas ekan. Surgun bahona Vatan, ozodlik qadriga yetdik.
— Ko‘rganingiz shu bo‘lsin, qani, to‘rga marhamat.
Asadulla bu takallufni inkor etmadi.
— Jadidlikni o‘zingizga nomunosib ko‘rganingizdan so‘ng, safimizda parokandalik bo‘ldi, xabaringiz bor, ko‘p fozillar o‘zga yo‘l tutdilar. Vallohi, bu harakatlarning barchasi chakki, — dedi Munavvar qori. — Negaki, siz O‘rda bo‘yiga Miroboddan kelasiz, men esam Shayxontahurdan. Yo‘limiz bo‘lak, ammo marramiz bir.
— Qirg‘og‘imiz-chi?
— Gap qirg‘oqda emas. Eng muhimi ichadigan suvimiz bir. Ya’ni siz ham millat deysiz, biz ham. Siznig:
«Marizing bir tarafdan, bir tarafdan xorsan — millat!
Badandan doimo qon oldurar bemorsan — millat!» —
dagan satrlaringizni unutganimizcha yo‘q. Endi bemorni davolash vaqti yetdi.
— Millatni johil ulamolar ishtirokida davolamoqchimisiz?
— «Sho‘roi islomiya» — johil ulamolar to‘dasi emas. Bunda ma’rifat deb jon kuydiruvchi do‘stlaringiz ham bor, tijorat ahli, katta-kichik sarmoya egalari, ziyo istagidagi mullalar...
— Mullarlarning ziyo istashini bilmagan ekanman.
— Hammani bir qarichdan o‘lchashingiz chakki. Johil mullalarga mening ham tob-toqatim yo‘q, bilasiz.
Munavvar qori «Sho‘roi islomiya»ning maqsadini tushuntira ketdi. Asadullaning ziyrak fahmi uning bayonidan ko‘p narsani ilg‘ab oldi. «Mmaslaksiz to‘da», deb yanglishibman. Qadamni katta olmoqchi bular. Uchrashganim yaxshi bo‘libdi». Asadulla shu qarorga kelib, hamkorlik qilishga rozilik berdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:40:00

Sarmoya bo‘lsa gazetani chiqarish oson ekan. Asadulla ortiqcha urinishsiz ish boshladi. Mirmuhsin so‘zida turdi: «Ikki tarixiy voqea» degan kattagina maqola yozib berdi. Podsho ag‘darilganini aytib turib, din ahli johilligini fosh etib, «Sharhi mulla»ni yoqishga undagan bu maqolani Asadulla hech bir tap tortmay bosmaga berdi.
Gazeta chiqqan kuni idorasiga to‘rtta chapani yigit kirib, ura-ura uni izvoshga olib chiqdi. Keyin o‘zini zax yerto‘lada ko‘rdi. Maqoladan ba’zilaning norizo bo‘lishini kutgan edi. Ammo bu holga tusharman, chapanilarning mushtini yeb, yerto‘laga tashlanarman, deb o‘ylamagan edi. Baqamti kelganimda norizolarga tushuntirarman, deb bahona tayyorlab qo‘ygan edi. Endi uni kimga aytadi? Uning so‘zlarini tinglasharmikin? Umuman, bu yerdan tirik chiqarmikin? Oilasi ham, depodagi o‘rtoqlari ham endi uni izsiz yo‘qotishdi. Ertalab idoraga ketyapman, deb chiqqan. Boshqa gapni bilishmaydi. Depodagi inqilobiy qo‘mita dindorlarga da’vo qilishi mumkin. Lekin, bular «biz ham yo‘qotib qo‘ydik, o‘zimiz ham garangmiz», deyishsa-chi?
Asadulla xayolan ming ko‘chaga kirib chiqdi, ammo yorug‘lik yo‘lini topmadi. Birdan Mirmuhsinni esladi: uning ahvoli nima kechdi ekan? Unga zug‘um qilishmadimikin? Maqolada nomini yashirib, taxallus bilan chiqarsa bo‘larkan, shu ishi xom bo‘libdi.
Asadullaning suyaklari zahdan zirqirayotgan damda Sebzor ahli eshakka teskari mindirilgan, yuziga qora chaplangan odamni tomosha qilardi. G‘ulomxon qoziga ro‘para qilinganida ham shakkokning tavba o‘rniga: «Sharhi mulla»ni yoqing, odamlar», deb hayqirish, ularga ajab tuyuldi.
Asadulla bu voqeadan bexabar, do‘stining taqdiridan xavotirda edi.
U yerto‘lada qancha o‘tirganini bilmadi. Mo‘ljali bo‘yicha kunni ham, tunni ham o‘tqazdi. Umidlari asta so‘na boshlaganda yerto‘la eshigi ochilib, zinada odam qorasi ko‘rindi. Asadulla to Tal’at maqsum tushib, ovoz bermaguncha uni tanimadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:40:08

... Asadulla Shuvalovning yonida o‘tirib, shularni xayolidan o‘tqazdi.
Kogon turmasidagi tor, zax xonada Tal’at maqsum yolg‘iz edi. Temir panjara bilan to‘silgan tuynukdan yopirilgan nur xonani ojiz yoritib turardi. Tal’at maqsum eshik og‘zida paydo bo‘lgan Asadullani ko‘rdi-yu, hayajondan o‘rnidan turib ketdi. Quchoq ochib, unga peshvoz yurdi.
— Mahbus, joyingizga o‘tiring!
Soqchining dag‘al tovushi uni to‘xtatdi.
— Asadulla afandi, siz meni yaxshi bilasiz, maslakdosh edik, men jinoyatchi emasman, muallimman, ayting ularga.
— Muallimligingizni kech, juda-juda kech eslabsiz, Tal’at maqsum.
— Gapirmang, Asadulla afandi, gapirmang, boshim tars yorilib ketadi hozir. Istasangiz yalinay, istasangiz oyog‘ingizga bosh uray, tavbamni yetkazing ularga, Toshkandimizga qaytarishsin, maorif ishidan bo‘lak yumushlarga bosh suqmayman. Maorifdan o‘zgasini o‘ylasam, kalomullo ursin! Xizmatingiz evaziga bir sir aytaman sizga.
— Ayting.
— Avval va’da bering.
— Maqsum, savdolashmaylik, aytgingiz bo‘lsa ayting, bo‘lmasa yo‘q.
U ikkilanib o‘yga toldi. Nihoyat, bir qarorga kelib, tilga kirdi:
— Vakolangizda g‘ayri fikrli odamlar bor.
— Kim?
— Ikki kishiligi ma’lum menga, ammo nomlarini bilmayman.
— Maqsadlari?
— Vakolangiz Kobulga yetib bormasligi kerak.
— Bizning aynan shu kunlarda yo‘lga chiquvimizni qaerdan bildilaring?
— O‘sha odamlardan.
— Siz o‘zingiz nima qilib yuribsiz, bu yerlarda?
— Manzilimiz Buxoro edi.
— Shuginami?
— ...
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:40:15

— Yashirmang, Tal’at maqsum. Siz Buxoroni ziyorat qilgali kelmagansiz. Hazrat qani?
— Hazratni ko‘rmadim. U boshqa, biz boshqa yo‘l bilan borishimiz kerak edi.
— Nima uchun?
— Nima uchun bo‘lardi, sizlarni chalg‘itish uchun-da.
— Sizning vazifangiz nima edi?
— Biz Turkistonning kofirlar zulmidan azob chekayotganiga kafolat berishimiz lozim edi.
— Kimga?
— Afg‘on amiriga... Istasangiz, yana bir sir aytay sizga... Uyingizni Muhiddin degan yigit yoqqan.
Bu gapni eshitib, Asadulla uzoq o‘y surdi, so‘ng ijaraga boshpana so‘ragan yigitni esladi: «Yuzida chandig‘i bor edi shekilli?»
— O‘sha odamning yuzida chandig‘i bor edi-a? — deb so‘radi Asadulla. — Shundaymi, a?..
— Ha, bor, uni taniysizmi?
— Taniyman... — Asadullaning boshi qizib, ko‘kragida sanchiq turdi, qo‘l-oyog‘i darmonsizlandi. Picha o‘tgach, chuqur nafas olib, og‘riqdan bir oz holi bo‘ldi.
— U «Ulamo»ning o‘sha hukmini bajarmoqchi bo‘lgan, baxtingiz bor ekan, qutulib qolibsiz.
«Baxtingiz bor ekan?..» Asadulla bu gapni eshitib, dodlab yuboray dedi. Baxti bor ekanmi? Bu baxtning nima keragi bor unga? «Ulamo»ning hukmini ijro qilibdimi u iblis? O, bilganda edi, ularning bu qadar razilliklarini, bu qadar vahshiyliklarini bilganda edi. «Ollohga shak keltirgan Asadulla Mira’lamning jazosi — o‘lim», deb hukm qilganlarida to‘g‘ri borib kundaga boshini qo‘yib bermasmidi?
Hozir g‘azabga, xotiralar oloviga beriladigan payt emas edi. Asadulla chuqur-chuqur nafas olib, o‘zini bosdi.
— Tal’at maqsum, siz ko‘p narsalarni bilasiz, ammo aytgingiz yo‘q. So‘roq qiluvchi o‘rtoqqa yashirmay ayting hammasini. Bo‘lib o‘tgan ishlardan ham, rejadagilarni ham. Men siz bilan uzoq qola olmayman.
— Va’dangizda turasizmi, meni Toshkandimizga qo‘yib yuborishadimi?
— Tal’at maqsum, men ularga kafolat beraman. Jinoyatlardagi ulushlaringizga qarab, ajrim qilishadi.
— Bu — nohaqlik! Siz o‘ch olyapsiz!

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:40:23

— Maqsum! — Asadulla baqirib yuborganini o‘zi ham bilmay qoldi. Eshik ochilib, soqchi ko‘rindi. Asadulla, badaniga titroq yugurgan bo‘lsa ham o‘zini bosib gapirdi: — Tal’at maqsum, birgina mening uyim kuygan bo‘lsa mayliga edi. Bir qarang atrofingizga, qancha-qancha yoziqsiz mazlumlarning uyi kuydi ekan. Uyaling, shunday deyishga, — Asadulla shart burilib, dahlizga chiqdi.
Asadulla Shuvalovning yoniga kirib, bo‘lgan gaplarni aytdi.
— Ikki odam bor ekanmi? Kim bo‘lishi mumkin? — dedi Shuvalov.
— Biri Irisov, bunga shubham yo‘q.
— U... Toshkentda qolmadimi?
— Biz bilan qaytyapti.
— Toshkentda hech kim bilan uchrashmagan. O‘rtoqlar kuzatishdi. Qiziq... nimaga qaytyapti?
— Afg‘onlar hali-beri yo‘lga chiqishmaydi. Shuning uchundir?
— Bo‘lsa bordir. Lekin sen bilan birga qaytishi... «Men Irisov emasman, bilib qo‘y, men sen bilan birgaman, sendan qo‘rqmayman», deganimi yo? Demak, azizim, yo‘lda zerikmas ekanmiz. Xo‘-o‘sh, ikkinchisi kim?
— Shunga boshim qotdi?
— Ushinskiymi?
— Undan nimaga shubhalanyapsiz?
— Hamma narsadan xabardor bo‘lishim kerak, deyapti-ku? Yo Xmarinmi? U biz uchun sinalmagan odam. Balki muhojirdir?

Qayd etilgan