III b o b
TAHLIKALI KUNLAR
1
Asadullaning ham, Shuvalovning ham tundlashib qolganini Ushinskiy sezdi. Asadullaga bir-ikki savol berib, tayinli javob ololmagach, toqati toq bo‘ldi. Chorjo‘yga yetishgach, Shuvalovning: «Yuklarni tushirmay turinglar», degan gapini eshitib, sabri chidamadi.
— O‘rtoq Shuvalov, nima gapligini balki bizga tushuntirib berarsiz? — dedi u istehzo bilan.
— Tushuntirib beraman, Veniamin Samoylovich, elchi bilan maslahatlashib olay-chi?
— Elchi bilan birgalikda maslahatlashamiz.
Shuvalov: «Bu qanaqasi?» — degan savol nazari bilan Asadullaga qaradi.
— Paysalga solmaylik, — dedi Asadulla, — tezdan bir fikrga kelib olishimiz kerak.
Uchovlari oldinma-keyin Xmarinning kupesiga kirdilar. Kiyimlarini jomadonga joylayotgan elchi bundan hayron bo‘ldi.
— Nikolay Zaxarovich, — dedi Shuvalov, — safarni qaysi yo‘l bilan davom ettirishni o‘ylab olishimiz kerak.
— Nimasini o‘ylaymiz, yo‘limiz aniq belgilangan. Bu yerda paroxodga o‘tiramiz, keyin Karki...
— Nikolay Zaxarovich, men faqat harbiy maslahatchi emasman, balki shu safar xavfsizligini ta’minlashga ham javob beraman. Shu sababli belgilangan yo‘lni o‘zgartirishni taklif qilaman.
— Sabab? — dedi Xmarin ajablanib.
— Ha, sababini ayting, — dedi Ushinskiy oraga suqilib.
Shuvalov yo‘l-yo‘lakay mulohaza yuritib, orada g‘ayri maqsadli odamlar borligini aytmaslikka qaror qilgan, bularning shunday savolni o‘rtaga qo‘yishlarini hisobga olib, javobni ham tayin qilib qo‘ygan edi, shu sababli kalovlanib o‘tirmadi:
— Biz Buxoro amiri yerlaridan o‘tib borishimiz kerak. Bunga amirning ruxsatini olgan bo‘lsak ham, yo‘limiz xatarli. Kutilmagan hodisaga duch kelishimiz mumkin. Bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, safarimizni to‘xtatishga qaratilgan harakatlar mavjud. Ular bizni aynan shu Karki yo‘lida kutishlari mumkin. Chunki, birinchidan, bu eng yaqin yo‘l, ikkinchidan, yurar yo‘limiz ularga ma’lum bo‘lishi kerak.