— Qirilib bitishdan o‘zi asrasin, bekbobo, yaxshi nafas qiling. Turkmanlarning baxti ochilib ketsa ajabmas. Bekbobo, ruslarning zulmini o‘zingiz ko‘rdingizmi?
— Zamin bevafo bo‘lib qoldi, bolam, hech kimga ishonolmaymiz! Mana sen musulmonsheva ekansan, gaplaring ma’nili, ammo ishonmayman. Hozir yaxshi gaplar gapirib, Karkidagi birodarlaringga yarog‘ olib ketayotgandirsan? Kemaning dumida zambarak ko‘rdim?
— Yarog‘imiz bor, ammo zinhor ko‘makka borayotganimiz yo‘q. Karkida turkmanlarga zulm qilinganini sizdan bilib, hayratda qoldim. Bunday bo‘luviga sira ishonmayman. Sizlarni aldashgan. So‘zimga inonmasangiz, mayli, kemani bunda qoldirib, o‘zimiz qayiqqa o‘tirib boraylik manzilimizga.
— Bo‘lmaydi, bolam, qayiq tugul chibinni ham o‘tkazmaymiz. Biz o‘tkazsak-da, narida boshqalar bor. Nobud bo‘lishingiz tayin.
— Bekbobo, unda bizning Afg‘onistonga safarimiz nima bo‘ladi? Biz urush bo‘lmasin, musulmonlarning qoni behuda to‘kilmasin, musulmonlarning ham bag‘riga shamol tegsin, o‘zining nonini o‘zi yesin, boshqalar tortib olmasin, degan kelishuvni afg‘on amiriga yetkazmoq uchun xayrli safarga chiqib edik.
— Gaping chinmi?
— Bekbobo, sizni aldamoq gunoh emasmi?
— U holda... Kemadan tushinglar. Elchiga o‘lim yo‘q. Yarog‘laringni bizga beringlar. Biz sizlarni ot-arobaga o‘tqazub, bir kecha-kunduzda sarhadga yetkazib qo‘yamiz.
— Ichimizda o‘ruslar ham bor, ular-chi?
— Kim bo‘lsa bo‘lsin, odam ayirmaymiz.
— Bekbobo, o‘zingizni urintirmay, bizlarni o‘tkazib yubora qolmaysizlarmi?
— Bolam o‘zbekmisan, o‘zbeklar o‘jarmas-ku? Men senga bog‘ona aytdim. Karkiga bora-borguncha askar ko‘p.
— Bekbobo, u holda men kemaga qaytib, birodarlarim bilan maslahat quray. Balki yoningizga qaytarman.
— Turkman bobongning gapiga kir. Nobud bo‘lasan yo‘qsa.