Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105380 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:59:59

Keyingi gap Mirza Qandilxonga ma’qul kelib, yayrab jilmaydi:
— Savob yumushlarga alohida ijozat joiz emas. Hoziroq boshlab boraman.
— Veniamin Samoylovich, Vitaliy Sergeevich bu yerda ulug‘ odamlarnnig maqbaralari bor. Istasangiz, borishingiz mumkin.
— Men boraman, — dedi Sinelnikova qat’iy ohangda.
— Men ham borishim mumkin, — dedi Ushinskiy.
— Veniamin Samoylovich, siz men bilan bog‘da qolsangiz, iltimos, kechki ziyofatda so‘zlaydigan nutqimni bamaslahat tayyorlasak, — dedi Xmarin.
Ushinskiy o‘zi kutmagan qopqonga bexos tushib qoldi.
Ularni Bog‘i shohida qoldirgach, foytunlar Alisher Navoiy maqbarasi tomon yo‘l oldi.
— Navoiyni eshitganman, ammo she’rlarini bilmayman, — dedi Sinelnikova.
— O‘ruscha o‘gurmasi yo‘qdur-da, — dedi Asadulla. U hozir suhbatlashadigan ahvolda emasdi. Nazarida maqbarani ziyorat qilgani emas, balki Navoiy bilan yuzma-yuz uchrashishga borayotganday edi.
— She’ridan o‘qib bering.
Asadulla darrov javob bermadi. Ayol ham uni shoshirmadi.
— Bitta baytini aytib beraman:

Bu gulshan ichraki yo‘qtur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur, chiqsa yaxshilik bila ot.

— Bu nima degani?
— Bu deganiki... dunyoda abadiy narsa yo‘qdur, hech narsa boqiy emas, yaxshilik bilan nom qoldirishgina abadiydir.
— Dono gap ekan, — dedi Shuvalov, uning so‘zlarini diqqat bilan tinglab.
— Siz o‘zingizga sodiqsiz, Asad Mira’lamovich, shu yerda ham falsafiy she’r aytdingiz. Nima, Navoiyning ishqiy she’rlari yo‘qmi?
— She’rlar nima ekan, dostonlari bor, — dedi Zikriyo afandi suhbatga qo‘shilib.
— Qani ayting-chi...
— Asadulla afandi turganlarida... meni ma’zur tutasiz.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:00:07

Asadulla bu xonimdan qutula olmasligiga aqli yetib, bir bayt aytdi:

Agarchi ishq aro bo‘ldi mubaddam kufr ila dinim,
Ne g‘am, chun poklik rasmidurur bu ishda oyinim...

Sinelnikova bayt tarjimasini eshitib, kulimsiradi.
— Ishqiy she’r, ammo bari bir, falsafasi kuchliroq.
— Siz ishq bilan falsafani ayri-ayri qo‘yasizmi?
Shuvalovning bu xilda nozikta’b bilan savolga tutishi Sinelnikovani sal gangitib qo‘ydi.
— Nimaga endi, — dedi u Shuvalovga jilmayib qarab. — Sevgi — eng murakkab falsafa. Chaqilmagan yong‘oq, uni hamma ham chaqavermaydi.
Shuvalovning savoli Sinelnikovani chalg‘itib, Asadullaning joniga ora kirdi.
Foytun maqbaradan ancha berida to‘xtadi. Asadulla pastga tushib, maqbaraga tikilgancha harakatsiz qoldi. Keyin hamrohlariga e’tibor bermay, bir-bir bosib yurdi.
Zikriyo afandi unga ergashmoqchi bo‘lgan Sinelnikova bilan Shuvalovni to‘xtatdi.
— Nima, bu yerga ham kirish mumkin emasmi? — dedi ayol norozi ohangda.
— Mumkin, xonim, faqat keyinroq boraylik. Aftidan, Asadulla afandi sehrlanib qoldilar, xalal bermaylik.
Asadulla nuray boshlagan maqbaraga yaqinlashib to‘xtaganini, keyin tiz cho‘kkanini o‘zi ham sezmay qoldi. Uning ko‘zlari sag‘nada edi: nahot buyuk bir odam shu sovuq tosh ostida yolg‘iz yotgan bo‘lsa, nahot bu sovuq toshlar suyaklarini ezib turgan bo‘lsa... Shu xayoldan eti seskandi.
Bolaligida g‘aroyibotlar, sehrgarlar haqida ko‘p ertak eshitgan edi. Bu g‘aroyibotlar, bu sehrgarliklar haqiqat emas, xayolot mahsuli ekanini bilsa-da, hozir ko‘ngli shunday bir sehrgarlik istadi. Uning nazarida buyuklarning bu holda jonsiz yotishi insofdan emas. Qani o‘sha sehrgar hozir paydo bo‘lsa, bu toshlarni uloqtirib tashlasa, shoirga jon bersa, o‘sha baqo gulshanidan tashvishli dunyoga qaytarsa...

«Ajab saodat erur, chiqsa yaxshilik bila ot...»

Shunday boqiylik egasi jonsiz yotsa... qanday bedodlik bu!..
Asadulla alhol barcha narsani unutgan edi. U uchun hozir faqat bir inson — Alisher Navoiy mavjud edi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:00:16

4

Kechki ziyofat chog‘ida noibning bir tomonidan Xmarin, ikkinchi tomonidan Asadulla joy olgach, ularga lutfu karamlar ko‘rsatildi. Taomlar keti uzilib, choyga navbat kelgach, noib Asadullaga yuzlandi.
— O‘g‘ri qatl etildi.
— Xabarim bor, noib sohib, qo‘lingiz shariat hukmida qattiq ekan.
— Mahbusingizni so‘roqqa tutdim. Qodir og‘a hazratning ayg‘oqchilaridan ekani aniq. Uni Kobulga yetkarmoq istagidamisiz? Men rizoman.
— Tashakkur, noib sohib. Ijozatingiz bilan so‘rog‘imni so‘rasam... Qodir og‘a hazrat... amir saroyida e’tibori zo‘rmi?
— E’tiborimi?.. Sizga aniq javob qaytarmoqqa ojizman. Hazratning rahmatli amir Habibulloxon zamonida e’tibori baland edi.
— Badniyat emasmi?
Noib ul hukuma bu savolga javob berishdan bo‘yin tovlab, suhbat mavzuini boshqa yoqqa burib yubordi:
— Safaringiz xatarnok bo‘libdi, menga aytdilar. Endi sizlarni qaysi yo‘ldan yo‘llasam ekan? Kobulga uch yo‘l mavjud.
— Bu sizning ixtiyoringizda, noib sohib.
Noib qalin, moshguruch soqolini silab, ancha o‘ylandi. Keyin birdan qarsak chalgan edi, ziyofat ahli jim bo‘ldi.
— Yozuq dasturxonli uy — kuni doim to‘y. Azizmonlarga dasturxonimiz hamisha yozuq, kunimiz faqat to‘y. Biroq bularga Kobulda ilhaqlik ila ko‘z tikkanlarki, yo‘lga uzutuvdan o‘zga choramiz yo‘qtur. Ma’lumingizkim, Hirotdan Kobulga uch yo‘l bo‘lub, biri Kandahor yo‘lidurki, ellik olti rabot bo‘lib, masofatan ming sakkiz yuz qirq olti chaqirimdur. Yana biri Hazora yo‘lidurki, o‘ttiz bir rabot bo‘lub, masofatan ming chaqirimdur, uchinchi Mazori Sharif yo‘lidurki, masofatan ming besh yuz ellik olti chaqirimdur, qirq olti rabotdur. Ko‘rdingizki, Hazora yo‘li eng yaqin, biroq azizmonlarni bu tog‘liq xavfli yo‘lga yo‘llashga ko‘nglum chopmaydur. Yiroq bo‘lsa bo‘lsun, azizmonlar beshikast yetmoqlari uchun Mazori Sharif yo‘lini tanladim. Olloh azizmonlarning yo‘llarini oq qilub, o‘z panohida asragay, omin. Tong bilan chopar yo‘lga chiqub, Mazori Sharif noibiga nomai muboragimizni yetkazgay.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:00:24

Ertasi kuni nonushtadan so‘ng vakola hay’atini noib yo‘qlatdi. U Chorbog‘dagi xonasida yolg‘iz edi. Shundan bildilarki, noib faqat o‘zini qiziqtirgan muammolar xususida suhbat yuritmoqchi. Noib suhbatdan qanoat hosil qilmadi. Chunki ko‘p muammolar, xususan, Rossiyaning bermagi mumkin bo‘lgan yordamlari faqat amirga aytilgusi, faqat amir bilangina hal etilguchi muammolar ediki, noibga bularni bildirib, to‘ydan oldin nog‘ora qoqmoqqa haqlari ham yo‘q edi, lozim deb ham bilmadilar.
Bog‘i shohiga qaytishgach, bir ozdan so‘ng, Xmarin Asadullaning xonasiga kirib keldi:
— Muhojir qani? — dedi u asabiy tarzda.
— Men siz bilan birga edim.
— Muhojir ham, Valya Sinelnikova ham yo‘q. Qayoqqa ketgan bo‘lishlari mumkin?
Savol javobsiz qoldi.
Zikriyo afandi bilan Sinelnikova hech qaerda yo‘q edi. Ular tushlik taom vaqtida ham ko‘rinmadilar.
— Bir yoqqa ketishga bo‘lsa tushlikka yetib kelishadi, — dedi Xmarin, so‘ng Mirza Qandilxonga borib, voqeani bayon qildi.
Ularning chiqib ketgan-ketmaganidan sarbozlar ham bexabar edilar. Birpasda hammayoq taloto‘p bo‘lib ketdi.
Boshi tosh bilan urib majaqlangan Zikriyo afandining jasadini, ko‘ylaklari poralangan, tomoqlari tishlanib, rangi bir ahvolga tushgan Sinelnikovani oqshomga yaqin olib kelishdi.
Tuni bilan ko‘zlariga uyqu ilinmadi.
Tongda Zikriyo afandini, Vatani hajrida o‘rtanib yongan, sargardonlik zahridan bag‘ri kuyib, adoyi tamom bo‘lgan, yurti saodati abadiyasiga bir ishonib, bir ishonmay yurgan hind inqilobchisini Hirot tuprog‘iga qo‘ydilar. Bu, ayniqsa, Asadulla uchun musibatli va alamangiz bo‘ldi.
Qabrga tuproq tortilib, odamlar tarqay boshlaganda ham Asadulla harakatsiz turardi. Asadulla Zikriyo afandi bilan bir necha haftagina hamsuhbat, hamroh bo‘ldi. Ana o‘sha birgalikda o‘tgan kunlar ikki pokiza dilni bog‘ladi. Zikriyo afandi Asadullaga Hindiston haqida, oilasi, birodarlari haqida so‘zlab bergan edi... Bu so‘zlarni Asadulla keyinroq, Zikriyo afandini o‘ylagan kezlari eslaydi. Hozir, qabr yonida, marhumning kuyinib aytgan gaplari qulog‘i ostida jaranglaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:00:47

«Men ko‘p narsani da’vo qilmayman. Yurtim ozod bo‘lsa bas. O‘zim osmonni sevsam deyman. Yerni, so‘ng shu tuproqda yurgan barcha odamlarni, bor beg‘uborligi, bor fazilatlari, hatto bor qusurlari bilan sevsam deyman. Boshqa ilinjim yo‘q mening...»
Dafn marosimidan qaytishgach, Sinelnikova bor gapni aytib berdi: Zikriyo afandi uni bozorga borishga ko‘ndiribdi. «Kecha bozorni ko‘rmay qolgan edingiz, men ham ul-bul xarid qilishim kerak», debdi. Bozorni ko‘rolmay qolgani Sinelnikovaga alam qilgan ekan, ko‘nibdi. Bozor yo‘lidagi jinko‘chada ularning yo‘lini uch-to‘rt afg‘on to‘sibdi... Zikriyo afandi chorasiz qolibdi...
Afg‘onlarning ma’lum qilishicha, voqea sodir bo‘lgan uy tashlandiq emish. Buni eshitib, Shuvalov o‘ylanib qoldi: «Bu tasodifmi yo yo‘l poylashganmi?»
Shu voqea sabab bo‘lib, yo‘lga chiqishlari yana bir kunga kechikdi.
Kobul sari yurib, ikkinchi rabotga qo‘nishganda shakl-shamoyili, fe’l-atvori afg‘onlardan butkul farqlanuvchi, yuz tuzilishi Turkiston qirg‘izlarini eslatuvchi odamlarni uchratib, Asadulla ajablandi. Asli mo‘g‘ul bo‘lib, Bobur zamonida ham mo‘g‘ul tilida gaplashgan, keyinchalik forsiylashgan bu xalq to‘g‘risida eshitgan edi. Lekin ular Mazori Sharif yo‘lida emas, o‘z nomlari bilan ataluvchi Hazora yo‘lida yashashlarini ham bilardi. Uch-to‘rt hazora bilan gaplashgach, Shuvalovni ogohlantirdi.
— Demak, noib ham bir nimadan hadiksiragan. Kimlarnidir chalg‘itmoqchi bo‘lgan, — dedi Shuvalov. — Demak, hali ham xatarda ekanmiz.
Erta saharda afg‘onlar besaranjom bo‘lib qolishdi. Kun yoyilay deganda rabotga G‘ulomqodir kirib keldi. Otga o‘ngargan odamni xuddi uloq tashlaganday Mirza Qandilxon oyog‘i ostiga tashladi.
— Qochgan ekan, sohib, kimdir birov arqonlarni kesibdi, xanjar ham beribdi qo‘liga, — u shunday deb kumush sopli xanjarni uzatdi.
Asadulla uni tanidi: Parvona yo‘lida turkman bergan xanjar...
Xanjarni Ushinskiy ham tanib, Asadullaga savol nazari bilan qattiq tikildi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:00

Qalandar o‘ziga kelib qimirladi. G‘ulomqodir uni yelkasidan changallab, qaddini ko‘tardi.
— Nimaga qochding? — dedi Mirza Qandilxon, unga o‘qrayib. Aftidan, tepkilaydigan ishtahasi bor edi-yu, mehmonlar izzatini qilib, o‘zini bu ishdan tutayotgan edi.
— Sohib buyurdi, — dedi qalandar, unga qo‘rquv bilan javdirab qarab.
— Qaysi sohib?
— Qalandar o‘girilib, Xmaringa tikildi.
— Ana u...
Hamma yalt etib Xmaringa qaradi. Xmarin avvaliga tushunmadi. Keyin birdaniga rangi quv o‘chib ketdi. Lablari titradi. Qalandar tomon bir-ikki qadam bosdi. So‘ng to‘xtab, Mirza Qandilxonga o‘qraydi.
— Bu ne tomosha, Mirza Qandilxon?! — dedi baqirib.
— Bu ne tomosha ekani menga- da, ayon emas, sohib, — dedi Mirza Qandilxon g‘azabini yashirmay.
— Shundaymi?.. — Xmarin qalandar ustiga bostirib bordi. — Sen nimasan o‘zing, qalandarmisan, ayg‘oqchimisan yo alayhilla’namisan, seni kim qochirdi, kim xanjar berdi, ayt!
Qalandar bir oz hadiksiragan holda Xmaringa qarab turaverdi.
— Ayt! — dedi Xmarin, jonholatda qichqirib.
— Siz, sohib...
— Shundaymi... xo‘sh, nimaga qochirdim?
— Mazori Sharif yo‘lidan adashganimizni yetkaz, dedingiz.
— Nima?! — Xmarin Mirza Qandilxonga savol nazari bilan qaradi: — Qaysi yo‘ldan boryapmiz?
— Hazora yo‘li bu, sohib.
— Bu qanaqasi!!! Bu qanaqasi, deyapman?!
— Sizlarni Kobulga beshikast yetkazmoq maqsadida bo‘ldi bu.
Asadulla Xmaringa yaqinlashib, uni bilagidan ushladi:
— Nikolay Zaxarovich, yuring, gaplashib olaylik,— Asadulla shunday deb Mirza Qandilxonga qaradi. — Biz kengashib olmog‘imiz shart. Qalandarga biror kori hol bo‘lmasin. U yolg‘on so‘zlayapti.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:07

Chodir og‘zida paydo bo‘lgan Sinelnikova qalandarga ajablanib qarab qoldi. To‘rtovlon ayolga e’tibor bermay Shuvalovning chodiriga kirdilar. Asadulla qalandarning gapini bayon qildi.
— Bir narsaga hayronman, — dedi Ushinskiy, — xanjar sizniki edi shekilli, Asadulla Mira’lamovich?
— Ha, meniki edi. Lekin men uni Nikolay Zaxarovichga hadya qiluvdim.
— Qiziq.. hadya birovga oshirilmas edi shekilli?
— Men iltimos qildim, — dedi Xmarin, uning gapini shart bo‘lib. — Men noyob qurollarga o‘chman. Toshkentda yigira uch xanjarni qoldirib kelganman. Asadulla Mira’lamovichni tinch qo‘ying, agar o‘sha la’nati qalandarning gapiga ishonsangiz, mana, meni jazolang.
— Nikolay Zaxarovich, jazolash haqida gap bo‘lmayapti-ku? — dedi Shuvalov bosiqlik bilan. Uning xotirjamligi majlis ahlidagi botiniy asabiylikning portlab, zohirga chiqishiga yo‘l qo‘ymadi.
— Afg‘onlar Hazora yo‘lidan borajagimizni atay yashirishgan, — deb davom etdi Shuvalov, — buning uchun ulardan o‘pkalash kerak emas.
— Siz bilarmidingiz? — deb so‘radi Ushinskiy.
— Kecha ma’lum bo‘ldi, Mira’lamovich aytdi, yo‘lovchilar bilan gaplashib bilibdi.
— Demak, faqat ikkovingiz bilgansiz... Qiziq... Nikolay Zaxarovich, yo‘lga chiqadigan kunimiz nima uchun noibga uchrashdingiz?
— Noibning o‘zi yo‘qlatuvdi. Yo‘qlamagan taqdirda ham borar edim. Diplomatiya rasmi shunaqa.
— Shunaqami? Noib nima dedi?
— Oq yo‘l tiladi... tashviqot yurgizmanglar, dedi. Rossiyadagi ishchi-dehqon qo‘zg‘oloni haqida gapirishni man qildi.
— Nima uchun buni o‘sha vaqtda bizga aytmadingiz?
— Aytganim bilan boshqacha tushunardingiz.
— Nikolay Zaxarovich, iltimos, chodiringizda bo‘lib tursangiz. Firqa guruhi kengashib olishi kerak.
— Qaytib ketishga tayyorlanaveraymi?
— Nikolay Zaxarovich, — Shuvalov shunday deb, uni yelkasiga qo‘lini qo‘ydi. — Yosh bola emassiz-ku, a?
— Vitaliy Sergeevich, elchiga juda mehribon bo‘lib ketibsizmi? — dedi Ushinskiy, Xmarin chiqib ketgach.
— Veniamin Samoylovich, biz afg‘onlar yeridamiz. Har bir harakatimiz ularning kuzatuvida. Har bir so‘zimizga quloq tutishadi. Oramizdagi ixtilofni sezishsa, safarimizdan durust natija chiqishi qiyin.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:14

— Janob Xmarinning xatti-harakatlari boshidayoq menga shubhali ko‘ringan. Hamma shubhalar tasdiqlandi: avval Karki yo‘liga boshladi, pistirmaga duch keldik, keyin mana bu voqea. Men uni elchilikdan chetlashtirishni taklif qilaman. Bolshevik sifatida unga ishonchsizlik bildirishimiz zarur.
— Taklifingizga qo‘shilmayman, — dedi Asadulla, — uni elchilik huquqidan mahrum qila olmaymiz. Yorliq uning nomiga yozilgan. Moskvadan favqulodda muxtor elchi yetib kelguncha Afg‘oniston amiri bilan faqat shu odamgina Rossiya hukumati nomidan gaplasha oladi.
— Veniamin Samoylovich, shubhangizga ham, taklifingizga ham qo‘shilmayman. Karki yo‘lidan borishga siz ham undagansiz, esingizdami? Qalandarning gapiga kelsak... U sizni yoki meni ham ko‘rsatishi mumkin edi. Nikolay Zaxarovich qaysi yo‘ldan ketayotganimizni bilmay turib, qanaqasiga uni Mazori Sharifga yuboradi? — dedi Shuvalov.
— Bilgan bo‘lsa-chi? — deb bo‘sh kelmadi Ushinskiy.
— Bilmagan. Bunga ishonaman. Xo‘p, deylik, u bizni yana pistirmaga ro‘para qilmoqchi bo‘lgan. Bu unga nima uchun kerak? Avvalo atrofimizda o‘zimiznikidan tashqari afg‘on askarlari ham ko‘p. O‘zimizni himoya qila olamiz.
— Yengil o‘ylamang, Vitaliy Sergeevich, hamma narsa bo‘lishi mumkin. Shuning uchun taklifimni kun tartibidan olmayman.
— Xohishingiz. Ovozga qo‘ying bo‘lmasa.
— Ovozga qo‘yaman: demak, ikki kishi qarshi... Yaxshi. Ilojim qancha. Ziyraklikni yo‘qotib qo‘yibsiz o‘rtoqlar, ogohlantiraman. Elchining begunohligini isbotlash uchun qalandarni so‘roq qilishingizni qat’iyan talab qilaman.
— Veniamin Samoylovich, buni afg‘onlarga qo‘yib beraylik. Bizga bari bir aytmaydi.
— Sizning beparvoligingiz meni hayratga solyapti, chekist bo‘lganingizga ishongim kelmay qolyapti.
— Men vazifamni unutganim yo‘q. Ichimizda sotqin yo ayg‘oqchi bo‘lsa mendan qochib qutulolmaydi, ishonavering.
Kengash shu tarzda tez va besamar yakun topdi. Ushinskiy chodirdan norozi qiyofada chiqib ketdi. Asadulla bilan Shuvalov qo‘shni chodirga kirishdi.
Xmarin xanjarni jomadondan kim, qachon olgan bo‘lishi mumkinligini bilolmay boshi garang ekanini aytdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:21

— Nikolay Zaxarovich, kotibangiz... forschani tushunadimi?
— Valentina Nikolaevnami?.. Yo‘q, nima, siz undan shubhalanyapsizmi?
— Yo‘q, shunchaki so‘radim. Ha, yana bir narsani so‘rasam: Valentina Nikolaevnani ko‘pdan bilasizmi?
— Ha. Petrogradda tanishganman. Bama’ni oilaning farzandi. Otasi injener. Bu oila siyosatga aralashmas edi. Valyani Toshkentda uchratib qoldim. Otasining izidan kelgan ekan, otasi qo‘zg‘olondan keyinoq uyiga qaytgan ekan. Moskva yo‘li berkilgach, Valya chorasiz qolib, Tashqi ishlar nozirligida ishlayotgan ekan. Safarga uni men taklif qilganman. Undan shubhalanishingiz... qiziq, o‘zi bu ahvolda bo‘lsa-yu... U yengiltak ham emas, ishoning. Faqat Ushinskiy xiralik qilib joniga tekkan. Men nafratlanaman bundaylardan. Rossiyaning sharafini bulg‘ashadi bular.
— Nikolay Zaxarovich, bu ishni sizningcha kim qilgan bo‘lishi mumkin? Har holda qalandar qochgan, endi sizga tuhmat qilyapti. Maqsadi nima?
Xmarin: «Rost gapiryapsizmi?» — degan qarash bilan Asadullaga tiqildi.
— Ha, tuhmat bu, — deb ta’kidladi Asadulla, — unga ishonchimiz yo‘q.
— Rahmat, janoblar... Meningcha bu... afg‘onlarning ishi ham bo‘lishi mumkin.
Shamol bulutni, bulut yomg‘irni haydab kelganidek, muammo muammoni boshlab kelaverdi. Muammo osmonini timqora bulut bosdi — yomg‘ir yog‘adimi, do‘lmi, qormi, noma’lum edi. Bulutning tomchi tashlamay o‘tib ketishiga ham umid bor edi.
Asadulla tashqariga chiqib, G‘ulomqodirni izladi. Chodirlar ortida otga yem berayotgan sovarni topib, gapga soldi. G‘ulomqodir ot kishnashidan uyg‘onib ketganini, keyin uzoqlashayotgan chavandoz sharpasini ilg‘ab, izma-iz quvganini gapirib berdi. Shundan so‘ng Asadulla Mirza Qandilxonga uchrab, qalandar so‘zlari tuhmat ekanini, elchidan bunday nopok xatti-harakat gumon qilishning o‘ziyoq gunoh ekanini aytdi.
Mirza Qandilxon «qalandarning qornini yorib bo‘lsa ham, haqiqatni oydinlashtirishga» va’da berdi.
Asadulla chodiriga qaytayotganida ko‘kragida qo‘qqis og‘riq turib, nafasi siqildi. Ko‘z oldi qorong‘ilashib, boshi aylandi. Chodir qozig‘iga uzatilgan qo‘l muallaq qolib, behol yiqildi.
Ko‘zini ochganda o‘zini chodirda ko‘rdi. Shundaygina yoniga afg‘on tabib chordana qurgan. Sal narida vakola hay’ati — bari jam bo‘lgan.
— Ollohga shukr, dard forig‘ bo‘ldi, — dedi tabib,— sohib, andak horigansiz, hordiq chiqarmog‘ingiz darkor ekan.
Asadullaning betobligi sabab bo‘lib, o‘sha kuni rabotda qolishdi.
Erta tongda afg‘onlar yana taloto‘p ko‘tarishdi: kimdir qalandar saqlanayotgan chodir orqasini kesib kirib, «Ollohning sevgan bandasi» bo‘g‘ziga pichoq sanchibdi. Bundan nafaqat soqchi, balki gunohkor bandaning o‘zi ham g‘aflatda qolgan ko‘rinadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:01:38

II b o b
AYRILIQ VA DIYDOR


1

Asadullaning boshi aylanib turgani uchun uni taxtiravonda ketishga ko‘ndirishdi. Taxtiravon deganlari ko‘rinishidan ancha xunuk — Turkistonning o‘lik ko‘taradigan anbarini eslatar edi. Bu arobaning bo‘yi ham, eni ham bir yarim gaz bo‘lib, ichiga tushgan inson bolasi oyoq uzatib yotish rohatidan mahrum, ustiga-ustak, bu arobaning oldi bilan ortiga ikki ot qo‘shilib, «ravon» qilinar ekan. Mabodo otlar yo‘rtib qolsa ichidagi sog‘ odam og‘rib, og‘riq bo‘lsa u dunyo safariga tadorik ko‘rib qolishi hech gap emas ekan. Asadulla bu «rohatijon maofa»da uzoq yurolmay, tavba-tazarrular bilan yana ot minib yurmoqqa majbur bo‘ldi.
Turon degan rabotga qo‘nishganda Asadulla ancha holdan toygan edi. Shu bois kechki taomdan so‘ng gurunglashib o‘tira olmay, chodiriga kirdi. Yarim kechada sharpa sezib, cho‘chib uyg‘ondi.
— Sardor sohib, gunohimdan o‘ting, halovatingizni buzdim.
— G‘ulomqodir, sizmisiz? Asti xijolat bo‘lmang, keling, o‘tiring.
— Siz yaxshi odam ekansiz, sohib, ko‘rib, sezib yuribman. Afsus, bizim urug‘dan emassiz.
— Bu afsusingiz chakki. Bani basharning bari bir-biriga qarindosh-urug‘.
— Dono odamsiz, sohib.
— G‘ulomqodir, sizga nima bo‘ldi, ruhingiz past?
— Vidolashgani kirdim, sohib, bu tun Choraymoqqa jo‘nayman.
— Mirza Qandilxon yuboryaptimi?
— Yo‘q, sohib. Bundan kunbotar sari yurilsa, mening urug‘im yerlari boshlanadi. Men bu yerlardan bosh burib o‘tolmayman. Urug‘dan chiqar chog‘imda menga marhamat qilgan edilar, qasos oluvimga imkon berib edilar, men uddalay olmadim.
— G‘ulomqodir, so‘zlaringizdan hech nima anglamadim?
— Choraymoqqa borishim kerak, vassalom. O‘zga narsalarni so‘ramang, sohib. Kiruvimning boisi bo‘lak: Karki yo‘lida, Said G‘afforbek ko‘z yummay turib, sizni yo‘qlatgan edi, eslaysizmi?
— Ha, esimda.
— Kim edi u? Birodaringiz emasmidi?
— Bir vaqtlar birodar bo‘lganmiz...
— U holda... — G‘ulomqodir tiz cho‘qdi, — gunohimdan o‘ting.
— Nimalar deyapsiz?
— Sohib, uni men otganman.
— Siz?
— Ha...
— Nimaga?

Qayd etilgan