— U avval o‘rus sohibni otdi. Keyin siz chiqib, paxta bilan uning qonini artar mahalingizda nazarimda sizni nishonga olib edi. Men... adashibman, birodaringiz ekan-ku...
— Adashmagansiz. U badniyati ila bizga qo‘shilib ekan. Sizning zarracha gunohingiz yo‘q.
— Mendan rozi bo‘ling, sohib.
— G‘ulomqodir, ketmang.
— Sohib, jo‘nashimni birovga bildira ko‘rmang, Xudo umringizni ziyoda qilsin..
G‘ulomqodir Asadullaga yaqinlashib engashdi-da yuzini yuziga qo‘yib xayrlashganicha chodirdan chiqdi.
Asadulla nima qilarini bilmay, gangidi. Yumshoq to‘shak ustida emas, tikanaklar ustida yotganday bezovtalanaverdi. Tashqarida nonushta hozirligini boshlagan xizmatkorlar sharpasi eshitilgach, o‘rnidan turdi. Mirza Qandilxonning chodiriga borib, ovoz berdi.
Mirza Qandilxon Asadullani ovozidan tanib, «yana tobi kelishmadimi», deb o‘yladi. So‘ng, G‘ulomqodir voqeasini eshitib, ko‘zlaridan uyqu qochdi.
— Umri qisqa ekan-da, — dedi bosh chayqab, — afsus, yovqur edi...
— Uni o‘lim kutyaptimi? Boshqa chora yo‘qmi?
— Begunoh qon to‘kkan bo‘lsa, qasos olishadi. Choraymoqni bilaman. Qoidalari ayovsiz.
— Bunga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Siz amir nomidan borsangiz-chi?
— Huquqim yo‘q.
— Biz borsak-chi? Gunohini so‘rab olsak-chi? Balki xun to‘larmiz?
— Choraymoqqa begonalarning so‘zi o‘tmaydi.
— Ijozat bering, o‘zim boray.
— Xiyla o‘jar ekansiz, sohib. Besamar yumushni bo‘yningizga olmang.
— Yosh umrga rahm qiling, uvol ketmasin. Amirning maktubini yetkazib, xayrli ish qilgan sovarni o‘limga topshirib ketuvingiz gunohi azim emasmi?
Amirning maktubini eslab, Mirza Qandilxon o‘yga toldi. Darhaqiqat, bu sovar maktub eltgan edi. Uni Tirmizda sardor Muhammad Valixon safga qo‘shgan edi. Unga bu mas’ul yumush topshirlagan ekan, demak, chakana sovar emas... Mirza Qandilxon aniq qarorga kelib, xizmatkorni chaqirdi.
Otlar egarlanib, o‘n chog‘li sovar uzatuvida Asadulla bilan Mirza Qandilxon yo‘lga chiqishdi.
Otlarga tinim bermay, kun yoyilganda Choraymoq joylashgan qishloqqa kirib borishdi. Urug‘ oqsoqoli — yelkalari keng, qirraburun, ko‘zlari o‘tkir, ovozi jarangli odam — ularning niyatlarini bilib, bosh chayqadi.