Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105221 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:04:59

— Alhol foytunlar yetib kelgach, beto‘xtov Kobulga doxil bo‘lamiz, — dedi Mirza Qandilxon.
Ko‘p o‘tmay kumush bezaklar ila bezalib, zulukday otlar qo‘shilgan foytunlar vakola hay’atini, qilich ko‘tarib emas, yaxshi niyat bilan kelgan o‘zga yurt elchilarini Kobul sari yeldirib ketdi.
Kobulning nazarga molik bog‘laridan bo‘lmish Mohtob bog‘ida yuzga yaqin sovar mehmonlarga lutf ko‘rgazib, saf tortib turar, sozandalar sozi esa avjda edi.
Kobul a’yonlari vakola hay’atiga izzat ko‘rsatdi, ammo suhbatga berilmadi. To‘kin dasturxon atrofida ham gurung qovushmadi. Taomdan so‘ng Mirza Qandilxon barchani yana foytunga boshladi. Yana bir oz yo‘l bosilgach, Bog‘i Mustafoga yetdilar. Bog‘ o‘rtasida Yevropa usulida tiklangan imorat ular ixtiyoriga berildi. Faqat imorat emas, ichkari xonalarning ashyolari ham tom yevropacha edi. Taomlarning ham yevropacha bo‘lishi vakola hay’atini hayratga soldi. Xullas, uzoq davom etgan safar mashaqqatlaridan xoli bo‘lmoq uchun barcha sharoit muhayyo etilgan edi.
Kechki taomdan so‘ng Xmarin vakola hay’atini shiyponga to‘pladi.
— Janoblar, manzilga beshikast yetib keldik, — dedi u, — endi ijozatingiz bilan, vakolaning barcha xatti-harakatini men nazorat qilsam. Yo‘ldagi har bir harakatimiz, oramizdagi tushunmovchiliklar, ayniqsa Veniamin Samoylovich, sizning harakatingiz allaqachon Kobuldagi zoti oliylarining qulog‘iga yetib kelganiga aminman. Shuni unutmasligingizni va barchangizning diplomatiya qoidalariga qat’iy amal qilishlaringizni so‘rayman. Safar natijasi faqat muzokaraga emas, har biringizning xatti-harakatingizga ham bog‘liq. Menga bugun ma’lum bo‘lishicha, Angliya bilan urush yakuniga doir muzokara tugallanib, shartnoma imzolangan. Shartnoma mazmunini hozircha bilmaymiz. Amirning, saroy ahlining asl niyatlari ham bizga qorong‘i, Angliya bilan imzolangan shartnomadana so‘ng, amirning tashqi siyosati butkul o‘zgarib ketishi ham mumkin. Biz Rossiyaning Afg‘onistondagi birinchi elchilarimiz. Yurtimizga ham, tuzumga ham bizga qarab baho berishadi.
— Nikolay Zaxarovich, xavotiringizga tushunmayapman, — dedi Ushinskiy. — Nazarimda, yo‘lda hech nima yuz bermadi. Axloq-odob doirasidan chiqmadik. Bahslarimiz ham o‘zaro o‘tdi.
— Shunday bo‘lishini istar edim, — dedi Xmarin quruqqina qilib.
Ushinskiy ajablangandek qo‘llarini ikki yonga yoyib, bosh chayqadi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:05:07

— Nikolay Zaxarovich, buyog‘iga siz qo‘mondonsiz, buyuravering, — dedi Shuvalov qat’iy tarzda.
— Afg‘onlar bilan siyosatdan gaplashmanglar. Ayniqsa, siz, Asadulla Mira’lamovich, amirlik tuzumiga tegishli so‘z aytmang. Ba’zan gap olish, g‘alva chiqarish uchun sizga biron-bir kambag‘alni ro‘para qilishlari ham mumkin.
Asadulla «ma’qul» deb bosh irg‘adi. Xmarin yana bir oz diplomatiya qoidalaridan gapirgach, xonasiga kirib ketdi.
Nonushtadan so‘ng Bog‘i Mustafoga uch avtomobil kirib keldi. Mirza Qandilxon peshinga qadar Kobulni sayr etajaklarini ma’lum qildi. Sayrdan birinchi bo‘lib Sinelnikova bosh tortdi. Yo‘lda charchaganini, hali o‘ziga kelolmaganini bahona qilib xonasiga kirdi-da, eshikni ichidan qulflab oldi. Vakola hay’atini hayratda qoldirib, Shuvalov ham sayrga chiqolmasligini aytdi. Mirza Qandilxon pastda kutardi, kim boradi, kim bormaydi, deb mulohaza qilishga fursat yo‘q edi. Shu sababli uchovlon avtomobillar sari yurdilar.
Bir tarafi tog‘, bir tarafi vodiy bo‘lgan bu ko‘hna shahar manzarasi diqqatni tortguli edi. Eski shahar ko‘chalari birmuncha tor, sihatga zid bo‘lsa-da, yangi shaharda bino bo‘lgan ko‘chalar, uylarning aksari go‘zal, Yevropa usulida edi. Amir Abdurahmonxon boshlab, amir Habibulloxon kamol toptirgan, bugungi kunda ignadan tortib, zambarakka qadar Afg‘oniston ehtiyojiga zarur ashyolar tayyorlaydigan moshinxonani tomosha qilib, so‘ng harbiya maktabida bo‘lib, keyin shaharning kunbotaridagi Bog‘i Boburga ko‘tarildilar.
Bog‘ning shimol tomonida maqbara, janub qismida marmartoshdan bino qilingan bir masjid chinorlar panasida oftobdan yashiringan.
— Bul chinorlarni mirzo Bobur o‘z qo‘llari bilan ekmish ekanlar, — dedi Mirza Qandilxon mehmonlarni bog‘ bo‘ylab boshlar ekan.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:05:15

«Abadiylik shumi? — deb o‘yladi Asadulla, ohista qadam tashlab borib, chinor tanasiga kaftini qo‘yar ekan. — Urushlar, zulmlar ham uzoq vaqt unutilmaydi, ammo bular la’nat bilan eslanadi. Bog‘ qilgan, shahar bino etgan, ezgulik urug‘ini sepgan odam esa shu yaxshiliklari bilan abadiy qolgusidir. Bobur, shoh Bobur buyuk saltanat qaror toptirgan inson tosh ostida yotibdi. Hayotini bag‘ishlagani — barpo etgan saltanati yemirilib bitdi. Ekkan chinorlari esa tirik, bitgan g‘azallari tirik, baytlariga singgan faryodlari, armonlari tirik...

Toli’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig‘ bo‘ldi...

Demak, inson bolasining baxti toju taxtda emas, to‘kin dasturxonda emas, zebu ziynatda emas. Qo‘shin tortib, yurtlarga ega chiqqan odam o‘z baxtiga ega bo‘lolmas ekan. Shoh Bobur emas, Andijonda qora qumg‘oniga ko‘z tikib qolgan, biri sira ikki bo‘lmagan kambag‘al yigit baxtliroqdir...

Menga oson durur bo‘lsa agar yuz ming tuman dushman,
Vale bo‘lmoq jahonda, ey, ko‘ngul, beyor mushkuldur...

«Beyor», deb nimani nazarda tutdi ekan? Balki: «Bevatan mushkuldur», demoqchi bo‘lgandir?..
— Asadulla Mira’lamovich, daraxt bilan gaplashyapsizmi, nima deyapti?
Ushinskiyning gapi uning xayolini parchaladi. Kaftini chinor tanasidan olib, hamrohlariga qaradi:
— Daraxtlarning ham tili bor, Veniamin Samoylovich, mana bu chinorning gapini eshiting: «Men shu yerga ekilib, necha yuz yildan beri shu tuproqni makon etganman. Suvsizligiga ham, ayozli sovug‘iga ham, jaziramasiga ham chidayman: serunum, sersuv tuproqni ma’qul deb ko‘chirsangiz - o‘laman. Meni ekkan odam makonidan ko‘chirilib, ayriliq armonida ketdi. Men kunda uning maqbarasiga qarab, shivirlab, tasalli beraman. Lekin u javob qaytarmaydi. Bevatanlik azobi ezib, nobud qildi hojamni...»

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:05:23

— Daraxt to‘g‘ri aytibdi buni sizga, — dedi Xmarin unga yaqinlashib. — Bevatanlik — eng ulug‘ bebaxtlik. Afsuski, buni hamma ham anglayvermaydi. Vatandan uzoqlarda yurish — mening kasbim. Baxtim esa Rossiyada. Rossiyada bo‘lgan onlarimni hech nimaga alishmayman.
— Siz Rossiyaning iqboli uchun xizmat qilyapsiz.
— Bu gaplarni qo‘ying, kerakmas...
Xmarin shunday deb nari ketdi. Asadulla noiloj unga ergashdi.
Bog‘i Mustafoga kun peshindan oqqanda kirib kelishdi. Shuvalov shiyponda, dahanini panjaraga tirab o‘tirardi. Sinelnikova ko‘rinmasdi.
— Xo‘sh, safarlar qalay? — dedi u o‘rnidan turib.
— Ko‘p narsani yo‘qotdingiz, — dedi Ushinskiy.
— Ketganlaringdan beri o‘zim ham afsuslanib o‘tiribman....
Xmarin bilan Ushinskiy xonalariga chiqib ketishdi. Asadulla Shuvalovning bir nima demoqchi bo‘layotganini fahmlab, shiyponga o‘tdi.
— G‘ulomqodiring keldi, — dedi Shuvalov joyiga o‘tirib. - Bizga xizmat qiladi shekilli, yaxshi bo‘libdi. Menga qara, Mira’lamovich, sen unga tayinlab qo‘ysang, xonimchamizdan ko‘z-quloq bo‘lib tursa.
— Shaharga chiqmaganingizga shu sababmi?
Shuvalov ko‘rsatkich barmog‘ini labiga bosib, «jim» degan ishora qildi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:05:33

2

Oqshomda xizmatkorlar g‘imirlaba qolishdi. Atrof sarishta bo‘lsa-da, yana suv sepilib, supurildi. Marmar hovuz, favvora chetlari artildi. Bu harakatlarning sababi tez orada ma’lum bo‘ldi. Mirza Qandilxon Xmaringa uchrab, Afg‘onistonning xorijiya noziri Mahmudbek Tarzi tashrif buyurajagini aytdi.
Ular sardor Tarzi bilan shiypon oldida uchrashdilar. Oldinda Xmarin bilan Asadulla, orqaroqda Ushinskiy bilan Shuvalov. Horijiya nozirining sharaflab aytgan so‘zlariga avval Xmarin, so‘ng Asadulla munosib javob berib, muhoribada g‘alaba Afg‘oniston tarafda bo‘lgani munosabati ila muborakbod etdilar. Xmarin Mahmudbek Tarzining tabrik so‘zlarga javob qilmaganidan sezdiki, Angliya bilan tuzilgan shartnomadan Afg‘oniston rozi emas: «Demak, siyosatlari o‘zgarishsiz qoladi», deb qo‘ydi o‘zicha Xmarin.
Tanishuv marosimi oxirlagach, shiyponga tuzalgan joydan har birlari e’tiborlariga yarasha o‘rin oldilar.
Taomdan so‘ng Xmarin Tarziga yuzlandi:
— Nozir sohib, odobsizlikka buyurmaysiz, vakolamiz hay’ati hazrat amir sohib bilan ko‘rishuv onlarini orziqib kutmoqdalar!
Tarzi javobga shoshilmadi.
— Afsuskim, amir sohib sizlarni bir oz zoriqtirishga majburlar. Kobulda vabo paydo bo‘libdur, degan xavotirdamiz. Amir sohib shu sabab ila shahardan chiqib, mavzega yuzlanganlar. Nasib etsa, iydi qurbonning uchinchi kuni diydor ko‘rishuvingiz mumkin.
— Sabab faqat vabomi?
— O‘zga narsadan gumoningiz bormi?
— Ingliston bilan tuzilgan shartnoma ta’siri emasmi bu?
Tarzi bu gapni eshitib, kulimsiradi:
— Xavotiringiz mutlaq o‘rinsiz, safir sohib, Ingliston bizga muruvvat qilmadi. Yil adog‘ida yana muhoribaga kirishuvimiz mumkin. Tahlikamiz ko‘z yumgani yo‘q hali. Shuni bilingki, Ingliston muruvvat qilgan taqdirda ham Sho‘ravi Rusi ila o‘rnatajak birodarlik aloqalaridan yuz o‘girmaymiz.
Xmarin bundan mamnun bo‘lib, jilmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:05:46

Asadulla Mamatsharifning maktubini topshirish payti yetganini bilib, xatni uzatdi.
— Mamatsharif afandi sizga noma bitib edilar.
Tarzi xatni olib, dumaloq gardishli ko‘zoynagini taqdi-da, tezgina o‘qib chiqdi.
— Xo‘b, bisyor xo‘b, — dedi Asadullaga kulib boqib. — Saforat ahli orasida shoir mavjudligining o‘ziyoq ajabtovur. Shoir — go‘zallik targ‘ibotchisi. Do‘stlik esa eng buyuk go‘zalalik. Men siz ila suhbat qurmoqdan behad shod bo‘lajakman. Ma’zur tuting, bizning «Siroj ul axbor»ga bir-ikki bayt bitib bera olsangiz nur alan-nur bo‘lur edi.
— Shu topdami?
— Ha, shu topda. Afg‘onistonimizni u boshidan-bu boshiga yurib keldingiz, ko‘nglingizda uyg‘ongan gaplar bordir? — Tarzi shunday deb, Mirza Qandilxonga davot-qalam keltirishni buyurdi.
Asadullaning xayolida xomaki satrlar bor edi. Qog‘oz-qalam kelguncha bu satrlarni pishitgan bo‘ldi. Tarzi unga xalal bermaslik uchun Xmarin bilan gaplashib o‘tirdi.
Asadulla xayolidagi o‘zbekcha she’rni forsiyga o‘girib yozdi-da, horijiya noziriga uzatdi.
— Hozirliksiz bitildi, aybsitmaysiz, — dedi hijolatlik bilan.
Tarzi she’rni olib, ovoz chiqarib o‘qidi:
«Afg‘on birodarimga

Yo‘q, azizim, sen o‘ksukdek bukilmagin yeringda,
O‘gay emas, chin farzandsan, tur baralla shu joyda.
Hayajonli hayqirig‘ing fazolarga yuksalsin,
Haq ovozing kezib yursin yulduzlarda va oyda...»

— Tashakkur sizga, Asadulla Mira’lam, behad dono, zarur gaplarni aytibsiz. «Siroj ul axbor»ning ko‘rki bo‘luviga shubham yo‘q. She’ringizga mirzo Bedilning bir baytini ilova qilajakman:

Shohi az gulbun masrufi gulxan meshavad,
Zindagi bo do‘ston aysh ast, tanho otash ast.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:05:54

— Ozod yurtning saodati, kamoli, ellar aro e’tibori beg‘araz do‘stlari bilan, — dedi Tarzi.
Xorijiya noziri ketar mahali amir bilan uchrashuv onining bir oz orqaga surilishi uchun uzr so‘rab, shaharga chiqish mumkin emasligini eslatib qo‘ydi.
Yo‘l azobi — go‘r azobi, deydilar. Lekin kutish azobi undan ham o‘tadi. Yo‘l yurganda vaqt o‘tgani sezilmaydi. Bu yerda esa bog‘ qanchalik manzarali, mukammal bo‘lmasin, uning serhasham xonalari, favvoralari, baliqlar o‘ynab yurgan tiniq suvli hovuzlari, shirin taomlari... jonga tegdi.
Asadulla kunduzi odamlar bilan bo‘lib, bir oz ovunsa-da, qorong‘i tushishi bilan yolg‘iz qolib, xotiralariga bandi bo‘la boshladi. Xotini, bolalari atrofini o‘rab, hol-ahvol so‘rashadi. Bu tun ham shunday bo‘ldi. Kenjatoyi erkalanib, soqolini silayotuvdi: «Menga ham tez soqol chiqsin», deb iyagiga iyagini qo‘yayotuvdi. Xotini to‘g‘rida, darcha yonida jilmayib turuvdi... Bir ovoz keldi... Nima bu? Eshik g‘ichirladi shekilli? Bolasi ham, xotini ham ko‘kka uchdimi, g‘oyib bo‘ldi. Yo eshikni g‘ichirlatib ochib chiqib ketishdimi? Asadullaning nafasi qaytib, yuragi to‘xtab qolganday bo‘ldi. Jonholatda sapchib turib ketdi. Ko‘zini ochdi-yu, eshik og‘zida odam qorasini ko‘rib, badaniga muz yugurdi.
— Menman, sohib, aybsitmang, cho‘chitib yubordimmi? — deb pichirladi odam qorasi.
— G‘ulomqodir? Nima gap? — dedi Asadulla sal o‘ziga kelib.
— Uyqum qochib, ayvonda o‘tirib edim. Bog‘ tomondan bir odam qorasi kelib, xonimning xobgohlariga kirib ketdi.
— Qachon?
— Hozir.
Asadulla yalangoyoq holda tashqariga chiqdi. Xonalarga Yevropa usulida eshik-deraza o‘rnatilgan bo‘lsa-da, eshik tepasida sharqona darcha qoldirilib, ganjli panjara bilan berkitilgan edi. Sinelnikovaning xonasidagi maxfiy suhbat shu darchadan elas-elas eshitilardi. Avvaliga juda past ovozda gaplashganlari uchun so‘zlarni anglab bo‘lmadi. Keyin ayol asabiylashdimi, ovozini beixtiyor ko‘tardi:
— Jonimga tegdi hammasi. Ayt, olib ketishsin. Chekist fahmlaganga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:06:01

Sinelnikovaning buzib bo‘lsa-da, o‘zbekcha gapirishi Asadullani hayratga soldi.
— Oz qoldi, begoyim, chidang, mana buni taomlariga tashlang. Arafa oshiga. Bir yo‘la qutulasiz.
Erkakning kimligini ovozidan tanimadi. Talaffuzidan o‘zbekligi aniq edi.
— Eslaringni yedilaringmi? — aftidan Sinelnikova qo‘rqib ketdi shekilli, ovozi sal titradi. — Mening vazifam erkaklarni yovlashtirib qo‘yish edi. Buni bajardim, bas endi!
— Qo‘rqmang, begoyim, sizdan gumonsirashmaydi. Kobulda vabo bor, vabodan ketdi deyishadi, hech kim sezmaydi. Hayit kuni sizni Hindiston tomon olib o‘tishadi.
— O‘zim-chi, ovqatdan o‘zim ham yeyman-ku?
— Bir kun och qolsangiz hech nima qilmaydi.
— Xaustonga ayt, elchi tirik qolishi kerak. U bolshevik emas..
Asadulla G‘ulomqodirga: «Ko‘zdan qochirmang», deb shivirladi-da, iziga qaytdi. Shuvalovni uyg‘otib kelayotganda birdan erkak kishining baqirgani, keyin qattiq ixragani eshitildi.
Sinelnikovaning eshigi oldida ikki odam bukchayganicha tipirchilar, uzun oq ko‘ylakdagi ayol esa ostonada dahshatda qotib turardi. Asadulla yugurib kelib, tiz cho‘kdi-da, G‘ulomqodirning boshini ko‘tardi. Shuvalov esa xonimni ko‘kragidan ichkariga itarib, eshikni yopib oldi.
— Qimirlamang, xonim, joyingizdan jilmang, — dedi-da, qora libosli odam ustiga engashdi. Qo‘lini qayirib, qonga belangan dudamani yerga tushirdi. — Sovarlarni chaqir, — dedi Asadullaga.
Bir onda hamma oyoqqa qalqdi. Mash’alalar yoqildi. Asadulla mash’ala yorug‘ida notanish mehmonga qaradi. Pahmoq soqolli bu odamni tanimadi. Agar uning ko‘zlari ochiq bo‘lganda, soqol chandiqni yopmaganda balki o‘sha mash’um voqeadan avval ijaraga boshpana qidirib yurgan odamni tanirdi.
Chap biqiniga sanchilgan xanjar azobidan bukchayib olgan bu odam — Muhiddin edi. U ko‘zini arang ochib, Asadullaga tikildi. Tanidi. Bemajol qo‘lini unga cho‘zdi.
— Yedilaring-a, oxiri, enag‘arlar, — dedi tishini g‘ijirlatib. Keyin bir xirilladi-yu, jon berdi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:06:07

Yashamoqdan maqsad nima ekanini o‘ylab ko‘rmagan, dunyo lazzati oshiq tashlashu yutuqdan iborat deb bilgan, avval o‘ziga yoqmagan, keyinroq borib esa xo‘jayinlariga ma’qul bo‘lmagan odamlarga pichoq sanchib bir tuki qimirlamagan bu mal’unning umri shunday tugadi. Biqiniga xanjar sanchilganda, azobdan to‘lg‘onganda, so‘nggi nafasi chiqishi oldida xayoli ravshanlashganda nimalarni o‘yladi? Otasini tuproqqa qo‘ygach, och qolganlari, sarsari kezganlarinimi? Sillasi qurib, samovarxona yaqinida sulayib o‘tirganda oshxo‘rlik qilayotganlarga qarab ilk marta odamzodga nisbatan nafrati uyg‘onganini, marg‘ilonlik qimorbozning uyidagi xizmatlarinimi, bu uydagi maishat, buzuqchilik yo to‘kilgan qonlarnimi? Qo‘rboshining, so‘ng Xaustonning xizmatlarini ado etganimi yo Hirotda, tashlandiq uyda, hind muhojirining boshiga tosh bilan urib, so‘ng oqbadan xonimchaga och bo‘riday tashlanib, siynalaridan tishlab-tishlab yayraganinimi, so‘ng karvon ortidan soyadek ilashib bu yerga qadar kelgani, qorong‘i kechalarda oqbadan xonim bilan ko‘rishib turgani, ammo nafsini qondirolmaganimi, yo bu kech devor oshib saroyga tushganda: «Endi albatta aysh suraman», deb ahd qilganinimi? Ushalmay qolgan orzularinimi? Qimorda yutib olgan qizlar, yosh juvonlar bilan bo‘lgan kechalarinimi? Yo‘q, bularni emas. U yutuqlarga o‘rganib qolgan edi. Hayotni ham qimor deb bilardi. Bu qimorda ham doimo oshig‘i olchi turishiga amin edi. Nima uchun bugun omad ketdi undan. Bu o‘yinga jonini tikkan edimi? Nahot endi uning oshiq tashlash imkoni yo‘q? Hayot qimori shunchalar beshafqatmi? U ko‘z yumgan mahalida shularni o‘yladi.
— Sohib, bu yoqqa qarang, — dedi G‘ulomqodir yonida o‘tirgan Mirza Qandilxon.
Asadulla tiz cho‘kib, engashib, yigitning boshiga bilagini bolish qildi.
— Sohib, — G‘ulomqodirning ovozi juda zaif chiqdi. - Sohib, sizdan roziman, rozi bo‘ling...
Shunday deb bu yigit ham ko‘z yumdi. Ko‘z yumdi-yu, har tun qonga belangan xotini bilan adoqsiz suhbat qurish azobidan qutuldi. Niyatiga yetdi.
Shuvalov sovarning qo‘lidagi mash’alani oldi-da, eshikni ochib ichkariga bir qadam qo‘ydi-yu, to‘xtadi.
— Mira’lamovich!
Asadulla G‘ulomqodirning boshini asta yerga qo‘yib, o‘rnidan turdi: ichkarida sochlari parishon, ko‘zlari chaqchaygan Sinelnikova jonsiz, to‘shakda chalqancha tushib yotardi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 06:06:15

— Zahar ichganga o‘xshaydi.
— Bizga atalgan zaharnimi?..
Xmarin xonaga otilib kirib, jasad yoniga keldi-da, tiz cho‘kdi.
Kafti bilan murdaning ko‘zlarini yumdi.
— Janoblar, iltimos, holi qo‘yinglar.
— Nikolay Zaxarovich...
— Iltimos, Vitaliy Sergeevich, xalal bermang...
Ular chiqib, Mirza Qandilxonga bo‘lgan voqeani qisqa bayon etdilar. Sovarlar jasadlarni pastga ko‘tarib tushdilar.
— Veniamin Samoylovich ko‘rinmaydimi? — dedi Shuvalov birdan sergak tortib.
Ular tez-tez yurib, Ushinskiyning xonasiga bordilar.
— Veniamin Samoylovich, uyg‘oqmisiz? — dedi Shuvalov eshikni taqillatib.
— Uyg‘oqman, azizim, uyg‘oqman. Faqat meni bu ishlarga aralashtirmang, iltimos sizdan, murdani ko‘rsam... qo‘rqaman... chidolmayman... — dedi Ushinskiy ichkaridan. Shuvalov eshikni itargan edi, ochilmadi.
— Ana, Pushkinning shaydosini ko‘rib qo‘y, — dedi Shuvalov zinadan pastga tushayotib, — ishqiy she’riyat deb toza boshlaringni qotirdimi?
— Ishongim kelmaydi. She’riyatga shunchalar mehr qo‘ygan ayol, shu nozik tuyg‘ulari bilan...
— Oshirvording, Mira’lamovich, bu ayolda nozik tuyg‘u bo‘lmagan hech.
— Zikriyo afandi, qalandarni ham...
— Ha, shuning ishtirokida bo‘lgan hammasi. Zikriyo afandi xonimchaga shaharga chiqish, Mazori Sharifga xabar yuborish uchun kerak bo‘lgan. Keyin Xmarindan xanjarni o‘g‘irlagan. Ish bitgach, izma-iz kelayotgan odami qalandarni chetlatgan. Xonimchaning boshqacharoq ekanini Hirotdayoq sezganman. Esingdami, forschani biladigan o‘xshaydi, devdim. Qalandar o‘ldirilgan kechasi men tentak bir odamni ko‘ribmanu chodirga Ushinskiy ketyapti, deb o‘ylabman. Kobul sayriga nima uchun bormaganimni endi bilgandirsan? Xonimcha chiqolmadi, odami kelishga majbur bo‘ldi.

Qayd etilgan