Amir ularni kechagi joyda emas, unga baqamti qurilgan, kattaroq qasrda kutar edi. Keng xonaga dasturxon tuzalgan, to‘rda amir, so‘l tomonida Qodir og‘a hazrat va uning qatorida turkistonlik mehmonlar o‘tirar, o‘ng tomon esa bo‘sh edi. Tarzi bilan Asadulla shu yoqqa o‘tirishdi.
— Taom mahtal bo‘lmasin, — dedi amir.
Asadulla Mirkomilboyning ro‘parasida o‘tirar, vaqti-vaqti bilan beixtiyor ko‘z-ko‘zga tushar edi. Asadulla boshqalarni tanimadi, ammo kiyinishlaridan farg‘onalik ekanliklari ma’lum edi. Xauston ular orasida yo‘q edi. «Ayyorlikda shaytonga dars bersa kerak», deb qo‘ydi u o‘zicha. Asadullaning qo‘li tovoqqa beixtiyor borib kelardi. Taomga hech ishtahasi yo‘q, xayoli shu xonada bo‘lib o‘tgan suhbatda: «Nimani gaplashdilar, amirdan nimani so‘radilar, amir nimalarni va’da qildi?»
Mirkomilboy ham taomga befarq, uning xayoli Asadullada edi: «Joni temirdan ekan buning. Shuncha o‘tdan tirik chiqibdi-ya! Endi amir huzurida, amirning o‘ng tomonida osh oshalasa. Amirning shu ishi chakki bo‘ldi. Ularning meni ko‘rmaganlari ma’qul edi. Endi Toshkentga qaytuvim mushkullashadi. Unda ularni chalg‘itib yo‘lga chiqqanim nima bo‘ldi-yu, bunda bular bilan uchrashganim nima bo‘ldi?..»
Amir taomni shoshilib yegani bilan dam o‘ng, dam so‘l tomoniga qarab-qarab-qarab qo‘yardi. Ularning ichida o‘tayotgan gaplarni aniq bilmasa ham faraz qilardi. «Qaysi millat orasinda birlik ko‘tarilib, nifoq va adovat hukm surgan bo‘lsa, ul qavmning inqiroz dunyosiga yuzlangani aniqdir. Bular shuni fahmlamaydilarmi?»
Mahmudbek Tarzi ham mehmonlarga qarab, o‘zicha fikr qilardi: «Dildagi adovat temirdagi zangga o‘xshaydi. Zang temirni yegani kabi, adovat Vatanni azobga soladi. Odamlar nahot adovatdan chekina olmasalar?..»
Omonulloxon bilan Mahmud Tarzi bu damdagi ahvolni o‘z qarichlari bilan o‘lchar edilar.
Taom pallasi shunday o‘y-xayollar bilan o‘tdi. Amir mehmonlarning imillab o‘tirishlariga ko‘p toqat qilolmadi. Qodir og‘a hazratga qarab, fotihaga qo‘l ochdi.
Ulamolar bilan qasr ostonasida xayrlashib, Asadullani shiyponga boshladi.
— Adovatingiz behad ekan, fahmladim, — dedi amir. — Bu hol menga ajab tuyuldi. Sababki, ularning niyati-da durust.
— Amir sohib, johilning yaxshi niyati fozilning husumatidan zararliroqdir.
— Ularni johil deysizmi?
— Johilgina emas, ular xiyonatkorlar... Sadafdan inju, ilondan zahar hosil bo‘lgani kabi, fidoyilikdan vatan sadoqati, xiyonatdan bebaxtlik zuhur bo‘lur.
— Ular xiyonatda sizlarni aybladilar.