Tohir Malik. Savohil (qissa)  ( 105374 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 26 B


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:09:36

3

Chaqirilmagan mehmon chiqib ketgach, boyning yuragiga yana g‘ashlik oraladi. U Makkai mukarramaga otlangan chog‘ida Asadulla bilan birinchi bor uchrashgan edi. Jadidlarning faollaridan hisoblanmish bu yigit Sebzordagi shu uyga kelib, boyga «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» degan kitobini taqdim etgan, o‘zbeklarga yangicha saboq berish, dunyoviy ilmlarni o‘rgatish haqida kuyunib gapirgan edi. Mirkomilboyga uning jonkuyarligi yoqib, so‘ragan narsasini — yangi usul maktabga atalgan hadya pulni berib yuborgan edi. Keyinroq Asadullaning boshqa yo‘lga kirganini bilib, astoydil afsuslandi. Shunga qaramay «Sibirdan esi kirib qaytgandir», deb «Sho‘royi islomiyaning gazetini shunga topshirishni taklif qildi. Bu gazitda Asadulla din ahli orasidagi johillarning sharmandasini chiqarganini ma’qulladi. Chunki ayrim din arboblarining millatni jaholatga tortuvi unga yoqmas, ular qo‘lidagi hokimiyatning biron nimaga erishuviga ishonmas ham edi. Uning fikricha, din arboblarining siyosatga aralashuvi ishni faqat buzar edi. Asadulla ham, do‘sti Mirmuhsin ham buni yaxshi anglab, dindorlarning ayblarini fosh etdi. O‘shanda «Ulamo»ning hukmini eshitib, Mirkomil hojining yuragidagi bir tomir uzilganday bo‘lib edi. «Bir odamga o‘limni ravo ko‘rmoq bunchalar oson. Bir odam o‘lgani bilan bu «Ulamo» gurkirab yashnab ketadimi? Yo bir odamning o‘limidan so‘ng hayot chiroyliroq bo‘lib qolarmidi? Bir-birovimizni shu zaylda qirib, ado etamizmi? — deb o‘ylagandi u. — Bir qavm o‘zaro qirg‘in boshlasa ular orasida g‘olib bo‘lmaydi. Nodonlar nahot buni anglamasalar? Mushriklar Rasulullohni haqoratlar qilganlari yetmay, tosh otib, ozor yetkazganlarida ham, muhtaram afandimiz ularni o‘limga hukm etish u yoqda tursin, hatto duoyi bad ham qilmagan ekanlar. Bu nodonlar esa birgina haq gapga chiday olmasdan bema’ni fatvoga qo‘l ochib o‘tirsalar... Oqibat ne bo‘lar ekan endi...»

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:09:44

Oqibat shu bo‘ldiki, ulamolar hukmining ijrosi endi Xauston istagi bilan amalga oshmoqchi. Balki ulamolar bu qarordan ogoh emasdirlar. Asadulla o‘ldirilgach, «Jazosini Ollohning o‘zi berdi», deb qo‘ya qolishar... Boyning ko‘ngli shundan xijil bo‘ldi. Asadullani xavfdan ogoh qilish fikri ham tug‘ildi. Ammo boshqa bir kuch uni to‘xtatdi: «Xalqni mendan kam yaxshi ko‘rmas edi. Lekin boshi gangidi. Yo‘lga ko‘ndalang turib qoldi. Taqdiri shu ekanda. Menig yo‘rig‘imda yurganida ko‘proq savobli ishlar qilarmidi... Shunday millatparvar odam nobud bo‘lib ketaveradimi... Attang... Nima bo‘lsa ham endi gunoh «Ulamo»da...» — deb notinch ko‘nglini ovutdi. Faqat nohaq hukm chiqarganlargina emas, bu hukmning ijrosini befarq kuzatguvchilar ham Yaratgan huzurida gunohkor ekanligini fahm etmadi.
Mirkomil hoji Asadulla bilan oxirgi marta Osipov isyonidan keyingi g‘alag‘ovur kunlarda ko‘rishgan edi. Osipov otib tashlagan komissarlar orasidagi bittagina o‘zbekning tasodif bilan tirik qolishi bolsheviklarga mahalliy millat vakillarini xoinlikda ayblashga bahona bo‘ldi. Yangi ijroqo‘mdan uni chiqarib, Asadullaning saylanishi Mirkomil hojiga xush kelmadi. Asadullani yo‘qlatib, bu yo‘ldan qaytarishga undamoqchi bo‘lganida uning o‘zi kelib qoldi.
Shaharni ikkiga bo‘lib oquvchi O‘rda suvining so‘l tomonida yashovchilarning ahvoli nochor ekanligini bayon qilib, oziq-ovqatdan ko‘mak berishga da’vat etdi. Mirkomil hoji uning jonkuyarlik biln aytayotgan so‘zlarini diqqat bilan tinglab, javob berishga oshiqmadi. Asadulla ham uni shoshiltirmadi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:09:53

— O‘rdaning bu tomonidagi eski shahar aholisining ahvoli ham nochor, afandim, — dedi hoji Asadullaga sinovchan tikilib. — Ular ham allaqachondan beri bir tishlam nonga zorlar.
— Bilaman, — dedi Asadulla, yengil xo‘rsinib. — Ammo, eski shaharliklarning dasturxonida ozgina bo‘lsa ham turshakmi, yong‘oqmi, nonjiydami — har holda bor. Bug‘doyga o‘roq tushadigan paytga eson-omon yetib oladilar, Xudo xohlasa.
— Afandim, bu lafzingiz ajab g‘aroyib bo‘ldimi, a? Agar O‘rdaning narigi tomonidagilarning dasturxonida turshagu jiyda bo‘lmasa eski shaharliklar aybdormi? Bug‘doyni nonga ishlatmay, achitib aroq haydayotgan bo‘lsalar-chi? Agar mening imkonim topilguday bo‘lsa, ko‘makni eski shaharga beraman. Ortsa... yana o‘ylab ko‘rarman...
— Taqsir, hozir ayirmachilik qiladigan payt emas,— dedi Asadulla tanbeh ohangida.
— Topib gapirdingiz, afandim. Ayrimachilikdan hech zamon yaxshilik kelib chiqmagan. Buni ijroqo‘mdagi birodarlaringiz ham bilisharmikin?
— Bu so‘zlaringizdan maqsadingizni anglamayroq turibman?
— Ayrimachilarning eng ulug‘lari komissar1laringiz-ku? Sizni yo‘qlab, bir fikr bildirishni niyat qilib yuruvdim, niyat xolis ekan, o‘zingiz keldingiz. Endi shu fikrimni aytay: Markaziy ijroqo‘mda Nizomiddinxo‘ja o‘rniga bo‘luvingiz menga sira-sira xush kelmadi. Balki siyosat bobida aqlim qosirdir, ammo shu kalta aqlim deydiki: siz o‘ris va yahudiy komissarlarning aniq maqsadlarini durust fahmlamay ularning nog‘orlariga o‘ynamoqlikni lozim ko‘ryapsiz?

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:02

— Ularning maqsadlarini siz fahmlaysizmi? Bilsangiz ayting?
— Afandim, sizning zehningiz menikidan o‘tkirroq. Xudo sizga aqldan bergan: o‘ylang-chi, bu yurt bizniki bo‘lsa-yu, yurtni boshqarishga tayin qilinmish Markaziy ijroqo‘mda bittagina o‘zbek bo‘lsa? Boshqalari o‘rusmi, yahudiymi, yana kimlar.. qaysi aqlga sig‘ar ish bu? Ular bizlarni o‘zlarining xohishlari bilan boshqaradilar. Ehtiyotdan bitta o‘zbeknimi yo qozoqnimi saflarida ushlab turadilaru bir falokat yuz bersa o‘zlari oppog‘u o‘sha o‘zbekmi qozoqmi balogardon. Misol kerakmi? Osipov isyonida Nizomiddinxo‘janing ishtiroki yo‘q esa-da, uni aybladilar. Ertaga O‘rdaning u betida bitta odam ochdan o‘lsa yoki ochlar g‘alayon ko‘tarsa sizni ayblaydilar. Sizga maslahatim, ijroqo‘mdan chiqing, qanaqangi noma’qul buzoqning go‘shtini yegilari kelsa o‘zlari yeyaversinlar. El-yurt oldida ham javobni o‘zlari bersinlar.
— Siz aytayotgan yo‘l maqbul emas, taqsir. Biz ijroqo‘mdan chiqishni emas, unda ko‘proq o‘rin egallamoqni o‘ylashimiz kerak.
— O‘ychi o‘yiga yetgunicha tavakkalchi uyiga yetadi. Ertaga aldangan go‘l bola holiga tushib qolib, yig‘lab yurmasangiz edi, deb qo‘rqaman. Oq podsho bir burda bo‘lsa ham non berib turardi. Bolsheviklaringiz shuning evini ham qilolmayapti. Nahot sizga shu nochorlik yo‘li maqbul bo‘lsa? «Oh, millat, millat!» — deb yurib, millatni xorlikka boshlamayapsizmi?
— Siz oq podshonning zamonini qo‘msayapsizmi?
— Xudo saqlasin! Xossatan, u zamon menga ma’qul ko‘rinar. Boyligimga boylik qo‘shilgan zamonlar edi. Ommatan esa u ham xorlik zamoni edikim, buni tan olaman. Yana ommatan shuki, podsho zamoni ham, sizning zamonangiz ham bir go‘r — xalqqa nur bermaydi. Siz orzu qilgan millat erki sarobligicha qolaveradi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:09

— Aybsitmang, taqsir, sizga bir to‘g‘ri gap aytay: mol-dunyodan ayrilib, ko‘zlaringiz picha xira tortibdi. Sho‘rolarning afzalligini mutlaqo ko‘rmayapsiz.
— Ajab, ajab, — dedi Mirkomil boy, — ko‘rmaganimni ko‘rsating-chi?
— Ovrupoliklar Amriqoni zabt etganlarida yerlik xindularni cho‘lu biyobonlarga, tog‘u toshlarga ko‘chirib, unumdor yerlarni egallab olgan ekanlar. Oq podsho ham shu usulni qo‘llashni ihtiyor etgan edi, bundan bexabarmisiz? O‘zbeklarning qismatida yerlarini mujiklarga bo‘shatib, cho‘llarga chiqib ketish yozilgan ekan. Bolsheviklar bunga barham berdilar-ku?
— Daganingiz vaqtincha chora, afandim. Qarab turing, zamonni tinchitib olishgach, yana oq podshoning yo‘liga qaytadilar. U zamonlarda balki siz bilan biz bo‘lmasmiz. Men avlodlarimizning «Otalarimiz juda nodon bo‘lgan ekanlar», deyishlaridan xijolatdaman. Siz mol-dunyoni tilga oldingiz, a? Ha, zoxiran «mol achchig‘i — jon achchig‘i» bo‘lib ko‘rinadir. Biroq, inoning afandim, qo‘ldan ketgan boylika armon qilmasman. Boylik kimga baxt beribdiki, menga vafo qilsa. Olloh lozim ko‘rib bu boylikni omonatga bergan ekan, istadi-yu, qaytarib oldi-qo‘ydi. Berganda shukur qilib edim. Endi ham shukurdaman, qiyomatdagi hisobim osonlashdi. Mendan ko‘ra xorlanganlar bor, nochorlar bor. O‘shalardan qilmaganiga shukur. Siz mulla odamsiz, Ollohning muqaddas kalomlarini bilasiz, Qudsiy hadisda marhamat qilinishicha, Yaratgan egam deb emishki: «Ey Odam farzandi, senga uch narsani ihtiyor qildim: ya’ni, oila ahlingni, molu dunyoyingni va amalingni. Ammo, mol-dunyoying sen o‘lib, oyog‘ing yerdan uzilishi bilan ortingda qoladi. Oyog‘ing uydan chiqishi bilan oilang ham ajralib qoladilar. Keyin qabrda bo‘lasan. Qiyomat kunida faqat yaxshi amaling foyda beradi. Amaling tuzuk bo‘lsa seni ham tuzatib qo‘yar, agar yomon bo‘lsa, seni halok etguvchi yerga topshirar...» Afandim, bayonda xatoga yo‘l berib qo‘ymadimmi?
— Xato-ku qilmadingiz, biroq, «yaxshi amal» deganingizga nochorlarga yordam berish ham kiradi. Bu mas’alada kofirmi-musulmonmi qaralmaydi.

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:17

— Bu gapingiz durust. Maqsadingizni anglaganday bo‘lib turibman: Rasululloh kofirlarga xayr-ehson qilishni buyurganlar, lokin bosqinchilarga emas. Agar siz aytayotgan nochorlar O‘rdaning u betida emas, o‘zlarining ota yurtlarida bo‘lsalar edi, bizlarni bosqin qilmasalar edi, ularga so‘nggi tishlam nonimni yuborib, o‘zim ochdan o‘lishga ham tayyor edim. Shunday qilmasam, meni musulmon demang edi.
Bu gapdan keyin Asadulla yana sho‘rolarga ishonmoq mumkinligini, istiqbolda to‘kin va ozod hayot chiroyli jilmayish bilan kutmoqda ekanini ishontirmoqqa urindi. Mirkomil hoji bu eski gaplarni toqat bilan eshitdi. Hamsuhbati so‘zlamoqdan tingach:
— Ko‘ryapmanki, aqidangizga sobit ekansiz. Sizni aqidangizdan qaytarmoqqa urinish — shamolga qarshi qichqirish kabi bo‘lsa-da, musulmonlik burchimga rioya etib, ogohlantirmog‘im shartga o‘xshaydi: bilarsiz, Olloh demish ekanki: «Ey bandam, agar menga bir qarich yaqin kelsang — men senga bir quloch yaqinlshaman. Agar menga qarab sekin yursang — men senga qarab qattiqroq yuguraman». Ojiz fikrim deyapti-ki, siz bir qarich yaqin yurish o‘rniga tobora qochyapsiz. Yaratgan egamdan uzoqlashmoqning oxiri xayrli emasdir. Shundan ogoh bo‘lsangiz bas...
Bu gaplarning to‘g‘riligiga Asadulla amin bo‘lsa-da, hamsuhbatidan eshitish malol keldi. U suhbatdan norozi ekanini yashirmay dedi:
— Sizni avvaldan bilmaganimda «dushmanim yana bittaga ko‘paydi» deb qaytardim. Vaqti kelib hammaslak bo‘larmiz, degan umidim bor edi. Har holda siz xalqning qismatiga befarq emas edingiz?
— Siz bilan hammaslak bo‘lmoqlik meningda umidim edi. Afsusim shuki, siz nojo‘ya qirg‘oqni tanlab qo‘ydingiz. Savohil ayri-ayri, yo‘llarimiz ayri-ayri ekan, nachora...
Mirkomilboy Asadulla bilan bo‘lgan shu suhbatni eslab: «O‘shandayoq paymonasi to‘lgan ekanda, o‘sha ko‘rishuvimiz oxirgisi ekanda. Endigi diydor qiyomatdami? Ya Robbim, adashgan musulmon bandalariga o‘zing rahm qil», deb qo‘ydi.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:33

II b o b
XAYRLI SABOH


1

Dunyoni to‘rt yil behalovat qilgan urush barham topdi. Janglar Yevropa yerlarida o‘tgani bilan uning nafasi Osiyoga ham yetib kelgan edi. Afg‘oniston amiri Habibulloxon Germaniyaning mag‘lub bo‘lgani haqidagi xabarni eshitib, to‘g‘ri yo‘ldan ozdirmagan Yaratganga shukrlar qildi. Berlindan Kobulga qadar mashaqqatli yo‘lni bosib kelgan nemis elining elchilari qanchalik urinmasinlar, qanchalik va’dalar bermasinlar, Afg‘onistonni Hindiston sari qo‘shin tortib, Angliyaga qarshi urush boshlashga ko‘ndira olmagan edilar. Aniqrog‘i, Habibulloxon ko‘proq Angliyaning va’dasiga ishongan edi. Ana endi hisob-kitob vaqti yetdi: Afg‘oniston urushga aralashmadi, shuning hisobiga xazinasi to‘ladigan bo‘ldi.
Hisob-kitob vaqti yetganini faqat Afg‘oniston amiri emas, balki Germaniyaga qarshi urushgan yigirma yetti davlat rahnamolari ham anglab, mag‘lubning boyliklarini talash bo‘yicha o‘zlaricha reja tuzardi. G‘olib davlatlarning rahbarlari Parijdagi uchrashga tayyorlanayotgan onlarda Kobulda saroy ahli amirning Jalolobodga, qishlik qarorgohiga jo‘nashiga tadorik ko‘rar edi. Amir Parijda dunyo ahamiyatiga molik masalalar hal etilajagidan xabardor edi va shu bois mazkur yig‘indan ham foydalanishni reja qilgandi. U yaqinlari bilan kengashib, Angliyaga noma yuborishni lozim topdi. To ulug‘ davlatlar Parijga to‘plangunlaricha Angliya Afg‘onistonning talabini mulohaza qilib ko‘radi. Yo‘q desa, o‘ziga qiyin, amir Parijga borishga ham tayyor. Uning bu qarori faqat o‘zigayu Yaratganga ayon. Shu bois ahdning qat’iyligi xususida fikr bildirish qiyin.
   

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:40

Hozir amirning qo‘liga Hindiston noib-qiroliga jo‘natilajak maktub qoralamasini tutqazdilar. Habibulloxon unga ko‘z yugurtirdi:
«...Ma’lumingizkim, Jahon muhoribasi avvalida Almmon vakillari Buyuk Afg‘oniston tufrog‘iga bosh urib kelib, afg‘on elini Almoniya hamda turk eli tomonida turib, Jahon muhoribasiga kirmoqg‘a undagan edilar. Buyuk Afg‘onistonga ko‘p va’dalar in’om etilgani inobatga olinmay, ziyo al-millat va-d-din jannatmakon padarim amir Abdurahmonxon tomonidan Buyuk Ingliston hukumati ila imzolangan bitimga sodiq qolishni lozim topib, Almon vakolasini yurtimizdan badarg‘a qildik. Bizning bu qarori oliyimiz Buyuk Inglistonga xush kelib, Buyuk Afg‘onistonni taqdirlash xususida va’dalar in’om qilib edi. Ya’nikim, muhoriba tugagach, Buyuk Ingliston hukumati Buyuk Afg‘oniston xazinasiga ellik million rupiy bermagi lozim edi. Bu — birlamchi.
Ikkilamchi: Buyuk Ingliston Buyuk Afg‘onistonning barcha muammolar borasida mustaqil hukm chiqara olishiga imkon berish xususidagi o‘z va’dalariga amal qilib, Farangistonga jam bo‘lajak hukumatlarga murojaat etsa, Buyuk Afg‘onistonning hurligi, erkinligi, shuningdek, mutlaq mustaqilligini, ya’ni inon-ixtiyorimizni o‘z qo‘limizga to‘la beriluvi, kelgusi zamonlarda ham bizning ishlarimizga aralashuvdan, afg‘on eliga ziyon-zahmat yetkazuvdan o‘zlarini tiyajaklarini e’tirof etuvchi yorliqlarni olib, menga yuborsa — nur alannur. Bil’aks, Buyuk Afg‘onistonning o‘zi Farangiston qurultoyida ishtirok etmakni lozim ko‘rib, qurultoy ahliga o‘z haq-huquqlarini anglatadi, Tangri taoloning inoyati ila Buyuk Afg‘oniston hukumatiga mutlaq mustaqillik in’om etuvchi yorliqlarni ola biladi...»

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:48

Amir maktubning so‘nggi jumlasini qayta-qayta o‘qidi. U qariyb yigirma yil badalida Angliya nomiga bunday keskin ohangdagi maktub bitmagan edi. «Bu talablar Inglistonning qahrini qo‘zg‘atadi. So‘ng oqibat nima bo‘ladi?» Habibulloxon ijobiy javobga ishonmas edi. Qaysi nodon arslon panjasidagi o‘ljasini ozodlikka chiqarib yuboribdi? Balki qorni to‘q sher o‘ljasini bir oz erkin qo‘yar, ammo oqibat nima bo‘lishi tayin-ku?! Angliya rad javobi bergach (umuman, javob qaytarishni lozim ko‘rmasa-chi?), amir ahdida turib Parijga bormog‘i ham mumkin. U o‘ylagan ishining haqligiga ishonsa, hech nimadan qaytmaydigan qaysar odam. Parijga borishga-ku boraveradi. Ammo mustaqillik yorlig‘iga qanday erishadi? Parijga jam bo‘lganlar uning so‘zlariga quloq osadilarmi yoxud Angliyaning da’volarigami? Amirni shu jumboq qiynardi. Shu jumboq maktubga muhr bosishga to‘sqinlik qilardi.
Shu o‘yda o‘tirganda ukasi Nasrulloxon kirdi. Amir bu safar Kobulni uchinchi o‘g‘li Omonulloxonga topshirib ketayotgan edi. Nasrulloxon amirni bu fikrdan qaytarmoq qasida unga ro‘para kelib «Omonulloxon o‘zboshimcha, u sizga nisbatan padarazanning yo‘lini afzal biladi. Omonulloxon biron-bir g‘alvani boshlab qo‘ymati ham mumkin... Poytaxt mo‘min-qobil taxt vorisiga, to‘ng‘ich o‘g‘ilga qoldirilgani ma’qulmikin...» dedi. Amir ukasining uzundan-uzoq gaplarini indamay eshitdi. Nasrulloxon jim bo‘lishi bilan javobni hayalltmadi:
— Biz farmon berganmiz...
Bo‘lak gapga hojat yo‘q edi. Nasrulloxonga akasining odati ma’lum. Akasiga ro‘pra kelishning befoydaligini bilsa ham, chiqmagan jondan umid degan o‘y bilan kirgan edi. Bo‘shashib iziga qaytdi.
Habibulloxon ukasining izidan qarab g‘ijindi. «Omonullodan qo‘rqadi. Unga Inoyatulloning bayovligi ma’qul. Istagan yo‘rig‘iga soladi. Omonullo bunday emas. Mendan keyin jonini olsa-Omonullo oladi. U shundan xavotirda...»

Qayd etilgan


shoir  15 Sentyabr 2006, 05:10:57

Amir maktubga yana bir ko‘z tashladi-da, uni nari surdi. «Fursat bor hali. Mulohaza qilmoq darkor». U mazkur harakati bilan maktubni emas, balki sirli qotillik onini nari surdi. Shu bo‘yi amir maktubni yana bir oydan keyin, yo‘lbars ovidan xushnud qaytganida qo‘lga oladi. Ajabtovur dadillik bilan muhr bosadi. Bu dadillik hayotiga nuqta qo‘yajagini, maktubi oxir-oqibat umuman javobsiz qolib ketajagini bilmaydi. Hatto umrining so‘nggi soatlarida, orom olmoq uchun chodiriga kirib ketayotganida ham buni o‘ylamaydi...
Hali bu voqealarga ancha vaqt bor. Hozir u Kobulda. Ertaga Afg‘onistonning kunchiqaridagi suluv Jalolobodga jo‘naydi.
Ukasi chiqib ketgach, uning gaplarini mulohaza qilib ko‘rib, o‘g‘lini chaqirishni lozim topdi.
Amirzodaning qaddi-basti otasiga o‘xshardi: oyoqlari gavdasiga nomutanosib — sal kaltaroq edi. Shunga qaramay, u otasiga nisbatan chaqqon, serharakat edi. Amir semirib ketgani sababli gavdasidagi nomutanosiblik aniqroq sezilardi. Badaniga yopishib turuvchi harbiy kiyimi, belidagi tilla bezakli enli kamar go‘yo uni yoniga o‘sishdan to‘xtatib turuvchi vositaga o‘xshardi. Tilla popukli pogon, ko‘kragidagi har biri o‘n yashar bolaning shapalog‘iday keladigan nishonlar esa uni pastga bosib turganday edi. Kalta qora soqolli amir og‘ir-og‘ir qadam bosardi.
Amir xonaga chaqqon qadamlar bilan kirib qulluq qilgan o‘g‘lini ko‘rib, jilmaydi. Tikilib qaraganda har qanday odamni dovdiratib qo‘yadigan o‘tkir nigohini o‘g‘liga qadadi. Uning ko‘zida g‘azab ham, tashvish ham yo‘q edi. U go‘yo sog‘ingan odamiga qarab to‘yib olmoqchiday tikilardi. Omonullo otasining bu holatiga tushunmay, taraddudlandi. Yuqoriga qayrilgan kalta mo‘ylabini silab, yerga qaradi.

Qayd etilgan